XORIJIY DIPLOMLAR — O‘ZBEKISTONDA TAN OLINISHI TARTIBI BELGILANDI

117

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida”gi 620-sonli qarori 2019-yil 2-iyulda qabul qilinib, “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom tasdiqlandi. 

Xorijiy davlatlarda ta’lim olish, ishlash va bu borada o‘qigan davlatida olingan malaka va hujjat boshqa bir davlatda tan olinishi ikki xil maqsadda amalga oshiriladi. Birinchisi, ta’lim olishni keyingi bosqichda davom ettirish, ya’ni akademik tan olinish hamda ikkinchisi, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tan olish ko‘zda tutiladi. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risida ayrim davlatlarda hujjat tan olinsa, boshqalarida kvalifikatsiya, ya’ni malaka tan olinadi. O‘zbekistonda va ayrim sobiq ittifoq respublikalarida ushbu jarayon nostrifikatsiya deb ataladi. Masalaga turlicha yondashishning, bir xil narsalarni, jarayonlarni turlicha nomlashning o‘zi muammo hisoblangani tufayli mamlakatimizda ham ushbu sohada xalqaro ta’lim tizimiga integratsiyalashuv boshlandi. 

“Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4119-sonli qarorda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan. Milliy ta’lim tizimining xalqaro hamjamiyatga integratsiyasi hamda ta’lim oluvchilar va professor-o‘qituvchilar mobilligini ta’minlash, xorijda ta’lim olayotgan yoshlarning Vatanimizga qaytishlariga sun’iy to‘siqlarni olib tashlash, malakalarni tan olish tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda. Ushbu muammolar bo‘yicha ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari xalqaro tajribalarni o‘rgandi. 

Xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda qabul qilingan mazkur qaror va u bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi Nizom”da “nostrifikatsiya” terminidan voz kechildi, uning o‘rniga Lissabon va Tokio konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan davlatlarda ishlatilayotgan “tan olish” termini muomalaga kiritildi. Shu bilan birga xorijda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar (shahodatnoma, attestat, diplom kabi)ni tan olish mexanizmi soddalashtirildi. 

Qarorda xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta (2019-yil 1-sentabrdan), o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarida ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish haqidagi arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi belgilandi. 

Buning uchun Xalq ta’limi vazirligi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda hududiy xalq ta’limi boshqarmalarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanishini ta’minlashi ko‘zda tutilgan. 

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi Nizom 8 ta bob, 54 ta banddan iborat. Nizomda quyidagilar, xususan:

• xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi; 

• xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayonlari amalda 3 oygacha vaqt olgan bo‘lsa, loyihada taklif etilayotgan tartib bo‘yicha uzog‘i 1 oy vaqt sarflanishi; 

• talabgorlar arizalarni haftada faqat 2 kun topshirishi tartibi bekor qilinib, Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar topshirish tartibi belgilangan. 

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha 2 bosqichli (test va suhbat) maxsus sinovlardan suhbat jarayoni bekor qilinib, faqat bir bosqichli maxsus (test) sinovi qoldirildi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning maxsus sinovlarsiz tan olinadigan toifalari belgilandi. Jumladan: 

1. O‘zbekiston hududida filiallari mavjud OTMlarni tugatganlar. 

2. Dunyo universitetlari reytingida TOP―1000 talikka kirgan OTMlarni tugatganlar. 

3. Mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar. 

4. 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy OTMlarga o‘qishga kirganlar. 

5. Yevropa sifat kafolati assotsiatsiyasi (ENQA) tomonidan akkreditatsiyalangan OTMlarni tugatganlar. 

6. AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining vakolatli organlari tomonidan akkreditatsiyalangan OTMlarni tugatganlar. 

7. Mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bo‘yicha xorijiy OTMlarga maqsadli o‘qishga yuborilganlar. 

9. Xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus ma’lumot olganlar. 

10. Xorijiy davlatlarda malaka oshirishdan o‘tganlar. 

Shuningdek, xorijda sirtdan yoki kechqurun o‘qib olingan hujjatlar ham o‘qish muddati mos bo‘lgan holda tan olinmoqda. Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan hukumatlararo bitimlar imzolandi, bular ham yanada ko‘proq imtiyozlarni ko‘zda tutadi. 

Xususan joriy yilda O‘zbekoston Respublikasi hukumati bilan Belorus Respublikasi hukumati o‘rtasida ta’limga va o‘qishga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida bitim imzolandi. 

Bugungi kunda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish masalasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Tahlillarga qarasak, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid 2015-yilda 2237 ta, 2016-yilda 2305 ta, 2017-yilda 2409 ta, 2018-yilda 4964 ta, 2019-yilning o‘tgan davrida 7419 ta arizalarning ro‘yxatga olingani va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqilgani mazkur yo‘nalishda talabning o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. 

2018-yildagi 2547 ta murojaatdan katta qismi Qirg‘iziston (34,4 %), Tojikiston (33,2 %), Rossiya Federatsiyasi (17,3 %), Qozog‘iston (5,3 %) va boshqa davlatlar(6,1 %)ga to‘g‘ri kelgan. Sohalar bo‘yicha qaralsa, pedagoglar 60 foiz, muhandislar va sog‘liqni saqlash bo‘yicha 20 foiz atrofida, 14 foiz huquqshunoslar, 5 foiz atrofida qolgan soha vakillari hamda ta’lim bosqichlari bo‘yicha 85 foiz atrofida bakalavr, 5 foiz magistrlar va 10 foiz o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim bitiruvchilari hisoblanadi. Mobillik natijasida chet ellarga borib O‘zbekistonda olgan ta’limi, malaka va hujjatlarini tan oldirish uchun ovora bo‘lib yurgan yoshlarimiz ham oz emas. 2018-yilda Rossiya Federatsiyasida 9 ming nafar, Qozog‘istonda 8 mingdan ortiq, Ukraina, Belarus, Koreya, Yevropa davlatlarida qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz yuqorida qayd etilgan muammolarga duch kelmoqda. 

Jarayonni yanada soddalashtirish, talabgorlar uchun sharoitlar yaratish maqsadida hujjatlar soni kamaytirildi. Ayni damda talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning asl nusxasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi bilan birga davlat xizmatlari markazixodimiga taqdim etiladi, xolos. U ham ro‘yxatdan o‘tkazib qaytarib beradi. 

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun Davlat inspeksiyasida ekspert komissiyalari tashkil etiladi. Ular hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazib, tegishli xulosa tayyorlaydi. Unda ekspertlar o‘qitilgan ta’lim dasturlari yoki o‘quv rejalari hajmi va mazmuni, o‘zlashtirilgan mutaxassislik (ixtisoslik) fanlari hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori), ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va o‘zlashtirilgan bilimlar majmuyidagi farqlarga e’tibor qaratadi. 

Xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi hujjatlarga tenglashtirilgan holda, oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar xorijiy davlatda tamomlangan ta’lim bosqichi bo‘yicha tan olinadi. 

Ekspert komissiyalari tomonidan ijobiy xulosa berilgan xorijiy davlatlarda oliy ta’lim va kadrlarni qayta tayyorlash ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari tan olish uchun topshirilgan talabgorlar uchun Davlat inspeksiyasi tomonidan test sinovlari tashkil etiladi (to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan holatlar bundan mustasno). 

Test sinovlari talabgorlarning ta’lim olgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi. Test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 100 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanadi. Test sinovlari natijalariga ko‘ra, 54 va undan kam ball to‘plagan talabgorlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olinmaydi. 

Test sinovlari natijalariga ko‘ra ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olinmagan talabgorlar Nizomda belgilangan tartibda qaytadan murojaat qilishlari mumkin. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar, shuningdek, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olingan talabgorlarga Davlat inspeksiyasi tomonidan maxsus guvohnomalar onlayn tartibda beriladi. Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘ladi. 

O‘zbekistonda barcha sohalarda xorijiy tajribalar o‘rganilib, innovatsiyalar joriy etilayotgan bir paytda ta’lim sohasida ham rivojlangan davlatlar mexanizmiga integratsiya qilinmasdan iloji yo‘q. 

Zero, o‘qiyman degan yoshlarga, birinchi navbatda mamlakatimizda kvotalarni oshirish orqali keng yo‘l ochish, xorijda ta’lim olishni istaganlar uchun qonuniy yo‘llarni taklif etish, mamlakatimizda ta’lim eksportini yo‘lga qo‘yish uchun oliy ta’lim berish sifatini oshirish, xorijda o‘qib kelayotgan uka va singillarimizga o‘qish va ishlashlari uchun imkoniyatlar yaratish bugungi kundagi dolzarb vazifalardir. 

Abdurahim NOSIROV,

Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i

Manba: “M a’rifat” gazetasi

(2019-yil 10-avgust, 62-son)

Бошқа хабарлар