AYB KIMDA: AXBOROT MANBASIDAMI YoKI TARQATUVChIDA?

111

Toshkent shahar hokimligi, IIBB va Xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan ayollar orasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha rezolyusiya imzolanishi bilan bog'liq holat ko'pchilikning bahs-munozarasiga sabab bo'ldi. Mazkur rezolyusiyada har bir fuqarolar yig'inida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassis hamda profilaktika inspektori tomonidan hududda yashovchi xotin-qizlarning 23 toifa bo'yicha kartotekalarini shakllantirish belgilangan. Ushbu rezolyusiya atrofidagi fikrlar asosida jurnalist Sadoqat Maxsumova tayyorlagan maqola sizni ham befarq qoldirmaydi, albatta.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

JINOYaTGA MOYIL AYoLLAR KATEGORIYaSI: ENDI BARChA XOTIN-QIZLAR JINOYaTChImi?

Co'nggi paytlarda u yoki bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tarqatilayotgan axborotlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Bunga kimdir o'z manfaatini ko'zlab, yana birov kimlarningdir qistovi bilan qarashlarini bayon etyapti. Vaziyatga kuzatishlaridan xulosa qilib, asosli va o'rinli taklif berayotganlar ham yo'q emas.

«Men jinoyatchi emasman!»

O'tgan hafta shunday fikrlar chorrahasini — Toshkent shahar hokimligi, IIBB va Xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan ayollar orasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha rezolyusiya imzolanishi bilan bog'liq holat keltirib chiqardi. Ma`lum qilinishicha, mazkur rezolyusiya bilan har bir fuqarolar yig'inida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassis hamda profilaktika inspektori tomonidan hududda yashovchi xotin-qizlarning 23 toifa bo'yicha kartotekalarini shakllantirish belgilab berilgan. Buning qanday muhokamali joyi bor, rezolyusiya qabul qilinsa, qilinibdi-da, shunga shuncha shov-shuvmi, deyishingiz mumkin. Lekin bunga biroz shoshilmang.

To'g'ri, sizning mulohazangizda ham jon bor. Biroq hamkorlikda boshlangan ish tafsilotlari turli manbalarda turlicha talqinlarni keltirib chiqardi. Oqibatda jamoatchilik orasida rezolyusiyani qabul qilganlarga qarata ayovsiz «tosh»lar otildi. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarimizning «Men jinoyatchi emasman» heshteglari paydo bo'ldi. Tarqatilgan xabarlarda kartoteka kimlarga ochilishi haqida 23 ta band keltirilgan. Ular orasida, ayniqsa, ishsiz ayollar, kam ta`minlanganlar, poytaxtda vaqtincha ro'yxatda turuvchilar, ro'yxatdan o'tmay yashovchi ayollar, balog'atga yetmagan (18 yoshgacha) va yosh (18-30 yosh) qizlar, nogironligi bor, ajrashgan, bolasini yolg'iz katta qilayotgan, boquvchisini yo'qotgan ayollarning qayd etilishi tanqidu malomatlarga sabab bo'ldi.

«Kamida 3 ta band menga to'g'ri kelarkan?!»

«To'g'ri-da, xotin-qizlarni shu zayl toifalash va kamsitishga kim huquq berdi ularga? Demak, yurtimizdagi deyarli barcha xotin-qizlar jinoyatchi ekan-da? Agar 23 ta ketma-ketlik bo'yicha o'zimni so'roq qilsam, men ham kamida 3 ta band bo'yicha «huquqbuzarlikka moyil» bo'lib chiqaman. Qani mantiq? Nima endi, voyaga yetmagan qizlarning barchasidan hadiksirashimiz kerakmi?»

Bu — saytlaru bloglarda qoldirilgan munosabatlardan so'ng chiqarilgan xulosa. Shu kabi izohlar urchigach, mas`ullar holat yuzasidan raddiya berishdi. Xususan, Xotin-qizlar qo'mitasi bergan rasmiy raddiyada ro'yxatning asl mazmuni boshqa ekanligi, axborot noto'g'ri talqin etilayotgani aytildi:

«10 ta tumanda o'tkazilgan yig'ilishlar natijasiga ko'ra, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika nozirlari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning (jinoyatchilikka moyillarning emas, barcha xotin-qizlarning) 23 ta toifa bo'yicha elektron kartotekalarini shakllantirish vazifasi belgilab olingan. Shu asosda «Toshkent shahrida xotin-qizlar o'rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish, mavjud muammolarni o'rganish va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar» ishlab chiqilib, Toshkent shahar hokimi tomonidan imzolangan.

Uning asl maqsadi jinoyatga moyil ayollarning 23 toifasini aniqlash emas, balki barcha xotin-qizlarning turli soha va tarmoqlarda o'z qobiliyati hamda imkoniyatlarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, yordamga muhtoj, og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ishsiz va ijtimoiy faol bo'lmagan hamda boshqa toifadagi xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, ayollar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olishdan iboratdir. Xotin-qizlar qo'mitasi ayollarning internetda aytilayotgani kabi ro'yxati tuzilishini qat`iyan qoralaydi va buni demokratiya tamoyillariga zid deb hisoblaydi».

Ana, xolos. Axborotning kuchi butun boshli jamiyat a`zolarining fikrini o'zgartirib yubordi.

Axborot noto'g'ri talqin qilingan… (mi?)

Kun o'tmay, ro'yxat tuzishga bosh-qosh bo'lgan Toshkent shahar xotin-qizlar qo'mitasi hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi ham holatga o'zining rasmiy munosabatini bildirdi.

«Ushbu yuritilgan dastur aslida og'ir turmush sharoitiga tushib qolgan, kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko'makni tashqaridan izlayotgan va umidsizlikka tushgan xotin-qizlarning muammolarini aniq, manzilli o'rganib, ularni yechishga qaratilgan. Toshkent shahar hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Dilbar Najmutdinova mazkur maqola sababli jamoatchilik orasida yuzaga kelgan noxush vaziyat uchun O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Elmira Bositxonovadan uzr so'raydi», ─ deyiladi poytaxt hokimligi bayonotida.

«Mualliflar» nima deydi?

Toshkent shahar IIBB keltirib o'tgan izohga ko'ra, bitta ro'yxatda ikkita alohida-alohida kategoriya jamlangani tushunmovchilikni keltirib chiqargan.

«Aslida bitta ro'yxatda, bir sarlavha ostida ikkita turli yo'nalishdagi kategoriyalar jamlangan. 1-dan 4-punktgacha haqiqatan ham nazariy jihatdan jinoyat sodir etishi ehtimoli bo'lganlar ko'rsatilgan, ro'yxatning qolgan 19 ta toifasi esa ijtimoiy himoya, huquqiy ko'makka ehtiyoji bo'lgan guruhlar hisoblanadi. Albatta, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy xizmatga ehtiyoji bo'lgan bu 19 ta toifa dastlabki 4 ta toifa bilan bir ro'yxatda ko'rsatilishi kerak emas edi. Mazkur sohada ishlaydiganlar uchun bu ro'yxat aniq va tushunarli bo'lishi mumkin, lekin keng jamoatchilik uchun bunday ro'yxat tushunmovchilikni keltirib chiqarishi tabiiy. Tushunmovchilik uchun uzr so'raymiz. Bunday yo'nalish bo'yicha har doim ish olib borilgan. Bu ro'yxat yangilik emas, shunchaki ochiqlik nishonasi, xolos. Huquqbuzarlikning oldini olish va odamlarga yordam berishning shartli ro'yxati hisoblanadi. Albatta, u mazkur yo'nalishdagi yagona va asosiy ro'yxat bo'lib qolmasligi kerak».

Ayb kimda?

Shuncha rasmiy bayonotlar, chiqishlar qilingan bo'lsa-da, ular kutilganidek natija bermadi. Nega? Chunki to'g'rimi, noto'g'rimi birinchi tarqatilgan axborot auditoriya tomonidan qabul qilib bo'lingandi. Xo'sh, aslida ayb kimda: axborot manbasidami yoki tarqatuvchida?

— Birinchi o'rinda axborot beruvchi aybdor, — deydi jurnalist Bekzod Nugmanov. — Lekin rasmiy bayonot ham to'g'ri berilmadi. Axborot tarqatuvchi — ommaviy axborot vositalari fikr bildirmaydi, u fakt beradi. Bo'ldini — bo'ldi, yondini — yondi, deydi. Boisi jurnalistlar hamisha xabarni betaraf yozadi. Unga munosabatini esa tarmoqlardagi sahifalarida qoldiradi. Blogerlar esa o'zining shaxsiy fikrini bildirib, auditoriyasiga ta`sir qiladi.

*  *  *

Xullas, shunaqa gaplar. Bu borada har kimning o'z haqiqatlari bor. Umid qilamizki, kelajakda axborot beruvchilar biror yangilikni uzatishdan oldin, uni har tomonlama o'ylab, ijtimoiy-siyosiy jihatlarini ko'rib chiqadi. Bo'lg'usi aks-sadolarni prognoz qilgan holda uzatadi yoki uzatmaydi. Pirovardida axborot tarqatuvchi pishiq-puxta, sifatli, eng asosiysi, jamiyatdagi sosial va gender tengligiga putur yetkazmaydigan materialga ega bo'ladi.

Xotin-qizlarning quyidagi 23 ta toifa bo'yicha kartotekalarini shakllantirish belgilangan:

1. Muqaddam sudlanganlar;

2. Jinoyat sodir etganlar;

3. Probasiya hisobidagilar;

4. Giyohvandlar;

5. Spirtli ichimlikka ruju qo'yganlar;

6. Tajovuzkor ruhiy kasallar;

7. Jinoyat sodir etishga moyillar;

8. Uzoq muddatga chiqib ketganlar;

9. Uzoq muddatdan qaytganlar;

10. Ma`naviy ko'makka muhtojlar;

11. Farzand tarbiyasiga salbiy ta`sir ko'rsatuvchilar;

12. Odob-axloq doirasida huquqbuzarlik sodir etganlar;

13. Oila munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etganlar;

14. IIB va ta`lim muassasalari hisobidagi qizlar;

15. Suisid sodir etgan xotin-qizlar;

16. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar;

17. Ishsiz xotin-qizlar;

18. Kam ta`minlanganlar;

19. Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar;

20. Ro'yxatsiz yashayotgan xotin-qizlar;

21. Tilanchilik bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlar;

22. Voyaga yetmagan qizlar (18 yoshgacha) va yosh qizlar (18-30 yoshlar);

23. Nogiron, ajrashgan, bolasini yolg'iz katta qilayotgan, boquvchisini yo'qotgan ayollar.

Sadoqat MAXSUMOVA,

«Mahalla»

2019 yil 8-15 avgust, 35-son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar