BAG'RI TO'LA SIR DARYo

68

Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy iqtisodiy, madaniy sohalarda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar bilan tanishish maqsadida O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan media tur tashkil etildi.Bir guruh jurnalist va blogerlar viloyatda amalga oshirilayotgan  keng ko'lamli bunyodkorliklar, yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturi doirasida so'nggi  ikki yilda bajarilgan ishlar bilan tanishdilar. Jurnalist Bozorboy Bekmurodovning maqolasi ana shu media tur taassurotlari asosida tayyorlangan.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

ASRLAR KO'RMAGAN O'ZGARIShLAR

O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida media tur tashkillashtirildi. Respublika nashrlarida faoliyat ko'rsatayotgan bir guruh jurnalist va blogerlar tashrif buyurib viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy iqtisodiy, madaniy sohalarda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, o'zgarish va evrilishlar bilan tanishdilar.

Industrial rivojlanayotgan hududning viloyat sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishidagi ulushi 33 foizdan oshib ketdi. Ochiq aytish mumkin, avvalda dotasiyada o'tirgan Sirdaryo tumani keyingi uch yil ichida viloyatda sanoati rivojlangan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini xorijiy davlatlarga keng ko'lamda eksport qilayotgan tumanlardan biriga aylandi. Tumandagi “Sirdaryo farm,” “Baxt farm”, “Peng Sheng”, “Sirdaryo mega lyuks” kabi korxonalar asosiy mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilayotir. Chunonchi, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyati yo'lga qo'yil­gan “Sirdaryo universal oyna” mas`uliyati cheklangan jamiyatida o'tgan yili 50,1 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan ushbu korxonada ayni vaqtda 100 turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. Korxonaga Germaniya, Turkiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o'rnatilib, mahsulot tayyorlashda to'liq mahalliy xomashyodan foydalanilayotganligi idishlarning arzon va xaridorgirligini ta`min etayotir. Joriy yilda to'la quvvat bilan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan korxonada yiliga 102 million dona shisha idishlar ishlab chiqarilib, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Bu esa kelgusida mamlakatimiz farmasevtika sanoatiga chetdan keltiriladigan shisha flakonlar miqdorini keskin kamaytirish imkonini beradi.

Ushbu korxona yonidagi “Sirdaryo glas” MChJ tomonidan farmasevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi ro'yobga chiqirilayotir. 2020 yilda ishga tushiriladigan korxonada yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksport qilina boshlaydi. “Sirdaryo shisha” korxonasida esa shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash loyihasi o'zlashtirilmoqda. Yaxlit olganda bu uch korxonaning bir biriga uzviyligi “Sirdaryo universal oyna” negizida sanoatlashgan klaster tashkil etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Media tur qatnashchilari zamonaviy korxonalarda infuzion idishlar ishlab chiqarish jarayonini kuzatib, hayratlarini yashira olishmadi. Avvalda faqat paxta va g'alla yetishtirishga ixtisoslashgan tumanda zamonaviy, Markaziy Osiyoda yagona klaster tizimidagi korxonalar faoliyat ko'rsatayotganligi eng chekka hududlarda industiriyani rivojlantirish yo'lida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.
“Peng Sheng” O'zbekiston-Xitoy qo'shma korxonasida keramik plitalar, santexnika mahsulotlari, terini qayta ishlash, poyabzal buyumlari tayyorlashning zamonaviy texnologiyalarda yo'lga qo'yilganligi media tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Ular korxona ko'rgazma savdo zalida bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko'rgazmasi bilan ham tanishdilar.

– Chekka tumanda qisqa davrda o'ttizdan ortiq yirik sanoat ishlab chiqarish korxonalarining barpo etilganligi juda katta voqelik, – deydi “Pravda Vostoka” gazetasining muxbiri Temur Nizaev.

– Minglab odamlar ish bilan ta`minlangan. “Do'stlik” bog'ida yaratilgan qulay shart-sharoit inson omili, uning yaxshi yashashi, turmush farovonligi birinchi darajali vazifaga aylanganini anglatadi.

“Peng Sheng” O'zbekiston-Xitoy qo'shma korxonasida barpo etilgan zamonaviy issiqxonalar qishin-yozin dasturxonlarimizda sabzavot mahsulotlari serobligini ta`min etadi. Har kvadrat metr issiqxonadan 60 kilogrammgacha pomidor va bodring hosili olinayotgani, kam mehnat sarflab, yuqori daromad qilinayotgani mamlakatimizning har bir hududida shunday ixcham va katta manfaat keltiradigan issiqxonalarni yanada ko'paytirishni talab etadi. Qo'shma korxonada yaqin yillarda 20 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar qurish loyihasi amalga oshiriladi.

Tumanda suv resurslarini tejash, tomchilatib sug'orish usulini paxtachilikka keng joriy etish borasida ham ibratli ishlar yo'lga qo'yilgan. Tomchilatib sug'orish usuli g'o'za maydonlarida qo'llanganida gektariga 500-600 metr kub suv sarflanadi. Oddiy usulda esa 1200-1500 metr kub suv sarflanadi. Texnikaning dalaga kirmasligi oqibatida yoqilgi sarfi uch baravar kamayadi. Boz ustiga paxta 15-20 kun oldin pishib yetiladi. Hosildorlik ham oddiy usuldagiga qaraganda 15-20 sentner yuqori bo'ladi. “Peng Sheng” O'zbekiston-Xitoy qo'shma korxonasi qoshidagi “Sirdaryo koten klaster” korxonasida o'tgan yili 50 gektar maydondagi paxtaning har gektaridan 45 sentnerdan hosil terib olingandi.

– Joriy yilda 90 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasini qo'llayapmiz, – deydi korxona rahbari Baxtiyor Ahmedov. – Chigit qo'sh qator usulda ekilganligi bois, har gektar maydonda 120-130 ming tup g'o'za parvarishlanyapti. Har tupda 1 avgustgacha 30-32 tadan hosil tugunchalari hosil qilingan. Bu avgust oyida ham parvarishni davom ettirib, hosil to'plash hisobiga gektaridan 50 sentnerdan sara paxta yetishtirish imkonyatini yanada kengaytiradi. Eng muhimi, shuncha maydondagi parvarishlash, sug'orish ishlari bilan bor-yo'g'i 2-3 kishi shug'ullanadi.

Media tur qatnashchilari suv va mehnat sarfini kamaytiradigan, kam mablag' sarflab, yuqori hosil yetishtiradigan bu usulning har jihatdan afzalligiga ishonch hosil qildilar. Bunday zamonaviy texnologiyalarni keng yoyish, ulardan aholini xabardor etish, tomorqa va dehqon xo'jaliklarida ham faol qo'llashda jurnalistning o'rni, yangiliklarni tez ilg'ay olish mas`uliyati yanada yuqori bo'lishi lozimligini his etdilar.

Havas qilsa arziydi

Prezidentimiz joriy yilning 19 fevralida viloyatga tashrifi chog'ida 5 ta yo'nalishdagi “Sirdaryo tajribasi” tashabbusini olg'a surgan edilar. Ana shu tashabbus doirasida yoshlarning bo'sh vaqtlarini ko'ngilli o'tkazish, ularning har tomonlama sog'lom va komil insonlar bo'lib yetishishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish viloyatda ma`naviy-ma`rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlarning bosh mezoni etib belgilandi. Shu ma`noda yoshlarni musiqa va san`at maktablari, madaniyat muassasalariga jalb etish, ularning ma`naviy dunyoqarashini rivojlantirish “Sirdaryo tajribasi”ning eng asosiy yo'nalishiga aylandi. Ayni vaqtda madaniyat muassasalaridagi turli to'garaklarga 7500 nafardan ziyod yoshlarning qatnashayotganligi, ularning sport bilan shug'ullanishlari uchun shu yil oxirigacha 18 ta sun`iy qoplamali maydon, 7 ta yengil konstruksiyali sport zalining tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgani sog'lomlashtirish to'garaklari a`zolari sonini yanada oshiradi.

Avvallari aholining bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishi uchun Sayxunobod tumanida qulay shart-sharoit yaratilmagandi. Shu yil yangi yil arafasida “Sayxun planet” zamonaviy savdo majmua­si va Sayxun istirohat bog'i shaharcha aholisi ixtiyoriga topshirildi. Xizmat ko'rsatish markaziy shaharlardagidek yo'lga qo'yilgan “Sayxun planet” savdo majmuasida yoshlar bo'sh vaqtlarida har xil o'yinlar, kompyuter mashg'ulotlari bilan shug'ullanishlari uchun hamma sharoitlar muhayyo qilingan. Bu yerga kelgan xaridor o'zi istagan mahsulotni xarid qiladi, ham miriqib dam olib ketadi. Binoning ikkinchi qavatida muzqaymoq, shirinliklar, yaxna ichimliklar sotuvining yo'lga qo'yilgani esa bolajonlarni xushnud etayotir.
Kamyob mahsulotlarni sotib olish uchun endi katta shaharlarga borish, ovora bo'lishga hojat yo'q. Istirohat bog'idagi turli ko'ngilochar o'yinlar bolajonlarga xizmat qilayapti.

Mirzaobod tumanidagi raqamli texnologiya o'quv markazi viloyatdagi qaldirg'och markazlardan hisoblanadi. 20 ta kompyuter jamlanmasi qo'yil­gan markazda 9 yoshdan 25 yoshgacha bo'lgan yoshlar kompyuter savodxonligini o'rganish bilan birga internet tarmoqlari orqali dunyo voqealaridan xabardor bo'ladilar, foydali axborotlar va bilim olish bo'yicha dasturlardan samarali foydalanadilar. Kompyuter dasturlarini tuzish malakasini puxta egallaydilar.

Iqtisodi barqaror rivojlanmagan ikki tumanda ham yoshlar va aholi uchun shunday sharoit­lar yaratilganligi jurnalistlarini befarq qoldirmadi.

– Bu qulayliklar yoshlarning bo'sh vaqtlari maroqli o'tishini ta`minlash bilan birga, ularning intellektual salohiyati yuksalishi, ma`nan barkamol bo'lib voyaga yetishida ham muhim rol o'ynaydi, – deydi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa`dulla Hakim. – Yurtboshimiz belgilab bergan 5 ta yo'nalishning Sirdaryoda har jihatdan mukammal ijobat bo'layotgani menda katta taassurot uyg'otdi.

Viloyatdagi keng ko'lamda davom ettirilayotgan bunyodkorliklar, yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi, “Obod qishloq” “ Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturi doirasida keyingi ikki yilda bajarilgan ishlar har qanday kishining hayratini oshiradi. Dotasiyada turgan viloyatning qisqa davrda sanoatlashgan viloyatlardan biriga aylanayotgani katta mehnat, tashabbuskorlik samarasidir. Birgina o'tgan yili viloyatda 111,4 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilning olti oyida mahsulotlar eksporti 23,4 million dollarni tashkil etdi. 2019 yilda 66 ta sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish sur`atlarini oshirish hisobiga 77,6 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Viloyat hokimi G'ofurjon Mirzaev mehmonlarni yangi barpo etilgan, zamonaviy qabulxonada qabul qilib, Sirdaryoda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga kelgan qalam sohiblariga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Hokim sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, yangi investisiya loyihalarini amalga oshirishda katta marralar belgilanganligini ta`kidlar ekan, yaqin yillarda Sirdaryo tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketishiga ishonch bildirdi. Zero, sirdaryoliklar yangi marralar sari dadil intilayotgan ekan, bu ezgu niyatlar albatta, ushalajak.

Samimiy qabul va jurnalistlarga ko'rsatilayotgan katta e`tibor uchun O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa`dulla Hakim viloyat hokimi G'ofurjon Mirzaevga o'z minnatdorchiligini bildirdi va esdalik sovg'alari – yangi chop etilgan kitoblarni tuhfa etdi.

Xovos hamma havas qiladigan go'sha bo'ladi

Yaqin ellik yil ichida birorta ham ko'p qavatli uy qurilmagan, odamlarning ma`lum qismi eski (barak) uylarda yashayotgan Xovos shaharchasi, umuman, Xovos tumaniga Prezidentimizning shu yil fevral va iyul oylaridagi tashrifidan keyin bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining katta bir to'lqini kirib keldi. Tuman markazida ulkan qurilish, mavjud uylarning arxitekturaviy qiyofasini o'zgartirish ishlari jadal olib borilmoqda. M-39 avtomobil yo'li bo'yida barpo etilayotgan markazda 30 ta ko'p qavatli uy qurish ishlari shiddat bilan davom ettirilyapti. Bu erda qurilish ishlari tugagach, jami 760 ta kvartira o'z egalariga topshiriladi. Shuning 600 tasi arzon uylardir. Bundan tashqari, yangi markazda 60 ta bir qavatli uylar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, Davlat xizmatlari agentligi, maktab va bog'cha, istirohat bog'i, kutubxona, kitob do'koni kinoteatr, dehqon bozori, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari, shuningdek, 2 ta tikuvchilik sexi quriladi. Xovos zamonaviy, odamlar yayrab yashaydigan shaharchaga aylanadi. Qad rostlayotgan zamonaviy shaharchada mingdan ortiq quruvchilarning kechayu kunduz ter to'kayotganligi qurilish ishlari sur`ati oshishi bilan birga yuzlab oilalarning turmushi farovonlashishini ham ta`min etayotir.

Biyday dalada shunday chiroyli shahar bo'y ko'rsatayotgani media tur qatnashchilarining havasini keltirdi. Sirdaryodagi yaratuvchilik ishlari, odamlarning fidoyiligi ularni yangi mavzudagi publisistik asarlar, qishloq kishilarining qahramonliklari e`tirof etilgan asarlar yozishga ilhomlantirdi.

Jurnalistlar Xovosobod qishlog'ida bo'lib Xovosning qariyib 2,5 ming yillik tarixi, bu kentda yashagan qadimgi ajdodlarimizning o'tmishi, u yerda saqlanib qolgan tarixiy obidalar bilan tanishdilar. Qadimgi Xovos Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashganligi bois, ko'plab Osiyo mamlakatlari xalqlarining madaniy va ma`rifiy aloqalarida muhim rol o'ynaganligi e`tirof etildi.

Guliston chinakam bo'stonga aylanmoqda

O'tgan qisqa davrda Guliston shahrida katta obodonlashtirish, qurilish ishlari amalga oshirildi. Hozir ham shaharda qurilish, bunyodkorlik ishlari davom ettirilayotar. Kechagina “Buyuk kelajak” massivi odamlar mol boqadigan, qarovsiz bir hududga aylanib yotardi. O'tgan ikki yarim yil ichida bu yerda 32 ta besh qavatli turar-joy qurilib, kichik shaharchaga aylantirildi. Ayni vaqtda bu yerda ilk bor 7 qavatli uylarni qurish ishlari boshlab yuborildi. Jurnalistlar bu yerda urbanizasiyalash ishlarining davom ettirilib, yangi me`moriy yechimdagi turar-joylar qad rostlayotganining shohidi bo'ldilar.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilayotgan 150 o'rinli O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdieva nomli ona tili va adabiyoti ijod maktab internati me`moriy jihatdan mamlakatimizdagi eng zamonaviy maktablardan biriga aylanadi. Shu yilning o'zida eng iqtidorli, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tgan o'g'il-qizlar shu maktabda o'qiy boshlaydilar. Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig'i Abdushokir Abdurahmonov ijod maktabining istiqboli, bu yerga Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlaridan ham iqtidorli o'quvchilar tanlab olinishi haqida jurnalistlarga tushuncha berdi. Shaharda shunday ilm maskanining barpo etilishi bu yoshlarga, kelajagimiz egalariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, e`tiborning yorqin bir nishonasidir.

Guliston shahridagi markaziy kitob do'koni ham 5 ta tashabbus ijrosi doirasida yoshlar kitobxonligini oshirishga xizmat qilyapti. Did bilan terib qo'yilgan kitoblar hech bir o'quvchini befarq qoldirmaydi. 
Darhaqiqat, inson ongu tafakkuri o'sishida kitobning roli beqiyos. Zero, ma`naviyat yuksalsa, mamlakat ham yuksaladi. Ilm esa yangiliklarga, yangi g'oyalarga, faollikka yo'l ochadi. 

Media tur ishtirokchilari Guliston shahridagi “Chehra palas” mehmonxonasida, bir piyola choy ustida Sirdaryodan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashib, fikrlashdilar. Ularga viloyat hokimining esdalik sovg'alari – planshetlar topshirildi.


Bozorboy BEKMURODOV,
“Qishloq hayoti” muxbiri.

2019 yil 8 avgust, 51-son

        “Qishloq hayoti” gazetasi

Boshqa xabarlar