KATTA SODDADIL ODAM

31

yoxud “Sarob”dan “Qonli sarob”gacha

1

Sarlavhani “Katta odam” deb qo‘yganimda, aniqki, hech kim e’tiroz bildirmasdi. Sarvar Azimov katta odam ekanligi barchaga kunday ravshan. Lekin “sodda, soddadil” degan so‘z… Marhum oqsoqol arbobimiz va adibimizga nisbatan biroz g‘alatiroq eshitiladi, hoynahoy. Lekin sirtdan qaraganda shunday. Soddadillik jibilliy, ya’ni tug‘ma soddadillik buyuklikning ilk masallig‘i, kibr-u manmanlik esa ­uning kushandasidir. Bu unchalik yangi gap emas esa-da, shu o‘rinda joiz. Buyuk Servantesning Don Kixo­ti soddadil edi, ishonuvchan edi, xayolidagi narsalarni bor deb hisoblar va  o‘z xayolidagi voqea-hodisalarga dildan ishonar va qat’iy amal qilardi. Aksar odamlar uning ustidan kulishadi, uni masxara-yu mazaxga sazovor go‘l xayolparast deb hisoblaydilar. Lekin XIX asrda bir ziyoli kitobxon, agar insoniyat hayoti tugab, Yaratganga ro‘baro‘ bo‘lganda, Yaratgan undan hisob-kitob talab qilganda, insoniyat Don Ki­xotni ko‘rsatardi va shu javob yetarli bo‘lardi, deydi. Bu kitobxon olamshumul adib Fyodor Dostoyevskiy edi.

Sarvar Azimov hozir mustabid deb atala­yotgan, lekin Xrushchev “ottepl”idan keyin sal odamshinavanda turq kasb etgan tuzumga astoydil, sidqidildan xizmat qildi, uning tashqi ishlar sohasida eng baland, marshallik mavqeyiga erishdi.

Hayot, dunyo g‘oyalar oqimidan iborat. Kim qanday g‘oyaga ishonadi, uning o‘zi, atrof-muhit va davlat siyosatiga bog‘liq. Mus­tabid tuzum behudaga totalitar deyilmaydi. Inson ongining barcha puchmoqlarini egallash, boshqa birorta g‘oyaga kichik bo‘lsa-da, tirqish qoldirmaslik — bu tuzumning tonuq belgisi edi. Odamni boshqarish, uni Chingiz Aytmatov keyinchalik, manqurt deb atagan holga solishga urinish edi bu. Tuzum g‘oyasi hamma va har bir kishi uchun e’tiqodga aylanishi majburiy edi. Lekin odamni to‘liq boshqarib bo‘lmaydi, barchani manqurtga aylantirib ham. Tilida bir g‘oya, dilida bir g‘oya bo‘lganlar, vaziyatga moslanuvchilar qancha edi. “Nega e’tiqodimni o‘zgartirdim?”  degan masala shunday odamlar uchun ediki, bular safiga Sarvar Azimovni qo‘shib bo‘lmaydi. E’tiqodni o‘zgartirishni, istang, yaxshi, istang, yomon deng, lekin u Sarvar Azimovga to‘g‘ri kelmaydi.

Shu o‘rinda kommunistik e’tiqod uchun o‘zini qurbon qilgan jabrdiyda zot, sho‘ro tuzumi davrida qattiq targ‘ib qilinadigan “Po‘lat qanday toblandi” romani muallifi Nikolay Ostrovskiyning quyidagi so‘zlari ayni muddao: “Odam biror chinakam g‘oya tevaragiga jipslashgan taqdir­dagina odamga aylanadi. Shunday taqdirda odam bo‘lak-bo‘lak bo‘lib: qorni, jigari, tanasi bilan emas, balki butun vujudi bilan yashaydi. Aslini olganda odam xuddi shu narsadan boshlanadi. U xuddi shu narsa bilan kuchlidir. Biroq shunday bir buyuk g‘oya borki, bu g‘oya bir kishinigina emas, balki bus-butun xalqlarni bahodirga aylantira oladi. Bu kommunizmning buyuk g‘oyasi, xalq baxti uchun kurash g‘oyasidir”[1].

Qanchalar kuchli va purma’no gaplar. Faqat bu g‘oyaning o‘tgan asr 90-yillariga kelib  misi chiqqani hamda uning asosida tuzilgan superdavlat parchalanib ketgani aytilmasa. “Xalq baxti uchun kurash g‘oyasi” dunyoning oltidan  birini tashkil etgan hududning kattagina qismida konslagerlar (bu termin ilk marta fashist Germaniyasida emas, sovet Rossiyasida, Lenin rahbarligida o‘tgan partiya syezdlari hujjatlarida ishlatilgan) tashkil etilib, unda g‘oya bilan kelishmagan millionlab odamlar it azobiga solingani aytilmasa.

Lekin shunga qaramay, bu g‘oyaga astoydil, qalbdan berilgan muhiblar ko‘p edi. Shular qatorida Sarvar Azimovni ham ko‘ramiz. SSSR yemirilib, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi e’lon qilingach ham kommunistik partiyani qay­ta tiklashga urinish, “bu bola (prezident ­I.Karimov) nima qilyapti, bosmachilar bolalarini qabul qilib, ular bilan gaplashib yuribdi” deyish uchun XX asr Don Kixoti bo‘lish lozim, shekilli. Bu soddadillik tarix g‘ildiragini ortga burishga behuda urinish, donkixotlik emasmi?

Lekin boshqa tarafdan o‘zi ko‘nglini bergan g‘oyaga bunchalik sadoqat baribir — HURMATGA SAZOVOR.

Lekin (bu endi uchinchi “lekin”) bu oqil odam, olim va adib nahotki totalitar tuzumning qonli panjasini ko‘rmagan, his etmagan bo‘lsa? Ona bir, ota boshqa akasi otashin shoir Hamid Olimjon o‘z ajali yoxud tasodifiy falokat bilan emas, kimningdir amalparastligining qurboni bo‘lganini bilmagan bo‘lsa? Bu chet el aksilsovetchilarining tuhmati deb ishonganmikan?

Sarvar Azimov ham yozuvchi va dramaturg, ham Hamid Olimjon haqida salmoqli ilmiy asar yozgan olim edi. U yirik davlat arbobi, Sharq mamlakatlari bo‘yicha SSSR rahbariyatining nufuzli maslahatchilaridan biri, shunga yarasha muayyan obro‘ va e’zoz topgan inson edi. U SSSR tarkibidagi O‘zbekiston tashqi ishlar mi­nistri (u paytda vazir deyilmasdi) sifatida BMTning yuksak minbaridan turib nutq so‘zlagan, bu haqida O‘zbekiston xalq shoiri Mirmuhsin “Aziz vatandoshim. Nutq” nomli katta she’r yozib, sarlavha ostida faxr bilan “Sarvar Olimjonovich Azimov Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasida otashin nutq so‘zladi”, deb yozilgan she’r shunday tugallangandi:

Aziz vatandoshim, katta minbardan

Zulmni fosh etib, xalqni dedingiz.

Erksevarlar bo‘lsin doimo bardam!

G‘oyatda mamnunmiz, haqni dedingiz[2].

Sarvar Azimov ushbu yuksak minbardan nutq so‘zlagan birinchi o‘zbek bo‘lgani aniq.

2

XX asr o‘zbek adabiyoti xazinasi sarlavhasida “sarob” so‘zi ishlatilgan ikki mashhur asarga ega: biri Abdulla Qahhorning “Sarob” romani, ikkinchisi Sarvar Azimovning “Qonli sarob” dramasi. Biri 30-yillar boshlarida, ikkinchisi, asar so‘ngida qayd etilganidek, 1961 — 64-yillarda yaratilgan. Oradagi masofa  naqd o‘ttiz yil. Lekin bu haqida keyinroq.

Hozir Sarvar Azimov haqida ikki og‘iz mulohaza.

Ma’lumki, XX asrdan to‘qqiz yildan kamroq qolganda SSSR atalmish imperiya parchalanib, mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Tabiiyki, bu hol bizga butun ma’naviy-madaniy biso­timizga qayta nazar tashlab, boshqa ko‘z, istiqlol nuqtayi nazari bilan qarashni taqozo etdi. Istiqlolgacha bo‘lgan davrda ayniqsa, 30 — 60-yillarda yaratilgan asarlar, shu davrda yashagan shoir-u adiblar ijodiga qayta baho berishga to‘g‘ri kelmoqda. Ijtimoiy vaziyat hamda mafkuraning keskin o‘zgarishi, milliy mafkura hayotimizning barcha jabhalarini o‘z nurli qamroviga olishi natijasida sovet davrida nash’-u namo topgan bir guruh ijodkorlar hozirgi davrimiz uchun go‘yo begonadek bo‘lib qoldi. Buning ustiga ular Sarvar Azimov kabi sovet mansab pillapoyalarida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilgan bo‘lsalar.

Sarvar Azimov o‘z davrining farzandi, bo‘lganda ham sodiq farzandi edi. Sodiqligi shu darajada ediki, ayrimlar o‘z e’tiqodini o‘zgartirib, istiqlolning bayroqdori bo‘lib olgan bir paytda u o‘zining kommunistik ideallaridan voz kechmadi. Bu bir tarafdan, imon butunligidan nishona bo‘lsa, boshqa tarafdan, yangi tarixiy reallikka moslasha olmaslik, ya’ni hayotiy qayishqoqlik yo‘qligini urg‘ulaydi. Yana bu o‘sha ideallar gap va qog‘ozda bor-u, hayotda mavjud emasligi, ishlamasligini ko‘ra olmaslikni ham ta’kidlaydi.

Bunday hol shu kun nuqtayi nazaridan ham hurmat, ham achinishga loyiq. Kommunistik ideallar tanazzuli S.Azimovday odamlarni chetlab o‘tgandi go‘yo.

Sarvar Azimov fenomeni shundaki, u kommunistik g‘oyaga sidqidildan ishongan, lekin bu ishonch uning milliy qadriyatlarga hurmat-ehtiromini zarracha susaytirmagandi. Uning badiiy va publitsistik ijodi hamda tashkilotchilik faoliyati bunga yaqqol misol. Shulardan ikki shingil. 1961-62-yillarda nashr etilib, unga o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va “Qutadg‘u bilig” muallifi Yusuf xos Hojibdan boshlab, 1930-yilda tavallud topgan Jumaniyoz Jabborovgacha bo‘lgan yuzlab ijodkorlar asarlarini qamragan besh tomlik “O‘zbek she’riyati antologiyasi” aynan Sarvar Azimov mas’ul muharrirligida dunyo yuzini ko‘rgan. Ikkinchisi, uzoq yillik taqiq va quvg‘indan keyin nashr etilgan birinchi o‘zbek romani “O‘tkan kunlar” yana aynan Sarvar Azimov tahriri ostida xalqimizga qaytarilgan.

Soddadillik muayyan o‘rinlarda buyuklik belgisi. Ayniqsa mansab va martaba nuqtayi nazaridan katta mavqega ko‘tarilgan odam soddadil bo‘lsa. Bunday odamlarni zamonaviy Don Kixot­larga mengzash mumkin.

Men Sarvar aka bilan muloqot qilmaganman, minbarlar, majlislar hay’atida ko‘rganman, uzoq­dan kuzatganman, xolos. Lekin hamisha bu zotga hurmatim qoim bo‘lgan. Bizning avlod BMT Bosh assambleyasi minbariga ko‘tarilgan birinchi o‘zbek Sarvar Azimov ekanini bilardi va bu bilan faxrlanardi. Adibning deyarli barcha asarlarini o‘qigan hamda Hamza nomli hozirgi Milliy teatr “Qonli sarob” dramasini qoyilmaqom qilib sahnaga olib chiqqanidan xabardor edim. Dramaning radiomontajini bir necha bor tinglab, u haqida juda yaxshi taassurotim shakl­langan  edi. Hozir ham, fikrimcha, bu drama Sarvar Azimov ijodining cho‘qqisi va o‘zbek dramaturgiyasining yaxshi namunasi, deb hi­soblayman.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, atoqli yozuvchimiz Odil Yoqubovning chop etilgan xotiralari­da Sarvar Azimov va Abdulla Qahhorga tegishli o‘rin menda “Sarob” romani va “Qonli sarob” dramasini sirtdan bo‘lsa-da, taqqoslash fikrini tug‘dirdi.

Avvalo, Odil Yoqubov “Xotiralar”idagi tegishli o‘rinlarni keltirib, so‘ng ularni tahlil qilsak. Muallif yozadi:

“O‘sha davrdan yodimda qolgan eng og‘ir esdalik — ustoz Abdulla Qahhorning “Sarob” romani muhokamasi bo‘ldi”[3]. Adib “eng og‘ir esdalik” deyishiga sabab muhokama jarayonidagi asabiy holat, unda A.Qahhorning shiddatli va hujumkor kayfiyatidir. Gap olishuvdan bir parcha. S.Azimov deydi:

“—  Yana kinoya! Holbuki “Sarob” bugungi kun asari emas. U davri o‘tgan asar! Uni hozir nashr etish… nima desam bo‘ladi?

— Dushmanlik bo‘ladi! — Yana qalampir sepdi Abdulla aka…

— Dushmanlik emas, lekin xato, jiddiy xato bo‘ladi bu ishimiz! — dedi Sarvar Azimov”.

Tarixiylik prinsipiga asosan, voqea sodir bo‘lgan vaqtni belgilaylik. Adib “Tarjimayi hol”idan bilamizki, u kishi ilk marta O‘zbe­kiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesi­ning birinchi sekretari bo‘lib 1956-1957-yillarda ishlagan. Demak, voqea 1957-yilda sodir bo‘lmoqdaki, bu paytda mustabid Stalin vafot etib, hukmron partiyaning XX syezdi qonxo‘r dohiy shaxsiga sig‘inishni fosh etgan, bepoyon mamlakatda ozodlik epkinlari esa boshlagan edi. “To‘g‘risi, Stalin o‘ldi-yu, odamlar ham, olam ham o‘zgacha bo‘ldi”[4], deb yozadi Habibulla Qodiriy “Otamdan xotira” kitobida qamoq lagerlarini eslab.  Nega Sarvar Azimov, uyushma rahbari “Sarob”ni davri o‘tgan asar, uni nashr etish jiddiy xato bo‘ladi”, demoqda? Chunki bu paytda qatag‘onga uchragan milliy ziyolilarimiz qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, oqlana boshlagan, Habibulla Qodiriy “Otamdan xotira” kitobida qayd etganidek, qamoqqa olinib, otib tashlangan buyuk o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy 1956-yil  9-ok­tabrda rasmiy ravishda oqlangan edi. “Sarob” romanida esa milliy ziyolilarimiz (asarda nomlanishicha, burjua millatchilar) butun kuch va nafrat bilan  qoralangan, go‘yo fosh qilingan edi. Odil Yoqubov eslagan muhokamadan salkam bir yil keyin bosilgan “Ozgina o‘zim haqimda” nomli tarjimayi holda A.Qahhor shunday yozadi: “Dastlabki felyetonlarim, hikoyalarim bolaligimda qalbimni yaralagan hayotga qarshi o‘ch hissi bilan to‘lib-toshgan bo‘lsa,  “Sarob”da o‘sha hayotni qaytarishga bel bog‘lagan dushmanlarning boshiga qalbimdagi g‘azab o‘tini (ta’kid bizniki — S.M.) yog‘dirishga kirishdim”[5].

Romanda g‘azab bilan qoralangan odamlar oqlana boshlagach, uni qanday qilib qayta nashr etish mumkin, bu xato, deya fikr yuritadi Sarvar Azimov. Lekin bunday fikrga nomdor muallif mutlaqo rozi emas.

“Abdulla aka go‘yo mushtlashmoqchi bo‘lganday o‘rnidan turib ketdi.

— Agar mening asarimni bosish siyosiy xato bo‘lsa, Moskva nega bosyapti? Nega o‘ttiz yettinchi yili janob Stalin qamagan, hatto otishga hukm qilingan yozuvchilarning asarlarini ham bosyapti!

— Qaysi asarlarni aytyapsiz? — dedi Sarvar Azimov xuddi javob zarbasi bermoqchi bo‘lgan odamday”3.

Bu yerda Abdulla Qahhor boshqalarga nisbatan bot-bot takrorlaydigan siyosiy demagogiyaning ustakor namunasini ishlatmoqda, ya’ni o‘zini qatag‘on qilingan yozuvchilar bilan, asarini ularning jabrdiyda asarlari bilan bir qatorga qo‘ymoqda. Vaholanki, u qatag‘on qilinmagan, aksincha, hamisha tuzumning ardog‘ida bo‘lgan, davr buyurtmasiga binoan yozilgan “Sarob” respublika tanlovida mukofotlangan. Yosh adib mukofot evaziga Sovet Ittifoqi bo‘ylab sayohat qilib, Leningrad, Moskva, Gorkiy, Qozon kabi shaharlarni ko‘rib qaytgan. A.Qahhor “Qachon Maskovga qarab ish qilishni o‘rganamiz?” deya dabdabali ritorik savol tashlar ekan, sirtdan to‘g‘riday, mohiyatan tagi puch bu gap Sarvar Azimovday odamni gangitib, nochor ahvolga solib qo‘ymoqda.

“Sarvar Azimov xuddi nogiron boladay, ko‘zlari jovdirab, menga qaradilar:

— O‘zingiz ko‘rib turibsiz, — dedilar lablari pirpirab. — Ishlab bo‘ladimi shunday odamlar bilan?..” 3.

Mana sizga, katta soddadil odamning mahzun qiyofasi.

Ertasi kuni gazetalarda Sarvar Azimov madaniyat vaziri vazifasiga tayinlangani haqida qaror chiqadi. “Kim bilsin, balki, bu qarorning chiqishida Abdulla Qahhorning shu to‘qnashuvi ham sabab bo‘lgandir?” deb yozadi Odil Yoqubov “Xotiralari”da. Haqiqatan ham, 1957-yilda roman nashr etiladi, chunki Ozod Sharofiddinov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Sarob” tom ma’nodagi sovet asari edi”[6].

Bizningcha, ushbu to‘qnashuvdan to‘rt yil o‘tgach yaratila boshlangan “Qonli sarob” dramasi yozilishiga shu voqea turtki bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.

“Sarob” va “Qonli sarob”. Bu ikki asarni nafaqat “sarob” so‘zi, balki ularda qalamga olingan odamlar taqdiri va ular kurashgan g‘oyalar­dagi mushtaraklik ham bir-biriga yaqinlashtiradi. Oradagi tafovut ham ancha.

Romanda sovet tuzumini qabul qilmay, unga qarshi kurashgan ziyolilarimizning nafrat bilan tasvirlangan qiyshiq qiyofalarini ko‘rsak, dramada chet ellarga chiqib ketgan shunday mafkuradagi vatandoshlarimizning fojiali ahvoli va ruhiyati dramatik yo‘sinda hamdardlik ila tiklanganiga guvoh bo‘lamiz. To‘g‘ri, dramadagi milliy komitet raisi Mir Alixon, sarkotibi Aslzoda Saidxon obraz­lari talqini “Sarob” romanidagi talqinga biroz yaqin, lekin qolgan deyarli barcha qahramonlar tarixiy vaziyat qurboni va jabrdiydalardir.

Yurtparvar ziyolilarimizga nafrat romanning har bir hujayrasiga singgan, zero, Ozod Sharofiddinov yozganidek, “aksilinqilobiy millatchilar orasida birorta ham jozibador odam yo‘q — ular­ning hammasi tubanlikning eng oxirgi nuqtasiga yetgan, bir-birini ko‘rolmaydigan, bir-birining tagiga suv quyadigan, maishiy buzuq, maslaksiz, beburd odamlar. Bunday odamlardan faqat ijirg‘anish, hazar qilish mumkin, xolos”[7].

Bu gap asl voqelikdan ko‘ra roman muallifi, ya’ni Abdulla Qahhorning nafratga bo‘ktirilgan qalamini ko‘proq tavsiflaydi. Biror g‘oyani badnom qilmoqchi bo‘lsalar, shu g‘oyaga chulg‘angan odamlar yuziga loy chaplaydilar, deydi buyuklardan biri. Bu xuddi “Sarob” romani haqida maxsus aytilganday.

Dramaning ilk sahifasidagi yozuvda “Ta­rix 1945—1956-yillar oralig‘ida, xorijiy sharq mamlakatlarining birida kechadir”, deyiladiki, asarda ona yurtini tark etgan vatangadolarning turfa toifasi, biri nafrat, biri shafqat, biri g‘amgusor alam bilan sahnaga olib chiqilgan. Asar so‘ngidagi butun zalga taraladigan “Avtorning so‘zi”da dramaning badiiy g‘oyasi belgilangan: “Xalq deydiki, ona yurting omon bo‘lsa, rang-ro‘ying somon bo‘lmas. Shu aqlga oyoq uzatib, qonli sarob ko‘chalarida umrini ko‘kka sovurgan, tilasin(?) kim bo‘lmasin, vatangadolar savdosidan bir shingil hikoya ko‘z nuringiz tushgan asar iymo­nidir, aziz odamlar!”[8].

Ushbu ko‘chirmadagi “asar iymoni” degan jumla anchayin yangi fikr bo‘lib, “g‘oya” o‘rniga “iymon” qo‘llanishi Sarvar Azimov tafakkur tarzi­ning ezgu fitratini, iymoni butunligini ko‘rsatadi.

Tan olish joizki, “Qonli sarob” ham sovet mafkurasi asosida yozilgan asar. Lekin unda muallif o‘z qahramonlariga, ayrim istisnolarni aytmaganda, achinadi, ularning foje taqdiriga hamdardlik bildiradiki, ayni shu nuqtada “Qonli sarob” “Sarob” romanidan farqlanadi. Ayniqsa, insoniylik nuqtasida. Romanda mehr va insoniy taft yo‘q. Tasvirda inja  nazokat yo‘q.

Bundan oltmish yildan ortiq narida, o‘sha 1957-yilda kommunist, ayni paytda millatparvar Sarvar Azimov kommunistik mafkura hukmronligi sharoitida “Sarob” bugungi kun asari emas. U davri o‘tgan asar”, deya haq gapni aytar ekan, hozirgi Istiqlol davrida romanda go‘yo fosh etilgan milliy ziyolilarimiz orzulari ushalgan bir paytda “Sarob” romaniga munosabatimiz qanday bo‘lishi kerak? Hali ham uni xudbinlik anatomi­yasini (xudbinlar kimlar — milliy  istiqlolchilar) badiiy tahlil qilgan asar, deya ko‘klarga ko‘tarishda hali ham Ozod Sharofiddinovga jo‘r bo‘lib, “Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan keyin o‘zbek prozasi zabt etgan ikkinchi cho‘qqi”, deyishda davom etamizmi? Bu jabrdiyda ziyolilarimiz pok ruhlarini chirqiratish bo‘lmaydimi?

Yana bir gap. Ma’lumki, Sarvar Azimov 1980-yilda ikkinchi marta O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi sekretari lavozimiga tayinlanadi. Ushbu yillarga doir bir xotirani o‘sha paytda “Sharq yulduzi” jur­nali tahririyatida ishlagan jurnalist va yozuv­chi Murod Xidir xotirlaydi:

— Tog‘ay Murod unda yosh yozuvchi o‘zi­ning “Oydinda yurgan odamlar” qissasini olib keldi. Uning yangicha uslubi, undagi obrazlar, xususan, Xo‘jayi Xizr haqidagi rivoyatni hazm qilolmagan o‘ta hushyor bosh muharrir H.Abdusamatov asarni hech chiqarmoqchi emasdi. Bir necha taniqli olim va adiblarni yig‘ib, asarni  muhokama qildik va aytilgan ijobiy gaplarni protokollashtirib bosh muharrirga ko‘rsatdik, foydasi yo‘q. Javobi bitta —   “ular aytaveradi”. Iloj qolmagach, jurnalning mas’ul kotibi, hozir O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik orqali qissani Uyushma rahbari Sarvar Azimovga chiqardik. U kishi, ishonasizmi, bir kechada o‘qib chiqib “Go‘zal asar, zudlik bilan nashr etilsin”, deb yozib berdilar. Bosh muharrirning dami ichida qoldi. Qissa bosildi.

Mana sizga, katta odamning didi va mardligi.

Men sarlavhani “Katta soddadil odam”, deb qo‘yar ekanman, bunga ma’naviy haqqim bormi, deya o‘ylab qoldim. Ul zot katta odam ekani-ku naqd gap, lekin sodda odam… Soddadil odam. Omon Muxtor “Aflotun” romanida yozadi: “Ko‘ngli yorug‘, ko‘zlari yorug‘, hammani o‘zidek xayrixoh deb o‘ylagan — soddadil Fayzulla Xo‘ja”[9]. Takror bo‘lsa-da, dey, nima, soddadillik buyuklikning belgisimi ekan?!

Shoir Berdi Rahmat radiodan qilgan chiqishida eslagandi: “Bir kuni Sarvar aka bilan uyushmadan u kishining uylarigacha yayov gaplashib ketdik.

— Ey, shoir! — dedi Sarvar aka. — Amal-u mansab deb vaqtni o‘tkazib yuboribmiz, ko‘proq yozish kerak ekan. Yozganing qolar ekan”.

Mana sizga qalbida ijod dardi jo‘sh urgan qalbi pok odam armoni. Shunda ham Sarvar Azimovdan ikki jildlik asarlar to‘plami (barcha yozganlari to‘plansa, yana bir-ikki jild qo‘shilar, balki) va, eng asosiysi, uni bilgan, tanigan odamlar qalbida  Arbob va adib haqida yorug‘ yod qoldi. Bu yod mangu bo‘lsin.

Suvon MeLI

Manba: “M a’rifat” gazetasi

(2019-yil 10-avgust, 62-son)


[1]. Ko‘chirma shu kitobdan: Xolmuhammedov B. Baxt yulduzi. Toshkent: Yosh gvardiya, 1966. 46-bet.

[2].Mirmuhsin. Asarlar. To‘rt jildlik. 1-jild. Toshkent, 1981. 48-bet.

[3].Odil Yoqubov, Osiy banda. Xotiralar. Qarnoq. Asarlar. T.: O‘zbekiston, 2012. 63—65-betlar.

[4].Qodiriy H. Otamdan xotira. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2005. 386-bet.

[5]. “O‘zbek tili va adabiyoti masalalari” jurnali. 1960-yil, 4-son. 8-bet.

[6]. Sharofiddinov Ozod. Abdulla Qahhor. “Hayoti va ijodiy faoliyati haqida lavhalar. Toshkent: Yosh gvardiya, 1988. 59-bet.

[7].Sharofiddinov Ozod. Abdulla Qahhor. Hayoti va ijodiy faoliyati haqida lavhalar.  77-bet.

[8].Azimov Sarvar. Saylanma. Ikki tomlik. 1-tom. T., 1988. 168-bet.

[9]. Muxtor Omon. Aflotun. Toshkent: Ma’naviyat, 1997. 79-bet.

Бошқа хабарлар