O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida

27

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to'g'risida”gi PF–5780-son Farmoniga muvofiq:

1. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga iqtisodiyot va sanoat vazirining hududlarni, shu jumladan, Sirdaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimini qicqartirish hisobiga O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining o'rinbosari – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritilsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 28 nafardan iborat bo'lgan (keyingi o'rinlarda – Agentlik)tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qo'yilsinki:

Agentlik direktori ikki nafar o'rinbosarga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o'rinbosarga ega;

Agentlik direktorining o'rinbosari bir vaqtning o'zida Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasining ijrochi direktori hisoblanadi (keyingi o'rinlarda – Jamg'arma);

Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

Agentlik kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablag'larini jalb qilishi mumkin;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari tuzilmalarida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining o'rnatilgan umumiy boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil apparatining hududlarda faoliyat yuritayotgan xodimlari bilan o'zaro yaqin hamkorlikda ishlaydigan, boshqaruv xodimlarining shtat birligi 49 nafardan iborat kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo'limlari tashkil etiladi.

4. Agentlik:

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nomoliyaviy yordam turlarini hamma sohalarda kengaytirish, shu jumladan, biznes yuritish asoslari va sohadagi qonun hujjatlari, tadbirkorlik faoliyatining xavf-xatarlarini baholash ko'nikmalarini o'rgatish orqali tadbirkorlarning kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida muvofiqlashgan tarzda ishtirok etishini, ularning malakasini oshirish, stajirovkalar va boshqalar tashkil etilishini ta`minlasin;

tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalaniladigan uskunalarning texnik xususiyatlari, o'zini qoplash muddati, mahalliy xom ashyo bilan ta`minlanishi, sarflanadigan materiallar hisob-kitobi va bozorlar, shu jumladan, xorijiy bozorlar bahosini o'z ichiga olgan elektron katalogini shakllantirsin, keyinchalik salohiyatli loyihalar va biznes tashabbuslarini tanlab olish jarayoni samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida ular Agentlik va tijorat banklarining veb-saytlariga joylashtirilsin.

5. Jamg'armani boshqarish kengashining Jamg'arma Ijro etuvchi direksiyasiga o'z mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan 7 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini qo'shimcha ajratish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Jamg'armaning ijro etuvchi direktoriga Jamg'armaning o'z mablag'lari hisobidan ularning xizmatlariga haq to'lagan holda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish huquqi berilsin.

6. Kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlari, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining Jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyaviy yordam olish haqidagi arizalarini ko'rib chiqish bo'yicha elektron hujjat aylanish sxemalari 2 va 3-ilovalarga muvofiq ma`qullansin.

7. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg'arma hisobidan loyihalari bo'yicha moliyaviy yordam ko'rsatiladigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami toifalarining ro'yxatini tasdiqlasin.

8. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tizimli ravishda kichik biznes va tadbirkorlikni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish sohasida iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo'yicha tumanlar va shaharlar hokimlarining birinchi o'rinbosarlari, bandlik va mehnat munosabatlari, iqtisodiyot va sanoat, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklarining tuman bo'limlari rahbarlarining bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida o'quv kurslarini, shu jumladan, masofadan turib o'qitish shaklidagi kurslarni tashkil etsin.

9. Jamg'arma quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tadbirkor” axborot tizimini yaratish va ishga tushirishda buyurtmachi sifatida belgilansin:

tijorat banklari va Jamg'arma o'rtasida elektron hujjat aylanishi, shu jumladan, elektron raqamli imzo yordamida ma`lumot almashish;

yaratiladigan avtomatlashtirilgan dasturiy ta`minotni O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Davlat statistika qo'mitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va O'zbekiston banklari assosiasiyasining axborot tizimlari bilan integrasiyalash;

tijorat banklarining kreditlari bo'yicha elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonchnoma va kafolatlar, shuningdek foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya berish to'g'risida elektron shartnomalar tuzish;

tijorat banklari va ularning mijozlariga Jamg'armaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida kredit buyurtmalarini ko'rib chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish imkoniyatini berish.

10. Jamg'arma:

bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda o'zida loyiha qiymati va tegishli ishlarni moliyalashtirish manbalarini aks ettirgan holda, “Tadbirkor” axborot tizimini tashkil etish, texnik qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish bo'yicha texnik hujjatlarning ishlab chiqilishini hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasiga kelishish uchun kiritilishini;

O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ishlarni moliyalashtirishga amaldagi mablag' ajratilgan sanadan boshlab 6 oy muddatda “Tadbirkor” axborot tizimining yaratilishi va ishga tushirilishini ta`minlasin.

O'zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 10-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa donor tashkilotlarning grantlari jalb etilishini ta`minlasin.

11. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Agentlikning joylashtirilishini ta`minlasin.

12. O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan ta`minlasin.

13. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o'zgartish va qo'shimchalar kiritilsin.

14. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

a) ikki hafta muddatda belgilangan tartibda Agentlik va Jamg'arma xodimlarining shtat jadvalini tasdiqlasin;

b) bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

Agentlik va Jamg'arma to'g'risidagi nizomlarning loyihalarini;qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida takliflarni kiritsin;

v) Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, shu jumladan, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha palataga xos bo'lmagan funksiya va vazifalarni tegishli organlarga berish yuzasidan takliflarni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 13 avgust

O'zA

Boshqa xabarlar