TO'QSON YoShLI BOBO NEGA YIG'LADI?

139

Ayol farzandini dunyoga keltirgunicha ming karra o'limni bo'yniga oladi. To'lg'oqning ming azobiga chidaydi. Zurriyodining kamoli uchun borlig'idan kechadi. Ana shunday onalarning jannat poyida bo'ladi. Ming afsuski, o'z go'dagining joniga qasd qilgan ham, mo'may pulga sotgan ham ayoldir. Ijtimoiy tarmoq yoki ommaviy axborot vositalari orqali ana shunday xabarga ko'zi tushgan inson ularni inson deb atashga ham tili bormaydi. Jurnalist Farida Qoraqulovaning maqolasi shu xususdagi muammolarga qaratilgan.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

FARZANDINI SOTAYoTGANLAR, O'LDIRAYoTGANLAR

ularni inson deb bo'ladimi?

Bir vaqtlar o'z tomirini tishlab, bolasiga qonidan ichirib, o'limdan saqlagan onalar bo'lgan.

«Go'daklardan jannat isi keladi», deyishadi. So'nggi yillarda ayollar tomonidan o'z bolasini sotish, turli yo'llar bilan joniga qasd qilish, norasidalarga zulm o'tkazish kabi mudhish jinoyatlar tafsiloti qulog'imizga tez-tez chalinib turibdi.

Xususan, Farg'onada ayol o'z bolasini bo'g'ib o'ldirishi bilan bog'liq qabohat atrofida ko'tarilgan shov-shuv endigina tinayotgan bir vaqtda nafaqat millatimiz va jamiyatimiz, balki butun insoniyat uchun sharmandali yana bir jinoyat sodir etildi.

Surxon vohasida biz farishtaga mengzaydigan begunoh go'dak o'limga mahkum qilinib, hojatxonaga tashlanishi barchamizning qalbimizni larzaga keltirdi.

Bu mavzuni ochishdan maqsadimiz bunday chirkin voqea atrofida yanada shov-shuv ko'tarish yoki kimgadir qat`iy hukm o'qish emas. Balki ogohlik bongini qayta-qayta chalishdir, toki mehr-shafqat, qadr-qimmat va mas`uliyat hamisha har narsadan ustuvor tursin.

Shu o'rinda yana bir bor ta`kidlab o'tishni istar edikki, qaysiki yovuzlikka qo'l urgan kimsalar vaqti kelib oliy Hakam bilan yuzma-yuz kelishi, uning so'rovi va javobgarligi juda-juda og'ir kelishini bilarmikan?

Mehr oldida o'lim ham ojiz

«Jannat onalar oyog'i ostidadir», deyiladi muborak hadisi sharifda.

Shu o'rinda ko'nglimizdan beixtiyor savollar o'tadi. Ayol atalmish nozik xilqatni bunday yuksak e`tirofga sazovor qilgan uning go'zalligimi, aqlu farosatimi yoki latofatimi?

Buning sir-sinoati, sehri nimada? Bu savollarga Gyotening quyidagi so'zlaridan javob topish mumkin: «Ayolning bor qudrati va joziba kuchi uning onalik muhabbatidadir».

O'sha tunda onam kelmadi

« — Onamni zo'rg'a eslayman, — deya hikoya qiladi «Buxenvald» konslagerining sobiq asiri Yurchenko Petr Maksimovich «Onam haqidagi xotiralar» kitobida. — Nemis fashistlari qishlog'imizga bostirib kirganida 3 yoshda edim. Bizni boshqa asirlarga qo'shib poezdda qayoqqadir olib ketishayotganda onamning bag'rida edim. Onam goh cho'ntaklarini titkilab, goh qaerlardandir timirskilanib, bir nimalar topib kelar va og'zimga solardi. Manzilga yetib kelganimizda onamdan ayirishdi. Onamni ishchilar, meni esa donorlar, ya`ni nemis soldatlari uchun qon topshiruvchi bolalarga ajratilgan xaroba baraklarga joylashtirishdi. Farzandidan ayrilishni istamay dod-faryod qilgan ayollarni fashistlar joyida otib tashlashardi. Oramizdagi masofa taxminan 2-3 chaqirim edi. Lagerda onalar va bolalar bir-biri bilan ko'rishishi qat`iy taqiqlangan bo'lib, intizomni buzganlar uchun so'zsiz o'lim muqarrar edi. Ochlik va qon topshirish bolalarning sillasini quritgan, har daqiqada o'nlab bolalar yotgan joyidan turolmay o'lib qolishardi. Uchinchi yoki to'rtinchi tunda qulog'imga o'zimgagina tanish bo'lgan, juda past shivirlagan ovoz chalindi: — Mi-mo… Mi-imo. Onam meni erkalaganda shunday deb atardi. — Oyi, oyijon, men bu yerdaman. Majolsizlikdan sudralib yog'och devorga yopishdim. — Tsh-sh…, sekin, Mimo. Xudoga shukr, tirik ekansan. Seni ko'p qidirdim.

Onam devor tirqishidan qo'limga bir dona xom kartoshka tutqazdi. Nodir ne`matni deyarli chaynamay yutdim. Tomirimga qon yugurganday bo'ldi. Shu ondan bosh­lab onam har kuni tun yarmidan og'ib, qorovullarni uyqu mahv etgan palla menga goh yarimta muzlagan kartoshka yoki bir tishlam qora non, gohida sabzavot po'choqlarini keltirardi. Konslagerga men bilan keltirilgan bolalarning deyarli barchasi ochlik va kamqonlikdan o'lib ketdi. O'rniga yana yangilarini keltirishardi. Mening qilga osilib turgan hayotimni onamning mehr-muhabbati asrab qoldi. Onam o'ziga berilgan ozgina yeguliklarni yemasdan, jonini xavf-xatarga qo'yib bo'lsa-da, menga tashiganini keyinchalik tushunib yetdim. Azob-uqubatli kunlarning birida onamni kuta-kuta ko'zim ilindi. Nemis ovcharkalarining bezovta akillashi va avtomatning tarillashidan cho'chib uyg'ondim. O'sha tunda onam kelmadi. Ertalab tongda soldatlar baragimiz yaqinida o'lib yotgan bir ayolni sudrab olib ketishayotganini o'sha devor tirqishidan ko'rdim. Ayolning men tomon cho'zilgan qo'llari yarimta kartoshkani mahkam changallab olgandi…»

Ko'nikib ketaveramizmi?

 Xalqimiz eng ulug' insoniy fazilatlari bilan dunyo­ga tanilgan. Urushning azob-uqubatli yillarida ham, ochlik va qahatchilik suyak-suyaklarigacha zirqiratgan kunlarda ham milliyligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot bo'lgan har qanday illatlarga murosasiz bo'lishgan. Ajdodlarimiz yuraklarida imonu e`tiqod va mehr-oqibat shu qadar kuchli bo'lgan-ki, ayollar sha`nini jon qadar yaqin, or-nomus, insofu diyonatni har qanday orzu-havaslardan yuqori qo'yishgan.

Sanoqli yillar oldin ota-onasi tirik bo'la turib etimxonalarda tarbiyalanayotgan bolalar mavzusi jamiyatimiz uchun og'riqli masala edi. Farzandlarini goh yashirin, goh oshkora bolalar uyiga tashlab ketayotgan ota-onalar qattiq qoralanardi.

Bunday illatlar nafaqat o'zi, mahalla ahli, qo'ni-qo'shnilar uchun ham isnod sanalgan. OAV sahifalarida o'zini bozorga solayotgan engiltak xotin-qizlar, qutlug' oshyonini bulg'agan qo'shmachi ayollar, o'n gulidan biri ochilmagan bokira qizlarni aldov yo'li bilan chet davlatdagi fohishaxonalarga sotish bilan shug'ullanuvchi «odam savdosi» korchalonlari haqidagi maqolalarni o'qib, millat sha`ni va qadr-qimmatiga chin dildan achinganimiz, yuragimiz og'ringani hali unut bo'lganicha yo'q.

Bozorga solingan bolalar

Yaqinda to'qsonni qoralagan tog'amning ko'zida yosh ko'rib, tinchim buzildi. U kishi o'qiyotgan gazetani g'azab bilan chetga uloqtirar ekan, ko'z yoshini yashirolmadi. «O'qimang deyman-ku sizga. Mana endi yana ikki uch kun qon bosimingiz ko'tarilib yuradi», deya javradi yanga. Yigirma besh yoshli o'g'il otasining ko'ngli bo'shligidan kulgan bo'ldi:

— E, shunga shunchami. Nima, birinchi bor eshityapsizmi, bunday voqealarni?..

Qiziqsinib gazetani qo'limga oldim va tog'amning ko'ng­lini buzgan maqolani o'qishga tutindim. Unda andijonlik ayolning sakkiz oylik o'g'lini 1000 dollarga pullash maqsadida xaridor izlagani va jigargo'shasini sotayotgan vaqtida qo'lga olingani haqidagi tafsilot yozilgan ekan.

— Odamlar bir tishlam nonga zor bo'lgan, ochlikdan sillasi qurib, ko'cha-ko'yda o'lib yotgan kunlarni ko'rdim, lekin o'z farzandini sotgan biror-bir odamni eshitmagan edim, — dedi tog'am kuyinib. — Atrof­ga qara, qanday farovonlik. Mashaqqat yo'q, ovoragarchilik yo'q, istagan noz-ne`mat tayyor. Ovqatni tanlab yesak, ki­yimni saralab kiysak. Shunday to'kin-sochin zamonda bolasini sotish qabohatdan boshqa narsa emas.

Keskin, ayovsiz bo'lsa-da, tog'amning fikriga qo'shilmay, jiyanimning e`tirozini ham e`tirof etmay iloj yo'q, deb o'yladim va beixtiyor ijtimoiy tarmoqlarda qo'ziqorinday paydo bo'layotgan bu kabi noxush illatlardan biri yodimga tushdi.

Qashqadaryolik Kamola (ism-shariflar o'zgartirilgan) maktabni bitirishga bardoshi yetmadimi yoki istagi bo'lmadimi, o'qishni tamom yig'ishtirdi-da, to'satdan Samarqandga otlandi.

— Boshqa o'qimayman, — dedi o'z taqdiriga o'zi xo'ja­yin qiz. — Samarqandda tanish dugonalarim ofisiant bo'lib ishlayapti. Ularning oldiga borib, men ham ishlayman. Uning ota-onasi qiz bola yolg'iz o'zi qaerga ketayapti, dugonalari kimligi bilan na qiziqishdi, na e`tiroz bildirishdi. Kamolaning tanish dugonalari o'zidan 5-6 yosh katta bo'lib, ko'chada tasodifan tanishib qolishgandi. 16 yoshli qiz ular yashayotgan uyga kelgach, bu opalarning hech qaerda ishlamay, maishatda yashashlarini bildi. Lekin uni orqaga qaytarguvchi, to'g'ri yo'lga solguvchi kimsa topilmadi. Bu orada Kamola o'zi tanimagan, bilmagan oilali yigitdan homilador bo'lib qoldi. Ilojsiz qolganda, yana «mehribon opalar» yordam qo'lini cho'zishdi, ya`ni hali tug'ilmagan go'dakka xaridor topishdi.

«Ham sharmandalikdan qutulasan, ham yaxshigina pul ishlab olasan», deyishdi. Bu gap Kamolaga moydek yoqib tushdi, axir, uning maqsadi ham shu edi-da. Uddaburon qiz yigirma kunlik chaqalog'ini 1000 dollarga sotayotgan paytida qo'llariga kishan solindi. Ne ajabki, sud zalidagina bola taqdiriga befarq ota-ona va yengil hayotga ishtiyoqmand qizning ko'zlari «yarq» etib ochilganday bo'ldi.

Illatning ildizi qaerda?

Dono xalqimizning «Illat illatni chaqiradi», degan naqli bejiz aytilmagan. Bu hikmat zamirida ulkan haqiqat bor. Zotan, arzimas pulga sotilgan, axlatxona va hojatxonaga tashlab ketilgan bolalar aslida, nomussizlik va badnafslik qurbonlaridir.

To'g'ri yo'ldan adashgan o'g'il-qizlarimizning jinoiy qilmishlari, avvalo, ota-ona, mahalla, maktab va boshqa tegish­li mutasaddi tashkilotlar, mas`ul xodimlarning mas`uliyatsizligi, kasbiy burch va vazifalariga «mendan ketdi, egasiga yetdi» qabilida yondashishlari, bir-birimizning taqdirimizga loqaydligimiz mevalari, desak, mubolag'a bo'lmas.

Ochig'i, yonginamizda yashaydigan ayrim qo'ni-qo'shnilarimizning nomussizlik, qo'shmachilik kabi «biznes» faoliyatini ko'rmaymiz, eshitmaymiz. Sababi, bir so'z deyishga og'iz rostlagan «yozuvchi»lar va «ichi qora»larning og'izlariga uradigan boyvachcha «tadbirkorlar» oldida hattoki ayrim mahalla, ichki ishlar va boshqa tegishli mutasaddi tashkilot xodimlarining tili qisiqligidan xijolat tortamiz-da.

Shukrki, millat sha`ni, yoshlar taqdiri, komil inson ta`lim-tarbiyasiga jonkuyar hamyurtlarimiz ko'pchilikni tashkil etadi. Ulardan birlari oilada, o'quv muassasalarida azaliy qadriyatlarimiz manbai bo'lmish islom ta`limotiga kengroq e`tibor qaratish kerak, degan fikrda.

Bu boradagi burch va mas`uliyatni yanada kuchaytirish hamda javobgarlik ta`sir choralarini qat`iy belgilash tarafdorlari ham talaygina.

Farida QORAQULOVA,

jurnalist

2019 yil 9 avgust, 30-son

“Jamiyat” gazetasi

Boshqa xabarlar