“YO'L XARITASI”: BUYoG'IGA NIMA BO'LADI?

30

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish uchun istiqbolli ishlar amalga oshiriliyotir. Biroq so'nggi yillarda, aniqrog'i, 2016 yilda YuNESKO huzuridagi Umumjahon merosi qo'mitasi Shahrisabz tarixiy markazini xavf ostidagi ob`ektlar ro'yxatiga qo'shdi. Bu xavf 2019 yilda “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob`ektiga nisbatan ham paydo bo'lgan.

Nega bunday bo'ldi? Ob`ektlarimizga salbiy baho qo'yilishiga asosiy sabab nima? Yo'l qo'ygan xatolardan xulosa chiqardikmi? Xavf bartaraf etildimi?

Maqolani to'liq quyida o'qing.

MISR, TURKIYa, GRUZIYa KABI

turizm sohasidan katta daromad ko'rish uchun nima qilish kerak?

Ma`lumki, Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to'g'risidagi konvensiya 1995 yilning 22 dekabrida O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan. Konvensiya doirasida Xiva shahridagi Ichan-qal`a, “Samarqand madaniyatlar chorrahasi” ob`ekti, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari hamda Chotqol biosferasi Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Biroq, 2016 yilda YuNESKO huzuridagi Umumjahon merosi qo'mitasi Shahrisabz tarixiy markazini xavf ostidagi ob`ektlar ro'yxatiga qo'shdi. Bu xavf 2019 yilda “Samarqand madaniyatlar chorrahasi” ob`ektiga nisbatan ham paydo bo'lgan.

Nega shunday bo'ldi? Kim aybdor? Yo'l qo'ygan xatolardan xulosa chiqardikmi?

O'zbekiston tarafining sa`y-harakatlari, Umumjahon merosi qo'mitasining tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan “Yo'l xaritasi” asosida  bu xavflar bartaraf qilindi. Demak, endi tarixiy obidalarimizni asrash va ular atrofida qurilishlar qilishda YuNESKO takliflari bilan hisoblashish eng muhim vazifalarimizdan biri bo'lib qolayapti.

Qayd etish lozim, O'zbekiston mustaqil bo'lgandan buyon mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 1999 yildagi “Turizm to'g'risida”gi Qonun va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “O'zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni shular jumlasidan. Maqsad mamlakatimizda turizm va hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, yurtimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan.

Shu o'rinda bir savol tug'iladi: Misr, Turkiya, Gruziya singari davlatlar kabi turizm sohasidan katta daromad ko'rish uchun nima qilish kerak?

Mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun 2019 yilning 18 iyulida Prezident tomonidan “Turizm to'g'risida”gi yangi Qonun imzolandi va u joriy yilning 18 oktyabridan e`tiboran kuchga kiradi. Qonunda turizm, tur, turist, turistik vaucher, ekskursant kabi bir qator tushunchalarga ta`rif berildi. Turizm sohasini mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog'i sifatida rivojlantirish, sayyohlarning huquqlarini va xavfsizligini ta`minlash, turistik resurslardan unumli foydalanish, bu sohaga investisiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sherikchilik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari etib belgilandi.

Turizm sohasida Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta`minlash, davlat dasturlarini ishlab chiqish va uni ro'yobga chiqarishni muvofiqlashtirish, turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi sub`ektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, xizmatlarni sertifikatlashtirish, turistlar va ekskursantlarni sug'urta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam ko'rsatish tartibini belgilash, byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasining mablag'larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilash, turizm sohasiga investisiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo'yicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, mehmonxona xizmatlarini, turoperatorlar va turagentlar xizmatlarini ko'rsatish qoidalarini tasdiqlash kabi vazifalar kiradi.

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi bo'lib, u turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Uning vakolatlari qonunda aniq belgilangan. Qo'mitaning viloyatlarda hududiy bo'linmalari bo'lib, ularning faoliyati viloyat hokimining tegishli o'rinbosari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududda turizm sohasidagi davlat siyosatini va ushbu sohani muvofiqlashtirishni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasining hududiy bo'linmasi bilan birgalikda turizm sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi, tegishli shart-sharoitlarni yaratadi. Turistik axborot markazlarini tashkil qiladi.

Qonun normalarida turizm sohasi sub`ektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish, oshkoralik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qonunda xalqaro va ichki turizm shakllari, shuningdek, madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, ma`rifiy,  sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm kabi sayohat turlari mustahkamlanmoqda. Fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki mexanizmlari belgilangan. Ular turizmni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, jamoatchilik nazorati, davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan iborat. Ushbu qonun talablari ijrosini ta`minlash mamlakatimizda turizm sohasi rivojini kafolatlaydi. Binobarin, o'sha Misr, Turkiya, Gruziya singari davlatlar tajribasida ham ana shular o'z aksini topgan.

Yurtimizga turistlarni jalb qilish orqali ish o'rinlari yaratish va aholining turmush darajasini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizdagi tinchlik va ajdodlarimizdan qolgan tarixiy obidalar, buyuk allomalar amalga oshirgan ishlar, xalqimizning ma`naviy boyligi va betakror urf-odatlari turistlar oqimini ko'paytiradi. O'z navbatida shahar va qishloqlarimizdagi obodligu ozodalik hamda xalqimizning xorijdan kelgan mehmonlarga bo'ladigan muomala madaniyati ham bu ishlarga o'z ta`sirini ko'rsatadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

2019 yil 9 avgust, 63-son.

“Qashqadaryo” gazetasi

Boshqa xabarlar