Tartibga rioya etish shart

173

«Ishonch»ga javob beradilar

«Ishonch» gazetasining joriy yil 13 iyul kungi sonida chop etilgan «O'quvchiga telefon kerakmi?» sarlavhali maqolaga Xalq ta`limi vazirligidan quyidagicha javob keldi:

… Inson, shu jumladan, bolalar huquqlari poymol qilinishining oldini olish nuqtai nazarida, birinchi navbatda, mobil telefonlar o'quvchi va talabalarni darsdan chalg'ituvchi hamda sog'ligiga zarar yetkazuvchi vosita ekanini inobatga olib, O'zbekiston Respublikasining «Ta`lim to'g'risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi, «Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida»gi va «Reklama to'g'risida»gi qonunlari asosida ishlab chiqilgan «O'zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to'g'risidagi nizom» Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-son qaroriga muvofiq amaliyotga joriy etildi.
Mazkur nizomning qabul qilinishi ta`lim muassasalarida mobil telefondan foydalanish tartibini va bu borada ta`lim muassasalari rahbarlari, o'qituvchilari, ishchi-xodimlari, o'quvchilarining huquq, burch va majburiyatlarini belgilovchi me`yoriy-huquqiy asos hisoblanadi.
Ta`lim muassasasida ta`lim oluvchilarga mashg'ulotlar va tadbirlar oralig'ida faqat asos­­li va kechiktirib bo'lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, ta`lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog'lanish maqsadida telefonlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Ta`lim muassasalarida o'tkaziladigan o'quv mashg'ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin o'quvchilar telefonini o'chirib qo'yishi, telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo'yishi shart.

Bundan tashqari, telefonini bo'yniga osib olish, ko'krak cho'ntaklarida, shim, yubkalari cho'ntaklarida va shu kabilarda saqlash, telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun ularni ta`lim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash qat`iyan taqiqlanadi.
Bugungi kunda Xalq ta`limi vazirligi va uning hududiy bo'linmalari tomonidan ta`lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibiga rioya etilishi nazoratga olingan.

Ushbu Nizom talablari yangi o'quv yilida imzo qo'ydirilgan holda har bir o'quvchiga va uning ota-onasiga (ularning o'rnini bosuvchi shaxs­larga) yetkaziladi. Yangi o'quv yilidan boshlab o'quvchilar bilan tarbiyaviy soatlarda, ularning ota-onalari bilan ular ishtirokida o'tkaziladigan yig'ilishlarda muntazam muhokama etib borish, ota-onalarga mobil telefonlarning salbiy ta`siri yuzasidan tushuntirish ishlari doimiy yo'lga qo'yiladi.

Vazir o'rinbosari D.Kenjaev

Boshqa xabarlar