RADDIYA HUQUQI VA MADANIYATI

78

O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunida raddiya maqola yozish va uni e’lon qilish to‘g‘risida maxsus  moddalar bor. Buni ommaviy axborot vositalari xodimlari, oliy ma’lumotli mutaxassislar va har bir fuqaro biladi, deb faraz qilamiz. Qonundan ko‘chirma keltirib o‘tirmaymiz. Har bir fuqaro yoki asar muallifi o‘zi yoki o‘z asari to‘g‘risida yozilgan maqolaga javoban raddiya maqola yozish va uni OAVda chop ettirish huquqiga ega. Raddiyadan maqsad noo‘rin yoki noto‘g‘ri bildirilgan fikrlarni dalil va isbotlar asosida rad etishdir. Lekin o‘zini oqlash va asari haqida tanqidiy fikr bildirgan mutaxassisga zarba berish maqsadida yozilgan maqola raddiya mohiyatidan uzoq.

O‘zbekiston tumanidagi 16-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi O.Mavlonov “Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 24-iyul sonida e’lon qilgan raddiya maqolasi sarlavhasida “Raddiya madaniyatini unutdikmi?” degan savol qo‘yibdi. Maqolaning mazmuni va yozi­lish uslubidan ayon bo‘ladiki, haqiqatan ham, muallif raddiya madaniyatini unut­gan yoki bilmagan. U o‘zini dastlabki jum­­lalarda­yoq “bir madaniyatli kishi sifa­tida” tav­siflasa-da, maqolaning uslubida dalil-isbotlar bilan rad etish o‘rniga o‘zi munosabat bildirayotgan muallif sha’nini yerga urish, shaxsiyatiga, izzat-nafsiga tegish, tahqirlash usuli yetakchilik qilgan. U maqolasini shunday yakunlagan: “Ilm kishisini bu qadar past ko‘rib munosabatda bo‘lmoq axloqli kishiga xos emas”. “Axloq­li kishiga xos emas” degan gap — axloqsiz demakdir. Bu esa — haqorat. Bunday haqorat uchun O‘zbekiston qonunchiligida jinoiy javobgarlik belgilangan. Axloqsizlik — shaxsning xarakteri, fe’l-atvori, faoliyati, qing‘ir va g‘ayriinsoniy qilmishlariga nisbatan qo‘yiladigan ulkan ayblovdir. Lekin butun umrini ilm-fan va ma’rifatga fido qilayotgan, ilmiy haqiqat­lar yo‘lida jonkuyarlik bilan kurashayotgan,  yigirmadan ortiq kitob va darsliklar yozgan, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekis­ton Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, “Turon” fanlar akade­miyasining haqiqiy a’zosiga nisbatan bu isnodli ifodani matbuot orqali birgina tanqidiy maqolasi uchun qo‘llash o‘taketgan shafqatsizlik va madaniyatsizlikdir.

Qonunda raddiya maqola tegishli OAVning navbatdagi sonida to‘liq holat­da e’lon qilinishi huquqi belgilangan. Lekin unda raddiya maqola tahrir etilmasin
deyilmagan. Aks holda, muharrirning vazifasi qayoqda qoladi? Raddiya maqola ham tabiiy va qonuniy ravishda tahrir jarayonidan o‘tishi lozim. Tahrir tu­shunchasi “harir” so‘zidan kelib chiqqan. “Harir” — toza, shaffof, beg‘ubor, pok degan ma’nolarni anglatadi. Binobarin, muharrir maqolaning mazmuni va butunligini saqlagan holda, undagi alamzadalik, xusumat, tuhmat, haqorat tuyg‘ularini ifodalovchi so‘z-ifodalardan tozalashga haqli edi. Bu raddiyani nashrga tayyorlash hamda chop etish huquqi va madaniyatiga kiradi. Afsuski, muharrirlarimiz shunday huquqlarini anglamaganlar yoki vazifa­-
la­rini bajara olmaganlar. Bunaqada matbuot tuhmat va haqoratning minbariga aylanib qolishi xavfi tug‘iladi.

O.Mavlonov maqolasini juda alamzadalik va o‘ta izzattalablik bilan yozgan. U tahririyat orqali menga xat ham yo‘llagan edi. Xat ham jahl, g‘azab, nafrat, ehtirosga berilib yozilgan. Bir tanqidiy maqola uchun shuncha g‘azab o‘qlariga nishon bo‘laman, deb o‘ylamagan ekanman. Janob­lari faqat maqtov va rag‘batga o‘rganib qolgan ekanlar, shekilli. Bunaqada tanqid degan narsani yer yuzidan supurib tashlash
ke­rak ekan-da. Darvoqe, jamiyatda tanqid muhitining tobora yo‘qolib borayotgani ham tanqidga nisbatan nosog‘lom muno­sabat shakllanayotganiga sabab bo‘lmoqda. Abdulla Qahhorning birqaynovi ichida, uzib-uzib oladigan, qalampirday achchiq, zirapchaday, nishtarday botadigan tanqidiy mulohazalariga, obrazli iboralariga duchor bo‘lishsa, nima qilishar ekan?! So‘zlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti peshtoqiga muhrlangan mutafakkir Shayx Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asaridagi tanqidning ahamiyati va maqtovga mazaxo‘rak bo‘lish to‘g‘risidagi mana bu pandi juda ibratlidir: “So‘z aytur kishining so‘zin to yana bir kishi ayb qilmag‘uncha so‘zi isloh topmag‘usidur va xalqg‘a maqbul bo‘lmag‘usidur. Bayt:

So‘zinga g‘arra bo‘lma shirin deb,

Anga nodonlar aylasa tahsin”.

Izzattalablik shu darajaga yetganki, O.Mavlonov bizning raddiyamizni “muallif shaxsiga bepisandlik ufurib turgan” deya qayta-qayta ta’kidlaydi. O‘ziga ortiqcha iltifot talab qilishga ruju qo‘yib, maqolamiz ichidagi mavjud murojaat ifo­dalarini yo‘qqa chiqarib, tuhmat qilayotganini, ulug‘ yoshdagi, tajribali muallimga yarashmaydigan maydakashlikka berilganini bilmay qoladi: “Munaqqid maqola muallifini (ya’ni meni) 5 o‘rinda “U”, 15 o‘rinda “O.Mavlonov”, bir joyda hatto “voiz” deya bepisandlik bilan qalamga olgan. Raddiya uslubiy jihatdan sami­miy va beg‘araz bo‘lsa, munaqqid domla, shorih, tahlilchi, muallim, tadqiqotchi, o‘qituv­chi, muallif, sharhlovchi, boringki, talqinchi singari so‘zlardan foydalanib, o‘z madaniy saviyasining komilligini ifodalar edi”. Biz ham qimmatli onlarimizni sanoqqa sarflashga majbur bo‘ldik. Xo‘sh, “U” olmoshi muomalada normativ holat emasmi, qachondan boshlab “U” — be­pi­sandlik alomati bo‘lib qoldi? Ism-familiyasini qo‘llaganimizni sanaganida ongli ravishda o‘z foydasiga hisobdan adashgan. Biz 2-xatboshida ism-familiyasini to‘liq keltirganmiz. Odatda, ism-familiya 1 marta to‘liq keltiriladi, keyingi o‘rinlarda uslub va hajm talabi bilan ismning 1-harfi qis­qartma holida beriladi. Shu boisdan keyingi 14 o‘rinda ismining 1-harfini qisqartma holida berganmiz. Boringki, 15 o‘rinda “O.Mavlonov” degan bo‘lsak, ism-familiyasini 15 o‘rinda sharaflagan bo‘lamiz-ku! Biz uni “voiz” demaganmiz, Navoiy tanqididagi voizga o‘xshaydi, deganmiz. Uni voiz deyish ortiqcha lutf bo‘lar edi. Chinakam voizlik o‘tmishda ham, hozir ham har kim muyassar bo‘lolmaydigan ulug‘ san’atkorlikdir. Bundan tashqari, biz “muallif” (7-, 9-, 15-, 29-xatboshi), “g‘azal talqinchisi” (3-xatboshi), “tah-
­­li­l­­­chi” (5-xatboshi), “talqinchi” (10-xatboshi), “shorih” (12-xatboshi), “muallim” (14-xatboshi) kabi iltifot iboralari bilan O.Mavlonovning hurmatini joyiga qo‘y­ganmiz.

Muallif raddiyasi boshidanoq o‘zining “ilmiy tadqiqotchi emas, metodik ama­liyotchi ekani”ni eslatadi. Lekin maqola­ning so‘nggi jumlasida o‘zini “ilm kishisi” deya e’tirof etadi. Aslida, metodik ishlanmalar yaratish ham ilmiy tadqiqotchilikka kiradi. Garchi muallim buni bilsa-da, tahlili tanqidga uchragach, o‘zini metodika tomon olib qochishga urinadi. “Tahlil, asosan, ona tili va adabiyot fani o‘qituv­chilariga tajriba uchun metodik ishlanma sifatida tayyorlangan”,  deya da’vo qiladi u. Go‘yoki N.Jumaxo‘ja g‘azal tahlili bilan metodik ishlanmaning farqini bilmaydigandek: “Domlaning umri ilm olamida o‘tayotgani bois buni to‘g‘ri ilmiy talqin ma’nosida qabul qilgan ko‘rinadi”,  deb yozadi. Holbuki, kamina ilm olamida sof ilmiy-nazariy tadqiqot mashg‘uloti bilan cheklanganimiz yo‘q. Ilmiy-pedagogik faoliyatimizni umumta’lim maktabida oddiy ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlashdan boshlaganmiz, Nafis san’at litseyida dars berganmiz, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratganmiz, umumta’lim maktablari va adabiyot chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar uchun o‘quv dasturlari tuzishda ishtirok etganmiz, bir necha yil Qori Niyoziy nomidagi Pedagogika ilmiy tadqiqot institutida, Toshkent viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida ishlaganmiz. Ko‘p yillardan buyon Respublika ta’lim markazidagi ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha Ilmiy-metodik kengash a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib kela­miz. Yuzlab muallimlarning ilmiy-metodik ishlanmalari va bitiruv-malakaviy ishlari muhokamalarida ishtirok etganmiz. Ularga ilmiy rahbarlik qilganmiz. Mana shu tashvishlar taqozosi bilan ilmiy-metodik ishlanma nima ekanligini va uning g‘azal tahlilidan farqini yaxshi bilamiz.

O.Mavlonov maqolasini goh 15 yoshli o‘quvchilarga moslab yozilgan, gohi esa ona tili va adabiyot o‘qituvchilariga mo‘ljallangan deya tavsif etadi: “Maqola adabiyot muallimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish niyatida taklif qilingan xususiy xarakterdagi metodik tajribaviy tavsiya… o‘qituvchiga ilmiy-metodik tav­­­­siya tariqasida berilgan…” Maqola­ning o‘zida esa bunday gaplar yo‘q. Agar u chindan ham ilmiy-metodik ishlanma bo‘lsa, maqolaning o‘zidayoq aytilishi kerak edi. Maqolada esa uning ilmiy-metodik tavsiya ekanligi to‘g‘risida aqalli birorta ishora ham yo‘q. Asli, u maqola ilmiy-metodik ishlanma emas — oddiy g‘azal tahlili. Mazkur maqolani yozishdan muallifning ilmiy-metodik ishlanma yoki tavsiyanoma yaratish maqsadi bo‘lmagan.


Ilmiy-metodik ishlanma darslik-maj­mua­dagi materialni o‘zlashtirish va o‘quv­chi­larga singdirish usul-vositala­rini tu­­shun­tirib beradigan, o‘qituvchilarga yordam tariqasida tayyorlanadigan ishdir. Unda metodchi asarni o‘rganish va o‘rga­tishda uning qaysi tomonlariga e’tibor qara­tish, qanday usul-vositalardan foydalanish to‘g‘risida maslahat va tavsiyalar beradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. O. Mavlonov maqolasida bunday xususiyatlar mutlaqo yo‘q.  Faqat sarlavhada niqob (maskirovka) tariqasida “o‘rganish” so‘zi qo‘llangan, xolos. Ichkarida esa an’anaviy g‘azal tahlili
berilgan. Sarlavhada bir narsani va’da qilib, ichkarida boshqa narsani o‘tkazib yuborish almisoqdan qolgan eski usul. Mutafakkir Munis buni obrazli qilib “Mushtariyg‘a jav sotar zohirda gandum ko‘rguzub” (ya’ni xaridorga bug‘doyni ko‘rsatib, qop ichida pinhona arpani sotadi), deya ifodalagan. Muallifning chorak asr oldingi tahlilini aynan qayta e’lon qilishdan maqsadi shon-shuhrat lazzatini yana bir bor tatib ko‘rish bo‘lgan. Tahlili ilm yangiliklari oldida ma’naviy jihatdan eskirganligi xayoliga ham kelmagan.

O‘zi haqidagi tanqidiy mulohazalar to‘g‘risida jiddiyroq o‘ylab ko‘rmasdan, tanqidchining o‘zidan illat izlashga uri­nish ojizlik alomatidir. Balki sabr-bardosh bilan jiddiy mushohada yuritilsa, iqrorga olib borarmidi? Na chora, ilmiy jara­yondan uzoq kishining birdan ilmiy jarayonga aralashib qolishi shunday oqibatga olib kelishi tayin. O.Mavlonov “Qaro ko‘zum” g‘azali o‘rganilishining 40 yillik tarixi tafsilotlarini kuzatmagan, bilmaydi. U bizni “O‘z AS”da 1987-yil 27-fevralda chop etilgan “G‘azal va tahlil” sarlavhali maqolamizda va “O‘zbek adabiyoti” (10-sinf, 1990-yil) darsligimizda g‘azal tahlili tarixi haqida batafsil to‘xtalmaganlikda ayblaydi. Shuni bilish lozim ediki, “G‘azal va tahlil” maqolamiz yozilganida (1984-yil) joriy matbuotda birgina I.Abdullayevning “Qaro ko‘zum” g‘azali tahliliga bag‘ishlangan maqolasi bor edi, xolos. Tanqidiy maqolamiz o‘sha tahlil yuzasidan yozilgan. Darslik 1999-yilda nashr etilgan bo‘lsa ham, u 1990-yilda yozilgan edi. Yangi darslikning nashr etilishi yo‘lidagi
9 yillik azob-uqubatning o‘zi alohida bir katta tarix. Umr vafo qilsa, bu haqda ham yozarmiz. Aytmoqchimizki, 1990-yilda ham “Qaro ko‘zum” g‘azalining endigina bir necha talqini maydonga kelgan, biz ular haqidagi ma’lumotni “Satrlar silsilasidagi sehr” kitobimiz va 10-sinf “O‘zbek adabiyoti” darsligimizda umumlashtirganmiz. Shundan keyin yana o‘nlab talqinlar yuzaga chiqdiki, biz ularni oldindan bashorat tariqasida qamrab ololmasdik.

Darslik uslubi O.Mavlonov ishora qilgan ilmiy apparatga imkon bermaydi. Shuning uchun darslik matni ilmiy havolalarsiz sodda uslubda bayon etilgan. “Qaro ko‘zum” g‘azali tahlili darslikda katta
hajmda berilganiga kelsak, Istiqlol arafasida, tarixda birinchi  marta milliy ta’limga davlat miqyosida katta imkoniyat ajratildi. Navoiy hayoti va ijodiyotini tarixda bir martagina umumta’lim maktablarida 32 soat hajmida o‘qitishga sharoit bo‘ldi. Shu munosabat bilan Navoiy lirikasini biz darslikda 60 bet atrofida yozishga muvaffaq bo‘ldik. Darslikdan “Qaro ko‘zum”dan tashqari yana Navoiy olti g‘azalining mufassal tahlili o‘rin olgan. Bu o‘sha davrda Navoiyni o‘rganish sohasida juda katta yangilik, yutuq, muallifning ham, o‘qituv­chilarning ham, o‘quvchilarning ham baxti edi. Bu haqida ko‘p o‘qituvchilar va o‘quvchilarning tahsiniga sazovor bo‘l­ganmiz. Hozir ham uchrashuvlarda o‘qituv­chilar o‘sha darsligimizni qo‘msaydilar, armon bilan tilga oladilar, imkon topib
qayta nashr qilishimizni so‘raydilar.

O.Mavlonov tahlili endi e’tiborimizni tortganiga sabab “Qaro ko‘zum” g‘azali to‘g‘risidagi mavjud tahlillarni umumlashtiradigan, analizlarni sintez qiladigan davr allaqachon kelgan. Biz bu sohada maxsus bir tadqiqot-risola yaratdik. Unda  Erkin Vohidov, Matyoqub Qo‘shjonov, Alibek Rusta­mov, Ismatulla Abdullayev,  Najmiddin Komilov, Ibrohim Haqqulov, Abdulla A’zamov, Boybo‘ta Do‘stqora­yev, Ismoil Bekjonov, Oqiljon Mavlonov, Omonulla Madayev, Vahob Rahmonov, Sultonmurod Olimovlarning tahlillari tadqiqot doirasiga tortilgan. Xamir uchidan patir tariqasida “Sharq yulduzi” jurnali­ning 2016-yil 3-sonida “Mashhur g‘azal tahlillari tadqiqi” sarlavhali maqola ham chop ettirganmiz. Tadqiqotda barcha tah­lillarning yutuq va kamchiliklari umumlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Unda O.Mav­lonovning  tahlilini chetlab o‘tsak, to‘g‘ri bo‘lmasdi. Tabiiyki, uning tahlili o‘z davrida yangilik bo‘lgandir. Lekin yuqori­da ro‘yxati keltirilgan nufuzli olimlar tahlillari ko‘lami va saviyasi oldida u endi yangilik bera olarmidi? Muallif g‘azal tahlillarining tarixiy tadrijidan xabardor bo‘lganida, balki maqolasini qayta e’lon qilishni so‘ramagan bo‘lardi.

O.Mavlonov qattiq yopishib olgan bir maqolamiz tarixi to‘g‘risida to‘xtalmasdan ilojimiz yo‘q: “Muallifning filologiya fanlari doktori Ismatulla Abdullayevdek ilmiy darajasi yuqori, yoshi ulug‘ ustozga nisbatan o‘ta keskin va qo‘pol yo‘sindagi bayon usulida berilgan va ko‘p muxlislar orasida e’tirozli shov-shuvga sabab bo‘lgan ilk raddiya maqolasidagi axloqiy sajiyasi o‘sha davrda ilm ahliga, ustoz­larga munosabati qay darajada bo‘lsa, ming ajabki, oradan 32 yil o‘tib bu raddiyada ham yana yosh adabiyotshunosdek qiziqqonlik bilan mulohaza bildirish usuli saqlanib qolganidan dalolat beradi”. Ona tili va adabiyot muallimining jumla tuzishini ko‘ring! Grammatik jihatdan g‘aliz va tahrirtalab bu jumlasida bizning sha’nimizga eplaganicha qora chaplabdi. Biroq hammasi u bulg‘aganidek emasligi­ni jamoatchilik biladi. Gap-so‘zlariga
qa­raganda, bizdan 10 yoshlar chamasi kichik bir odam o‘zi umrida ko‘rmagan, bilmagan ziyolining shaxsiyati, axloqiy
sajiyasi haqida bemalol muhokama yuritishga qanday haddi sig‘di?! Qolaversa, nega biz 32 yil mobaynida o‘zligimizni saqlab qolmasligimiz, haqiqatni to‘g‘ri aytish uslubimizdan chekinishimiz kerak? Haqiqat turlanmagani va tuslanmagani singari haqiqat uchun kurashuvchi ham tur­lanmaydi, tuslanmaydi.

“G‘azal va tahlil” — raddiya emas, balki ilmiy-tanqidiy maqola. “Qaro ko‘zum” g‘azali haqidagi birinchi tah­ li­liy maqola 1975-yil 22-oktabrda “Toshkent oqshomi” gazetasida filologiya fanlari nomzodi I.Abdullayev tomonidan e’lon qilingan edi. 1986-yili shu gazetada “Mashhur g‘azallar tahlili” rukni qayta tiklanib, tez-tez g‘azalning nasriy bayonlari paydo bo‘la boshladi. Ushbu rukn va uning olijanob maqsadi kishini quvontirar, chiqayotgan tahlillarning sifat va savi­yasi esa o‘ylantirardi. Negaki yoritish uchun Sharq g‘azaliyotining eng mumtoz namunalari tanlanar, tahlil esa nihoyatda ibtidoiy va sayoz bo‘lardi. Men — yosh tadqiqotchiga g‘azal bo‘stonining nodir chechaklari tobora g‘orat qilinayotgandek tuyulardi. Bu holdan otashin va hayron edim. Madad so‘rab, birga ishlaydigan ustoz navoiyshunoslardan Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov, Yoqubjon Is’hoqovlarga murojaat qildim, sodir bo‘layotgan ahvolga munosabat bildirish zarurligi haqida fikrlashdim. Lekin hamma o‘z reja va ishlari bilan bandligi boisidan bo‘lsa kerak, amaliy aks-sado topmadim. Ortiq “odob doirasi”da turolmay, “Tah­lil mukammal bo‘lsin” sarlavhali maqola yozdim. Unda, asosan, “Qaro ko‘zum” g‘azali tahlili va yana mazmuni bayon etilgan boshqa g‘azallar haqida bahs ochilgandi. Oylar o‘tib, maqola sarlavhasi o‘zgartirilib, biroz qisqartirilib, “O‘zAS”da e’lon qilindi. Maqola kutilmaganda, O.Mavlonov g‘arazli maqsadda aytgani­day “e’tirozli shov-shuvga” emas, katta olimlar muhokama-munozarasiga sabab bo‘ldi. Gazetaning navbatdagi sonlarida filologiya fanlari doktorlari, professorlar Isma­tulla Abdullayevning “Har so‘zning o‘z o‘rni bor”, G‘ulom Karimov va Abduqodir Hayitmetovlarning “Bahs madaniyati” sarlavhasi ostidagi alohida-alohida, akademik Alibek Rustamovning hakamlik maqolalari chop etildi. Bu ulug‘ olim­larning birortasi maqolamizga “o‘ta keskin va qo‘pol” deya baho bermagan. Aksincha, qo‘llab-quvvatlab, to‘g‘ri ilmiy baho bergan. A.Rusta­mov: “Nusratulla Jumayevning maqolasida Ismatulla Abdullayevning mashhur g‘azallarga bergan sharhlaridagi xatolar to‘g‘ri ko‘rsatilgan… N.Jumayevning boshqa g‘azal va baytlar haqidagi fikrlari to‘g‘ri va ularni tan olish kerak”, A.Hayitmetov: “Bu maqolalarning hammasiga xos xususiyat adabiy merosga hurmat va bilimdonlik bilan munosabatda bo‘lishni talab etishdir”, I.Abdullayev: “N.Jumayevning adabiyotimiz tarixidan ancha-muncha ma’lumoti borligi va boy madaniyatimiz uchun jonkuyarligi ma’lum bo‘lib turibdi”, degan. Hatto kamchiligini tan olib: “Bizning tahlilimizda “g‘amzada — g‘am chekkan, jabrlangan” so‘zi noto‘g‘ri talqin qilingan, buning uchun gazetxonlardan uzr so‘raymiz”, deya mardligini ko‘rsatgan. Tabiiyki, koyish va e’tirozlar ham bo‘lgan. Zero, kamina shogird, ular ustoz edilar.

Oradan 30 yildan ortiqroq vaqt o‘tganidan so‘ng, o‘sha davrda “O‘zAS”da ishlagan va tahririyatda ushbu bahs-munozara jarayonining qanday kechganidan bevosita xabardor bo‘lgan yozuvchi-
jurnalist Ashurali Jo‘rayev o‘zining “Odil Yoqubov xazinasidan” nomli kitobida munosabat bildirib: “Maqolalarda… yechim kutayotgan muammolar ko‘tarilgani bois gazetxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan va ularning bahs-munozaralariga sabab bo‘lgan”, deydi (A.Jo‘rayev. Odil Yoqubov xazinasidan. “O‘zbekiston”, T., 2017, 25-bet). Darhaqiqat, bir g‘azal bahsida besh zabardast olimning ishtirok etishi, bahsga uch fan doktori, professor­ning hakam sifatida munosabat bildirishi shungacha va shundan keyin ham tarixda uchramagan hodisa. Shuning uchun biz bu maqolamiz bilan faxrlanamiz.

O‘qituvchi yana bir o‘rinda: “O‘rtaga dunyodagi barcha aziz narsalarni qo‘yib so‘z beramanki, men domlaning 1987-yil 27-fevraldagi maqolasidan so‘ng hech
qaysi chiqishlarini o‘qimaslikka o‘z-o‘zimga so‘z berganman”, deya manmanlik qiladi. Adabiyot o‘qituvchisi bunday fikrlashi va uni matbuot orqali izhor etishi ajablanarli. Bu gapga ishonib ham bo‘lmaydi. Hayot tajribasidan bilamizki, odatda,
qasamxo‘r, katta gapiradigan odamlar o‘z so‘zlarida turmaydilar. O‘qimayman deb, mumtoz adabiyot qismini biz tuzgan o‘quv dasturlari, katta qismini biz yozgan 10-sinf “O‘zbek adabiyoti” darsligi va
maj­muasidan foydalanib maktabda dars o‘tib, oylik olib, oila tebratib, qozon qay­natganligining o‘ziyoq fikrimizning yaqqol dali­lidir. Bundan tonolmaydi, chunki dastur, darslik, majmua — davlat o‘quv standarti hisoblanadi. Axir u o‘n yillar mobaynida darslikdagi bizning fikrimiz bilan dars o‘tgan, bizning tilimiz bilan gapirgan, biz bayon etgan bilimlarni minglab, balki millionlab o‘quvchilar ommasiga singdirgan. Uning bunday gaplari nonko‘rlik, tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurish emasmi? Darsligimizdan ta’lim olib, ta’lim bergan o‘qituvchi bizning shogirdimiz qatori odam emasmi? Biz o‘sha maqoladan keyin Respublika matbuotida yana 300 dan ortiq chiqish qildik. Qancha-qancha kitoblar yozib chop ettirdik. Ularning har birida til-adabiyot, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat manfaatlari yoritilgan. Shularning barisidan ongli ravishda bebahra qolgan bo‘lsa, hayf unday ona tili va adabiyot o‘qituvchisiga!

O.Mavlonovning qolgan e’tirozlari ham beg‘araz yozilmagan, asossiz, mayda-chuyda gaplar. Ular javob berishga arzimaydi. Biz shu paytgacha nimayiki yozmaylik, Navoiydek ulug‘vor siymolar, adabiyot, badiiyat himoyasini ko‘zlaganmiz. Fikrimizni to‘g‘ri, qat’iy ifodalashga o‘rganganmiz. Qat’iylik — hukm degani emas. Haqiqat, to‘g‘ri so‘z achchiq bo‘ladi, kimgadir dag‘al tuyulishi mumkin. Plyu­ralizm — turfanigohlik — badiiy asarni har kim matbuotda istaganicha har tomonga tortqilab talqin etaverishi mumkin degani emas. Ayniqsa, Navoiy va boshqa mumtoz adiblarimiz asarlarini muvaqqat mafkuralar (avval — dahriylik, endi — mutaassiblik) xurujiga qurbon qilib qarab tura olmaymiz.

Nusratullo JUMAXO‘JA

Manba: “M a’rifat” gazetasi

(2019-yil 14-avgust, 63-son)

Бошқа хабарлар