Har bir ishlovchi manfaatdor bo'lishi shart

63

Biz har doim «xodim ishga sog'-salomat kelib, uyga omon-eson qaytishi kerak» deb takrorlaymiz. Buning uchun aniq choralar ko'rib, ularning og'ishmay bajarilishi harakatida bo'lamiz. Yilning o'tgan davrida viloyatimiz bo'yicha bu borada rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun 3 milliard 631 million so'mdan ortiq mablag' sarflangani ham fikrimizni tasdiqlab turibdi.
Men nega so'zimni mehnat muhofazasidan boshladim? Boisi, barcha sa`y-harakatlarimizning pirovard natijalaridan biri aynan xodimlarga yaratilgan sharoitlarda ko'zga tashlanadi. Kasaba uyushma yetakchisi kuchli, faol, tashabbuskor bo'lgan tashkilotda xodimlar xavfsiz sharoitlarda faoliyat ko'rsatishi allaqachon isbotini topgan.

Tasarrufimizdagi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish bo'yicha 1659 nafar vakil saylangan bo'lib, ularning 1040 nafari maxsus kurslarda o'qitildi. Endilikda ular o'z zimmasidagi mas`uliyatni yanada chuqurroq his qilayotganini ko'ryapmiz. Ular mehnat muhofazasiga oid 15 ta kamchilik aniqlashgan. Shundan 12 tasini ish beruvchilar bartaraf etgan. 278 ta boshlang'ich tashkilotda uch bosqichli ma`muriy-jamoat nazorati o'rnatilgani ham mehnat muhofazasini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O'z-o'zidan savol tug'iladi: nega endi ayrim ish beruvchilar loqaydligi, qonun talablarini yaxshi bilmasligi oqibatida xodimlar yoki ularning oila a`zolari nohaq aziyat chekishi kerak? Mana bir misol: «Xorazm gaz ta`minot» unitar korxonasida ishlab, yo'l avtotransport hodisasi oqibatida vafot etgan. R.Jabbarovning turmush o'rtog'i bir yildan beri o'ziga tegishli zarar to'lovlarini ololmasdan sarson edi. Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi­ sudga da`vo arizasi kiritgani natijasida uning oilasiga 192 million so'm miqdorida majburiy to'lov undiriladigan bo'ldi.
Shu o'rinda bir mulohazani o'rtaga tashlamoqchiman. Ayrimlar hanuzgacha «kasaba uyushmalari sanatoriyga yo'llanma beradigan tashkilot», degan eskicha qarashdan qutula olmayapti. Biz quyida keltiradigan raqamlar bu fikrning qanchalik noto'g'riligini ko'rsatadi.
2019 yilning 6 oyi davomida birlashma yuridik bo'limda 117 ta ariza va shikoyat ko'rib chiqilgan bo'lib, ularning aksariyatida xodimlar ish beruvchining qaroridan noroziligini bildirgan. Ular qonuniy asosda o'rganib chiqilib, korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari nomiga 27 ta taqdimnoma kiritildi. 53 nafar xodimning ishga tiklanishi va 105.000.000 so'mdan ortiq pul mablag'lari undirilishiga erishildi. ­Sudga kiritilgan da`vo arizalari orqali 19 nafar fuqaro ishga tiklanib, oylik maoshlari undirib­ ­berildi.
Kasabaqo'm yetakchisi jamoa­ning nafaqat ko'zi va qulog'i, balki yuragi va vijdoni hamdir. Aynan shunga ko'ra ham u mehnat munosabatlarining qonun talablari asosida yo'lga qo'yilishini nazorat qilishi zarur. Shu bois, biz bosh­lang'ich tashkilotlar yetakchilari bilim va salohiyatini oshirishga alohida e`tibor qaratyapmiz. Tashkil qilinayotgan masofaviy o'quv kurslarida ularga zarur bilim va ko'nikmalar berilmoqda. Yilning o'tgan davrida 60 nafar boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitalari raislarining malakasi oshirildi. Bu jarayon reja asosida davom etmoqda. Shu bilan birgalikda, birlashma mas`ul xodimlari 72 ta bosh­lang'ich tashkilot, 41 ta shahar, tuman kengashlariga amaliy yordam ko'rsatishdi. Bu jarayonda kasabaqo'm yetakchisi birinchi navbatda e`tibor qaratishi lozim bo'lgan jihatlar haqida tushuntirish berilmoqda.
Yetakchilar mahoratini oshirish orqali nimalarga erishmoqdamiz? Jamoa shartnomasida ko'zda tutilgan imtiyozlardan xodimlar qanchalik manfaatdor bo'lmoqda? Nodavlat mulk shaklidagi 76 ta korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan 26 nafar bolali ayollarga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqtini haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilanishi joriy etildi. 553 ta korxonada kam ta`minlangan 1108 nafar yosh oilalar vakillariga 220 million so'mlik ko'mak berildi. 51 ta korxonada nogiron farzandini parvarish qilayotgan 57 nafar ota-­onaga 11 million 325 ming so'mlik yordam ko'rsatildi.
Uzoq yillar samarali faoliyat ko'rsatib, korxona va tashkilot ravnaqiga katta hissa qo'shgan insonlar mehnati munosib taqdirlanmoqda. Masalan, 197 ta korxonada 287 nafar pensiya yoshidagi xodimlar pensiyaga chiqishidan oldin 96 million 693 ming 500 so'mlik bir yo'la moddiy yordam berilib, qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Yubiley munosabatlari bilan 211 ta korxonada 261 nafar xodim 61 million 993 ming so'm miqdorida rag'batlantirildi. 286 ta korxonada 612 nafar ishlamaydigan pensionerlarga 79 million 525 ming so'mlik ko'mak berildi. Bayramlar arafasida 126 ta korxonada 177 nafar nogironligi bo'lgan shaxs­lar va o'zgalar parvarishiga muhtoj kishilarga 25 million 826 ming so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi. Bularga 3 yoshgacha farzand tarbiya­layotgan ayollar, uy-joy qurish yoki maishiy texnika olish uchun ajratilayotgan foizsiz kreditlar, farzandlariga o'quv qurollari olishga berilayotgan yordam, ta`til kunlarining uzaytirilganligi va boshqa qator imtiyozlarni ham qo'shishimiz mumkin. Umuman olganda, bugungi kunda jamoa shartnomalari o'z faoliyatidan, jamoasidan rozi bo'lishini kafolatlovchi muhim hujjat sifatida namoyon bo'lmoqda. Bu, o'z navbatida, kasaba uyushmalarining vakolatlari naqadar keng­ligini va ushbu jamoat tashkiloti har bir ishlovchi uchun kerakligini ­anglatadi.
Yana bir muhim masala borki, unga alohida to'xtalmaslikning aslo iloji yo'q. Xorazmning ekologik shart-sharoit­laridan kelib chiqqan holda, xodimlarni sanatoriylarda sog'lomlashtirishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Yilning birinchi yarmida 558 nafar o'rniga 591 nafar xodim kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy yo'llanmalari bilan ta`minlandi, shundan 549 nafar xodimga imtiyozli, 39 nafariga bepul tarzda ajratildi. Qolaversa, kasaba uyushma mablag'lari hisobiga 530 nafar ishchi-xizmatchilar hamda 115 nafar ishchi-xizmatchilarning oila a`zolariga imtiyozli yo'llanmalar berilib, sanator-kurortlarda sog'lomlashtirildi. Bundan tashqari, jamoa shartnomalariga asosan ish beruvchilarning mablag'lari hisobidan 20 nafar ishchi-xizmatchilar, 7 nafar ishchi-xizmatchilarning oila a`zolari hamda 4 nafar tashkilotda ishlab pensiyaga chiqqan mehnat faxriylarga imtiyozli yo'llanmalar berildi.
Biz kasaba uyushmalari ko'magidan, jamoa shartnomasi imkoniyatlaridan hamma ishlovchilar bahramand bo'lishini istaymiz. Shu maqsadda viloyatdagi faoliyat ko'rsatayotgan yuridik shaxslar ro'yxati shakllantirilib, ularni kasaba uyushma xizmatiga olish rejasi ishlab chiqildi. Targ'ibot-tashviqot ishlari natijasida birgina iyun ­oyida 149 ta tashkilot kasaba uyushmalari xizmatiga jalb etildi, 1460 nafar xodim a`zolikka qabul qilindi.
Shu kunlarda qizg'in muhokama qilinayotgan «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyi­hasining qabul qilinishi mamlakatning eng yirik jamoat birlashmasining mavqeini yanada mustahkamlashga, qolaversa, har bir ishlovchining manfaatlari qonun bilan himoyalanishiga xizmat qilishi aniq. Zero, xodim davlat korxonasida faoliyat ko'rsatadimi, xususiy sektordami – bundan qat`i nazar, xavfsiz mehnat sharoitida ishlashi, ijtimoiy himoyadan bahramand bo'lishi, o'z fikrlarini ish beruvchiga emin-erkin bildira olishi, yaxshi-yomon kunida jamoa ko'magiga suyanishi mumkinligini doim his qilishi lozim.

Davron ALLAQULIEV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
kengashi raisi

Boshqa xabarlar