Menda taklif bor

84

Unda viloyat hokimi o'rinbosari Otabek Abdug'aniev hamda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi bo'lim mudiri Mahmudjon Isaev, kasaba uyushma faollari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, hozirgi kunda kasaba uyushmalari 1992 yilda qabul qilingan «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va kafolatlari to'g'risida»gi qonun va hukumatning ayrim qarorlari asosida faoliyat yuritmoqda. Tushuncha va me`yorlarga aniqlik kiritish, ishchi-xodimlar manfaatini to'liq himoyalash va tartibga solish ehtiyoji yangi qonun loyihasi yaratilishiga sabab bo'ldi. Qolaversa, o'tgan vaqt mobaynida Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyalarining qabul qilinish ham yangi qonunga ehtiyojni paydo qildi.
Loyiha yuzasidan ishtirokchilar o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shirinoy UMARALIEVA,
Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi mudiri:

– Qonun loyihasining 7-moddasida bayon etilgan «Xodimning kasaba uyushmasiga kirmasligi yoki undan chiqishi haqidagi yozma yoki og'zaki majburiyatlari haqiqiy emas deb hisoblanadi» jumlasini chiqarib tashlash taklifini beraman. Sababi, Asosiy qomusimizning 59-moddasida «ixtiyoriy» degan so'z bor. O'zini kasaba uyushmasiga mansub­ligi yoki mansub emasligi sababli kamsitilgan deb hisoblagan shaxs, kamsitishni bartaraf etish va yetkazilgan moddiy va ma`naviy zararni qoplash uchun sudga murojaat qilishi mumkin. «Fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirishga to'sqinlik qilishga, shuningdek, ularni kasaba uyushmalariga a`zolikka kirishga majburlashga yo'l qo'yilmaydi», degan jumla mazmuni ­loyihaning 7-, 9- moddalarida bir xil ma`noni ifoda etmoqda.

Ravshan MAHMUDOV,
Guliston davlat universiteti professori:

– Qonun tili sodda va tushunarli bo'lsin. Shu sababliloyihani lingvistik jihatdan ko'rib chiqish kerak. «Kasaba uyushmalari inspeksiyasi» jumlasini ham boshqacharoq atash tarafdoriman. Chunki ayni paytda inspektor tushunchasi ko'p hollarda davlat tashkilotiga mansublikni bildiradi.

Rahmatilla BILOLOV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Oqoltin tumani kengashi raisi:

– Mening e`tiborimni 8-bob tortdi. Bobning 53-moddasida «kasaba uyushmalari o'z pul mablag'larini mustaqil tasarruf etadilar» jumlasiga «… va moliyaviy faoliyatini» birikmasini kiritishni taklif etaman.

Saidbek YaRIEV,
«Sirdaryo IES» aksiyadorlik
jamiyati boshlang'ich kasaba uyushmasi raisi:

– 50-moddaga taklif: «Kasaba uyushmalari davlat organlari, xo'jalik boshqaruvi organlari, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan xodimlarning ijtimoiy-mehnat munosabatlarini himoya qilish, ijtimoiy sug'urta, aholini ish bilan ta`minlash, fuqarolarning pensiya ta`minoti va sog'lig'ini muhofaza qilish, sanatoriy-kurortda davolanish, farzandlarini bolalar oromgohlarida sog'lomlashtirish bo'yicha masalalar, shuning­dek, ustavda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni hal etish uchun o'zaro aloqalarni amalga oshirishga haqli», deya qo'shimcha kirtish maqsadga muvofiq bo'lar edi. Qonun loyihasiga ayollar va yoshlarning huquqi va manfa­atini himoya qilish bo'yi­­cha yangi moddalar kiritish lozim deb o'ylayman.

Ergash BO'RIEV,
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyat bo'yicha mas`ul tashkilotchisi:

– Qonun muhokamasiga tayyorlanish chog'ida tarmoq bosh­lang'ich tashkilotlarida muhokama qilib, ularning takliflarini to'plashga harakat qildim. Qonun bandlarida takrorlar borligi bois, ixchamlashtirishni taklif etaman. Masalan, 19-moddada kasaba uyushmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish yoki hisobga qo'yish uchun talab etiladigan hujjatlar sonini kamaytirishni o'ylab ko'rish darkor. 16-moddaning 6-bandida «davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlarining, shuningdek, ish beruvchilarning rahbarlari kasaba uyushmasini, ularning birlashmalarini tuzishga tashabbuskor bo'lish­lari, shuningdek, kasaba uyushmalarining a`zosi bo'lish­lari mumkin emas» deyilgan. Men «mumkin emas» so'zini ortiqcha deb hisoblayman. Bundan tashqari, 64-moddada kasaba uyushmalari to'g'risidagi qonunchilikni ­buzganlik uchun javobgarlik bo'lishi yozilgani bilan u nimalarda aks topishi bo'yicha tegish­li izoh berilmagan.

Ozoda MAMADALIEVA,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar