MA`NAVIYaT VA MA`RIFAT – TARAQQIYoT QANOTI

287

Barchamizni bitta bayroq birlashtirishi lozim

Insoniylikni belgilovchi eng muhim omillardan biri – ma`naviyat, biri – ma`rifat. Ta`bir joiz bo'lsa, bu tushunchalarni qushning ikki qanotiga meng­zash mumkin.

Insonni so'z ayladi judo hayvondin,
Bilki, guhari sharifroq yo'q andin.

Hazrat Navoiyning bu ta`rifida so'z ma`nosi ham ushbu tushunchalarga berilgan ta`rif edi, nazarimizda.
Ammo insoniyatning tobora yuksalayotgan «parvozi»da bir tahdid ko'rinmoqda. Bu uni ko'kka ko'tarayotgan «qanotlari»ni unutishidir.
Bugun jamiyatda uchrayotgan ko'plab muammolarning ildiziga boqsangiz, ana shu «unutishlar»ni ko'rasiz. Eng xavflisi, ularning epidemiyadek tarqalishi…
Agar biz bugun ma`naviy tahdidlarga qarshi o'zimizda immunitet hosil qilmas ekanmiz, kelajak avlodni bu bo'hronlardan asray olmaymiz.
Xo'sh, buning uchun nimalar qilmoq kerak?
Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari Alisher Qodirov bilan suhbat davomida ana shu dolzarb savolga javob izladik.

– Gapning ochig'i, hayotda ma`naviy tanazzul va ma`rifatsizlik namunalarini kuzatmoqdamiz. Mana, masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan holat – Asakadagi bozorda ayol kishining «tomosha»si. Yoki kunda-kunora ko'rayotganimiz tug'ilgan kun, to'ylarda chiqayotgan «yangi» udumlar… Siz ko'p yildan buyon sohada ishlayotgan mutaxassis sifatida ular nimaning hosilasi deb o'ylaysiz?


– Bu, mening nazdimda, yangilanish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish davri bilan bog'liq. Taraqqiyot hech qachon salbiy holatlarsiz, kutilmagan og'riqlarsiz bo'lmagan. Ammo ular juda tez o'tib ketadi. Qolaversa, bu faqatgina bizning mamlakatimizga xos emas. Hozirda butun dunyoda insonning ma`naviy qiyofasi muammosi paydo bo'ldi. Dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham, har qancha taraqqiy etgan bo'lishiga qaramay, bu muammoni yengishda ba`zan ojizlik qilmoqda. Muammo ildizi esa insoniyatning tuganmas moddiy ehtiyojlari (nafsi)ning oshib borishidadir. Ana shu nafs yo'lida ba`zan insoniylikning chegarasidan chiqib ketish holatlari kuzatilmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi «Erkinlik – cheksiz, chegarasiz, uni bo'g'ish inson huquqlarini oyoq osti qilishdir» qabilidagi fikr (post)lar va ularni qo'llab-quvvatlovchi nishon (layk)lar ham isbotlab turibdi.

– Xo'sh, bu muammo butun dunyoda mavjud ekan, biz qanday yo'l tutishimiz kerak?

– Bu muammo insoniyat yaralganidan buyon bor. Ammo ajdodlarimiz har doim unga qarshi vositani topa olgan. Shifoning asosi esa har doim ma`naviyat va ma`rifat bo'lgan.
Bugun yuzaga kelayotgan muammolar yangicha ko'rinishda, qanday shaklda bo'lmasin, baribir jaholatga qarshi – ma`rifat, tubanlikka qarshi – ma`naviyat bilan kurashsak, biz g'olib chiqamiz.
Buning uchun boy ma`naviy merosimiz bor. Endi faqat uni yoshlar ongiga ta`sirchan vositalar bilan yetkazishimiz darkor. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali…

– Darhaqiqat, bugun hammamiz virtual olamda yashayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlar fikr va mulohazalar maydoniga aylandi. Ularni kuzatar ekanmiz, talqinlarning turlichaligiga guvoh bo'lamiz. Mana misol, islohotlar samarasida bir paytlar biz uchun qo'l yetmas orzular ushalmoqda. Ammo shuni ham ba`zida boshqacha talqin qiladigan yurtdoshlarimiz chiqib qoladi. Shularni ko'rib, birdamlik, xayrixohlik yetishmayaptimikan, deb o'ylanib qolaman…


– Albatta, shunday qatlam mavjud. U esa o'zidan-o'zi paydo bo'lib qolmagan. Ular «erkinlik nima o'zi?» degan savolga g'arbdan javob olayotganlar bo'lib, erkinlikni suiiste`mol qilyaptilar. Xo'sh, bu qanday paydo bo'ldi? Ma`naviyatli millatning farzandlari nega «olomoncha» fikrlamoqda? Buni men kechagi xatolarimizning hosilasi, deb o'ylayman. Ya`ni uzoq yillar davomida bog'chadan tortib, maktab-u kollejgacha mutaxassislarni o'z ishidan chalg'itib, boshqa vazifalarni bajartirishga jalb qildik. Boy ma`naviy merosimiz asosida farzandlarimizni tarbiya qilmadik. Endi bu yoshlar har qanday axborot ta`siriga oson tushadigan qatlamga aylanib bormoqda.
Bugun axborot qurolga aylanib ulgurganligini tan olmaslikning iloji yo'q. Buni yaqin va yiroq mamlakatlar hayoti misolida ham ko'rib turibmiz. O'zbekiston rivojlanish yo'lidan ketayotgan bir paytda o'zining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy manfaatlarini himoya qilishni xohlaydigan kuchlar paydo bo'lishi ham tabiiy bir hol. Ular jamiyatimizdagi ana shu kichik holatlardan ham katta ziddiyatlar, katta voqeliklar keltirib chiqarishga urinadi. Agar yosh avlod ma`naviyatini, ma`rifatini yuksaltirmas ekanmiz, bu kurashda g'olib bo'lishimiz qiyin kechadi.

– Buyuk davlat arbobi Mahatma Gandi «Uyimizga toza havo kirishi uchun derazalarni ochsak, shabada bilan birga chang, g'ubor va dovullar ham yopirilib kirib keladi, bizni bezovta qiladi, hatto, talafot ham yetkazishi mumkin», degan edi. Bugungi dunyoda kechayotgan integrasiyalashuv jarayonida axborot oqimlari ko'payib ketdi. Ayniqsa, bunda ijtimoiy tarmoqlarning katta hissasi bor. Qaysi axborot to'g'ri, qaysi biri xolis, qaysi birida g'araz bor, ajratishga harakat qilmay, birvarakayiga qabul qilinmoqda. E`tibor bersangiz, janjal bo'layotgan joylarga avtobus-avtobus odamlar yetib bormoqda, muhokamalardagi haqorat va tahdidlarni yaqqol kuzatyapmiz…


– Ayni shu jihat xatarlidir. Axborotni tahlil qilmaydigan qatlamni bosh­qarish juda oson. Shu o'rinda «axborot iste`mol qilish piramidasi» degan tushunchaga to'xtalib o'tmoqchi edim. Odatda axborot tarqatilganida piramidaning eng quyi va keng qatlami uni qanday o'qisa, shunday qabul qilar ekan, bu rivojlanmagan va rivojlanayotgan ayrim davlatlarga ko'proq xos, piramidaning o'rta va quyidan kamroq qismini tashkil etuvchi qatlam esa axborotni o'qir ekan-u, lekin javob qaytarmas ekan, demak, ular loqayd qatlamga to'g'ri keladi. Eng tepadagi kamchilikni tashkil etuvchi qatlam esa axborotni o'qib, muhokama qilib, so'ng unga javob qaytarar ekan. Qaysiki jamiyat ana shu piramidani teskarisiga aylantira olsa, o'sha jamiyatda axborotga nisbatan immunitet shakllangan hisoblanadi. Hozirda dunyoning rivojlangan davlatlari ana shu piramidani teskarisiga aylantirishga erishgan davlatlardir. Ularda faol qatlamlar ko'pchilikni tashkil etgani, axborotga qarshi immunitet rivoj­langani bois turli guruhlar ularga ta`sir ko'rsata olmaydi. Bizda hali axborot zamiridagi maqsadni to'g'ri ang­lamasdan, uni shundayligicha qabul qiladigan qatlam keng va ko'pchilikni tashkil etadi. Shu bois, mamlakatimizda bu masalani bugungi kunda keng muhokama qilish, o'zini ziyoliman degan har bir odam ushbu masalaga loqayd qaramasligi, ijtimoiy tarmoqlarda o'zining sahifasini ochishi va faol bo'lishi, ataylab tashlanayotgan postlarga oddiy va sodda javob qaytarish orqali o'zining to'g'ri pozisiyasini shakllantirishi lozim.

– Biz maktabni «ma`rifat o'chog'i» deb ataymiz. Aslida esa maktab ma`naviyat o'chog'i ham bo'lishi lozim. Hozirgi maktablarga nisbatan bunday fikrlarni ayta olamizmi?..


– Gapning rostini aytganda, yo'q. Ma`rifat har doim ma`naviyat orqali singdirilgan. Inson ma`naviyati esa ma`rifat orqali boyigan. Keyingi yillarda pedagoglarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish mexanizmining pasayib ketgani, ularning o'z vazifalaridan ko'ra, boshqa ishlarga jalb qilinishi oqibatida ta`lim sezilarli oqsadi. O'qituvchining obro'si tushdi. Bir vaqtlar o'qituvchi timsolida komil insonni ko'rardik. Bugun-chi? O'qituvchi «oddiy inson»ga – jamiyatning o'rta qatlamiga aylandi. Qarang, sizga bir misolni aytaman: shu vaqtgacha, hatto, dars­lar orasida o'qituvchining tamaddi qilib olishi uchun vaqt ham ajratilmagan ekan. Agar u ovqatlansa, buni bolalarning oldida bajaradimi? Bu ham bir psixologik muammo emasmi? Maktablardagi shu kabi arzimas tuyulgan ana shu muammolar yosh avlodning ma`naviy kamoloti bilan bog'liq katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini ang­lamaganimiz, eng katta xatolarimizdan edi…

– Biz har doim Vatanimiz manfaatiga yot g'oyalarga, axborot xurujlariga qarshi kurashib kelganmiz. Lekin, kuzatishlarga qaraganda, hozirga kelib, ular ko'proq ichimizdan chiqmoqda. Shunday ekan, nosog'lom chaqiriqlar, inson sha`nini kamsitish, haqorat va ma`naviyatimizga soya soladigan holatlarga qarshi qonunlarimizni kuchaytirishimiz kerak emasmi?..


– Meni qiynaydigani qonunlarni kuchaytirishgina emas, ularning ba`zan ishlamasligidir. Mana masalan, «Davlat tili to'g'risida»gi qonunning band­larida ko'cha-ko'ydagi peshtaxtalarga, avvalo, o'zbek tilida, keyin zururatga qarab boshqa tilda yozilishi mumkinligi aytib o'tilgan. Ammo ko'pincha bunga amal qilinmayapti. Bu o'rinda jamoatchilikning uyg'oqligi, jamoatchilik nazorati qonunlarning ishlashini ta`minlaydigan muhim omil ekanini inobatga olsak, qilinayotgan ko'pgina ishlarimiz ham aholi va jamoatchilikning e`tiborini oshirishga qaratilganini tushunamiz. Har qancha keskin qonunlar chiqarganimiz bilan odamlar loqayd bo'lsa, qonunlarimiz kutilgan samarani bermaydi. Agar biz bugun qadamni to'g'ri tashlay olmasak, zarur choralarni ko'rmasak, ertaga juda kech bo'lishi mumkin.
Bir so'z bilan aytsak, jamiyatning ma`naviy sog'lomligida uyg'oq kuchlar hamisha bir safda bo'lishi asosiy shartdir. Ma`naviyat tanazzuliga qarshi kurashda barchamizni bitta bayroq birlashtirib turishi lozim. Bu bayroq – bizning milliy sha`nimiz, milliy orimizdir. Bu hayot barchamizniki, shu mamlakat, shu Vatanning ertangi tinch va farovon istiqbolida mening ham hissam bo'lishi lozim, degan bosh g'oya, maqsad esa ana shu birdamlikning shiori bo'lmog'i zarur deb o'ylayman.

Husan ERMATOV
suhbatlashdi.

Boshqa xabarlar