Mukammal qonun — taraqqiyot asosi

79

Joriy yilning iyul oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyi­hasi birinchi o'qishda ko'rib chiqilib, deputatlar konseptual jihatdan ma`qullagan va Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan edi.
Qonun loyihasini maromiga yetkazishda aholining munosabatini o'rganish, fikr-mulohazalari va takliflarini olish maqsadida loyiha matni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­sining veb-saytlariga joylashtirildi. Bundan tashqari, «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalarida chop etildi. Ko'plab takliflar bildirilayotgani inobatga olinib, endilikda mamlakatimizning barcha hududlarida qonun loyi­hasi muhokamasiga bag'ish­langan tadbirlar o'tkazilmoqda.
Xususan, Toshkent, Samarqand, Navoiy viloyatlarida bo'lib o'tgan muhokama yig'ilishlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, turli idora va tashkilotlar vakillari, kasaba uyushma faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Ularda ko'pdan-ko'p taklif va mulohazalar bildirildi.

BARChAGA BIRDEK E`TIBOR

Kamol ShODIMETOV,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati
kengashi deputati:

– Muddatli mehnat munosabatlarini tartibga solish kerak. Sodda qilib aytganda, mardikorchilik bilan shug'ullanayotganlarning ham haq-huquqlari, mehnat muhofazasi ta`minlanishiga e`tibor qaratish lozim.

SODDA VA ANIQ BO'LSIN…

Anvar ZOKIROV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari
kasaba uyushmasi Toshkent tumani
kengashi raisi:

– Qonun loyihasining o'zbekcha matnidagi stilistik va orfografik xatolarni tuzatish kerak. Unda ruscha variantdagi ko'plab moddalar so'zma-so'z yoki xato tarjima qilingan. Natijada ma`no buzilishlariga yo'l qo'yilgan. Xullas, yuzaga kelgan nomutanosiblikni to'g'rilash zarur.

«QURULTOY»MI YoKI «S`EZD»?

Baxtiyor YO'LDOShEV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari
kasaba uyushmasi Angren shahar
kengashi raisi:

– Loyihaning 10-moddasidagi «qurultoy» so'zi qoldirilib, «s`ezd» so'zi olib tashlanishi maqsadga muvofiq. Qolaversa, kasaba uyushmalarining vazifa va majburiyatlari ­boshlang'ichdan tortib to birlashma, federasiya­ga qadar aniq hamda lo'nda ifodalanishi kerak.

SOLIQ IMTIYoZI BELGILANSA…

Abdumannob MURUVVATOV,
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish
tashkilotlari kasaba uyushmasi
Bo'ka tumani kengashi raisi:

– Qonun loyihasining 27-moddasiga «kasaba uyushmalarida jamoatchilik asosida ishlayotgan xodimlarning ish haqi ( 2-3 eng kam oylik ish haqi) amaldagi soliq va boshqa majburiy to'lovlardan ozod etiladi» deb qo'shimcha kiritish zarur.

MUDDAT QANI?

Uchqun AHMEDOV,
Davlat muassasalari va jamoat
xizmati xodimlari Respublika
kengashining Navoiy viloyati
bo'yicha mas`ul tashkilotchisi:

– Yangi qonun loyihasining 46-moddasida «Jamoatchilik eshituvi» deb nomlangan me`yor o'z aksini topgan. Unda belgilanishicha, davlat organlari, ularning mansabdor shaxs­lari, ish beruvchilar va ularning birlashmalari faoliyatiga taalluqli, jamoat ahamiyatiga molik bo'lgan yoxud xodimlar yoki umuman korxonaning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig'ilish jamoatchilik eshituvi hisoblanadi. Lekin ushbu moddada uning muddati ko'rsatilmagan. Shu bois jamoatchilik eshituvining aniq muddati belgilanishini taklif qilaman.

PALATADA VAKIL BO'LIShI ShART

Chori QODIROV,
Navoiy viloyati kasaba uyushma
tashkilotlari birlashmasining mehnatni muhofaza qilish bo'limi mudiri:

– Xodimlarni baxtsiz hodisalardan himoyalash komissiyalarida boshlang'ich kasaba uyushmalarining ishtirokini ta`minlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois qonun loyihasiga ushbu masalani yanada aniqroq va kengroq aks ettiruvchi me`yorlar kiritish zarur. Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida kasaba uyushmalarining doimiy ishlaydigan vakili bo'lishi lozim.

ANIQLIK DARKOR


Abdujabborxon NARZULLAEV,
Ta`lim, fan va madaniyat
xodimlari kasaba uyushmasi
Payariq tumani kengashi raisi:

– Qonun loyihasi bilan tanishib, ba`zi mulohazalarimni bayon etishni lozim topdim. Jumladan, 47-moddaga aniqlik kiritilishi kerak. Jamoatchilik monitoringi xususidagi bu moddaning oxirgi xatboshisi quyidagicha: «Jamoatchilik monitoringining tashkilotchisi jamoatchilik monitoringining ob`ekti, uni o'tkazish muddati va tartibi to'g'risida axborotni oldindan jamoatchilikka e`lon qiladi». Ushbu xatboshining oxirgi qatori ­­«…to'g'risidagi axborotni monitoring o'tkazilishidan kamida bir oy oldin jamoatchilikka e`lon qiladi», deya o'zgartirilsa, qolaversa, muddati aniq belgilansa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.

QANDAY QARAMLIKDA
BO'LIShI MUMKIN?

Ulug'bek G'ANIEV,
Samarqand viloyati kasaba uyushma
tashkilotlari birlashmasi
yuridik bo'limi mudiri:

– Mukammal, puxta ishlangan qonunlargina taraqqiyotga ham, jamiyat hayotiga ham uzoq yillar xizmat qiladi. Shu bois mazkur qonundagi har bir jumlaga sinchkovlik bilan e`tibor qaratish darkor.
50-moddada biroz g'alizlik bordek. Kasaba uyushmalari inspeksiyalarini tashkil etish, mehnat munosabatlarida jamoat nazorati ta`sirchanligini oshirishga xizmat qiladi, albatta. Ammo, ushbu moddaning oxirgi xatboshisida «Kasaba uyushmalarining inspektorlari ish beruvchiga mansab yoki boshqacha qaramlikda bo'lishi mumkin emas», deyilgan. Barchada ushbu holat bo'yicha savol tug'ilishi tabiiy. Qaysi ish beruvchiga va qanday qaramlikda bo'lishi mumkin? Izohtalab holat. Menimcha ushbu jumla «Kasaba uyushmalarining inspektorlari ­mustaqil bo'lib, ushbu qonun hamda O'zbekiston Respublikasi qonunlariga bo'ysungan holatda faoliyat yuritadi» tarzida bayon etilishi kerak.

2-MODDAga TAKLIF

G'olibjon RUSTAMOV,
Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati bo'yicha mas`ul tashkilotchisi:

– Kasaba uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlarini ifoda etgan moddaga quyidagicha o'zgartirish kiritish lozim: «Kasaba uyushmalarini tuzish, ularning faoliyatlari, huquq va kafolatlarini ta`minlash, kasaba uyushmalarini ish beruvchilar, davlat, nodav­lat, shu jumladan, xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlari bilan kasaba uyushmalarining ijtimoiy-mehnat munosabatlari masalalari ­bo'yicha xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini uyg'unlashtirishda ishtirok etishi ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan hollarda, bunday munosabatlarga mehnat to'g'risidagi va nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi qonunchilik normalari qo'llaniladi» jumlasidagi «ish beruvchilar tashkiloti» iborasiga qonunchilikda aniq qonuniy va huquqiy status berilishi lozim.
Sabab. Bosh kelishuvda savdo-sanoat palatasi ish beruvchilarning uyushmasi sifatida e`tirof etilgan bo'lsa-da, tadbirkorlar manfaatinigina ifoda etib kelmoqda. Amaliyotda esa barcha ish beruvchilar manfaatini palata ifoda eta olmasligi ko'rinib qolayotir.

FARZANDLAR-ChI?..


Dilbar MUSTAFOQULOVA,
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish
tashkilotlari xodimlari kasaba
uyushmasi Samarqand shahar
kengashi raisi:

– Kasaba uyushmalari munosabatlari tartibida ham qator o'zgarishlarni kuzatish mumkin. Jumladan, qonunning 59-moddasida kasaba uyushmalari bilan ish beruvchilar, ularning birlashmalari, ijro hokimiyati organlari o'rtasidagi munosabatlar bobida xodimlarni ijtimoiy sug'urtalash, sog'lomlashtirish, dam oldirish va boshqa bir qator imtiyozlar aks etgan. Ushbu moddaning ikkinchi xatboshiga «Ishlovchi xodimlarning farzandlarini sog'lomlashtirish» jumlasi kiritilishini joiz deb hisoblayman.

OChILMAGAN JIHATLAR

A`zam ISOQOV,
kasaba uyushmasi faxriysi:
– Qonunning 49-moddasida «poliklinika» jumlasi tor ma`noda qo'llanilgan. Ushbuni keng qamrovli, purma`no matnga almashtirish lozim. Qolaversa, 54-moddaning oxirgi 4-xatboshidagi hamda 64-moddada belgilangan javobgarlik tushunchasi to'liq ochib berilmagan.

«Ishonch» muxbirlari xabarlari
asosida tayyorlandi

Boshqa xabarlar