O'LIMDAN SO'NG… UYG'ONISh

123

yoxud istirohat bog'laridagi attraksionlarda «uchish» qachon xavfsiz bo'ladi?

Voqea. Shu yilning 28 iyun kuni Jizzax shahridagi madaniyat va istirohat bog'ida attraksionning qulab tushishi oqibatida bir necha kishi tan jarohati oldi. Eng ayanchlisi, 19 yoshli qiz vafot etdi…
Yana ham ayanchlisi, bu voqea keyingi ikki-uch yildagi birinchi holat emas edi…

Savollar. Istirohat bog'laridagi attraksionlarning sifati, sozligi me`yoriy talablarga javob beradimi? Ular kunlik texnik ko'rik va yillik sinovdan o'tkaziladimi? Xodimlarning malakasi qay darajada? O'zboshimchalik bilan o'rnatilgan attraksionlar ham bormi? Istirohat bog'larida birinchi tibbiy yordam ko'rsatish imkoniyati mavjudmi? Qaysi bog'dagi umumiy ahvolga ijobiy baho berish mumkin? Va, umuman, farzandimizni hech bir xavotirsiz istirohat bog'iga jo'natsak bo'ladimi?
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi o'tkazgan «Istirohat bog'laridagi attraksionlar: muammo va yechimlar» mavzuidagi matbuot anjumanida yuqoridagi savollarga javob izlandi.

Noxushlik hushyor
torttirdimi?


Jizzaxdagi o'sha mash`um voqea­dan so'ng Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mavjud attraksionlar davlat nazoratidan o'tkazildi. Hududlar kesimida olib borilgan 16 ta Ishchi guruh tekshiruvlarida mahalliy hokimlik­lar, Favqulodda vaziyatlar hamda Madaniyat vazirliklari, «O'zenergoinspeksiya», Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi hamda bosh­­qa tegishli tashkilotlardan 100 nafardan ortiq vakillar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 148 ta madaniyat va istirohat bog'i mavjud. Shundan 129 tasida kattalar-u kichiklarga mo'ljallangan attraksionlar bor.
Ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi 129 ta madaniyat va istirohat bog'i hamda aholi dam olish maskanlaridagi jami 1845 ta attraksion ko'zdan kechirildi.

O'rganishlar
natijasi qanday?


Tadbirda qayd etilganidek, taassufki, mavjud holat xavotirlarning asosli ekanini ko'rsatmoqda.
Xullas, 1845 ta attraksiondan:
– 1292 tasining texnik pas­porti mavjud emas;
– 1106 tasida kunlik texnik ko'rikdan o'tkazish jurnali umuman tutilmagan;
– 1344 tasi uchun davriy ta`mirlash rejasi va profilaktika jadvali tuzilmagan;
– 738 tasida tashrif buyuruvchilar uchun foydalanish axborot stendi mavjud emas;
– 928 tasida qurilmalarni ishlatish va o'rnatish bo'yicha ishlab chiqaruvchi yo'riqnomalari yo'q;
– 634 tasida po'lat qismlarning texnik holati bo'yicha xulosalar bo'lmagan;
– 854 tasida birinchi tibbiy yordam ko'rsatish to'plami mavjud emas;
– 1258 nafar mas`ul xodim maxsus kurslarda o'qimagan, guvohnomasi yo'q;
– 1313 nafar xodim maxsus ish kiyimi bilan ta`minlanmagan.

Qay hududda
«qizil kartochka» ko'p?


Tadbirda o'rganishlar davomida amalga oshirilgan bir qator ishlar ham aytib o'tildi. Xususan, 450 ta attraksionni vaqtinchalik ishlatmaslik to'g'risida ogohlantirish berilgan. Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 11 ta, Buxoro viloyatida 6 ta, Jizzax viloyatida 59 ta, Navoiy viloyatida 1 ta, Namangan viloyatida 7 ta, Samarqand viloyatida 48 ta, Sirdaryo viloyatida 6 ta, Farg'ona viloyatida 29 ta, Xorazm viloyatida 11 ta, Toshkent viloyatida 67 ta, Toshkent shahrida esa 205 ta attraksionning «faoliyati» vaqtincha to'xtatilgan.
Agar ahamiyat bergan bo'lsangiz, «ogohlantirish» olgan attraksionlarning eng ko'pi Toshkent shahrida – 205 ta.
O'yin qurilmalarining soz holatda va bexatar ishlashiga javobgar shaxslar agar kamchiliklar bartaraf etilmasa, ma`muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan.

Baholar
qoniqarli emas


Tadbir davomidagi savol-javoblardan ma`lum bo'ldiki, res­publikamizdagi birorta ham istirohat bog'iga ijobiy baho berib bo'lmaydi.

Buning asosiy sabablaridan biri, bu shu vaqtgacha olib kelingan va o'rnatilgan attraksionlarning hech biri sertifikatlashtirilmaganligidir. Qurilmalarning 50 foizi foydalanish muddatini o'tab bo'lgan. Hatto, o'ttiz yil oldin o'rnatilgan o'yin qurilmalari hamon foydalanishda. Eng achinarlisi, ba`zi joylarda o'zboshimchalik bilan attraksionlar o'rnatish holatlari to hanuz mavjud. Masalan, poytaxtimizning Xadra va Ganga maydonlari hududida shunday holatlar aniqlangan. Eng qizig'i, qo'lbola tayyorlangan attraksionlar ham bor. Jumladan, Jizzaxdagi attraksionning ayrim qismlariga eski, ya`ni ilgari foydalanilgan metall ishlatilgani noxush vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo'lgan.

Choralar
ko'rilmoqdami?


Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, kelgusida bolalar, fuqarolar hayoti va sog'lig'i bilan bog'liq noxush hodisalarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga bir qator takliflar kiritgan.
Xususan:
– qo'lbola (ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo'lmagan) attraksionlarni foydalanishdan chiqarish;
– ixtisoslashgan maxsus tashkilotlar bilan shartnoma tuzib, attraksionlarning texnik pasportlarini tiklash va ularni ro'yxatga olish;
– madaniyat va istirohat bog'lariga o'rnatilgan attraksionlarni sertifikatlashtirish;
– xodimlarini maxsus kurs­larda o'qitish va qayta tayyorlash;
– attraksionlarni ishga tushirishdan oldin to'liq texnik ko'rik va sinovlardan o'tkazish hamda ushbu ishlarga javobgar shaxs­larni buyruq bilan tayinlash, madaniyat va istirohat bog'larida reja-jadval asosida o'quv-seminarlar, ko'chma treninglar o'tkazish.
O'ylaymizki, tez orada ushbu takliflarga munosabat bildirilib, amaliy ishlarga kirishiladi.


Hozircha esa o'yin qurilmalarining sifati maxsus guruhlar tomonidan o'rganilib, so'ng o'rnatilish amaliyoti joriy etilmoqda. Shu bilan birga, 128 nafar operator maxsus kursda o'qitilyapti. Bosqichma-bosqich barcha injener va texnik xodimlarning ham malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanidan qaytar ekanman, xayolimdan bir fikr o'tdi: istirohat bog'lari va dam olish maskanlarida shuncha ko'p muammo va kamchiliklar bor ekan, nega ular oldinroq nazorat qilinmadi, nima uchun ular holati o'rganilmadi? Yo ularni «fosh etish» uchun kimningdir «fido bo'lishi» shartmidi?
Ha, yana bir gap: hozircha bolalarim va nabiralarimni baland va tez aylanadigan attraksionlarga yaqinlashtirmayman. Ehtiyot – shart, axir.

Alijon ABDURAHMONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar