O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI RAISINING AXBOROTI

115

Bugun valyuta birjasidagi savdolarda so'm almashuv kursining 2,76 foizga pasayishi kuzatildi. Bu holat Markaziy bank tomonidan birja savdolaridagi valyuta kursini 0,5 foizlik tebranish chegaralarini bekor qilish borasidagi qaroridan so'ng vujudga keldi.


Markaziy bankning bu qarori, eng avvalo, birja savdolarida valyuta kursining erkin, talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllanishiga qaratilgan. Boshqacha qilib ayt­ganda, amaldagi almashuv kursining shakllanish mexanizmi, ya`ni tebranish chegaralaridagi kunlik 0,5 foizlik chek­lovlar, valyuta mablag'larini birjada sotuvchilarning iqtisodiy manfaatlariga mos kelmayotganligini ko'rsatdi.

Albatta, milliy valyuta – so'mning qad­rsizlanishi ko'pchilikni qaysidir ma`noda tashvishga solishi mumkin. Biroq, Markaziy bankning valyuta bozoridagi ushbu qadami ob`ektiv iqtisodiy zaruriyat bo'lib hisoblanadi.
Oddiy qilib aytganda, AQSh dollari narxi ham boshqa tovarlar narxi singari bozorda shakllanadi, uning narxini sotuvchi bilan oluvchi belgilaydi. O'tgan oydagi, o'tgan haftadagi yoki kechagi dollar narxi ham bozorda sotuvchilarni qoniqtirmadi, bunga ikkinchi tomon – dollar oluvchilar rozi bo'lishdi va natijada bugungi kurs shakllandi.
Nazariy jihatdan Markaziy bank almashuv kursini ma`lum darajada barqaror ushlab turishi ham mumkin. Biroq, bunday yondashuv bozor tamoyillariga moslashayotgan mamlakatning iqtisodiy munosabatlariga salbiy ta`sir ko'rsatishi va oxir oqibatda, ushbu holatdan ko'proq yo'qotishlar yoki almashuv kursining yanada keskin darajada qadrsizlanishi hisobiga chiqishga to'g'ri keladi.
So'nggi davrlarda ro'y berayotgan global iqtisodiy o'zgarishlar, savdo munosabatlaridagi tanglikning yoki «mojaro»larning kuchayib borishi, yirik iqtisodiyotga ega bo'lgan davlatlar iqtisodiy o'sishidagi sekinlashishlar xalqaro moliya bozorlarida milliy ­valyutalar qadrsizlanishi tendensiyasining kuchayishiga olib kelmoqda.


Milliy valyutaning qadrsizlanish holati tashqi savdo sohasida O'zbekis­tonning asosiy hamkorlari hisoblangan davlatlarda ham kuzatilmoqda.


Bunday holat, o'z navbatida, O'zbekis­tonda ishlab chiqarilgan tovarlarning tashqi va ichki bozorlarda «qimmatlashuvi»ga yoki raqobatbardoshligining pasayishiga ta`sir ko'rsatmoqda.
Shu o'rinda, almashuv kursiga ta`sir qiluvchi omillar tahliliga o'tishdan oldin quyidagilarni alohida ta`kidlash zarur.
Markaziy bank ichki valyuta bozorida almashuv kursining bozor tamo­yillari asosida shakllanishiga ta`sir ko'rsatmasdan ishtirok etishga harakat qilmoqda. Kursni har doim bozor belgilaydi. Markaziy bank faol aralashadigan bo'lsa, bozor muvozanatini buzib qo'yadi va bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Markaziy bank valyuta kursini bozorda, ya`ni bozorda sotuvchining ham, sotib oluvchining ham manfaatlariga mos keladigan tarzda shakllanishi tarafdori. Shunda, bozor iqtisodiyoti qonunlari ishlaydi.
Markaziy bank, albatta, ichki ­valyuta bozorida doim qatnashib keladi va ishlab chiqaruvchilardan sotib olgan oltin qiymatiga teng miqdorda valyutani sotadi.
Boshqacha aytganda, iqtisodiyotdan olingan valyutani o'ziga qaytarib beradi. Agar savdo oxirida kimningdir bozorga olib chiqqan valyutasiga xaridor chiqmasa, kun davomida shakllangan o'rtacha kursda Markaziy bank sotib oladi.
Xususan, 2018 yilda 3,6 mlrd. dollar miqdorida oltin ishlab chiqarilgan sharoit­­da Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga intervensiyalari hajmi 3,2 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Bu amaliyot almashuv kursining bozor shartlari asosida shakllanishiga ta`sir ko'rsatmaydi. Buni mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari o'zgarishida ham ko'rish mumkin.
Almashuv kursining oxirgi ikki yil davomida shakllanishi quyidagi tashqi va ichki omillar ta`sirida vujudga keldi.
Birinchidan, global iqtisodiyotda kuzatilayotgan xalqaro savdo aloqalaridagi qarama-qarshiliklar, kelishmovchiliklar (konfliktlar);
yirik davlatlarda proteksionizm (ichki bozorni himoyalash) kayfiyatining kuchayishi;
AQSh tomonidan ayrim yirik davlatlarga nisbatan xalqaro savdo aloqalarida cheklovlar (sanksiyalar) kiritilishi;
xalqaro iqtisodiyotning o'sish sur`atlarini sekinlashtirish bilan birga, ko'pchilik davlatlarning moliya bozorlariga va ularning milliy valyutalari­ ­almashuv kurslarining shakllanishiga salbiy ta`sir ko'rsatmoqda.
Xususan, so'nggi ikki yilda AQSh dollariga nisbatan yevro 6,9 foizga, funt sterling 7,1 foizga va yuan 7,6 foizga qadrsizlandi. Mazkur davrda dollar indeksi (dollarning dunyoning yirik 6 ta valyutasiga nisbatan o'zgarishi) 6,6 foizga o'sdi.
XVFning so'nggi e`lon qilgan ma`lumotlariga ko'ra, 2019 yil yakuniga Xitoy iqtisodiyoti o'sishi 6,2 foizgacha (2018 yil 6,6%), Yevropa davlatlari iqtisodiyoti 1,3 foizgacha (2018 yil 1,9%), bunda Germaniya iqtisodiyoti 0,7 foizgacha (2018 yil 1,4%) Rossiya iqtisodiyoti 1,2 foizgacha (2018 yil 2,3%) sekinlashishi kutilmoqda.
Bugungi globallashuv davrida dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti bir-biri bilan chambarchas bog'liq. Tashqi dunyo iqtisodiyotida bo'layotgan o'zgarishlar O'zbekistonga ta`sir qilmaydi, deyish noo'rin. O'zbekiston dunyo iqtisodiyotining kichik bir bo'lagi, boshqa davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalar orqali uzviy bog'liq. Faqat jahon iqtisodiyotidagi o'zgarishlar O'zbekiston iqtisodiyotiga darhol yoki ma`lum bir vaqtdan (davrdan) so'ng ta`sir qilishi mumkin.


Jahon iqtisodiyotidagi o'zgarishlar O'zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo'lgan davlatlarda ham kuzatilmoqda.
2017 yil 1 sentyabrdan 2019 yil 19 avgustgacha bo'lgan davrda rublning almashuv kursi 15,1 foizga, qozoq tengesi 14,5 foizga qadrsizlangan bo'lsa, so'm almashuv kursining devalvasiyasi 11,9 foizni tashkil qildi.


So'm devalvasiya sur`atining ortda qolishi milliy ishlab chiqaruvchilarning ham ichki bozorda, ham tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelmoqda.
Odatda, milliy valyuta devalvasiyasiga nisbatan past darajadagi inflyasiyaga ega bo'lgan davlatlar iqtisodiy raqobatbardoshlikni saqlab qoladilar.
Biroq, solishtirma tahlillar shuni ko'rsatadiki, so'nggi ikki yil ichida asosiy savdo sheriklari iqtisodiyotiga nisbatan, O'zbekistondagi past darajadagi devalvasiya va yuqori darajadagi inflyasiya kuzatilishi, o'zbek mahsulotlarining Rossiya bozorlarida o'rtacha 25 foizga, Qozog'istonda 20 foizga, Xitoyda 21 foizga, Turkiyada 42 foizga va Koreyada 24 foizga raqobatbardoshligining pasayishiga sabab bo'ldi.
Yoki aksincha, ushbu mamlakatlar mahsulotlari bizning bozorda shunchaga arzonlashdi va tabiiyki, ularga bo'lgan talab ortdi.
Oxirgi ikki yilda so'mning almashuv kursi nisbatan barqaror bo'lishining asosiy sabablaridan biri – aholi tomonidan valyuta siyosatining erkinlashtiruvidan so'ng katta miqdorda valyuta ­mablag'larining banklarga sotilishi bilan izohlanadi. Xususan, 2017-2018 yillarda banklarga 3,5 mlrd. dollar sotildi (sof sotib olingan qismi 2,5 mlrd. dollar).
Ushbu omil O'zbekistonda inflyasiya darajasi nisbatan yuqori bo'lishiga qaramasdan, milliy valyuta kursining deyarli barqaror turishiga xizmat qildi.
Ikkinchidan, so'm almashuv kursi qadr­sizlanishiga ichki omillar ta`sirini ham inkor etib bo'lmaydi.
Oxirgi ikki oyda (kurs oshishi tezlasha boshlagandan so'ng) internetda, ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab blogerlar, iqtisodiy tahlilchilar o'z fikrlarini bildirishdi. Iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlar miqdori ko'pligi, byudjet xarajatlari oshib ketayotganligini e`tirof etishdi.
Albatta, bu fikrlarda ham jon bor, lekin boshqa tomondan O'zbekistonda o'tgan yillarda hammaga ma`lum bo'lgan «yopiq eshiklar» siyosati va bozor iqtisodiyotiga o'tishdagi cheklovlar natijasida iqtisodiyotda xususiy biznes va tadbirkorlikning rivojlanishi uchun moliyaviy resurslardan foydalanishga yetarli sharoit yaratib berilmagan edi.
Natijada, iqtisodiyotda investision chanqoqlik yig'ilib qolgan edi. Bugun mamlakatda tadbirkorlik kayfiyati va investision faollik yuqori. Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, xalqimiz bugun yaxshi yashashni xohlaydi. O'zbekistonda xalq uchun zarur bo'lgan bolalar bog'chasi, maktab, kasalxonani bugun qurish kerak, bugun yo'llarni ta`mirlashimiz, ko'priklar qurishimiz, uy-joy fondini kengaytirishimiz kerak.
Bularning barchasi uchun mablag' kerak va barchasi ijtimoiy jihatdan o'ta muhim va xalq uchun asosiy (elementar) sharoitlarni yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash demakdir.

Davlat resurslari hisobidan ajratilgan kreditlar joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilayotgan bo'lsa, byudjet xarajatlari qo'shimcha soliq tushumlari hisobidan amalga oshirib kelinmoqda.


Albatta, bu o'rinda ajratilgan kreditlarning samarali va maqsadli ishlatilishi juda muhim. Kreditlar maqsadli ishlatilgan sharoitda kelajakda (o'rta muddatli istiqbolda) ichki ishlab chiqarishni ko'paytirish hisobiga bozorlardagi narx-navoga va milliy ­valyuta qadriga ham ijobiy ta`siri salmoqli bo'ladi.
Internet tarmoqlarida ayrim iqtisodiy tahlilchilarning O'zbekistonda pul massasi oshib ketyapti, Markaziy bank pulni emissiya qilib, kredit ­beryapti, degan fikrlari uchrab turibdi. Shuni alohida ta`kidlash zarurki, bu fikrlarda mutlaqo asos yo'q. Markaziy bank biror bir bankka yoki Hukumatga kredit ajratmagan. Buni Markaziy bank saytida har oy chop qilinadigan pul-kredit ko'rsatkichlari tarkibidan ham bilib olish mumkin.

Ichki valyuta
bozoridagi holat


Umuman olganda, import o'sishini qo'llab-quvvatlovchi ichki va tashqi omillarning birgalikdagi ta`siri ichki valyuta bozoridagi holat va almashuv kursi dinamikasiga sezilarli ta`sir ko'rsatdi.
Xususan, joriy yilning iyul oyida valyutaga bo'lgan talab yilning birinchi yarim yilligidagi o'rtacha oylik hajmi bilan taqqoslaganda 34 foizga oshib, 1,36 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Talabning ortishiga ta`sir etuvchi omillardan yana biri sifatida, 2019 yil 1 oktyabrdan bojxona to'lovlari bo'yicha imtiyozlarning bekor qilinishini keltirish mumkin. Bojxona imtiyozlariga ega bo'lgan sub`ektlarning import qilinadigan xomashyo va mahsulotlarni imtiyozlardan foydalangan holda zaxiralab qo'yish istagining kuchayishi kuzatilmoqda.

Natijada, joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa, avgust oyida so'm kursi tez sur`atlarda ­qadrsizlana boshladi. Xususan, joriy yil avgust oyining dastlabki 19 kunida AQSh dollarining birja kursi so'mga nisbatan 4,8 foizga (1 AQSh dollari 8 714 so'mdan 9 129 so'mga) oshdi.

Import to'g'risida


Yuqorida sanab o'tilgan sabab va omillar ta`sirida iqtisodiyotda importga va pirovardida valyutaga talab oshmoqda. Shu o'rinda importning oshishini ham tabiiy jarayon deb baholash mumkin. Iqtisodiyotimizda texnik va texnologik yangilanish jarayoni kuzatilmoqda.
Bugungi ochiq bozor sharoitida albatta importga qiziqish oshadi. Chunki, iqtisodiyot hajmi kengaymoqda, ­investision faollik yuqori va iqtisodiyotda daromadlar oshishi kuzatilmoqda.

Import tarkibini, tahlil qilinsa, 53-56 foizdan ortig'i ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan asosiy vositalar va xomashyo tashkil etadi. Importning bunday tarkibi kelajakda ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratadi.

Inflyasiya haqida


Almashuv kursi o'zgarishining eng og'riqli jihati, bu uning ichki narxlarga ta`siri. Kurs o'zgarishining, albatta, narxlarga ta`siri bor. U nafaqat iste`mol savatidagi import tovarlari orqali, balki inflyasion kutilmalarning o'zgarishi orqali ham inflyasiyaga ta`sir ko'rsatadi.
Iqtisodiyotning ayrim sohalarida import xomashyo va asbob-uskunalarga qilingan xarajatlar ulushi yuqoriligi inflyasiyaning ma`lum darajada ko'tarilishiga sabab bo'lishi mumkin.
Ichki narxlar barqarorligini ta`minlash Markaziy bankning asosiy vazifasi, buni yaxshi anglab turibmiz.
Bu borada Markaziy bankda ko'p munozaralar bo'ldi, chet el tajribalari o'rganib chiqildi. Inflyasiyani pasaytirish uchun kursni o'zgartirmasdan ushlab turish kelajakda bugungidan-da og'irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Haqli savol tug'iladi, kurs oshayotgan bo'lsa, ma`lum bir iste`mol tovarlari import qilinsa, qanday qilib inflyasiyani pasaytirish yoki oshishdan to'xtatish imkoni mavjud?

– Buning eng to'g'ri yo'li iqtisodiyotda raqobat va investision erkinlikni oshirish. Boshqacha qilib aytganda, bosqichma-bosqich ham tashqi savdoda, ham ichki bozorda monopoliyadan, korrupsiyadan qutilsak, investision jozibadorlikni oshirsak, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga to'sqinlik qilmasdan qo'llab-quvvatlasak, ichki bozordagi vujudga keladigan sog'lom raqobat iqtisodiyotning inflyasiya xurujidan chiqib ketishiga zamin bo'ladi.
Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyasiyani jilovlashning barcha choralarini ko'rmoqda.

Xususan:

– kreditlarning o'sish sur`atlarining iqtisodiyot o'sish sur`atiga mos ravishda bo'lishini;
– davlat byudjetining muvozanatliligini ta`minlash;
– foiz stavkalarining bozor tamoyillariga mos bo'lishini ta`minlash orqali iqtisodiyotda jamg'arish kayfiyati va jamg'armalar qadrini saqlab qolish;
– iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini pasaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

O'zA

Boshqa xabarlar