XALQIMIZNING HAYoTDAN MAMNUNLIGINI KO'RISh ISLOHOTLARIMIZNING ASOSIY MAQSADIDIR

85

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasida bo'ldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz raisligida Nukus shahrida Qoraqalpog'istonni har tomonlama rivojlantirish bo'yicha yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respub­likasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi, shahar va tumanlari sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig'ilishda barcha hududlarda bo'lgani kabi Qoraqalpog'istonda ham ijobiy sifat o'zgarishlariga erishilgani ta`kidlandi. Birinchi yarim yillikda yalpi hududiy mahsulot 7,2 foizga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 5,4 foizga, qurilish ishlari hajmi 45 foizga o'sgan.
Prezidentimiz hududda hali muammolar ko'pligini, sanoatni rivojlantirish, ish o'rinlarini ko'paytirish bo'yicha ishlar yetarli emasligini ta`kidladi.
– Bu yerga qarsak uchun emas, ishlash uchun, xalqimizning ko'ziga qarash uchun keldim, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Dunyoqarashini o'zgartirmagan sektor rahbarlari oyog'imizga kishan. Ishga kirgan bitta xotin-qizning baxtini tasavvur qilasizlarmi? Yoshlarni kim yetak­laydi, ularga to'g'ri yo'nalish beradi? Mo'ynoq misolida ko'rdilaringiz. Odamlarning ko'zlarida «qilsa bo'lar ekan-ku», degan nur bor. Lekin endi bu tarix. Hamma tumanlarda shunday o'zgarishlar qilish kerak.
Birinchi yarim yillikda Qoraqalpog'istonda sanoat ishlab chiqarish hajmi atigi 0,5 foizga o'sgani, Taxtako'pir, Shumanay, Nukus, Chimboy, To'rtko'l, Kegeyli tumanlarida sanoat deyarli yo'qligi tanqid qilindi. Xizmat ko'rsatish, tadbirkorlik rivoji ham sust.
– Oxirgi uch yilda tub islohotlar natijasida ko'plab sohalarni erkinlashtirdik, ularning rivojiga xalaqit bergan cheklovlarni bekor qildik. Qoraqalpog'istonda ham har bir sektor rahbari chek­lovlarni bekor qilaman, tadbirkorga xizmat qilaman, degan qoida, shior bilan ishlashi kerak, – dedi Prezident.
Yig'ilishda Qoraqalpog'istonni yanada taraqqiy ettirish bo'yicha beshta ustuvor yo'nalish belgilab berildi.
Birinchisi – sanoatni rivoj­lantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishdan iborat.
Ikkinchi ustuvor yo'nalish tadbirkorlik jadal rivojlanishi uchun keng yo'l ochib berish va uni har taraflama qo'llab-quvvatlashdir.
Qishloq xo'jaligida ilg'or texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini keskin oshirish uchinchi ustuvor yo'nalish etib belgilandi.
To'rtinchisi – ishlab chiqarish va odamlar uchun qulay bo'lgan zamonaviy infratuzilmani yaratish.
Orolbo'yi aholisining yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirish esa beshinchi ustuvor yo'nalish sifatida e`lon qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoev har bir yo'nalishda nazarda tutilgan masalalarga alohida to'xtalib, ular bo'yicha faol ishlash zarurligini ta`kidladi.
Shuningdek, har bir tuman va shaharning o'ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisos­lashtirish bo'yicha tavsiyalar berildi.
Jumladan, Qorao'zak tumani qurilish materiallari, Beruniy, Xo'jayli, Nukus tumanlari meva-sab­zavotchilik, Taxtako'pir chorvachilik, Shumanay parrandachilik, Ellikqal`a uzumchilik va turizm, Mo'ynoq baliqchilik va chorvachilik, Kegeyli chorvachilik, qizilmiyani qayta ishlash va qog'oz sanoati, Qanliko'l tumani dukkakli ekinlar va sholi yetishtirishga ixtisos­lashtirilishi qayd etildi.
Qo'ng'irot tumanini neft-kimyo sanoati va chorvachilikka, Chimboyni qizilmiya yetishtirish va qayta ishlashga, To'rtko'lni shisha, oyna va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, Amudaryo tumanini bog'dorchilik, to'qimachilik va pillachilikka, Nukus shahrini esa farmasevtika va elektrotexnikaga ixtisoslashtirib, Taxiatosh tumanini sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirish maqsadga muvofiqligi ta`kidlandi.
Yig'ilishda sektor rahbarlari Prezidentimiz bergan topshiriqlarni bajarish, o'z hududida vaziyatni yaxshilash, kutilgan natijaga erishish bo'yicha kafolat berdi.
Davlatimiz rahbari o'tgan yili Qoraqalpog'istonga tashrifi doirasida mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko'tarishda, eng avvalo, salohiyatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash zarurligi, buning uchun yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi ta`lim muassasalari – Prezident maktablari tashkil etilishini ta`kidlagan edi.
Prezidentimizning joriy yil 20 fevralda «Prezident maktablarini tashkil etish to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Ayni paytda Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shaharlarida Prezident maktablari qurilishi jadal davom etmoqda.
Shavkat Mirziyoev Nukus shahridagi Prezident maktabida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga tegishli hududda qurilayotgan ushbu ta`lim muassasasiga joriy yilning mart oyi­­da tamal toshi qo'yilgan. Ikki gektar hududda zamonaviy o'quv binosi, yotoqxona, oshxona, stadion qurilmoqda.
Prezident maktablarini tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga zarur sharoitlar yaratishdir. Eng qobiliyatli o'quvchilar tanlab olinadigan bu maktablarda yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg'or ta`lim uslub­lari asosida chuqur o'rgatiladi.
Shu bilan birga, maktablarga malakali xorijlik va mahalliy pedagoglar jalb etiladi. Ularning faoliyat yuritishi uchun kerakli sharoitlar yaratiladi.
Mazkur maktablarda o'quv jarayo­­ni xorijiy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o'quv reja va dasturlari bo'yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM – ta`lim» (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san`at, Mathematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktablarining 9-11-sinflarida ta`lim olish o'quvchilarning qiziqishiga ko'ra ayrim fanni tanlash va ularni o'rganish darajasini inobatga olgan holda individual o'quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.
Maktab bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo'ladi. Bu esa, o'z navbatida, xorijiy oliy o'quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Prezident maktablariga qabul imtihonlari Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi tomonidan amalga oshirildi.
Nukusdagi Prezident maktabiga o'qishga 7 mingdan ortiq o'quvchi hujjat topshirgan edi, ular orasidan eng iqtidorli 144 o'quvchi o'qishga qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to'xtalib, Prezident maktablari yurtimizda ta`lim sifatini oshiruvchi lokomotiv bo'lishini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoev maktabning binosi ham, ma`rifati ham mukammal bo'lishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitusiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini ta`kidladi. Ungacha o'quvchilar boshqa binoda o'qib turadi.
Davlatimiz rahbari mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqdi.
– Bu maktablarning o'qituvchisi ham, o'quvchisi ham eng namunali bo'lishi lozim, – dedi Prezident. – Chuqur bilim bilan birga ma`naviyat, vatanparvarlik tuyg'usi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bog'cha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, ta`lim muhiti o'zgaradi.
Shu yerda Prezidentimizga Nukus shahri bosh tarhi, «Nukus siti» qurilishi rejalashtirilayotgan hudud haqida ham ma`lumot berildi.
Shavkat Mirziyoev Taxiatosh tumanidagi «Maded Botir» fermer xo'jaligi dalasida g'o'za rivojini ko'zdan kechirdi.
Ushbu xo'jalikning jami yeri 110 gektar bo'lib, 60 gektarida paxta yetishtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari dala agrotexnikasidagi kamchiliklarni ko'rsatib, paxta pishishini tezlashtirish, hosilga hosil qo'shish bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi. Qishloq xo'jaligida ilm-fandan keng foydalanish, Qoraqalpog'istonning iqlimiga mos navlar yaratish lozimligini ta`kidladi.
Prezidentimiz Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida quvvati 230-280 megavatt bo'lgan ikkita bug'-gaz qurilmasini barpo etish bo'yi­­cha amalga oshirilayotgan investisiya loyihasi bilan tanishdi.
Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi Qoraqalpog'iston Res­publikasi va Xorazm viloyatini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlash maqsadida barpo etilayotgan yirik inshootdir. Bu yerda bug'-gaz qurilmasining birinchi navbati joriy yil oxirigacha, xuddi shunday ikkinchi qurilma keyingi yil yanvar oyida ishga tushiriladi.
Koreya Respublikasining «Hyundai Engineering Co. Ltd.» va «Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd» kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 678,2 million dollarni tashkil etadi.
Ikkita bug'-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida stansiyaning umumiy quvvati 730 megavatt­dan 1003 megavattgacha oshadi. Yiliga 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Shuningdek, yillik suv sarfi 293 million kub metrga kamayadi. 100 ga yaqin yangi ish o'rni yaratiladi.
Ayni paytda inshootda 85 foiz ishlar bajarilgan. Qurilish-montaj, uskunalarni o'rnatish ishlari davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbari bug'-gaz uskunasi qurilishini ko'zdan kechirdi. Mazkur yangi quvvatlarni barpo etishda ishtirok etayotgan koreyalik mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimiz energetika xavfsizligini ta`minlash bo'yi­­cha tizimli ishlarni amalga oshir­yapmiz. Sanoatni rivojlantirish borasida katta marra olganmiz, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar jalb etyapmiz. Bular uchun, avvalo, mustahkam infratuzilma kerak. Tallimarjon, Navoiy, To'raqo'rg'on, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalari modernizasiya qilinib, quvvatlari oshirilayotgani ana shunday asos bo'ladi. Aholini, korxonalarni elektr energiyasi bilan barqaror ta`minlaydi, – dedi Shavkat ­Mirziyoev.
Shu yerda Prezidentimizga Ustyurt mintaqasida neft va gaz zaxiralarini aniqlash bo'yicha olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlarining holati haqida ham ma`lumot berildi.
Shu bilan Prezidentimizning Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Alouddin G'AFFOROV,
Umar ASROROV
O'zA maxsus muxbirlari

Boshqa xabarlar