EL ROZILIGI YO'LIDA

71

Yaqin orada Sirdaryoga yo'li tushmagan yurtdoshlarimiz bugun bir necha yil oldin ko'rgan joylarini taniy olmasligi aniq. Viloyat markazi – Guliston shahrini qo'ya turing, tumanning olis hududlari qiyofasi ham fayzga burkangan. Tadbirkorlik, uning ortidan yangi ish o'rinlarining paydo bo'lishi natijasida har bir xonadonga, buning ortidan hududga baraka inmoqda.

Bu o'zgarishlar, tabiiyki, faoliyatga davr nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yondashishni taqozo etmoqda.
Xususan, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, jamoa shartnomalari orqali ishlovchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqdaki, ular kasaba uyushmasiga a`zolik afzalliklari targ'iboti samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Buni shu kunga qadar 199 ta korxona va muassasadagi 2491 nafar xodim kasaba uyushmasi a`zosi bo'lgani va ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari jamoa shartnomalarini tuzish orqali himoyaga olingani ham tasdiqlab turibdi.

Ma`lumki, o'z huquqlarini to'laqonli tushungan fuqarolargina jamiyatda munosib o'rin topadi. Shu bois, Sirdaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi bo'limlari keng ko'lamda tushuntirish ishlarini amalga oshirmoqda. O'tgan davr davomida fuqarolardan 104 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 90 tasiga yo'l-yo'riqlar berildi, 6 tasi qanoatlantirildi. Huquqi tiklangan shaxslar 4 nafar bo'lib, 30 million 379 ming 615 so'm undirilishi orqali ularning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.


Mehnatni muhofaza qilish dunyo bo'yicha dolzarbligicha qolmoqda. Texnika, sanoat, yong'in va yo'l harakati bilan bog'liq xavfsizlik qoi­dalari va talablarining bajarilishini ta`minlash hamda mehnat muhofazasiga oid kamchiliklarni ish beruvchilar va boshlang'ich kasaba uyushmasi qo'mitalari bilan hamkorlikda bartaraf etish o'ta muhim masala bo'lib, pirovard maqsadga erishish o'ta sinchkovlik va e`tiborlilikni talab qiladi. Jumladan, «Xavfsizlik, salomatlik va kelajakdagi mehnat» shiori ostida 24 marta davra suhbati va seminar-treninglar tashkil qilindi va ularda 1478 nafar kishi qatnashdi.

Ishonch va nazorat uyg'unligiga erishilgan joydagina ko'ngildagidek natijaga erishish mumkin. Aynan shu qoidadan kelib chiqib, o'tgan davrda 20 marta kasaba uyushmalariga a`zo tashkilotlarda o'rganishlar o'tkazildi va 209 ta mehnat muhofazasiga oid me`yor buzilishlari aniqlandi. Ish beruvchilarga 17 ta taqdimnoma kiritildi. 187 ta kamchiliklarni o'z vaqtida bartaraf etilishiga muvaffaq bo'lindi.


Kezi kelganda ta`kidlashni istardimki, viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar mehnat jamoalarida qabul qilingan 6089 ta jamoa shartnomalari orqali ishchi-xodimlar va ularning oila a`zolari manfaatlari ijtimoiy sheriklik asosida himoyalanayotir.
Shu tariqa adolat ustuvorligi ta`minlanib, xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo'mitasining roziligini olish talabi, ish beruvchining aybi bilan xodimga haq to'lash belgilangan muddatlarga nisbatan kechikkani uchun javobgarlik masalalari, ish beruvchining tashabbusi bilan xodimni boshqa ishga o'tkazish chegarasi yil davomida 60 kundan oshmasligi, asosiy va uzaytirilgan ta`tillar berilishi kabi masalalarga huquqiy yechim topilmoqda.
Hayotidan rozi, ro'zg'ori but, ertangi kunidan ko'ngli to'q kishilargina ishda samarali faoliyat ko'rsatadi. «Faol tadbirkorlik, innovasion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi doirasida jamoa shartnomalari orqali kasaba uyushmalari va ish beruvchining mablag'lari hisobidan 3986 ta korxona va tashkilotda 6263 nafar xodimga 899,5 million so'mlik ijtimoiy ko'maklar berilgani ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Jamoa kelishuvlarida mehnat bozorini rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash masalalari aniq ifoda etilgan, xodimlarning ish vaqti va dam olish vaqti masalalariga e`tibor berilib, uzaytirilgan asosiy va qo'shimcha ta`tillar o'rnatilgan.
Hisobot davrida viloyatda o'tkazilgan 52 ta «Bo'sh ish o'rinlari va vakant lavozimlari yarmarkalari»da kasaba uyushmalari tashkilotlarining faol ishtiroki ta`minlanib, 3419 nafar kishiga ishga joylashish uchun yo'llanmalar berilib, shulardan 1579 nafari bandlik maqomiga ega bo'ldi.


Kasaba uyushmalari vazifalaridan biri, bu ish haqidan muddati o'tgan qarzdorlikka yo'l qo'ymaslik bo'lib, o'tgan davrda qarzdorlik undirish maqsadida mas`ullarga murojaatlar qilinib, o'z vaqtida to'lanmagan 103 milliard 8 million so'm ish haqi to'lab berilishiga erishildi.
Mehnatkashlar salomatligi haqida qayg'urish va uni tiklashga ko'maklashish ham e`tibor markazida bo'lib, shu yilning olti oyi davomida kasaba uyushma byudjeti va ijtimoiy sug'urta byudjet ­mablag'lari hisobidan 745 dona sanatoriy yo'llanmalari ishchi-xodimlar va ularning oila a`zolariga berildi.
Farzand ko'rmagan yosh oilalarning ishlaydigan a`zolari, kam ta`minlangan, ko'p bolali hamda olis va chekka hududlarda, murakkab iqlim sharoitida yashovchi ­oilalarning ayollari, ishlaydigan pensiya yoshidagi keksalar, farzand ko'rmagan ishlovchi yoshlar bepul sog'lomlashtirildi.
«Sog' tanda – sog'lom aql» deydi dono xalqimiz. Ko'rib, guvohi bo'lib turibmizki, «Sport – salomatlik garovi», «Sog'lom oila» spartakiadalari a`zolar o'rtasida keng quloch yoygani barcha jabhalarda samaradorlikka erishishda qo'l kelmoqda.


Hech bir mubolag'asiz aytishimiz mumkinki, yurtimizda turizm ham iqtisodiy, ham ma`naviy naf keltiruvchi sohaga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirishga oid qaror va farmonlar kasaba uyushmalari faoliyatini yanada faollashtirib yubordi. Xususan, ko'hna Xorazm vohasi bo'ylab 142 nafar xodim va ularning oila a`zolarining bepul sayohatlari tashkillashtirildi.


Bundan tashqari, Xiva, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar va Mus­taqillik yillari barpo etilgan inshootlarga 4810 nafar xodim ­sayohat qildi.
Ishchi-xodimlar farzandlarini sog'lomlashtirish bo'yicha bajarilgan ishlar ham kasaba uyushma a`zolarini mamnun etmoqda. Zomin tumanining Qo'riq qishlog'idagi barcha qulayliklarga ega bo'lgan zamonaviy «Zomin» nomli bolalarni sog'lomlashtirish oromgohi yil davomida faoliyat yuritadi.
Bu yilgi yoz mavsumida viloyatda 5 ming nafar bola, shundan ikki ming nafari stasionar, uch ming nafari kunduzgi oromgohlarda dam oldirilishi rejalashtirilgan edi. Amalda esa qariyb ikki yarim ming nafar bola stasionar oromgohlarda, 12 ming 400 nafar bola kunduzgi oromgohlarda sog'lomlashtirildi.
Ziyo to'la maskanning fayzi ­boshqacha bo'ladi. Ezgu maqsad yo'lida harakatda bo'lgan xodimlar tashabbusi bilan birlashma o'z kutubxonasiga ega bo'ldi. Bu orqali xodimlarimiz ma`naviyati oshishi va dam olishiga, qolaversa, kasaba uyushmasiga yumush bilan kelgan insonlarning kitob o'qishiga sharoit yaratildi.

Bugun viloyat ahli eng ulug' va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini nishonlashga qizg'in hozirlik ko'rmoqda. Bu jarayonga viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi xodimlari ham o'zining munosib ulushini qo'shish maqsadida jo'shqin mehnat qilmoqda.

Rustambek TURSUNMURODOV,

Sirdaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari

birlashmasi kengashi raisi

Boshqa xabarlar