Fermer mehnat muhofazasini biladimi?

51

Qishloq xo'jaligida mehnat muhofazasi qay darajada tashkil etilgan? Oddiy fermerdan tortib, ishchilar-u traktorchilar uchun mehnat muhofazasiga oid shart-sharoitlar yaratib berilganmi?

Ochig'ini aytganda, qishloq xo'jaligida mehnat muhofazasi masalasi judayam e`tibortalab mavzu. Dalada ishlaydiganlarning mehnat muhofazasi haqida tushunchasi yo'q darajada. Masalan, dalada ishlayotgan shunday traktorchi va kombayn­chilar ham borki, ular boshqarayotgan texnika vositalari mehnat muhofazasining me`yoriy talablariga umuman javob bermaydi. Mexanizatorlar bahor va kuz oylarida sovqotib, yozda esa issiqdan «erib» ishlaydi.

Texnikalarning sozligi va mavsumga shayligi uchun mas`ul bo'lgan tashkilotlar joylarda yo'q hisobi. Ertadan kechgacha daladan beri kelmaydiganlar o'z haq-huquqlarini bilishmaydi.
Shu jihatlar e`tiborga olingan holda O'zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan 2018 yilda ­«Qishloq xo'jaligida mehnat muhofazasi va xavfsizligini ta`minlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2018-2020 yillarga mo'ljallangan Harakatlar dasturi» ishlab chiqilgan edi.
Hozirda mazkur Harakat dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Navbatdagi tadbirlardan biri «Toshkentvino» aksiyadorlik jamiyatida bo'lib o'tdi.

O'quv-mashg'ulot tarzida o'tkazilgan ushbu tadbirda Harakatlar dasturi ijrosini ta`minlash borasida joriy yilning yetti oyi davomida idoralararo Ishchi guruh amalga oshirgan ishlar muhokama qilindi. Kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Kelgusida joylarga ko'proq chiqib, fermer va ishchilar bilan bevosita muloqatda bo'lish va ularning muammolarini ko'tarib chiqish haqida takliflar aytildi.


Tadbirda so'zga chiqqan Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi ­Respublika kengashi raisi vazifasini bajaruvchi To'xta Bozorov, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Mehnatni muhofaza qilish bo'limi mudiri Nodira Karimova va boshqalar qishloq xo'jaligida mehnat muhofazasi hamda xavfsizligini ta`minlash hamda bu borada amalga oshirilishi zarur bo'lgan muhim chora-tadbirlarga to'xtalib o'tdi.
Seminar so'ngida ishtirokchilar korxonaning ishlab chiqarish faoliyati hamda xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar.

Alijon ABDURAHMONOV,
«ISHONCH
»

Boshqa xabarlar