OLIY MAJLIS SENATIDA

111

2019 yil 23 avgust kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi ish boshladi.
Yalpi majlisda senatorlar bir qator masalalarni ko'rib chiqdi.

Uchta qonun ma`qullandi


Senatorlar «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi, «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to'g'risida»gi qonunlarni ko'rib chiqdilar.
Mazkur qonunlar muhokamalardan so'ng senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Bitta qonun rad etildi


Yalpi majlisda «Ona suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlash hamda go'daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to'g'risida»gi qonun muhokama etildi. Qonun har tomonlama o'rganib chiqilib, uni tamomila qayta ko'rib chiqish zarur, degan xulosaga kelindi. So'zga chiqqanlar mazkur qonundagi ayrim normalar uning nomi va maqsadlariga mos kelmaydi, go'daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlari o'z aksini topmagan, qolaversa, boshqa qonunlardagi normalar mazkur qonunda takrorlangan, deya ta`kidlashdi.
Shundan kelib chiqqan holda mazkur qonunni rad etish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining hisoboti

«Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama mavzusi bo'ldi.
Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida dasturning 139 ta bandi ijrosini ta`minlash belgilangan. Shundan 101 ta bandning ijrosi ta`minlandi va 22 ta band muddatidan oldin bajarilgan. Hozirgi kunda ijrosi ta`minlangan bandlar soni 123 tani tashkil etmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida hisobot davrida yalpi ichki mahsulot o'tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o'sdi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trillion so'mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so'mdan ortiq yoki o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko'p mablag' qoldi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida dasturda ko'zda tutilgan investisiyaviy loyihalar soni 9088 ta bo'lib, ularning umumiy qiymati 60,3 trillion so'mni tashkil etadi, yaratilishi ko'zda tutilgan ish o'rinlari esa 172488 ta. Biroq birinchi yarim yillikda jami 3332 ta loyiha (37 foiz) bo'yicha umumiy qiymati 13,6 trillion so'mlik (23 foiz) loyihalar amalga oshirilib, bor-yo'g'i 38252 ta ish o'rni (22 foiz) yaratilgan.
Hududlarda investisiya loyihalarini birinchi yarim yillikda amalga oshirish darajasi 44 foizni tashkil etdi. Bunda Toshkent shahri (27 foiz), Toshkent viloyati (31 foiz) va Qashqadaryo viloyati (37 foiz) eng ortda qolayotgan hududlar hisoblanadi.
Vazirlik va idoralar tomonidan respublikaning xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo'lmaydi.
Vazirlar Mahkamasiga das­turda belgilangan muddatlarda bajarilmagan bandlarning so'zsiz ijrosini ta`minlash choralarini ko'rish, shuningdek, viloyatlar va tumanlarda o'tkazilgan o'rganish­lar davomida Oliy Majlis Senati tomonidan aniqlangan, investisiya muhitiga salbiy ta`sir ko'rsatayotgan muammolarni bartaraf etish bo'yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etildi.
Muhokama yakunlari bo'yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi. Majlis bugun ham davom etadi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati xabarlari
asosida tayyorlandi

Boshqa xabarlar