TOSHKENT CITY

386

(Repo-Doston)

MUQADDIMA

Ulug' oftob bilan
keldik ro'baro',
Hur nur ila birdek tashladik qadam.
Quchdi olamiy shon,
martaba, obro',
Olam aro Olam – Vatan muazzam!
Bugungi lahzalar
o'lchovi cheksiz,
Vaqt hisob-kitobda adashgay hatto.
Uy-joy, inshootlar,
yo'llar mislsiz,
Aql-u fan, tafakkur erur rahnamo!
Qaydakim ozodlik va
tinchlik – hikmat,
Qayda erkin mehnat, ustuvor ilhom.
O, o'sha joydadir
insoniy qimmat,
O, o'sha joydadir izzat, ehtirom!
Tug'dona daraxtin
tomiri paydor,
Metin qoyalarning hayoti bois.
Shunday, O'zbekiston,
xalqim bunyodkor,
Teran kengliklarni bo'ylaydi olis!
Dunyoda hech bir xalq –
aytaman ochiq, –
Nonni qadrlamas xalqimdek mening.
Shu uchun, eng avval,
qudrati xoliq
Baxtin donday aziz qilsin xalqimning!
Bu kun zakovati –
bu kun shiddati
Oldida Farhodlar keltirolmas shak.
Yangi ko'priklarning
yangi tal`ati,
Ko'ngillarga surur bag'ishlar beshak!
Shimoldan Janubga
va Sharqdan G'arbga
Qizilqum, Qoraqum – ufqlar osha,
Ovin quvlayotgan
yo'lbarsdek zarbda –
«Afrosiyob» manzil tomonlar shoshar!
Bulut orasidan
uchgancha kelib,
Temir yo'llar uzra burgutdek go'yo,
Qamchiqni qoq yorib,
Vodiyga yelib
Poezdlar uchadi, aylanar dunyo!
Uch tulpor!
Behishtni oralab ketar,
Yulduz gullarini sochmishdir osmon.
Shoir she`rlarini
hikmatdek bitar:
Favvoralar ko'kka otilgan tug'yon!
Onalar sandig'in
sepini yoyib
Ko'rsatgani kabi quda-andaga,
Javzo shamollari
esdilar g'olib,
Oqsaroy sirlarin ochdi dunyoga!
Ustyurt kengliklari…
bu sahro emas,
Sanoatimiz qurch xazinalari.
Zarbdor majmualar
kelajakka xos,
Shu yerlarda bunyod bo'lgaydir bari!
Sobit yo'lda tolmas
sobitso'z Sardor,
Uning bilan boqiy jon payvasta xalq.
Uning yo'llarida
ne erur poydor,
Davlatboshi ila kamarbasta xalq!
Vatan o'g'lonlari,
qayroq qizlari,
Sport maktablarin yosh tug'dorlari,
Ko'rsatmoqda asl,
alp o'zbegin,
Bugun ular Vatan iftixorlari!
Bahor takror-takror,
betakror lekin,
Odam yurgan yo'llar yangi har qachon.
Vatan ertasining
chin haqiqatin
Bashar ko'z oldida etar namoyon!
Havo laynerlari
shiddat-la uchar,
Vaqt uchar shiddat-la bamisli chaqin.
«Kim edig-u kim bo'ldik» –
o'y opqochar, –
Sho'r o'tmish ba`zida keladi yaqin!
Mustabid tuzumning
to'r yolg'onlari
O'rab-chirmab olgan edi har yonni.
Qizil shiorlarning
kir alvonlari
«Bezab» turar edi hatto yobonni!
Bir boshdan so'zlamoq
emasdir payti,
O'tgan u kunlardan saboq olsak, bas.
Avlodlarim, qalqing,
baralla ayting:
Mustaqillik boqiy bo'lsin har nafas!

ShARAFNOMA

Seni sharaflayman
Zamondosh avlod,
Seni sharaflayman Zamondosh naslim.
Turfa gullar tutib
turibdi hayot,
Duogo'ydir ulug' ajdodim – aslim.
Mag'ribiy Tyonshon
sof havosining
Billuriy yo'llari-oqimi aro
Toshkent City tikka
ko'tarmoqda qad,
Mening Osiyomda bugun yagona!
Azaliy qonida
erur O'zbekning,
Emish, u boyisa qurar imorat.
Ko'ringkim, hattoki
so'mi-pulida
Qo'sh-qo'sh imoratlar – tanga harorat.
Ko'hna «Registon»-u
«Temur muzeyi»,
«Oliy Majlis», «Senat» binolari jam.
Ularni bag'riga
bosib yuradi
Dunyoning u burchi, bu burchida ham.
Baxt – sandiqda, kalit –
osmonda emas,
Bugungi lahza, kun, oylar guvohdir.
Kim vaqti, umrini
o'tkazsa zoe,
Vaqt – uning dushmani, umri gumrohdir.
Ulug' hodisotlar
yuz bermas har kun,

2018. Yetildi fursat.
Zamon – hamroh
olg'a ketgan insonga,
Yurtboshi qalbida me`moriy shiddat!
«Toshkent City»
shahar ichida shahar,
Boshlandi, qurmoqlik – yaratmoq demak.
Bir shahar bo'lgayki,
kecha-kunduzi
Ko'kdan tushib muqim qolgay kamalak.
Sohibqiron Temur –
buyuk binokor
Bobomning ruhlari minnatdor bugun.
Oq-oppoq bulutlar
ichinda kezar,
U aziz xalqimga madadkor bugun.
Seni sharaflayman
Zamondosh avlod,
Seni sharaflayman Zamondosh naslim.
Turfa gullar tutib
turibdi hayot,
Duogo'ydir ulug' ajdodim – aslim!

2018 YIL, NOYaBR
TANIShUV

«Toshkent City» poytaxtimiz
markazidagi 80 gektar maydonni
egallaydi. Faqat binolar quriladigan
yer sathining o'zi 1 million
400 ming kvadrat metr.

(Matbuot xabaridan).

Yigirmanchi asr,
Undan ham nari,
Mahalla yerlari
edi bu yerlar.
Yiqilib ketguday,
nurab bitguday,
betartib qurilgan
uylar, devorlar.
Ko'chalar burama,
tor, egri-bugri,
o'ydim-u chuqurlar
loy kuz-u qishda.
Duch kelib qolishsa
ikki arava,
biri kutar edi
bir muyulishda.
Kamina «O'qchi»da
yashadim uch yil.
Ijara. Kunduz ish.
O'qish kechqurun.
…Kirib bormoqdaman
«Toshkent City»ga.
O'zimcha bir doston
bitmoqlik uchun.
Oh-h!..
To'rt tomon qaynoq,
hammayoqda ish.
Ish degan ham shunday
bo'lurmi, hayhot!
Har yonda poydevor,
turlik qurilish.
Bir bino bo'libdi,
mana, o'n qavat!
Yaqinlab boraman,
Bir qiz krandan
Shoshilmay, ohista
kelmoqda tushib.
Etlarim bijirlab
ketdi, ishoning,
qoldim ixtiyorsiz
yoqamni ushlab.
Boisi, o'zbek qiz,
yosh, istarali.
Nahotki, kranchi
bo'lsa-ya shu qiz?!
Tanishdik.
Nargiza.
Tushlik qilmoqqa
tushmoqda ekan u.
Ha, kranchi qiz.

KRANChI QIZ

Odam ersang tashqi suratga berma zeb,
Ona Yurtingni hamisha ayla zeb.

Anbar Otin

Er-u ko'k aylanar
o'z tegrasida,
Hech qachon, hech kimga
bermaydi hisob.
Lekin Insoniyat
xaritasida
O'z uyi – Yer shari
hisobli bob-bob.
Vatan deb atalmish
makon kitobi
O'qilur betma-bet,
varaqma-varaq.
Yoshgina kranchi
qizning mohtobi,
Mehnat-u hunardan
chaqmoqday yaraq.
Har kuni yuksakka
ko'tarilar u,
Yulduzga aylanar
erdan uzilib.
Yo'q! Yerdan uzilmas,
unda yumush mo'l
Va qancha tashvishlar
turar tizilib.
Bariga ulgurar…
U osmon qizi.
Uni shunday atar
butun jamoa.
Vahmkor, haybatli –
sariq krani
Tonnalab yuklarni
tashir bir yo'la!
Kimga beton kerak,
kimgadir temir,
G'ishtlarni basma-bas
etkazmoq kerak.
Qo'rquv nimaligin
bilmaydi qurg'ur,
To'rt yon nazarida,
har lahza sergak!
Nargiza dediki:
«Men o'zligimni,
To'g'risi, axtarib
yurardim ko'pdan,
Yo'l yo'lni topadi,
topoldim uni,
Samoviy maskandan,
shu kenglik – Ko'kdan!
Chirchiq vodiy bo'ylab
chiqadi oftob,
Epkin, shu`lalarga
yuzim tutaman.
U mehnat qilgaydir
biz bilan obdan,
Shomda xayrlashar…
men ham qaytaman».
O'z payti kelganda
gullaydi daraxt,
Nargiza daraxti
gullagan qiyg'os.
Uning tengqurlari,
bo'lmangiz karaxt,
Arzigay siz unga
qilsangiz havas!
Ba`zi adashganlar…
shaharma shahar,
Sarson-u sargardon
yurguvchilar bor.
Ularga begona
mehnat-u hunar,
Sayoq umidlar-u
orzulari yor.
Alhazar, ulardan!
Tuqqan yeringda
Tug'ing tik hamisha,
yoniq chirog'ing.
Unutma, saqlagil,
qalb-ko'kayingda,
Vatanda bo'lgaydir
bardavom bog'ing!
Nargiza! Pishgan gil
chinnisisan Sen,
Chinnikim, billuriy,
pokiza, toza.
Asr XXI.
O'zbekistonga
Ochilgan, ochilgay
oydin darvoza!

«Toshkent City» – «AQLLI ShAHAR»

Hech ish o'lmas ayru Xoliq amridin.
Alisher Navoiy,
«Badoe` ul-vasat»dan

«Toshkent City» – bu –
«Aqlli shahar».
Qanday shahar u –
Aqlli shahar?
Har imoratda
aniq qiyofa.
Qo'noq adashib
qolmas bir daf`a.
Mana, bu bino
doirasimon.
Tepadan boqsang
zangor ko'lsimon.
Mana, bunisi
ochiq kitobdir.
O'qiyman, desang,
qavat, bob-bobdir.
Mana, bu «Bobil
minorasi» – tik.
Asrlar oshib
Bu Shoshda «tirik».
Anov, binoga,
bir dam qara-chi,
Ochilayotgan
gul g'unchasi u!
Piramida, yo,
Kub, halqa yanglig'
binolarga, boq,
bari naqllik.
Manov, binolar
pod`ezd – mahalla.
Falakka qarab,
tik urar kalla!
Har biri barpo
bo'lgay po'latdan
rangdor shishalar
mustahkam, qat-qat.
«Smart» shaharda
4G mobil
internetiga
ega bo'lmoq shart.
Wi-Fi bilan u
aloqalarga
chaqmoq tezligi
ila bog'lanar.
Elektr quvvat
manbai toza,
onlayn zumda
soz yaraqlanar…
Avto saqlanar
Smart parkingda.
Ijaralarga
berilar oson.
Bunday sharoit
taraqqiyotga
munosib bo'lmoq
kerakdir Inson!
Har bino ichi
Fasllarga xos.
Qish chog'i issiq,
Yozda salqin mos.
Xonalar toza,
Havo mo'`tadil.
Quyosh tik tushmas,
Ko'z qamashmas, bil.
Har bir qavatda
Osma bog', gullar.
Rosmana daraxt
Rosmana gullar.
Ertakmi, deysan,
Nogoh-banogoh,
Otilib yotar,
Favvoralar, oh…
Qavatma-qavat
buram-buram yo'l.
Piyoda chiq, yo
Liftda ko'taril.
«Ofis»lar 45-
50 qavatli.
Tegrangni qurshar
Op-p-oq bulutlar.
Mehmonxonalar
5 ta yulduzli.
Qulf urar bog'lar
kecha-kunduzi.
Restoran, kafe
Taomli xil-xil.
Qish, ko'klam, yozin
mevalar sarxil.
Bunda Ovro'pa,
Osiyo bunda.
…Hozircha, mana,
U qurilmoqda!

POYDEVOR

«Toshkent City» loyihachilari yirik bir muammoga duch kelishdi. Zamin, yerning murakkab geologik strukturasi, geotextonik xususiyatlari…
(Matbuot xabaridan).

Osmoniy va Zaminiy
hodisotlar to'qnashar.
Ular tag-zamirida
muammolar qalashar.
Va lekin Inson aqli –
tafakkuri – Yetakchi,
Echilmas muammoni,
Qani, menga ko'rsat-chi?!.
Parmalar ishga tushdi,
Ishga tushdi burg'ular.
Zaminning qat-qatlami
Ilondayin buralar.
O'ljasini ko'rganda
jimqirib qanotlarin,
Havoni o'qday tilib
shundoq otilar lochin.
Ha, qirq besh gaz, tag'in qaz,
Ellik gaz, mana, yetar.
Bundayin qurilmada
Binolar osmono'par!
Bir minor peshtoqida
O'qigandim shunday gap:
«Poydevor tagin ishla,
Imorat umri abad!»
Boq, poydevorlar tayyor,
Poydevorlar metindek.
Ular tag-sabotiga
Sarhad yo'qdir, yo'qdir chek!
Bois, birlashdilar fan,
Tajriba-yu tafakkur.
Inson zakovatiga
olam-olam tashakkur!
Kun chiqar mamlakati
Yaponiyadan keldi Do'st!
Zilzilashunos olim,
O'z kasbida yo'q kam-ko'st!
Tuproqdagi oddiy gil
siri uning qo'lida.
Har muammo yechilur
Ong-shuurin yo'lida!
Amriqolik muhandis
O'zbekka bo'ldi qo'rdosh.
Rossiyalik injener
Azal-azaliy yo'ldosh.
Rasamading yoningda –
Oting yo'lda qolmagay.
Chin do'stlik, birodarlik
Tulporlari tolmagay!
Qancha imorat bo'lsa
Ko'tarar O'zbek Zamin.
Chin-mochin yerlaridan
Yo'q, Toshkent Yerin kami!!!
Kopengagen, Singapur.
Stokgolm, Tokio,
San-Fransisko, Syurix
erlari nahot a`lo?
Amsterdam, Jeneva,
Melburn yoki Boston,
«City»lar qurib bugun
Axir, tillarda doston.
O, yo'q!.. O'zbek Zamini
Alloh nazaridadir.
Har qarichi duoda,
Nazarkardadir Xizr!

QORATOShIY SAG'ANASI

Ma`lumotlarga ko'ra Hoja Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy 1788-1889 yillarda yashagan. Xalq orasida «Ahmad Ma`dum» nomi bilan mashhur bo'lgan. Ahmad Ma`dum tomonidan Jizzax, Zomin shahri, O'ratepa shahar (Tojikiston Respublikasi) va Shayhontohur tumanida 4 ta masjid qurilgan. Ushbu zot islomiy risolalar va she`rlar yozgan.

«Toshkent City» aro
turar sag'ana,
Ho'sh, nima qilmoqlik kerakdir uni?
U yon-bu yon surib
tashlamoq mumkin,
Lekin qandoq surmoq… uning Ruhini?
Toshkent aylanmoqda
Megapolisga,
Qadim obidalar ne bo'lar biroq?
Tevarak aylana
ulkan binolar,
Ular o'rtasida qabrlar chatoq…
Yo'q! Yo'q! Ular qolsin!
Eslatib tursin
Toshkentning kechasin, ajdodlar yodin!
Xotira, o'tmish bu,
Xotira bugun,
Xotira – kelajak, tik qadri, qaddi!
Tabarruk azlar bu!
Ular hech kimni
Hech qachon va aslo qilmas bezovta!
Bugun kabutarday
tozadir ruhi,
«Toshkent City» aro erur e`zozda!
Chiroq ko'targanga
qay bir xalq, millat,
safining oldidan joy bersa agar,
O'sha xalq yo'llari
dong'il, serhikmat,
Kelajagi erur oydin, bosamar!

PAYVANDChI BUNYoD

Ey do'st!
Ne mol-dunyo o'tmas davron ilkidan,
Bulut soyasidir har ganji a`lo.
Ko'rdim, ota-onang meros mulkidan
Qo'lingdagi hunar davlati avlo!

«Ey do'st» kitobidan

Qadim binolar
devori sinchli.
Poydevorlari
bo'yrama – to'sham.
O'tdi zamonlar,
Keldi davronlar,
O'zgarib ketdi
bu ashyolar ham.
Armaturalar,
po'latli simlar,
harki og'ochni
qoldirar ortda.
Har qanday yumush,
temirli har ish,
Mohir ustalar
qilgan payvandda!
Ko'kka bo'y cho'zgan
temir ustunlar,
Nigohingizni
qilmaganmi lol?
…Payvandchi Bunyod –
Nargiza do'sti.
Unga bir kuni
ayladim savol:
Qani, yosh do'stim,
Nima, bu payvand?
Nimada erur
Payvandlash siri?
Qorishmalarni
tutadi qanday? –
Ularni tortar
magnit singari?
Bunyod bir kulib:
Shoir bobo, – der, –
hech qanday sir yo'q,
Bor siri Mehnat!
Bog'bon daraxtga
qalamchalarni
payvand qilganday
odatiy hikmat!
Tog'da olqorning,
Kiyikning yoki
oyog'i sinsa
qilar davosin.
Mashaqqat chekib,
Cho'qqiga chiqib,
topib yeyishar
tog' mo'`miyosin!
Qarabsiz, singan
suyaklar butun.
Chopqir oyoqlar
o'qdayin yelar.
Bizning ishimiz,
payvandlash ishi,
mo'`miyolashdir
xuddi shu yo'la!
Yosh bir ishchining
bunday javobi,
meni hayratga
solganligi rost!
Ofarin, dedim,
Tasanno, dedim.
Dedim, shoirlar
Sendan olsin Dars!
…So'ng Bunyod ishga
kirishib ketdi.
Nargiz tomonga
qo'ydi bir qarab.
Nargiz yoqdan ham
kutib turganday,
qizil ro'molcha
qoldi hilpirab.
Temirpayvanddan
taralar uchqun,
go'yo Bunyodning
qalb o't-qo'rlari.
Mag'ribiy tog'dan
xuddi shu yanglig'
har tong yoyilar
quyosh nurlari.

KAMOLOT YO'LIDA

Yo'q edilar har neki – bor aylading.
Alisher Navoiy

Cheksiz koinotning
izmi yo'lida
Qachondir Yer shari
edi bus-butun.
Sirli-sinoatlar
o'ngi-so'lida
Yerda jarayonlar
boshlandi bir kun.
Ajraldi Zamin-Shar
qit`a-qit`aga,
Ummonlar, dengizlar
bag'riga kirdi.
Yaproqlar suzganday
suvlar sathida
Suzdilar… jarayon
hukmin o'tkardi!
Qavmlar, elatlar,
millatlar paydo,
Harki Yer, ularni
ayladi Vatan.
Harki xalq, o'zining
Yurtiga shaydo,
Uni obod, go'zal
qildi daf`atan!
Otamzamon gapi:
Qay xalq yo millat
Kamolot ko'kiga
intilmasa gar,
Uning kelajagi
shubhali albat,
Uning kelajagi
devorday nurar!
Bu uchun avvalo,
millatni millat
Qilguvchi Burch,
Davlat maqomi asos.
Bu ilm-fan erur,
bu madaniyat,
Bu ma`rifatdir, chin
e`tiqod, ixlos!
Sobit insonparvar
har bir jamiyat,
Adolat ildizin
qilolsa poydor,
Boqiy zafar quchgay
o'sha saltanat,
Yuzin qalbi yorug',
kimki, hukmdor!
Otlig', serg'ayrat xalq
pok ruh, vujudin
Payvand qila olsa
Alloh ishqiga,
Orif, go'zal hulq-u
irfon-u, hikmat,
Baxt-shavq-zavq bergaydir
o'shal kishiga!
Haqqi erur haqi –
hur O'zbekiston,
Uni obod qilmoq
barchamizga burch.
Azim Toshkent City –
mehnat – jarayon,
Uni bunyod qilmoq
ulug'vor sevinch!
O'zbekiston ko'ksi
Toshkent bo'lsa gar,
«Toshkent City»
unda yurak muqarrar!

Mening aziz xalqim,
azamat xalqim,
Jo'n va quroq, badfe`l
xalq emasdir bu!
Qadim Turon xalqim,
Turkiston xalqim,
Qadim Turkiy tilim,
Onam tili u!
Buyuk Amir Temur
jahongirligi,
Buyuk Ulug'bekning
ma`rifati yor.
Buyuk Xoja Ahror
kashf-karomati,
Buyuk Mir Alisher
ruhi barqaror!
Ha, ha! Shunday xalq bu,
bugun bunyodkor!
Intilmoqda Kamolot
asrori sari!
Tug'dona daraxt u, –
ildizli zalvor.
Bo'ron-to'fonlarda
o'q tomirlari!
Bunyodkor millatim,
obodkor xalqim,
Binokor millatim,
xalqim Sardori
Ko'tarib o'n ikki
yulduzli tug'in
Boshlab bormoqdadir
faqat ilgari!
Qaydakim elparvar,
yurtparvar Inson,
Bag'rikeng, adolatpesha bo'lsa U.
Uning mamlakati hur,
jannatmakon,
Uning mamlakati
farovon mangu!

2019 YIL, MART – IYuN.
JARAYoN

Hamal shamollari,
Ellar, epkinlar,
Har yonda Navro'ziy olam nafasi.
Boshlab yuborilgan
ekin-tikinlar,
Ko'kdan chalinadi turnalar sasi.
Mamlakat tinch, obod,
Xalqim farovon,
Yurt bo'ylab qandaydir parvoziy surur.
To'lib-toshib oqar
Zargar Zarafshon,
Amu suvlarida sirli bir g'ulu.
Gul-gul ochilgandir
Toshkent jamoli,
olqishlar bo'lsin-ay O'zbek yurtiga.
«City» ishchilarin
tabriklash uchun
Kirib bormoqdaman «Toshkent City»ga!
Mana, besh oydirki,
ularning ko'pi,
Shoir bobosi ila do'st, qadrdon.
Ana, shu qadrli
do'stlik hurmati
Ular dostonimda erur qahramon!

«HILTON»

Dunyo yetakchi
brendlari ko'p,
5 yulduz – «Hilton»
ularning biri.
Ko'zim oldida
«Hilton» Toshkandi
turar rostlangan
Semurg' singari.
O, «Hilton», «Hilton».
Ichkari tomon
yo'l oldim sekin
ko'z solib har yon!
Har bir xonada
barcha qulaylik.
Ta`riflariga
so'z uyalarlik.
Eshiklarida
yo'qdir kalit-qulf.
Ular o'rnida
smartfon aniq.
Barcha xonada
maxsus ko'rsatgich.
Uni atarlar
aqlli datchik.
Datchik birorta
noxushlik sezsa,
etkazar xabar
kerakli yerga!
Qayda yuribman,
«Paris City»mi?
Va yoki Xitoy
«Sint» kentlarimi?
Bunda majlislar
saroy, zallari.
Restaran, salon,
basseynlari,
Dizaynlarida
yorqin ranglar mo'l.
Goh tog'lar aksi,
gohi dengiz, ko'l.
Mehmonxonada
kim bo'lsa qo'noq,
Umrin yodida
saqlanar uzoq…

CONGRESS HALL

«Hilton» yonida
Bunda bo'lgaydir
Yirik sammitlar.
Sammitlarki,
erur xalqaro.
Zaliga to'rt ming
kishi bo'lur jo!
Jahon mezoni
har xonasida.
Naki, xonasi,
har ashyosida!
Davlatboshimiz,
muhtaram Inson,
Ko'rsatma berdi
aniq va lo'nda:
«Birinchi qavat,
albatta, bo'lsin,
Zamonaviy, soz
dizaynlarda.
Ikkinchi qavat
klassik uslub
jilolarini
etsin jamuljam.
Yo'laklar esa
Rassomlarimiz
ijodlaridan
bezansin ko'rkam!..»
Har tashrifida
nazarlaridan
birorta nuqta
chetta qolmagay.
Adolat bilan
yuritar amrin
shunda hech kishi
dog'da qolmagay!

«BIZNES MARKAZI»

«Dunyo tijorat ila oboddir…»
Amir Temur

…O'-o'!.. Ellik qavatli
«Biznes markazi»,
Ofarin! Tasanno! Ko'tarmoqda qad!
Toshkent Jamolungma
cho'qqi misoli
Ko'hna Ipak yo'lda bo'lgay sarbaland!
Atrofin o'ragan
karkas narvonlar,
Bunda g'isht teruvchi, bunda payvandchi.
Beton quyguvchilar,
elektriklar,
barchasi binokor, bari quruvchi!
Barchasi kasbining
mohirlaridir,
Olti mingdan oshiq ishchi Sitida.
Ular bugun tarix
yaratmoqdadir,
turli xalq birligi – birodarlikda!
Bunda qozoq, tojik,
qirg'iz, turkmanim,
qoraqalpoq, ozor, turk orqadoshim.
Shijoat sohibi,
oqil-u orif,
muhandis-u me`mor aziz qo'ldoshim!
Yodga tushib ketdi
mustabid zamon,
Mustamlaka zamon yovuzliklari.
Davlat mashinasin
Shaxs erkiga
qattol zug'um tajovuzliklari.
Kishikim, imorat
qurmoqlik uchun
Bir-ikki arava g'isht topsa agar,
Bulg'andi balchiqqa
insoniy sha`ni,
hatto qamoq jazo edi muqarrar.
Bari o'tdi, lekin
eslab turmoqlik,
Avlodlar yodiga xok-poki joiz.
Buyuk istiqlolning
anglasin qadrin,
Haqqa ilm, tafakkur idroki joiz!
Mana, ko'z oldimda
qaynoq jarayon,
Erkin mehnat zavqi, yaratish ishqi!
Din, irq, millat, mazhab
tushunchasidan
Baland Inson qaddi, yuksalish ishqi!

BULVAR

Yuraversang gar
qavatma-qavat,
Hayratlardankim
lopillar yurak.
Ohista chiqdim
ko'cha – maydonga.
Yo'limni burdim
Bulvar tomonga.
Sensor tizimi
ko'chalar bo'ylab,
chiroqlar yonar,
go'yoki o'ylab.
Yam-yashil chimzor,
po'rim to'shamlar.
Yo'lak chetlari
fasona toshlar,
Har yonda gullar,
chechaklar qiyg'os.
Millionlab sham
yoqilganday xos.
Yo dengiz marjon
qoyalarida
turli rang baliq
suzar go'yoki.
Brend do'koni,
unda qorovul
turmaydi endi
misli qirg'ovul.
Yo navbatchi kas…
Ular o'rnida,
Bas, «gologramma
apparati» bas.
7 chi – Lotda,
Saylgoh aro,
qahvaxonalar,
restoranlar xos.
Qo'noqxonalar,
ofis va savdo
majmualari
bog' sayriga mos!
Bunda favvora
kamalak rangli,
naq yigirma gaz
ko'tarilar u,
Kuylar eshilar
raqqosa misol,
ishqiy jilolar
aylaydi visol…

«Toshkent City»DA
KIMLAR YaShAYDI?

1994 yil 18-20 may.
O'zbekiston Prezidentining
Yaponiya mamlakatiga
rasmiy-amaliy tashrifi delegasiyasi
safida Tokioda bo'ldim. Bizga
ajratilgan oliy «New Otani»
mehmonxonasida turishim
kerak bo'lgan xonamning eshigini
ochishni eplay olmadim…

«Kundalik»imdan

Ha, hammasi to'g'ri,
ha, hammasi rost,
Eshikni ocholmay bo'lganman mulzam.
Texnik taraqqiyot
uquvlarini
bilmagan ekanmiz, o'ylab qarasam.
Qaydan ham bilardik,
zamona boshqa,
biz paxta dalasin bilardik chandon…
…O', bugun shiddatli
Vaqtning yo'rig'i,
Taraqqiyot yo'rig' – alp tegirmon!
Vaqtdan ortda qolmoq,
chiroq ko'targan
qahramon ortidan qolganday bir gap.
Innovasion
yangiliklardan
boxabar kishilar hayoti sharaf!
Demak, ayon «Toshkent –
City»da hayot
So'nggi taraqqiyot zaruriyati.
Eng avvalo, shunga
Munosib bo'lmoq,
har qanday insonning qulfin kaliti.
Bunda investorlar,
yashar mehmonlar,
xorijiy sayyohlar bo'lgaydir qo'noq.
Sitida xalqimning
yashamoq tarzi
shakllangay va bo'lgay umrzoq…

«GARDENS RESIDENCE»

Maxsus «Gardens
Residence»si,
Ya`ni turar joy,
bu majmualar,
ko'p xonadonli
oilaga xos.
Serfarzand elim
ularda yashar.
Ota-onaga
keksaygan mahal
xotirjam yashash
zarur havoday.
Ularga bunda
alohida, mos
ajratilgandir
qulay xonalar.
O'zbekning, nima,
ko'pdir mehmoni,
mehmonga hurmat
qoni-jonida,
Kirib kelishar
kuni-tun demay
istagan payti
har bir onida.
Shu sabab-bois,
mehmonlar uchun
ajratilgan joy –
xonalar butun.

SURUR

Seni sharaflayman,
aziz binokor,
Mahkam siqadirman qadoq qo'lingni.
Sen asl quruvchi,
asl bunyodkor,
Sharaflayman, osmon sari yo'lingni.
Imoratda kerak
adl bunyodi,
Har bitta g'isht-tayanch joyiga joiz.
Magarkim o'rnidan
og'sa sal nari
Yo'lidan adashgay osmono'par iz!
Loy-u qorishmalar
qayishday bellik,
Hamog'ush bo'lmog'i lozim har g'ishtga.
Imorat barpolik
erur tag-tuglik,
Umr fido bo'lsa arzir bu ishga!
Aziz bunyodkorim,
biringiz ishchi,
biringiz suvoqchi, biringiz g'ishtsoz,
biringiz duradgor,
kimdir pardozchi,
Sim – tarang eshdirki, jaranglaydi soz!
Sher o'ljasin bunda
tortmas chumoli
Fil yuki yuklanmas bunda pashshaga.
Har bitta ko'ngilda
ruhparvar nasim,
Munosib joy hozir har sarishtaga!
Hech qanday qora ish
yo'qdir jahonda,
U go'zal va to'g'ri yakun topsa gar!
Hatto farroshlarning,
ushbu maydonda,
Botartib ishlari qadrlanadir!
Baxt – xalaqit bermas
Burch hikmatiga,
Do'stlik-birodarlik inshoati bu!
Zamin, qoyil qolgil
El himmatiga,
Himmatlar qimmatin saltanati bu!
Har tog'ning eng yuksak
zirvasi bo'lgay,
Qo'rg'on-qal`aning Bosh-qosh me`mori.
Poydor «Toshkent City»
Koshonasining
Bosh me`mori erur Yurtim Sardori!
Hikmat bor: bir odam
qurgaydir ko'prik,
o'tgaydir ming-minglab odamlar undan.
Hikmat bor: bir odam
qazigay ariq,
son-ming odam ichar uning suvidan!
Roviy der: Tan kuchin
ko'targay pok ruh,
Haqqos rost! Tuganmas So'zim qayrog'i.
Mamlakat tomiri
qonida surur,
Sitida hilpirar Vatan bayrog'i!
O'zbekiston yo'li,
sharafli yo'l bu,
Hidoyatlik yo'l bu, orifli yo'l bu!
Bu yo'llarning aslo
adog'i yo'qdir,
Adolatlik yo'l bu, bu yo'llar mangu!
Seni sharaflayman
Zamondosh avlod,
Seni sharaflayman Zamondosh naslim.
Turfa gullar tutib
turibdi hayot,
Duogo'ydir ulug' ajdodim – aslim!

XOTIMA

Ayni O'zbekiston
kechagi emas,
Kechagi emasdir bugungi oftob.
Ayri bir evrilish,
qadamlar guras,
Bu mega dunyoda hur, erkin avlod!
Qarashlar o'zgacha,
nigohlar teran,
Har ish ertasiga e`timod nazar.
El-yurt xizmatiga
tayyor da`fatan,
Vatan taqdirini taqdiri bezar!
Qurilish… qurilish…
Innavasion
Yangilik qadamda, amaliyotda.
Faqatgina «Toshkent –
City»da emas,
Binolar qad rostlar taraf-tarafda!
Olmazor, Beshog'och
ko'chalarining
kesishmasi aro «Humo Arena».
Hozirgina kelib
to'xtagan yanglig'
Ummon ko'rfazida muhtasham Kema!
Islom taraqqiyot
binosi go'zal,
Sharqona jilolar – gumbazlar moviy.
Uning qoq nuqtasi
sipozarhal zal,
Unga qo'yilgaydir «Usmon Qur`oni»
Markaziy binoda
anjumanlar-u
Kutubxona zali, ko'rgazma zallar.
Ularda saqlangay
tarixiy manba,
Osori-atiqa va ashyolar.
Muqaddas islomning
mohiyatini,
Shu yerda uqqaydir navqiron avlod.
Chin – iymon hidoyat,
barokotini,
Adolat qonunin aylagay bunyod!
Men safar kishisi,
Vatanim bo'ylab,
Yukxaltam yelkamda, kezganim-kezgan.
Bugun Nukusdaman,
ertan Termizda,
Indinga Vodiyga oshgum g'izillab!
Har joyda qurilish…
bamisli ko'zgu…
Odamlar qalbida bir farovon ruh.
Ular qaddi, yuz –
ko'zida g'urur,
Idrok shuurida musaffo shukuh!
Ijod maktablari…
Munavvar go'sha,
Ilm-ma`rifatning o't-o'choqlari
Ulardan taralgay
Kishvarlar osha
Asl adabiyot hur saboqlari!!!

         * * *

Astronavt borar
Ko'kdan Yer tomon,
Kunduzi hech narsa
ko'rinmas unda.
Va lekin kechasi
boqqanda ko'rar
milliardlab chiroq
porlar Zaminda!
Chiroqlar… chiroqlar…
seryulduz ummon,
ummonki, tub-tubi
zim-ziyo, zulmat.
Shu zulmat ichida
mash`ala har yon,
Go'yo Prometey
yaratgan hilqat.
Markaziy Osiyo,
qaydasan, qayda?
Ana u, ana u,
Mana, bu Toshkand.
Toshkand o'rtasida,
ushlaysan yoqa,
Porlar «Toshkent City»,
naq qandilmonand!

Azim SUYuN

Boshqa xabarlar