Jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida

46

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yurtimizni xalqaro sport maydonlarida munosib ravishda tanitish, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (keyingi o'rinlarda – Vazirlik), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasini (keyingi o'rinlarda – Jamg'arma) tugatish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo'yilsinki:

tugatilayotgan Jamg'armaning jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bo'yicha moliyalashtirish funksiyasi O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatiladi;

jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash bo'yicha loyihalar hamda ularning manzilli ro'yxatlari har yili Vazirlik tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kelishilgan holda shakllantiriladi hamda navbatdagi yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasining Investisiya dasturiga kiritiladi;

tugatilayotgan Jamg'armaning mablag'lari hisobidan moliyalashtirilib kelingan jismoniy tarbiya va sport ob`ektlariga sport jihozlari, uskunalari va inventarlarini markazlashgan tartibda xarid qilish hamda yetkazib berish, respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini o'tkazish xarajatlari har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladi va O'zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasini shakllantirish va moliyalashtirish uchun har yili belgilangan tartibdaQoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, shuningdek, tuman (shahar) byudjetlari mablag'lari nazarda tutiladi;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Vazirlik bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019 yilga mo'ljallangan jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash manzilli dasturi markazlashtirilgan investisiyalar hisobidan moliyalashtiriladi;

tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo'limlarini, ulardagi bosh buxgalter lavozimlarini qisqartirgan holda, saqlash bilan bog'liq xarajatlar tuman (shahar) byudjetlari mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat markazlashgan buxgalteriya xizmati tashkil etilsin va ularga markazlashtirilgan tartibda tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo'limlarining moliya-buxgalteriya faoliyatini yuritish vazifasi yuklatilsin.

4. Vazirlik Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Jamg'arma va uning hududiy bo'linmalarining hisobraqamidagi qoldiq mablag'larni qonun hujjatlarida belgilangan to'lovlar amalga oshirilgandan so'ng O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga qaytarilishini ta`minlasin.

5. Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, sohani boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag'batlantirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlikning byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami (keyingi o'rinlarda – Maxsus hisob raqam) ochilsin.

6. Quyidagilar Maxsus hisob raqam mablag'larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo'yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta`minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari tomonidan tashkil etilgan qayta tayyorlash kurslarida o'qitishdan tushadigan mablag'larning 20 foizi;

Vazirlik tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan idoraviy mansub tashkilotlarning byudjetdan tashqari jamg'armalariga tushadigan mablag'larning 10 foizi;trenerlik faoliyati bilan shug'ullanish uchun attestasiyadan o'tkazishva ruxsatnomalar berish, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog'lomlashtirish va sport inshootlarini pasportlashtirish hisobidan tushadigan mablag'larning 15 foizi;

O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida o'qitishning to'lov-kontrakt summalari hisobidan tushadigan mablag'larning 5 foizi miqdoridagi ajratmalar;

Maxsus hisob raqamdagi vaqtincha bo'sh mablag'larni joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko'maklashish mablag'lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag'lar.

7. Belgilansinki, Maxsus hisob raqam mablag'laridan:

Vazirlikning markaziy apparati xodimlariga har oylik ustamalar, mukofotlar va boshqa rag'batlantiruvchi to'lovlar to'lash;

yuqori malakali xorijiy ekspertlar va xorijdagi vatandoshlarni Vazirlikda ishlash uchun jalb qilish;

Vazirlik, uning hududiy bo'linmalari va idoraviy bo'ysunuvidagi tashkilotlarning bino va inshootlarini saqlash, foydalanish, ularni qurish va ta`mirlash, zarur anjomlar, shu jumladan, mebel, aloqa vositalari, kompyuterlar va boshqa vositalar bilan ta`minlash, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha xarajatlarni moliyalashtirish;

Vazirlik xodimlarini xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta`lim va boshqa muassasalarida o'qitish, malakasini oshirish;

Vazirlik xodimlarining mamlakat hududidagi va xorijiy mamlakatlardagi xizmat safarlari bilan bog'liq xarajatlarini to'lash;

Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.

8. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamg'arma tugatilishini inobatga olib:

a) 2019 yilda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari mablag'lari doirasida va O'zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo'shimcha manbalari hisobidan:

jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bilan bog'liq xarajatlar;

tuman (shahar) sport bo'limlarini saqlash xarajatlari;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi uchun talab etiladigan qo'shimcha mablag'lar ajratilishini ta`minlasin;

b) 2020 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining asosiy parametrlarini shakllantirishda:

Vazirlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq markazlashgan tartibda jismoniy tarbiya va sport ob`ektlariga sport jihozlari, uskunalari va inventarlarini xarid qilish va yetkazib berish hamda sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasini shakllantirish uchun respublika byudjeti parametrlarida;

tuman (shahar) sport bo'limlarini saqlash hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalarini shakllantirish uchun tegishli ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlari, shuningdek, tuman (shahar) byudjetlari parametrlarida zarur mablag'larni nazarda tutsin.

9. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Jamg'arma va uning hududiy bo'linmalari tugatilishi natijasida bo'shaydigan bino va inshootlar, inventar va uskunalar hamda avtotransport vositalarini Vazirlik va uning hududiy bo'linmalariga o'tkazilishini ta`minlasin.

Tasdiqlangan limitdan ortiqcha avtotransport vositalari belgilangan tartibda sotilsin va ularni sotishdan tushgan mablag'lar Davlat byudjeti daromadlariga o'tkazilsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tugatilayotgan Jamg'arma va uning hududiy bo'linmalari xodimlarini ish bilan ta`minlash choralarini ko'rsin.

11. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport ob`ektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha injiniring kompaniyasi tashkil etilsin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Sport ob`ektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha injiniring kompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo'yicha qaror qabul qilsin.

12. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda jismoniy tarbiya va sport ob`ektlarini qurishda ilg'or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovasion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan konstruksiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta`minlasin.

13. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq o'zgartirishlar kiritilsin.

14. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.15. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlarigaushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                          Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 26 avgust 

O'zA

Boshqa xabarlar