O'ZBEKISTON PREZIDENTI YuNESKO BOSh DIREKTORINI QABUL QILDI

102

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Mirziyoev 26 avgust kuni Samarqand shahrida BMTning ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, O'zbekiston va YuNESKO o'rtasidagi konstruktiv muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Odri Azulening ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bosh direktori sifatidagi mazkur ilk tashrifi o'tgan yili Parij shahrida bo'lib o'tgan uchrashuvning mantiqiy davomi bo'lib, ustuvor yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida tomonlarning intilishi qat`iy ekanidan dalolat berishi ta`kidlandi.
Bugungi kunda YuNESKO tomonidan birinchi marta qabul qilingan Mamlakat dasturi doirasida ustuvor yo'nalish­lar bo'yi­­cha qo'shma chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning noyob moddiy va nomoddiy madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Jahonning ilg'or tajribasini chuqur o'rganish va tat­biq etish maqsadida yurtimizda YuNESKO kafedralari tarmog'i kengaymoqda. Bu yerda gap O'zbekistonning yetakchi oliy ta`lim muassasalarida «Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish», «Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi», «Madaniyat turizmi» kabi kafed­ralar ochilishi haqida bormoqda.
YuNESKO ko'magida mamlakatimizda «Sharq taronalari», baxshichilik san`ati, hunarmandchilik festivallari, Maqom san`ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.
Uchrashuvda keng ko'lamli sheriklikni yanada rivoj­lantirish, jumladan, Jahon merosi qo'mitasining nav­batdagi sessiyasi yakunida erishilgan kelishuvlarni so'zsiz amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O'zbekistonda madaniy meros ob`ektlarini rivojlantirish va asrash sohasidagi faol sa`y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Samarqandda shu mavzuga bag'ishlab muvaffaqiyatli o'tkazilgan qo'shma xalqaro konferensiya natijalari yuksak baholandi.
Madaniyat, ta`lim va fan, gender siyosati yo'nalishlarida hamda ekologiya, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo'nalishida amaliy hamkorlik istiqbollari ko'rib chiqildi.
YuNESKO Bosh direktori samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini ro'yobga chiqarish, ta`lim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim o'zgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YuNESKO O'zbekiston bilan keng ko'lamli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirish va mustahkamlashda qat`iy ekani tasdiqlandi.

***

Shavkat Mirziyoev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.
Prezident topshirig'iga muvofiq, Imom Buxoriy majmua­sini rekonstruksiya qilish va kengaytirish ko'zda tutilgan. Simmetrik tarzda ikkita masjid va to'rtta minora qurish, yo'ldan kirib kelishda xiyobon, uning atrofida kichik mehmonxonalar va yirik otel, boshqa infratuzilma ob`ektlarini bunyod etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari majmuani rekonstruksiya qilishga oid takliflar bilan tanishdi.
– Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiy merosiga, islom olamidagi yuksak maqomiga munosib bo'lishi kerak. Masjid­lar keng va mahobatli bo'lishi lozim. Devorlarga sahih hadislardan lavhlar yozib qo'yilsa, majmuaning mazmuni yanada boyiydi. Bu yoshlarga bilim, ma`naviy ozuqa beradi. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanda ziyoratchilar qancha bo'lishidan qat`i nazar, barcha qulay ­sharoit bo'lishi kerak, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoev majmua rekonstruksiyasini shoshmasdan, sifatli va chuqur o'ylab loyihalashtirish, xorij tajribasini o'rganib, ziyoratchilarga yanada keng qulaylik yaratish zarurligini ta`kidladi.
Majmuadagi ishlar mamlakatimizda ilm-ma`rifatni rivojlantirish, dinga e`tiqod qiluvchilarga erkinlik va ­sharoit yaratish borasida navbatdagi xayrli qadam bo'ladi.

***

Prezident Shavkat ­Mirziyoev «Sharq taronalari» xalqaro musiqa fes­tivalini yoritish uchun kelgan mahalliy va xorijiy blogerlar bilan suhbatlashdi.
– Keyingi yillarda O'zbekiston dunyoga ochilmoqda va xalqaro hamjamiyatga haqiqatni yetkazishga intilish bor. Eng muhimi, muhokama qilish, tanqid qilish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizda islohotlarni, madaniyatimiz, tarixiy obidalarimizni butun dunyoga tarannum etishda blogerlarning o'rni katta ekani ta`kidlandi.
– Sizlarni jonajon O'zbekistonimizda, qadimiy sivilizasiya markazi Samarqandda ko'rib turganimdan bag'oyat mamnunman. Bugun biz O'zbekistonning yangi tarixini yaratyapmiz. Maqsadimiz – xalqimizga xizmat qilish, odamlarni rozi qilish va kelajakka ishonch bilan qarashini ta`minlash. Bunga sizlar ham hissa qo'shasizlar, deb ishonaman, – dedi Prezident.
– Orangizda o'zimizning qorako'zlarimizni ko'rib turibman. Bu menga iftixor bag'ish­laydi. Bilingki, Prezident sizlarni doim qo'llab-quvvatlaydi, – deya ta`kid­ladi ­Shavkat Mirziyoev.
Muloqot so'ngida Prezident blogerlar bilan suratga tushdi, ularning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

O'zA

Boshqa xabarlar