Qog'ozda qolayotgan dastur…

129

Farg'ona viloyatining Uchko'prik tumanidagi «Mehnatobod», «Qumariq» va «Yulg'unzor» mahallalari joriy yil uchun belgilangan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Xo'sh, dastur doirasida mazkur hududlarda qanday ishlar amalga oshirilgan? Hududlarda bo'lib, shu savolga javob izladik.

Barcha ishlar «BESh»(MI?)


«Mehnatobod» MFY tuman markazidan 25 kilometr olisda joylashgan. Bu yerda 1570 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug'ullanadi.
Hududda shu kungacha «Obod qishloq» Davlat dasturi doirasida 4 ta ko'p qavatli uy va irrigasiya tarmoqlarini ta`mirlash, tungi yoritish ustunlari o'rnatish, piyodalar yo'laklarini ta`mirlash, ichimlik suvi tarmog'ini tortish, suv minorasini o'rnatish, ko'chalarga shag'al yotqizish va asfaltlash, elektr tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilgan. Biroq bu dastur doirasidagi barcha ishlar «besh» degani emas.
Bajarilmagan ishlar ham talaygina. Misol uchun, ­qishloqdagi 300 nafar o'g'il-qiz ta`lim oladigan 44-maktab joriy ta`mirdan chiqarilib, yangi o'quv yiliga shay holga keltirilishi kerak edi. Biroq ikki qavatli muassasaning birinchi qavatida zalning devorlariga pardoz berilib, 6 ta eshik va 5 ta deraza romlari yangisiga almashtirilgan, xolos. Ikkinchi qavatga esa qo'l ham urilmagan.

«Mehnatobod» MFY raisi Zikrullo Sodiqovning aytishicha, ta`mirlash ishlariga 87 million so'm mablag' ajratilgan. Qurilish tashkiloti shunga loyiq ta`mirlash ishlarini bajarib, ishni shu joyida to'xtatgan. Sinf xonalaridagi manzara ham maqtagudek emas. Ayrim sinf xonalarining oynasi yo'qligi bois derazalarga faner qoqilgan bo'lsa, boshqasiga amal-taqal qilib oyna bo'lagi yopishtirilgan.


Sinf partalari ta`mirga juda muhtoj. Partalarga turli ismlar, «I love you» kabi «bitiklar» o'yib yozilgan. Maktab binosining tashqi qismi ta`mirdan chiqqan bo'lsa-da, ishlar tunda bajarilgan, shekilli, suvoq ishlari talab darajasida emas.
Dasturga kiritilgan qishloq oilaviy poliklinikasi 1570 nafar aholiga xizmat ko'rsatadi. Muassasada mart oyida ta`mirlash ishlari boshlangan-u, lekin oxiriga yetkazilmay, o'lda-jo'lda qolib ketgan.
– Boshida ta`mirlash ishlari binoyidek ketayotgan edi. Keyin negadir ishlar o'zidan o'zi to'xtab qoldi, – deydi hamshira Ziyoda Mirzaolimova. – Eshitishimizcha, ustalar bosh­­qa joyda ishlayotgan ekan. Binoning oldi qismidagi eski romlar olib tashlanib, yangi romlar o'rnatildi. Biroq romlarga oyna o'rnatilmagani sababli bino ochiq holda qolib ketdi. Hozir tashqaridan ko'tarilgan chang-to'zon muassasaga yopirilib ­kiryapti. Bu esa muolaja olishga kelayotgan bemorlarga ko'plab noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Aksiga olib, muassasada farroshlik shtati ham yo'q.
Muassasani ko'zdan kechirar ekanmiz, ishlar haqiqatan o'z holiga tashlab qo'yilganiga guvoh bo'ldik.

Mahalliy aholi bilan suhbatlashganimizda ular mazkur muassasada pediatr, muolaja hamshirasi, laborant kabi mutaxassislar yetishmasligini aytishdi. Bolalarni emlash uchun ham 25 kilometr masofa bosib o'tib, tuman markaziga borib-kelishga to'g'ri kelar ekan. Agar muassasada tezroq ta`mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilib, mutaxassislar ishga jalb etilsa, aholining tuman markaziga qatnashiga hojat qolmas edi.


Bundan tashqari, Navbahor ko'chasidagi ko'p qavatli uylar oldida bolalar maydonchasi va sport maydonchasini barpo etish, 2 ta chiqindi yig'ish punktini qurish, 2 kilometr masofada daraxt ekish va gulzorlar tashkil etish ishlari ham bajarilishi lozim. Biroq bu ishlarga hali qo'l urilgani yo'q.

Shifoxona shiferi
qoqildi, xolos…


«Qumariq» MFYda 6300 nafar aholi yashaydi. Hududda dastur doirasida 2 kilometr piyodalar yo'lagini ta`mirlash, 2 ta chiqindi yig'ish punktini qurish, 1,7 kilometr hududda daraxtzor va gulzorlar tashkil etish, 1 ta sug'orish qudug'ini qazish, 86 dona tungi ko'cha yoritish ustunlarini o'rnatish va 6 kilometrlik elektr kabellarini tortish, 1 ta suv minorasini o'rnatish, ­qishloq oilaviy poliklinikasining mukammal ta`mirlanishi rejalashtirilgan. Afsuski, ayni payt­gacha bu ishlarning birortasi bajarilmagan.
Qishloq oilaviy poliklinikasi binosining tom qismidagi eski shiferlar yangisiga almashtirilgan, xolos.
«Qumariq» MFYdagi ko'chalarga 65 ta 9 metrlik, 22 ta 11 metrlik beton ustunlar o'rnatilib, sim tortilgan. Abadiyot, Tadbirkorlar, Mustaqillik, O'rikzor, Obod diyor, Shoh, Ariqbo'yi, Arab qo'rg'oncha ko'chalariga ichimlik suvi tarmog'i tortilib, shu ko'chalarga qisman shag'al yotqizilgan. Ochig'i, bu yerda bajarilganidan ko'ra bajarilmagan ishlarning ko'pligini ko'rib, «Qumariq» «Obod qish­loq» dasturiga tushganmidi?» degan o'y bilan ortga qaytdik.

Sport zalisiz maktab,
qurilmagan bog'cha…


«Yulg'unzor» MFYda dastur doirasida shu kungacha ko'chalarga 5,8 kilometr yo'lga shag'al yotqizilib, 3 kilometr yo'l asfalt­langan. Eski sim yog'ochlar temir beton ustunlarga almashtirilgan. 4,3 kilometr elektr tarmoqlari ta`mirlangan. Hikmat va Qo'rg'oncha ko'chasiga 2 ta yangi transformator punkti keltirilib, o'rnatilgan. O'rda, Qo'rg'oncha, Hikmat, Karvon ko'chalariga 2 kilometr suv tarmoqlari tortilgan. Qo'rg'oncha va O'rda ko'chalariga 2 ta suv minorasi o'rnatilib, montaj ishlari bajarilmoqda. 1,5 kilometr masofadagi irrigasiya tarmog'idagi ishlar yakunlangan. Dasturga kiritilgan 38-umumta`lim maktabida ham ishlar qizg'in.
Ammo 1 kilometrlik piyodalar yo'lagining qurilishi, 1,3 kilometr masofada daraxtzor va gulzorlar tashkil etish, tungi ko'cha yoritish ustunlarini o'rnatish, bog'cha qurish kabi ishlar hali bajarilganicha yo'q.

– Qishlog'imizdagi 38-maktabda 500 nafardan ortiq o'quvchi tahsil oladi, – ­deydi «Yulg'unzor» MFY raisi Toir Obiljonov. – Biroq maktabimizda sport zali, ­faollar zali, oshxona yo'q. Maktab hududida sport zal uchun ham, oshxona uchun ham yetarlicha joy bor. Agar mas`ullar shularni qurib berishsa, bu maktab o'quvchilari uchun eng katta sovg'a bo'lar edi. Chunki o'quvchilarning qishning sovuq va yomg'irli kunlarida sport bilan shug'ullanishlari uchun umuman sharoit yo'q.


Dasturga asosan «Yulg'unzor» MFY hududida bolalar bog'chasini qurish rejalashtirilgan bo'lsa-da, bu borada birorta amaliy harakat boshlanmagan.
– Mahallamizda 2941 aholi yashaydi. Shundan 353 nafari bog'cha yoshidagi bolalar, – deydi mahalla raisi T.Obiljonov. – Hududda «Obod qishloq» dasturi doirasida 150 o'rinli bolalar bog'chasi qurilishi kerak edi. Lekin bu ishlardan hali darak yo'q. Bog'cha yo'qligi bois ota-onalar bolalarini 3-5 kilometr uzoqlikdagi Poloxon, Gulis­ton, Yakkatut, Zig'ir qishloqlariga, hatto, ba`zilari 8 kilometr masofaga – tuman markazidagi bog'chalarga olib bormoqda.

Shu o'rinda yana bir gapni aytib o'tishni lozim topdik. «Yulg'unzor», «Qumariq», «Mehnatobod» MFYlarda, dasturga ko'ra, 5 kilometr­­ga yaqin masofada gulzor tashkil qilish qayd etib qo'yilgan bo'lsa-da, gulzor u yoqda tursin, hatto, asosiy ko'cha chetlariga bitta ham gul ekilmagan.


«Obod qishloq» dasturi ijrosi to'liq bajarilmayapti. Yozning issiq kunlari qurilish, ta`mirlash ishlarini bajarish uchun eng qulay paytdir. Har bir kun g'animat. Shunday ekan, mutasaddilar shoshilishi kerak emasmi?

Jamshid ERGAShEV,

“ISHONCH”

Boshqa xabarlar