O'zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to'g'risida

33

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatda amalga oshirilayotgan mavjud ilmiy-texnologik yo'nalishlarni kengaytirish va talab yuqori bo'lgan yangi yo'nalishlarni yaratishga qaratilgan faol investisiya siyosati, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar innovasiyalar, nano-texnologiyalar, atom energetikasi, kosmik sanoat kabi hali foydalanilmagan yuqori ilmiy hajmdor, texnologik va keng ko'lamli faoliyat yo'nalishlaridan foydalanishni talab etadi.

O'zbekiston Respublikasida mashinasozlik sohasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur bo'lgan muhim ilmiy-texnik, sinov-ishlab chiqarish, tajriba-izlanish salohiyati, yetarli intellektual va kasbga doir resurslar, muayyan bazaviy kosmik infratuzilma mavjud.

Shu bilan birga, mamlakatda qishloq va suv xo'jaligi, ekologiya, telekommunikasiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirish imkoniga ega bo'lgan yerni masofadan turib zondlash, yo'ldosh aloqa, navigasiya tizimlari kabi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat deyarli amalga oshirilmayapti.

Mamlakatning yanada barqaror rivojlanishi, jumladan, iqtisodiyotning turli sohalarida innovasion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi xavfsizligini ta`minlash maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi o'rinlarda – “O'zbekkosmos” agentligi) tashkil etilsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Telekommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasining Yo'ldosh aloqa texnologiyalari boshqarmasi tugatilsin va uning bo'shaydigan 5 ta shtat birligi “O'zbekkosmos” agentligiga o'tkazilsin.

Belgilansinki:

“O'zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo'nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas`ul bo'lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

“O'zbekkosmos” agentligi xodimlarining cheklangan soni 37 ta shtat birligini tashkil etadi;

“O'zbekkosmos” agentligi bosh direktori, bosh direktor o'rinbosarlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

“O'zbekkosmos” agentligi bosh direktori maqomi, mehnatga haq to'lash, tibbiy va transport xizmati ko'rsatish shartlariga ko'ra vazirning birinchi o'rinbosariga, bosh direktor o'rinbosarlari esa vazir o'rinbosarlariga tenglashtiriladi;

“O'zbekkosmos” agentligi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Quyidagilar “O'zbekkosmos” agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo'nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

O'zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

kosmik faoliyat sohasining lozim darajada rivojlanishi, sohaga tegishli va u bilan bog'liq ishlar, xizmat ko'rsatishning bajarilishini ta`minlash maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovasion ishlarni rivojlantirish bo'yichakompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyatning barcha yo'nalishlari bo'yicha kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta`lim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yo'ldoshli aloqa kosmik apparatlarini qo'llagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda ko'maklashish;

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

xorijiy investisiyalar va ilg'or texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

kosmik va yo'ldosh texnologiyalarni joriy etish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini ta`minlash;

kosmik faoliyatning ayrim yo'nalishlari tijoratlashtirilishini rag'batlantirish.

4. “O'zbekkosmos” agentligi huzurida O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi xalqaro ekspertlarni o'z tarkibiga kiritgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashitashkil etilsin.

Belgilansinki, kosmik tarmoqni rivojlantirishning strategik masalalari bo'yicha qarorlar qabul qilish “O'zbekkosmos” agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.

5. 2019-2020 yillarda O'zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish bo'yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. “O'zbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 noyabrga qadar O'zbekiston Respublikasining Kosmik faoliyat to'g'risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

2020 yil 1 iyulga qadar 2020-2030 yillar davomida O'zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturi (keyingi o'rinlarda – Dastur) loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida e`tibor qaratilsin:

O'zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirish bo'yicha yaxlit ko'rishni ishlab chiqish va strategik vazifalarni samarali hal qilish;

sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta`minlovchi zamonaviy ilg'or texnologiyalarni qo'llagan holda kosmik tarmoq va tegishli infratuzilma ob`ektlarini qurish;

oliy ta`lim muassasalarida hamda o'quv markazlarida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish.

8. “O'zbekkosmos” agentligi O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar va grantlarni jalb qilish maqsadida Dastur doirasidagi loyiha takliflari pasportini O'zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga kelgusida xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan ko'rib chiqish uchun taqdim etsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risidagi takliflarni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

     Prezidenti                          Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 30 avgust

O'zA

Boshqa xabarlar