MARD VA OLIJANOB XALQIMIZNING BOQIY BAYRAMI

40

«O'zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida
Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bag'ishlangan
bayram tantanasi bo'lib o'tdi

Mustaqillik – xalqimiz erishgan eng ulug', eng buyuk ne`mat. Ota-bobolarimiz ozodlik yo'lida ne-ne og'ir sinovlarni, mashaqqatlarni bosib o'tgan, jon olib jon bergan.
1991 yil 1 sentyabrda Vatanimiz o'z mustaqilligini qo'lga kiritishi xalqimiz uchun olamshumul tarixiy voqea bo'ldi. Mustaqillik tufayli biz ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O'zbekistonning bor bo'yi-bas­tini butun dunyoga namoyon qilmoqdamiz. Xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g'ayrati, azm-u shijoati bois O'zbekistonimizning shon-shuhrati olam uzra yoyilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, istiqlol obod va farovon kelajagimizni o'z qo'limiz bilan bunyod etish uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochdi – nimagaki erishgan bo'lsak, hammasi mustaqillik sharofatidandir.

Bugun xalqimiz Prezident ­Shavkat Mirziyoev boshchiligida O'zbekistonning yangi tarixini yaratmoqda. Har jabhada, har bir hududda olib borilayotgan o'zgarishlar mamlakatimizning xalqaro siyosiy nufuzini oshirib, iqtisodiyotini yuksaltirmoqda, xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
Har yili Mustaqillik bayrami taraqqiyot yo'limizning yangi bosqichiga hamohang yangi-yangi marralar bilan nishonlanadi. Bu yil bu marralarning ko'lami yanada keng. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, Vatanimiz mustaqilligining 28 yillik bayramiga qizg'in tayyorgarlik ko'rildi. Qutlug' sanaga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirlar «Jonajon O'zbekistonim, mangu bo'l omon!» degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgani har bir yurtdoshimizni ezgulikka ruhlantirdi. Barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda eng ulug', eng aziz ushbu bayramni munosib nishonlashga alohida e`tibor qaratildi.
31 avgust. «O'zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi. Parlament va hukumat a`zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari Vatanimiz mus­taqilligining 28 yilligiga bag'ish­lab o'tadigan bayram tantanasiga yig'ilgan.
Saroyga O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kirib keldi. Davlatimiz rahbari minbarga taklif etildi. Prezidentimiz xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etib, ezgu niyatlarini izhor qildi.
O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Yig'ilganlar qo'llarini ko'ksiga qo'yib, mustaqillik qo'shig'iga jo'r bo'ldi. Ohang og'ushida betakror Vatan manzaralari, istiqlol tarixi lavhalarda gavdalandi.
Mustaqil O'zbekistonimiz yana bir yoshga ulg'aydi. Ushbu bayramni har yili katta shod-u xurramlik bilan kutib olamiz. Mamlakatimiz siyosiy va iqtisodiy modernizasiya yo'lida katta yutuqlarga erishayotgani, zamonaviy davlatga aylangani, xalqchil islohotlar odamlarda ertangi kelajakka ishonchni mus­tahkamlayotgani, erishgan natijalarimiz jahon hamjamiyati tomonidan namuna sifatida keng e`tirof etilayotgani quvonchimizni bir necha karra oshiradi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosidagi «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari»g'oyasiga muvofiq tarzda barcha sohalar yangilanmoqda, deb alohida ta`kidlash joiz.
Keyingi yillarda mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni isloh etish, qonun ustuvorligini ta`minlash borasidagi o'zgarishlar jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har bir inson o'z orzu-intilishlarini ro'yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida Prezident imzolagan «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat`iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi farmon davlatimiz yuritayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'i bo'ldi. Farmonga muvofiq sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o'tayotgan va qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lib, tuzalish yo'liga o'tgan fuqarolar afv etildi. Bu bayram kunlari ko'plab oilalarga quvonch olib kirdi.
Mamlakatimizda 2019 yil Faol investisiyalar va ijtimoiy rivoj­lanish yili, deb e`lon qilindi. Joriy yilda barcha manbalar hisobidan qariyb 138 trillion so'mlik yoki 2018 yilga nisbatan 16 foiz ko'p investisiyalarni o'zlashtirish bo'yicha marralar qo'yilgan. Zero, investisiyalar iqtisodiyot barqarorligini oshiradi, yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobiga yetakchi sohalarni rivoj­lantirishni ta`minlaydi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yildagi vazifalarning asosiy yo'nalishlariga to'xtalib, faol investisiya siyosati izchil davom ettirilishini ta`kidladi. Chunki investisiyalarni ko'proq jalb qilish real daromadlarni oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish, eksport hajmini o'stirish, pirovardida ijtimoiy muammolarni hal qilishga keng yo'l ochadi.
Ko'rilayotgan ana shunday tizimli chora-tadbirlar samarasi o'laroq, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 5,8 foiz o'sdi. Qariyb 86 trillion so'm, ya`ni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko'p investisiyalar o'zlashtirildi. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta investisiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari jahondagi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan e`tirof etilmoqda. Xususan, «Fitch Ratings» va «Standart & Poor’s»agentliklari birinchi marta mamlakatimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. «Barqaror» prognoziga ega bo'lgan bu reyting baholari O'zbekiston egallagan pog'ona ko'pgina rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan yuqori ekanini ko'rsatadi.
Xalqimizning hayot sifatini oshirish, qishloqlarni obod qilish izchil davom etmoqda. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» das­turlari eng chekka hududlarga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirdi. Odamlarda yanada yaxshi yashashga ishtiyoq, qish­loqda turmush madaniyati oshdi.
Xotin-qizlar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ularning manfaatlarini ta`minlashga xizmat qilmoqda. Har bir tumanda xotin-qizlar uchun ish o'rinlari tashkil etilmoqda, yoshlarning iste`dodini yuzaga chiqarish va jismonan chiniqishiga sharoit, ma`naviyatini boyitishga imkoniyat yaratilmoqda.
Bu jihatlar – xotin-qizlar va yoshlarning hayotdan mamnunligi oshib borayotgani bayram tomoshasida turli tillarda yangragan qo'shiqlar, milliy-etnografik guruhlarning chiqishlarida ham yaqqol namoyon bo'ldi.
O'zbekistonning ochiqlik, o'zaro teng va manfaatli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosati hamkorlarimiz safini kengaytirmoqda. Rivojlangan davlatlar, dunyoga dong'i ketgan bank va kompaniyalar biz bilan hamkorlikka intilmoqda. O'zbekis­tonning tashqi siyosatdagi yangicha yondashuvlari Markaziy Osiyoda siyosiy vaziyatni sog'lomlashtirdi.
Eng muhimi, mustaqillik tufayli qo'lga kiritilgan bunday yutuq va natijalar mohiyati har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga yetib bormoqda, ularning ruhi va kayfiyatini ko'tarmoqda, yangi, yanada yuksak marralarga ilhomlantirmoqda. Istiqlolning xalqimiz, mamlakatimiz hayotida tutgan beqiyos o'rnini, har birimiz uchun qanchalik ­qadrli ekanini yana bir karra namoyon etmoqda, eng ulug', eng aziz bayramimizga yanada teran mazmun bag'ishlamoqda.
Istiqlol yillarida boy tariximiz va madaniy merosimiz, din-u diyonatimiz, ko'hna urf-­odat va an`analarimiz qayta tiklangani, konfessiyalararo va millatlararo totuvlik, o'zaro mehr-oqibat, bag'rikenglik, hamjihatlik kabi ezgu fazilatlar milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan uyg'unlashib, hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgani har birimizga cheksiz g'urur va iftixor baxsh etadi.
Bayram tantanasida istiqlolni, ozod va hur Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo'shiqlar, she`rlar yangradi. Bolalarning sho'x chiqishlari barchaga tabassum ulashdi. Harbiylarimizning mardonavor ovozi dillarga ko'chdi. Jahon mumtoz musiqasi namunalari bir olam zavq bag'ishladi.
Yangragan kuy-qo'shiqlar dillardan dillarga ko'chadi, olis-­olislarga taraladi va aks-sado beradi – har bir viloyat, tuman, shahar, qish­loq va ovul istiqlolni nishonlaydi. Mamlakatimizning barcha hududlarida shukuhli bayram tantanalari, xalq sayillari davom etmoqda.

Matnazar ELMURODOV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar