Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi

96

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Mirziyoevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bir guruh yurtdosh­larimiz va mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijliklar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Ko'ksaroy qarorgohida 31 avgust kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo'ldi.
Shavkat Mirziyoev yig'ilganlarni, ularning timsolida joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etdi.
Bugun barcha-barcha jabhalarda o'zgarishlar ro'y bermoqda. O'zbekistonning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, hududlarni kompleks rivoj­lantirish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot, odamlar turmushida katta o'zgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning dastlabki natijalari ko'zga tashlanayotgani ta`kidlandi.
– Xalq bilan hech qachon bunday muloqot bo'lmagan. Odamlarni eshitib, ularning muammolariga quloq solsak, kelajakda qiladigan ishlarimiz rejasi to'g'ri bo'ladi. Eng asosiysi, xalqimiz ishonchi bizga kuch beradi, – dedi Prezident.
O'zbekistonning xalqchil, insonparvar siyosatini dunyo hamjamiyati e`tirof etmoqda. Tashqi va ichki siyosat keng ko'lamli muloqot va munosabatlar asosida, uyg'un holda olib borilmoqda.
– Biz uchun bitta-yu bitta to'g'ri yo'l, yagona maqsad millatimiz, xalqimiz, jonajon O'zbekistonimiz manfaatini yuqori tutishdir. Buning uchun doimo yetti o'lchab, bir marta kesadigan siyosat olib borishimiz kerak. Oldimizda murakkab vazifalar turibdi. Xalqimizga, sizlar kabi mard va shijoatli yurtdoshlarimizga ishonib, marrani katta oldik, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoev marosimga yig'ilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Vatanimizning asl farzandlari, vijdoni pok, qalbi uyg'oq odamlar deb atadi. Samarali faoliyati, halol va fidoyi mehnati, yoshlarga ibrat bo'layotgani uchun ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.
Prezidentimiz taqdirlangan yurtdoshlarimiz va xorijlik diplomatlarga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
– Shunday yuksak mukofotga munosib ko'rgani uchun Prezidentimizdan minnatdorman, – dedi O'zbekiston Qahramoni, «Nuroniy» jamg'armasi Samarqand viloyati kengashi raisi Hasan Normurodov. – Vazifa, martaba insonning o'ziga bino qo'yib, kibr-u havoga berilishi uchun emas, aksincha, ezgu amallari bilan o'zgalar qalbida yaxshilik chamanzorlarini yaratish uchun berilgan. Qaysi bir rahbar shu qoidaga amal qilib ish ko'rsa, doimo xalqning nazarida bo'ladi. Bundan keyin ham qo'limdan kelganicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman.
Mukofotlanganlar yuksak e`tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Z.JONIBEKOV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar