Yangi qonun har jihatdan mukammal bo'lishi kerak

59

Joriy yilning iyul oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi Qonun loyihasi birinchi o'qishda ko'rib chiqilib, deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma`qullangach, Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq, Qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish belgilangan edi.

Shundan so'ng berilgan fikr-mulohazalar hamda takliflarning yozma jamlanmasi loyi­hani yanada mukammallashtirishda foydalanish uchun Qonunchilik palatasi deputatlariga taqdim etildi. Hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Kasaba uyushmalari Federasiyasi hamda manfaatdor vazirlik­larning mutaxassis hamda ekspertlaridan tashkil topgan ishchi guruh Qonun loyihasi yuzasidan tushgan takliflarni tahlil qilib, loyihani yanada takomillashtirish bo'yicha izlanishlarni davom ettirmoqda.
O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasida «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasining respublika bosqichidagi muhokamasi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekis­ton Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ibrohim Hojiev hamda turli idora va tashkilotlar vakillari, kasaba uyushma faollari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muhokamada so'z olganlar qonun ­loyihasini ishlab chiqish jarayoni, maqsad, zarurat va undagi yangiliklar haqida keng tushuncha berdilar. Xususan, mazkur qonunni ishlab chiqish jarayonida amaldagi qonunchilik va qo'llash amaliyoti chuqur tahlil etilgani ta`kidlandi. «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyi­hasini ishlab chiqish jarayonida, avvalambor, milliy-huquqiy qonunchilik va amaliyotga asoslanish bilan birga, xorijiy tajriba, G'arb, Sharq, MDHning bu boradagi tajribalari o'rganilib, kerakli jihatlarga e`tibor qaratildi. Bundan tashqari, xalqaro standartlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari, Birlashgan Millatlar tashkilotining qator paktlari, universal xalqaro shartnomalariga tayanildi.
Ma`lumki, hozirgi kunda kasaba uyushmalari faoliyati 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to'g'risida»gi qonun va hukumatning ayrim qarorlari bilan tartibga solinadi. Davra suhbatida amaldagi qonun kasaba uyushmalarining huquq va manfaatlarini to'liq himoya qilmayotgani, ular faoliyatining shaffof mexanizmlari va kafolatlarini ta`minlab bera olmayotgani qayd etildi.
Xususan, Kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlari, uni amalga oshirishning tamoyillari, shakllari va usullari qonunchilik bilan mustahkamlanmagan. Kasaba uyushmalarini tashkil etish, birinchi nav­batda, kasaba uyushmalarining boshlang'ich tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yishning qonun darajasidagi tartibi mavjud emas, ro'yxatdan o'tishda hujjatlarni taqdim etish talablari tartibga solinmagan. Qolaversa, kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, davlat hokimiyati organlari bilan o'zaro hamkorligi, shu jumladan, ijtimoiy sheriklik asosida hamkorligining aniq tartibi va mezonlari belgilanmagan.
Yangi qonun loyihasi shu kabi kamchilik­larni bartaraf etish, asosiy tushunchalar, kasaba uyushmalari faoliyati tamoyillari va ularning huquqiy maqomini belgilash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, yangi qonun kasaba uyushmalarini tashkil etish, boshlang'ich tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yishning aniq tartibini belgilash, ro'yxatdan o'tkazishda talab qilinadigan hujjatlar ro'yxatini aniqlashtirish, ish beruvchilarning xodimlar huquq va manfaatlariga rioya qilinishi ustidan kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini tartibga solish, tadbir o'tkazish tashabbusi bilan chiqish, hujjatlarni so'rash, taklif va tavsiyalar kiritish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma`lumotlar yuborish, shikoyat qilish, kasaba uyushmalariga ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda qatnashish, bandlikni ta`minlashda yordamlashish, mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlar huquqlarini himoya qilish, qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo'yicha taqdimnomalar kiritish, xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish to'g'risidagi qarorni muayyan muddatga to'xtatib turish yuzasidan takliflar kiritish kabi qo'shimcha huquqlar berish kabi muhim jihatlarni o'z ichiga oladi.
Ta`kidlandiki, qonun loyihasi mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinishi ustidan nazoratni ta`minlash maqsadida kasaba uyushmalarining o'z inspeksiyalarini tashkil etish, kasaba uyushmalarining mulk huquqlari kafolatlari, ular mulkini, shu jumladan, tadbirkorlik asosida shakllantirish manbalarini qonun bilan mustahkamlash kabi sohalarda amaliy samaradorlikni ta`minlashga hissa qo'shadi.
– Qonun loyihasini ishlab chiqishda mazkur soha bo'yicha Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Qozog'iston, Ozarbayjon, Moldova, Qirg'izis­ton, Latviya, Armaniston davlatlari qonunchiligi va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari talablari e`tiborga olingan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ibrohim Hojiev. – Jumladan, XMTning 87, 98, 135, 154, 111, 144-sonli konvensiyalari normalari va tavsiyalari mazkur qonun loyihasida implementasiya qilingan.
Qonun loyihasini qabul qilishdan kutilayotgan natijalar haqida to'xtaladigan bo'lsak, avvalo, kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi tizimlashtiriladi. Xodimlar huquq va manfaatlari himoyasi ta`minlanadi, ular uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda kasaba uyushmalariga qulay sharoitlar va kafolatlar ta`minlanadi hamda kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, ijroiya hokimiyati organlari bilan o'zaro munosabatlarining mexanizmlari takomillashadi.
Muhokama jarayonida turli idora va tashkilotlar vakillari, kasaba uyushma faollari qonun loyihasi bo'yicha o'z takliflarini bildirishdi. Har bir fikr alohida o'rganib chiqilib, ish beruvchi va xodimlar manfaatiga, qonunchilikka hamda boshqa me`yoriy hujjatlarga mos kelgan taqdirda inobatga olinishi ta`kid­landi.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar