ISLOM KARIMOV XALQIMIZ XOTIRASIDA

33

Samarqand shahrida O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag'ish­langan tadbir bo'lib o'tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvardagi «O'zbekiston Res­publikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to'g'risida»gi qaroriga ko'ra, har yili 2 sentyabr Islom Karimov xotirasi kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu kuni mamlakatimizda Islom ­Karimovni yod etish, hayoti va faoliyati bo'­yicha targ'ibot tadbirlarini o'tkazish an`anaga aylangan.
Bu yil ham ushbu sana munosabati bilan butun mamlakatimiz bo'ylab xotira tadbirlari o'tkazildi. Islom Karimov tug'ilib o'sgan va ayni paytda mangu orom topgan maskan – Samarqandda erta tongdan xotira tadbirlari boshlandi.
Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari dastlab Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara-maj­muasini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilindi.
Islom Karimovning davlatimiz mustaqillikka erishishi va taraqqiyoti yo'lidagi xizmatlari yodga olindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar e`tirof etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov siymosi aks etgan haykallar o'rnatildi. Yurtimizdagi bir qator yirik ob`ektlar, ko'chalarga buyuk davlat va siyosat arbobi nomi berildi.
Viloyat jamoatchiligi vakillari Islom Karimov maqbara-majmuasidan chiqqach, Regis­ton maydoni yaqinida o'rnatilgan mustaqilligimiz asoschisi haykali poyiga gullar qo'ydi.
– Islom Karimov mustaqil O'zbekiston Respublikasi asoschisi, og'ir damlarda mamlakatda xavfsizlikni ta`minlab, uning taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor qo'ygan shaxs sifatida yurtimiz tarixida alohida o'rin tutadi, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori M.Pardaev. – Bu ulug' inson xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi. Shuning uchun yurtdoshlarimiz hurmat, ehtirom bilan yodga olayotir. Bugun Samarqanddagi ­Islom Karimov maqbara-majmua­­si va haykali o'rnatilgan maydon har qachongidan-da gavjum bo'lgani fikrimiz tasdig'idir.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov so'zga chiqdi.

G'olib HASANOV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar