Muvaffaqiyatlarning asosiy o'zagi – ishonchdir

49

Oliy Majlis Senati a`zosi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ­Sirdaryo viloyati kengashi raisi, ­­«Bek ­klaster» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug'bek ­SOTIBOLDIEV bilan suhbat

– Sir emas, bir vaqtlar Sirdaryo barcha sohalarda qoloq bir viloyat sifatida qaralar edi. Ko'pchilik agrar hudud sifatida bilar, mamlakat iqtisodiyotiga qo'shayotgan ulushi ham sezilmas edi. Bugun Sirdaryo viloyatining qiyofasi tubdan o'zgarib bormoqda. Buni ommaviy axborot vositalaridagi ijobiy chiqish­larda ham ko'rish mumkin. Iqtisodchilarning fikricha, viloyat mamlakat rivojiga katta hissa qo'shishi mumkin. Bu rivoj­lanishning asosiy omillari nimada deb bilasiz?

– Singapurni «uchinchi dunyo» dan yuqoriga olib chiqqan buyuk bunyodkor Li Kuan Yuning shunday fik­rlari bor: agar muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsak, faqat o'zimizga ishonishimiz kerak.
Men bugun Sirdaryoning taraqqiyotida ana shu ishonchni ko'rmoqdaman. Ayniqsa, tadbirkorlarning ishonchi bunda muhimdir. Bugun faxr bilan ayta olamanki, ishbilarmonlar uchun haqiqiy davr keldi.
Bu ishonchni tadbirkorlarga davlatimiz rahbari bermoqda va uni yuksaltirmoqda. Prezidentimizning hududlarga tashrifi davomida istiqbol uchun muhim bo'lgan imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Korxonamizning klaster ko'rinishiga kelishiga ham Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida bildirgan fikrlari sabab bo'lgan. Ilhombaxsh g'oyalardan ruhlanib, ish boshladik. Oradan bir yil o'tib, bu boradagi ishlar qanday ketayotganini joyida ko'rish maqsadida davlatimiz rahbarining yana viloyatga kelishi esa kuchimizga kuch, shijoatimizga shijoat qo'shdi. Ishtiyoq jo'shgani sayin yangi marralarni niyat qilish, unga intilish boshlanar ekan.

– Klaster usulining ahamiyatiga ham to'xtalib o'tsangiz. Bu tizim mamlakatimiz iqtisodiyotida katta yangiliklar berishiga qanchalik ishonasiz?

– Iqtisodiyot tarmoqlari oldida bir qancha muammolar mavjudki, bularni «yolg'iz» korxonalar yecha olishi amalda ilojsiz. Shu bois, klaster ko'rinishi raqobatbardosh­lilikni oshirishning eng samarali usuli ekanligi e`tirof etilayotir. Hozirda «Bek klaster» MChJ qo'shma korxona tarkibida 10 dan ortiq korxonalar mavjudligi fikrimiz dalilidir. Ularda 5000 nafardan ortiq ishlovchi xodimlar bor.
«Bek klaster» hududi 30 ming gektarni qamrab oladi. Klaster tizimining muvaffaqiyatini ta`minlash uchun Turkiya, Xitoy va Isroil ­tajribasi chuqur o'rganilgan. Xodimlarimizga munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.

– Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkordan nimasi bilan farqlanadi? Tadbirkor uchun nimalar to'siq edi va bugunga kelib qonuniy faoliyat olib boraman degan ishbilarmon uchun to'liq sharoitlar yaratilgan, deb hisoblaysizmi?

– Davlatimizda tadbirkorlar soni ortganining o'zi bu sohada imkoniyat, imtiyozlar borligini anglatadi. Biznes saboqlari, tushunchalari keng ommaga birdek berilmoqda. Turli qatlam uchun imtiyozli kredit tizimi, hattoki, biznes rejagacha tayyor holda taqdim etilayotir. Shu bilan birga, kerakli uskunani qaerdan topish, tayyor mahsulotni chetga eksport qilishga amaliy ko'mak berilmoqda. Soddalashtirilgan soliq islohotlarining birinchi bosqichi kichik biznes vakillari uchun ham, yirik korxonalar uchun ham birdek foydali bo'ldi. Dadillik, bilimlilik, tezkorlik sifatlarini birlashtirgan tadbirkorlar safi Sirdaryoda ham shakllanmoqda.

– Marrani yanada kattaroq olish uchun nimalarni rejalashtirmoqdasiz?

– Biznesda maqsadni baland qo'yish, uzoq yillik rejaga ega bo'lish muhim hisob­lanadi. Bu borada davlatimiz rahbarining uchrashuvlar davomida «Marrani katta olinglar», degan so'zlari biz, tadbirkorlarning shiorimizga aylandi. Bu ishonch va e`tibor kuchimizga kuch, g'ayratimizga g'ayrat qo'shdi.
Sirdaryo viloyati qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasida katta imkoniyatlarga ega bo'lsa-da, respublika eksport reytingida quyi o'rinlarda. Buning asosiy sababi qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksportbop qilib tayyorlash, qadoqlash, qisqa qilib aytganda, meva-sabzavot eksporti bilan zamon talablari darajasida shug'ullanuvchi korxonalar kamligidir.
Kelajakda bir qancha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Jumladan, davlat-xususiy sherikligi asosidagi O'simlik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy-amaliy markazi tashkil etish bo'yi­­cha Innovasion rivojlantirish vazirligiga 3 ta grant loyihasi taqdim etildi. Markazga ilm-fanning eng so'nggi yutuqlarini o'zida jamlagan laboratoriya uskunalarini olib kelib o'rnatish bo'yicha Gresiya va Germaniya korxonalari bilan shartnomalar imzolandi. Maqsadimiz mazkur muassasani nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyoda tan olinadigan ilmiy markazga aylantirishdir.
«Ijtimoiy issiqxona» loyihasi Xovos tumanining chekka qishloqlari aholisi uchun ishlab chiqilgan. Quyosh energiyasi hisobiga isitiladigan 10 sotixli issiqxonalar qurish nazarda tutilgan. Loyiha doirasida 1000 ta issiqxona qurilib, 2000 ta ish o'rni yaratiladi. Issiqxonalarga asosan qulupnay ekilib, yetishtirilgan hosil eksport qilinadi. Buning uchun esa Rossiyaning yirik savdo tarmoqlari bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ayni kunlarda 20 ta issiqxona poydevorini quyish va metall ­konstruksiyalarni o'rnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Navbatdagi «Meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qadoqlash» loyihasi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 935 ming dollar hamda o'zimizning 4 milliard 500 million so'm miqdoridagi mablag'larimiz hisobiga amalga oshirilayotir. Shu munosabat bilan Italiyadan qiymati 630 ming yevroga teng 4 ta meva-sabzavotlarni saralash va qadoqlash liniya­lari, shuningdek, Xitoydan 200 tonnalik mahsulot sig'imiga ega muzlatkich olib kelib, o'rnatdik. Bu yerda bir kunda 20 tonnagacha meva-sabzavotni yuvish, saralash va eksportbop qilib qadoqlash mumkin.
Kelgusida yuqori samara beruvchi yana bir qator ­loyihalarni amalga oshirishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'yganmiz. Chunki bugungi kun har birimizdan shiddatkor davrga mos qadam tashlashni taqozo etmoqda.

– Ulug'bek aka, ko'ryapmizki, marrani baland olgansiz. Ammo unga erishish masalasi ham bor. Shu ma`noda, istiqbol rejasining to'la amalga oshishi uchun to'siqlarni ham hisobga olish kerak. Sizningcha, qaysi jabhada oqsash bo'lishi mumkin?

– To'g'ri aytasiz. Bugun ishlab chiqarish korxonalarida qo'llanilayotgan texnologiyalar kun sayin yangilanib, takomillashib bormoqda. Bu esa ularni ishlatishni biladigan malakali kadrlarni talab etadi. Hozirgi kunda oliy va o'rta maxsus ta`lim tizimidagi o'quv dasturlari asosida saboq olgan yoshlar korxonalarning kadrlar malakasiga bo'lgan talablarini qondira olmayapti. Ushbu omil hisobga olingan holda biz o'ziga xos choralarni izlayapmiz. Xususan, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda qo'shma kollej tashkil etish loyihasini ishlab chiq­yapmiz. Bu o'quv dargohida sanoat, qishloq xo'jaligi va xizmat ko'rsatish korxonalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Loyiha doirasidagi o'quv dasturlarida ishlab chiqarish amaliyoti uchun ajratiladigan soatlar umumiy yuklamaning 50 foizigacha bo'lishi ko'zda tutilmoqda. Amaliyot bevosita klaster korxonalarida o'taladi. Nazariy darslar o'qitiladigan auditoriyalarni axborot kommunikasiya texnologiyalarining eng so'nggi vositalari bilan jihozlash, ta`lim jarayonini respublikamiz hamda xorijdan yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkillashtirish rejalashtirilgan.

– «Bek klaster» korxonasi kasaba uyushma a`zoligini qabul qilgan. Bu tashabbus kimdan chiqqan va a`zolik afzalliklari haqida ma`lumot bersangiz.

– Aytishim mumkinki, korxona hali klaster maqomini olmasidan avval, «Bek» korxonalar birlashmasi davridayoq kasaba uyushma a`zoligini qabul qilgan edi. Xodimlar ishga qabul qilinganda ish tartibi, ishga munosabat, unga to'lanadigan haq kabi masalalar o'zaro mehnat shartnomasi bilan tasdiqlanadi. Bu me`yorlar birlashgan holda jamoa shartnomasida aks ettiriladi. Boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotining xodimlar uchun ham, ish beruvchi uchun ham afzalliklari mavjud. Eng asosiysi, faoliyatning mehnat qonunchiligiga asoslanishini ta`minlaydi. Qolaversa, kasaba uyushmasi tomonidan o'tkaziladigan turli madaniy, sport tadbirlari xodimlar salomatligini tiklashga, ishchanlik qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa biznesimiz davom etishini ta`minlaydi.

– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

«Ishonch» muxbiri
Ozoda MAMADALIEVA
suhbatlashdi.

Boshqa xabarlar