Sog'lom turmush tarzi – samarali faoliyat garovi

37

Jamoa shartnomasida boshqa sohalar qatori ishchi-xizmatchilar o'rtasida sog'lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida ­e`tibor beriladi. Bu bejiz emas, albatta. «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturida xotin-qizlar hamda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, mehnatkashlar va ularning oila a`zolarini sog'lomlashtirish va dam olishlarini tashkil etish bo'yicha vazifalar belgilab berilgan bo'lib, ayni shu kunlarda tasarrufimizdagi 96 ta boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotida ushbu vazifalarni bajarishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan xodimlarning katta qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Shu munosabat bilan ularning oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. «Ayollari qadr top­gan yurt» shiori ostida o'tkazilgan madaniy-ma`rifiy tadbirlarda tizimda ishlovchi, o'rta-maxsus kasb hunar ta`limi muassasalarida ta`lim oluvchi qizlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, ularni hayotga va oilaga tayyorlash maqsadida davra suhbatlari va uchrashuvlar, ko'rik-tanlovlar o'tkazilmoqda. Tadbirlarda faol qatnashgan pedagog va ishchi-xodimlar hamda mehnat faxriylari, kam ta`minlangan oilalar, mehnat nogironlariga moddiy rag'batlar ko'rsatildi.
Sog'lom bolani dunyoga keltiruvchi shaxs – onaning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kelajagimiz ravnaqi uchun fidoyi, kuyunchak ayollarimiz salomatligini muhofaza qilish va qo'llab-quvvatlash kasaba uyushma faollari zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi. Xususan, mehnat bozoridagi raqobatda ular manfaatini himoya qilish, ish beruvchining adolatli munosabatda bo'lishini ta`minlash, bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish va salomatliklarini tiklash hamisha birlamchi vazifalardan biri bo'lib qolishi lozim.
Xotin-qizlarni sportning ommaviy turlariga keng jalb etish, sport orqali salomatligini tiklashga ko'maklashish kundalik hayotda o'zining ijobiy samarasini bermoqda. Bunga biz «Sport – mustahkam oilamiz poydevori» shiori ostida o'tkazilgan tuman spartakiadasi asnosi yana bir bor ishonch hosil qildik. Musobaqalarda korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko'rsatayotgan 100 nafardan ko'proq xotin-qizlar ishtirok etdi.
Ushbu musobaqaning tuman bosqichida 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi o'qituvchisi O'tkir G'oibnazarov hamda 39-umumta`lim maktabi o'qituvchisi Xurshidbek Hazratqulovlar oilasi g'olib­likni qo'lga kiritib, viloyat bosqichiga yo'llanma olishdi. Xurshidbek Hazratqulov oilasi viloyatda ham birinchi o'rinni qo'lga kiritib, ­respublika bosqichida qatnashish imkoniga ega bo'ldi.
Soha xodimlari o'rtasida «Mini futbol» bo'yi­­cha tashkil etilgan tuman birinchiligi ham o'ta qiziqarli o'tdi. Saralash o'yinlarida yuqori ko'rsatkichga erishgan 18 ta jamoa yakuniy bosqichda o'zaro kuch sinash­­di. Omad 45-umumta`lim maktabi jamoasiga kulib boqdi. 18- va 39-umumta`lim maktablariga 2-3- o'rin nasib etdi. Musobaqa nizomiga asosan «Eng yaxshi hujumchi», «Eng yaxshi darvozabon», «Eng yoshi ulug' futbolchi», «Eng yaxshi hakam» nominasiyalari bo'yicha ham g'oliblar aniqlandi. G'olib jamoalarga ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Zomin tumani kengashi va tuman xalq ta`limi bo'limining diplom va qimmatbaho sovg'alari topshirildi.
O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan «Jonajon O'zbekistonim, mangu bo'l omon!» shiori asosida keng ko'lamda targ'ibot ishlarini olib bordik. Joylarda o'tkazilgan «Ma`naviyat soatlari»da mustaqillikdan so'ng yuksak marralarga erishishimiz zamirida tinchlik-­osoyishtalik, eng muhimi, odamlarimizning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi bilan yondashayotgani ­mustahkam poydevor vazifasini o'tayotgani alohida ta`kidlandi.
Shak-shubha yo'qki, tizimda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlarni ijtimoiy himoyalash, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, faol ishchi-xizmatchilarni moddiy rag'batlantirish va mehnat samaradorligini yanada oshirishda joylardagi kasaba uyushma qo'mitalari yanada faollik ko'rsatib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shadilar.

B.JONTURSUNOV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Zomin tumani kengashi raisi

Boshqa xabarlar