Ta`lim tizimida tarixiy o'zgarishlar

858

Yaqinda Prezident raisligida o'tkazilgan xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod manaviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi jamiyatimizdagi barcha ziyolilarni, rahbarlar-u mutasaddilarni, ayniqsa, pedagoglarni hayot va faoliyatga yangicha nigoh bilan qarashga undayotgani bor gap.
Ko'hna tarixdan ma`lum, o'qituvchini hurmat qilgan jamiyat hamisha taraqqiyotga erishgan. Xalq o'rtasida «ustoz otangdek ulug'» iborasining tez-tez qo'llanishi ham bejiz emas.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu maqom yana o'z o'rniga qaytmoqda. O'qituvchiga hurmat-e`tibor oshdi, ularning mavqeni yuksaltirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahri Shayxon­­tohur tumanidagi 40-umumta`lim maktabining matematika va informatika fanlari o'qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi, dosent, O'zbekiston Respublikasi xalq o'qituvchisi, O'zbekiston Qahramoni Turg'un Azlarov bilan suhbatimiz shu mavzuda kechdi:
– Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tizimga oid 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi. Natijada sohadagi islohotlarning huquqiy-me`yoriy asos­lari mustahkamlanib, tizimda rivojlanish va sifat o'zgarishi kuzatilmoqda. Ochig'ini aytish kerak, bunaqasi avval bo'lmagan.

Men o'zimning 45 yillik mehnat faoliyatimni uch davr­­ga bo'lib, ular haqida uch xil fikr bildirishim mumkin. ­Mustaqillikkacha bo'lgan davr­­da xalq ta`limiga qanday munosabatda bo'linganligini o'sha paytda ishlaganlar juda yaxshi biladi. O'shanda maktablarda o'zbek tili va adabiyoti hamda tarixidan ko'ra, rus adabiyoti va tarixi ko'proq va kengroq o'rgatilar edi. Natijada o'quvchilar kasb mavzusida insho yozganda aksariyati «Men kelajakda o'qituvchi, shifokor, haydovchi yoki quruvchi bo'laman» deb o'z orzularini bayon qilishardi. Ularning hech biri «men kosmonavt, diplomat bo'laman» deyishmasdi. Nega? Negaki, ularga o'zimizniki yot, o'zgalarniki yod bo'lib borayotgan edi.
Mustaqillik yillarida xalq ta`limi tizimiga jiddiy e`tibor qaratilib, qator islohotlar, loyihalar amalga oshirildi. Ammo, bu e`tibor va islohotlar yurtimizdagi barcha maktablarga yetib bormadi. Talab va nazoratning sustligi uchunmi, eng chekka hududlardagi maktablar avvalgicha qolaverdi. Shunday maktablar bor ediki, ularga hokim tugul tuman xalq ta`limi bo'limi mudiri bormagan edi.
Murakkab o'tish yillarida maktablardagi ma`naviy-ma`rifiy muhit, o'qituvchi kasbining obro'yi, nufuzi pasayib ketgan vaqtlar ham bo'ldi. Natijada ba`zi o'qituvchilar o'z kasbini o'zgartirib, boshqa sohaga o'tib ketdi.
Bugunga kelib xalq ta`limi tizimiga bo'lgan munosabat va e`tibor tubdan o'zgardi. Masalan, yaqinda Prezident ­raisligida o'tkazilgan xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod manaviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishini olib ko'raylik. Unda davlatimiz rahbari bildirgan tanqidiy va tahliliy fikrlar shundan dalolat beradiki, bundan buyon pedagoglarga bo'lgan munosabat umuman o'zgaradi.
Shaxsan menga Prezidentimizning viloyat va tuman rahbarlariga sohani rivojlantirish borasida qo'ygan qator talablari, birinchi navbatda, o'qituvchilarga sizlab murojaat qilish zarurligi haqidagi talabi yoqdi. To'g'ri-da, o'sha rahbarni ham muallim o'qitgan, unga ta`lim-tarbiya bergan. Shunday ekan, rahbarlar ularning hurmatini joyiga qo'yishi kerak.
Sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o'zgarishlarga qaramasdan, ta`lim tizimida hamon muammolar borligi yig'ilishda ochiq-oydin aytildi. Kamchiliklarni tuzatish, ta`lim sifatini nazorat qilish uchun ota-­onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligi alohida ta`kidlandi. Yig'ilishda o'qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida uqtirib o'tildi.
«Maktab o'qituvchisini moddiy rag'batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz», dedi Prezidentimiz.
Haq gap. O'qituvchi dars paytida uyi va ko'chadagi qandaydir muammosini o'ylab o'tirmasligi kerak. U bor diqqat-e`tiborini darsga, bolalarga saviyali saboq berishga qaratishi zarur. Shundagina kutilayotgan natija samarali va sifatli bo'ladi.
Men videoselektor yig'ilishidan so'ng jamoadoshlarim, ya`ni o'qituvchilarning ruhiyati va kayfiyatini kuzatdim. Ular bo'layotgan e`tibor va o'zgarish­lardan behad mamnunligini, bundan buyon yanada talabchanlik va fidoyilik bilan faoliyat ko'rsatishga tayyorligini his etdim.
Ishonch bilan aytishim mumkin, ko'rsatilayotgan e`tibor va g'amxo'rlik, berilayotgan imtiyoz va huquqlar, bildirilayotgan ishonch va hurmat tez orada o'z samarasini beradi, albatta. O'qituvchilar kelajagimiz ­bunyodkorlari hamda vorislari bo'lmish yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga sidqidildan yondashib, fidoyilik bilan xizmat qiladi. Natijada, kelgusida yurtimizdan dunyo tan oladigan mutaxassislar yetishib chiqadi.

«ISHONCH» muxbiri
Alijon ABDURAHMONOV
yozib oldi

Boshqa xabarlar