UYGA VAZIFA

193

Rasm o'qituvchisi bolalarga har kim o'z uyini chizib kelishni vazifa qilib berdi. Ertasi kuni ustoz rasmlarni kuzata turib, kulib yubordi. Va:

– Bu qanaqa rasm? – deb Sultonboyga qaradi. – Axir, hech zamonda, uyning tomiga simyog'och o'rnatiladimi? Qaerdan o'ylab topding bu manzarani?
– O'ylab topilmagan, haqiqatan ham uyimiz tomida ana shunday elektr simlar bor.
– Bu axir inson hayotiga xavfli-ku? – dedi muallim taajjubga tushib. – Buning oldini olish kerak. Axir…
– Xavfliligini o'zimiz ham yaxshi bilamiz. Uy ichiga kirib, to ko'chaga chiqib ketgunimizcha hadikda bo'lamiz. Ayniqsa, shamol ko'tarilgan, yomg'ir yog'ib, momaqaldiroq chaqqan paytlarda buva-buvijonlarimiz Allohga nola qilib, har xil ofatlardan o'zing asra, deb o'tirishadi.
– Endi, Sultonboy, cho'pchakni ham rosa qiyvording. O'ylab gapir, qaysi zamonda yashayapmiz. Bugungi kunda mamlakat bo'ylab katta qurilishlar avj olib, osmono'par binolar qad rostlayotgan bir paytda…
– Ko'z bilan ko'rmaguncha hech kim ishonmaydi. Ertaga suratga tushirib kelaman, ustoz.
Sultonboy ertasiga bir necha fotosurat olib kelib, ustozining oldiga qo'ydi. Hamma hayratdan yoqa ushladi. Haqiqatdan ham kecha Sultoboy qo'lda chizib kelgan rasm fotosuratda aks etib turardi.
Ustozi unga «5» baho qo'ydi, ammo Sultonboy yashayotgan Zangiota tumani, Bo'zsuv qishlog'i, «Dehqonobod» MFY, Amir Temur ko'chasida istiqomat qilayotgan aholi, mahalla raisi, tuman hokimligi va tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlariga necha baho qo'yishni bilmay o'ylanib qoldi…

Sirojiddin YuSUPOV

Boshqa xabarlar