DUNYoNING KAMI TO'LMAYDI(MI?)

28

Yurtimizda kam ta`minlangan, ehtiyojmand aholi qatlamiga uy-joylar berilib, har xil maishiy texnika vositalari taqdim etilyapti. Biroq uy-joy so'rab ariza bergan har bir fuqaro haqiqatan unga muhtojmi? Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati mazkur masalaga e`tibor qaratib, tahlil o'tkazdi. “Qashqadaryo” gazetasida bosilgan tahliliy maqola sizni ham befarq qoldirmasligi tayin.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

“OLMA PISh, OG'ZIMGA TUSh”

yoxud uyli odamga yana uy berish qaysi mantiqqa to'g'ri keladi?

Yaqinda bo'lgan sayyor qabuldagi holat. Yoshi 75-80 lar chamasi bir onaxon gazdan, svetdan, soliqdan  ancha qarz bo'lib qolib, shunga moddiy yordam berishlarini so'radi. Suhbat jarayonida ma`lum bo'lishicha, unga bu borada yordam ko'rsatishi mumkin bo'lgan 12 farzandi bor va bugun hammasi uy-joyli ekan. Qolaversa, bu ularning farzandlik burchi hamdir.

“O'zingiz o'ylang. Shu moddiy yordamni imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo'qotgan, muhtoj kishiga berganimiz yaxshi emasmi?! Axir ular ko'proq haqli. Shunday qilinsa, adolatdan bo'lardi, menimcha”, dedi mutasaddi. Ammo onaxon bunga unamadi, javobdan ko'ngli to'lmadi. Nachora, uning murojaati qanoatlantirilib, bir martalik moddiy yordam ajratiladigan bo'ldi. “Muammosi” yechim topgan o'sha onaxonni suhbatga tortdim. Haqiqiy sharoitini bilmoqchi bo'ldim. To'g'ri, o'n ikki farzand bo'lgani bilan hammasining ro'zg'ori bo'lak, o'zlaridan orttirishmayotgandir.

“Nima qilay, kenja o'g'lim hech qaerda ishlamaydi. Bu yoqda kommunaldan qarz bo'lib o'tiribmiz. Shunga yordam so'radim-da, bolam”, deya o'z xatti-harakatini izohladi onaxon.

Ko'rayapsizmi, asl muammo qaerda? Agar shu ayol ishsiz o'g'liga ish topib berishlarini so'raganida, bir emas, ko'p muammolari o'z-o'zidan hal bo'lardi-qo'yardi. Buning o'rniga osoni, hozir hal bo'ladigani ko'rildi.

Buni bejiz eslamadik. Chunki oxirgi paytda shunday kayfiyatdagi odamlar soni ko'paygandek. Ehtiyoji haminqadar bo'lsa-da, davlat menga yordam bersin, deyishni o'zlariga ep ko'rishadi. Qurbi yetsa-da, hammadan ilinj kutadi, ko'mak so'rayveradi. Faqat o'z manfaatini, ishi tezroq bitishini o'ylaydi, ikkilanmay birovga og'irini tashlab qo'yadi. Ozgina mehnat qilishdan qochadi.

Bir narsa aniqki, boqimandalik aslo xalqimizga xos fazilat emas. Ota-bobolarimiz bersang – yeyman, ursang – o'laman, deb yashab o'rganmagan. Har narsaga o'z kuchi, mehnati bilan erishgan, bolasini ham shunga o'rgatgan. Kezi kelganda, sabrli, qanoatli bo'lishni ham bilgan. Sal g'ayrat qilsa  echiladigan muammosini (ko'pchilikni qiynayotgan masala bo'lsa, bu boshqa gap) har yoqqa ko'tarib chopmagan, hadeganda dardini birovga dasturxon qilmagan. Oriyati, g'ururi, hamiyati bunga yo'l qo'ymagan. Bugun esa ba`zida buning aksiga duch kelayapmiz.

Mana bir misol. Bir ayol nuqul   Prezidentning virtual qabulxonasiga yozarkan. Bir gal televizorim yo'q, deb shikoyat qilibdi. Borib o'rganishsa, aslida bu fuqaroning yashash sharoiti yaxshi bo'lib, nochor deyishga til bormaydigan, deyarli barchasi badastir uyda istiqomat qilarkan. Haligi ayol gap shu – televizor bilan ta`minlaysizlar, bo'lmasa yana yozaman, boshqasini bilmayman, deb “qo'rqitibdi”. Mas`ullar yo'lini qilib, boyagi matohni olib berishibdi. Keyingi safar endi sovutkichi yo'qligidan nolib murojaat yo'llaganmish. Bunda ham ayolning ko'nglidan borishibdi. Juda mazaxo'rak bo'lgan, qilgan ishidan g'oyat ilhomlangan, shekilli, yo'q kam-ko'stni ham aytib dardihol qilishda davom etmoqda.

Achinarlisi, bugun shunga o'xshash, bel og'ritmay tayyorini olishga o'rganayotgan odamlar ko'payib borayapti. Axir hamma ham eshitayapti, ko'rayapti bundaylarni. Mehnat qilmasdan ham yashasa bo'larkan, degan fikr shakllanayapti ayrim kishilarda. Tabiiyki, bu narsaning oqibati yaxshilikka xizmat qilmaydi.

Yana bir holat. Biroz avval ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar tarqaldi. Qarshi shahri Qo'rg'oncha mahallasida yashovchi N.Bozorova ismli ayol uy-joyga muhtojligi, uning bu borada qilgan murojaati qanoatlantirilmay qolayotgani haqida so'z boradi.

Xo'sh, aslida vaziyat qanday bo'lgan? Fuqaroning e`tirozi qanchalik o'rinli?

Bevosita bu muammoga yuzlanishdan avval yurtimizda aholining ehtiyojmand qatlamini, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarni, xotin-qizlarni uy-joy bilan ta`minlash masalasiga to'xtalsak. Ayni paytda bu yo'nalishda yuritilayotgan siyosat qay darajada ekani barchaga ma`lum. Shu kungacha mamlakatimizdagi qanchadan-qancha muhtoj insonlarga ijtimoiy yordam qo'li cho'zilgani, ularga barcha qulayligi bor uy-joylar berilgani haqida ko'rib, OAV orqali xabardor bo'lib turibmiz. Bunday odamlarning quvonchiga bevosita sherik bo'lganlar ham talaygina.

Birgina Qarshi shahri misolida olsak, oxirgi ikki yilda ko'plab ehtiyojmand oilalar qo'nalg'ali, uyli bo'ldi. Shayxali va Kat mahallalari hududida ko'rkam turar joylar foydalanishga topshirildi. Shu uylardan xonadon olgan bir oilani bilaman. Bu oila uzoq yillar noilojlikdan og'ir sharoitda dala shiyponida kun kechirib kelgan. Oila boshlig'ining uy-joy qilishga qurbi yetmagan. Boshqa bir oila esa ko'p yillar ijarama-ijara ko'chib yurishga mahkum bo'lgan. Ushbu xonadonlar haqiqiy muhtojlar, nogironligi bor shaxslar, nochor xotin-qizlarga berildi, desak to'g'ri bo'ladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi 285-sonli qarori esa bu boradagi davlat siyosatining mantiqiy davomi bo'ldi. Mazkur qaror bilan og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo'lgan kam ta`minlangan, farzandlarini to'liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uylar berish tartibi belgilandi.

Qaror talabini bajarish maqsadida Qarshi shahrida ham zarur ishlar amalga oshirilayapti. Hokimlikdagi tegishli komissiyaga hozirgacha aholidan 350 dan ziyod ariza kelib tushgan. Shular orasida N.Bozorovaning murojaati ham bor. Qaror bilan tasdiqlangan Nizomda ham alohida qayd etilgan: ma`lum ijtimoiy mezonlarga mos keluvchi fuqarolargagina arzon uy-joy bilan ta`minlashda ustuvorlik beriladi.

Shu talabdan kelib chiqib, ariza beruvchi – N.Bozorovaning ahvoli ham tegishli komissiya tomonidan o'rganilgan. 2019 yil 14 martda tuzilgan dalolatnomaga asosan quyidagilar aniqlangan: fuqaroning nogironligi bor. Turmush o'rtog'i hozirda qamoq jazosini o'tayapti. Qaramog'ida 3 nafar farzandi bor, ikki nafari voyaga yetgan.

Shunday bo'lsa-da, ba`zi omillarni e`tiborga olib, komissiya N.Bozorovaga arzon uy-joy olishda tavsiya berishni rad etgan.

Chunki Nizomga muvofiq, bunda ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo'qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz joyda yashashi;   boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi; ko'p bolali (uch va undan ortiq); ariza beruvchi oilasining daromadi; kam ta`minlangan oilada yolg'iz o'zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar (fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi ma`lumoti asosida); birinchi guruh nogironligi bo'lgan yolg'iz ayollar kabilar inobatga olinadi.

N.Bozorovaniing holati tegishli ijtimoiy mezonlar asosida baholanganda, ma`lum bo'ldiki, bugun u yashayotgan uy turmush o'rtog'ining nomiga rasmiylashtirilgan. Fuqaro esa eri bilan qonuniy nikohda. Ko'rinadiki, N.Bozorova turar joyga ega. O'z navbatida uy yashash uchun yaroqli, unda lozim sharoitlar mavjud. Ikki nafar farzandi esa allaqachon voyaga yetgan.

Endi bu borada ijobiy xulosa olgan ba`zi fuqarolar ahvoliga ko'z tashlasak. Masalan, Qarshi shahrilik L.Axmedshina yolg'iz ona sifatida ikki nafar farzandini tarbiyalab kelayapti. Bir bolasi ruhiy xasta. Bir necha yildirki, davlat yotoqxonasidan ajratilgan kichik bir xonada nochor sharoitda yashaydi. Mulk sifatida o'z uyi yo'q. Yana bir fuqaro N.Zulfiqorovaning ahvoliga ham havas qilib bo'lmaydi. Turmush o'rtog'i ancha ilgari vafot etgan. Qaromog'ida 2 farzandi bor. U ham yotoqxonada istiqomat qiladi. Yashash sharoiti abgor.

Qanday xulosa qilish esa o'zingizga havola. Bu vaziyatda kimning foydasiga qaror chiqarish mantiqdan, adolatdan, qonunga mos bo'lishini anglash uchun xolis fikr yuritish kifoya nazarimizda.

Yana bir jihati, fuqaro N.Bozorovaning ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatini o'qigan kishida mutasaddilar tomonidan bu oilaga zarur e`tibor qaratilmagan, butunlay o'z holiga tashlab qo'yilgan, degan chalg'ituvchi tasavvur ham uyg'onadi.

Sir emas, qilingan ishni, yordamni aytsa, ochiq minnatga o'tadi. Mayli, shu yordamni olgan odam eslamasin, lekin shuning evaziga javoban boshqalarni yomonotliq qilmoqchi bo'layotgani, qonunga zid ish qilishni so'rayotganini qanday tushunish kerak?!

Vaholanki, so'nggi vaqtda bu oila taqdiriga hech ham befarq qaralayotgani yo'q. Shahar hokimligi tomonidan ham imkon darajasida barcha yordam taqdim etilmoqda. Aytishga majburmiz, N.Bozorovaning moddiy ahvoli e`tiborga olinib, bir necha bor ko'mak ko'rsatilgan. Maishiy texnika jihozi olib berilgan. Toshkentda tahsil olayotgan o'g'lining kontrakt puli bir qismi to'langan.

Mahalladan doimiy ravishda moddiy nafaqa puli tayinlab kelinayotgani esa alohida mavzu. Bundan tashqari, Qarshi shahar hokimining 2019 yil 24 iyundagi qarori bilan N.Bozorovaning o'g'li R.Xusanovga Qarshi shahar Arabxona MFY Saroyferon ko'chasidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 200 kvadrat metr yer maydoni e`tirof etish huquqisiz berilgan. Yer maydoni ajratilgan hudud markazdan yiroq ham emas, bu yerda allaqachon turar joylar qurilgan, aholi yashayapti. Qolaversa, fuqaroga homiylik asosida qurilish materiallarining bir qismi yetkazilgan. Faqat bunda kishidan ozgina mehnat qilish, o'zi ham biroz jon kuydirishi talab etiladi, xolos.

Bularni aytish bilan kimnidir yomonlab ko'rsatish maqsadini ko'zlamaganmiz. Balki asl vaziyatni xolis ifodalash, ushbu holat bo'yicha odamlarda paydo bo'lgan noto'g'ri tasavvurni aritish niyatidamiz.

Xulosa o'rnida esa davlat rahbarining mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan tantanali tadbirda qilgan ma`ruzasidan quyidagi parchani keltirmoqchimiz: “Afsuski, jamiyatimizda hanuzgacha boqimandalik kayfiyati butunlay barham topgani yo'q. Barchamiz bir narsani tushunib olishimiz kerak: yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va mas`uliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat o'zimizga bog'liq”.

Mirzohid JO'RAEV,

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari

2019 yil 16-avgust, 65-son“Qashqadaryo” gazetasi

Boshqa xabarlar