HISOBDA YO'Q «HISOBLAR»

81

Yoxud «yo'qolgan» jamoalar, «yashirilgan» pullar va
«yopiq» transferlar haqida

Taqqos: nega, nima uchun?

Futbolning ashaddiy ishqiboziman. 1980 yillarda shunaqangi o'yinlar bo'lardiki, stadionlar muxlislar bilan to'lib-toshardi. Shunday futbolchilar bor ediki, jonini jabborga berardi. Hozir-chi?
Stadionlar deyarli bo'm-bo'sh. Sababi ko'p. Shuning uchun ko'pchilik Angliya, Ispaniya, Italiya va Germaniya futboliga muxlislik qiladi. O'zimizning jamoalar bir chetda qolib, chetdagi jamoa va o'yinchilarni muhokama qilishadi.
Ishqibozlik qursin, «fanat» bo'lgandan keyin ko'p narsani taqqoslar ekansiz. Taqqoslash bor joyda esa o'z-o'zidan savollar tug'iladi: nega, nima uchun?
Agar xorijdagi, deylik, Angliyadagi jamoalarning «pasport»i bilan qiziqsangiz, ularning orasida 100 ga «kirayotgan», 100 «yosh»dan oshganlarni ham uchratasiz. Premer ligadagi emas, quyi ligadagi jamoalar ham 50-60 yoshni «urib qo'ygan». Bizda-chi?
Bizda ko'p jamoalar «tug'iladi-yu, tezda o'ladi». Sababi oddiy: hammasi joylarda hokim, rahbar va homiylarning futbolga munosabatiga bog'liq. Taniqli futbol mutaxassisi, futbolimiz jonkuyari Axbor Imomxo'jaev aytganidek, hokim futbolga qiziqsa, xo'b-xo'b, qiziqmasa, ne mashaqqat bilan tashkil etilgan jamoa ham yo'q bo'lib ketadi.
Men turli yillarda futbol bo'yicha O'zbekiston chempionatida qatnashgan jamoalar tarixi bilan qiziqdim. Hali 30 ga ham «kirmagan» chempionatimizda vaqtida chempion bo'lgan «Do'stlik», MASK kabi jamolar bugun «tag-tubi» bilan yo'q. Vaqtida oliy (hozirgi super) ligada «faoliyat ko'rsatgan» 20 ga yaqin jamoani bugun quyi ligalardan ham topolmaysiz. O'zi shu jamoalarni birma-bir nomma-nom keltirib, bitta «super liga» tuzsa ham bo'ladi, ammo ular son jihatidan ortib qoladi.
Shu joyda yana yuqoridagi gapga qaytamiz: nega xorijdagi jamoalar yo'q bo'lib ketmaydi? Chunki ularning egasi, egalari bor. Xususiy mulkchilik shaklining turli ko'rinishlarida tashkil etilgan bu jamoalar uzoq yillar davomida qo'ldan-qo'lga o'tib kelaveradi. To'g'ri, ularning orasida ham xo'jayin bankrot bo'lishi oqibatida «o'yindan chiqadigan» jamoalar uchrab turadi. Ammo bu holat juda kamdan-kam kuzatiladi. Bizda esa…
Milliy chempionatimizning avvalgi va hozirgi ishtirokchilari orasida moliyaviy jihatdan og'ir kunlarni boshidan o'tkazmagan jamoa topilmasa kerak. Jizzaxning «So'g'diyona» jamoasi oliy ligadan tushish, quyi ligadan chiqish bo'yicha «chempion» bo'lsa kerak. Chunki jamoaning iqtisodiy ahvoli birda unday, birda bunday. Bu yil e`tibor yaxshiligi uchun jamoa hozircha turnir jadvalida to'rtinchi o'rinda…

Futbolimizdagi «tijorat siri»

Xorijdagi jamoalarning ish tutumiga hayron qolaman. Ular ham bizdagi jamoalarga o'xshab ish tutsa bo'lmaydimi? Ya`ni, moliyaviy ma`lumotlarni yashirsa, yaxshi emasmi? Yo'q, ular hisobraqamda qancha mablag' bor, qancha tushum bo'ldi-yu, qanaqa xarajatlar… hammasi haqida ochiq-oydin ma`lumotlar berib borishadi. Hattoki, kelgusida ko'zda tutilayotgan tushum va xarajatlar to'g'risida ham ommani xabardor qilishadi. Bizda esa hammasi sir saqlanadi.
Futbolchilarning transferi, ya`ni u jamoadan bu jamoaga o'tishi haqidagi ma`lumotlar xorijda ikir-chikirigacha oshkor qilinadi. Futbolchi qanchaga sotildi, necha yilga shartnoma tuzdi, qancha maosh oladi, tovon puli qancha… hammasi ochiq-oydin aytiladi. Bizda esa… hammasi teskari.
Bizda aksariyat futbolchilar jamoa bilan bir yoki ikki yillik shartnoma tuzadi. Nega shunday? Negaki, futbolchi jamoaning kelgusidagi ishlari «besh» bo'lishiga ishonmaydi. Jamoalar ham «kelib-ketuvchi»larni ma`qul ko'radi. Chunki ertangi kunga (rahbarga, homiyga) ishonch yo'q-da. Bitta jamoa­da 4-5 yil o'ynaydigan futbolchilar bizda «vafodor» hisob­lanadi. Xorijda esa bitta jamoada 10-15 va 20 yillab to'p suradigan futbolchilar ko'p.
Ochig'ini aytish kerak, o'zimizdagi futbolchilar ham yomon yashamaydi. Ularning oyligi, mukofot va ko'tarma pullari uy hamda mashina olishga bemalol yetadi. Faqat bu haqda lom-lim deyilmaydi, ma`lumotlar berilmaydi, xolos.

FUTBOL BIZNESGA AYLANGANMI?

Ha, millionlar o'yini bo'lmish futbol allaqachon biznesga aylanib bo'lgan. Biznesda esa kutib, vaqtdan yutqazib o'tirilmaydi.
Futbol deganda, birinchi navbatda, ko'z oldimizga Braziliya keladi. Bu mamlakat iqtisodiyotida futbolchilarning ham o'z ulushi bor. Gap shundaki, mingdan ziyod braziliyalik futbolchilar xorijda to'p surishadi. Biz ularning eng nomdorlarini taniymiz, xolos. Ularning orasida yillik maoshi 10 million dollardan oshadiganlari qancha? Xullas, o'sha mingdan ortiq futbolchi umumiy hisobda mamlakatga yaxshigina mablag' olib kiradi.
Bizda ham chetda o'ynayotgan futbolchilar bor, faqat ular barmoq bilan sanarli. Keyin Odil Ahmedov va yana bir-ikkita futbolchini hisobga olmaganda qolganlarning maoshi katta emas. Agar futbolchi kuchli chempionatda o'ynasa, ham mahoratini oshiradi, ham yaxshigina pul ishlab oladi.

Umid…

Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, qachon futbolda shaffoflikka erishamiz? Qachongacha jamoalar taqdiri rahbarlar va homiylar munosabatiga bog'liq bo'ladi? Qachon biz ham hammasini bilib, hammasi haqida fikrlashamiz?
Ma`lumki, yaqinda O'zbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyati o'zgardi. Umid qilamizki, endi hammasi o'zgaradi…

Alijon ABDURAHMONOV,
«ISHONCH»

PS: Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deyishadi. Mana, fikrimizning yorqin isboti – 5 sentyabrdagi futbol o'yini natijasi: Falastin – O'zbekiston: 2-0.
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqda shu o'yin rosa muhokama qilindi. Muhim ­o'yinga mashg'ulot paytida «baklajka» o'ynab tayyorgarlik ko'rgan futbolchilarimiz ko'zi chaqnamaganlikda, mas`uliyatsizlikda ayb­landi. Ishqibozlar kuyunchaklik bilan o'zbek futboliga, futbolchilarga turli «tashxis»lar qo'yishdi. Bizningcha, muxlislar haq. Ular 2022 yil Qatarda bo'lib o'tadigan jahon chempionatida O'zbekiston milliy terma jamoasini ko'rishni nihoyatda xohlashadi. Ishqibozlarga «yashirincha» emas, ochiq futbol kerak. Bor gap shu…

Boshqa xabarlar