«Madad» huquqiy madad beradi

24

Adliya vazirligi tashabbusi bilan aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatuvchi nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi «Madad» muassasasi ish boshladi.
Ushbu muassasa Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga asosan tashkil etildi.

Qanday zarurat bor edi?

Ta`kidlash joiz, aholiga bepul huquqiy maslahat berish amaliyoti shu kungacha ham qo'llanib kelinayotgan edi. Lekin bu ishlar doimiy ravishda va tizimli ravishda amalga oshirilmagan. Shu bois, fuqarolar bunday maslahatlarni qaerda va qachon olish haqida aniq ma`lumotga ega bo'lmagan. Endilikda mazkur faoliyat alohida muassasa tomonidan muntazam va tizimli tarzda amalga oshiriladi.

Hududlarda ham faoliyat yuritadimi?

Albatta. Muassasa nafaqat markazda, balki respublikamizning 14 ta hududidagi bo'linmalari, shu bilan birga, tuman (shahar)larda faoliyati yo'lga qo'yiladigan huquqiy maslahat byurolari orqali ham xizmat ko'rsatadi.

Asosiy vazifasi nimalardan iborat?

Birinchidan, muassasa fuqarolarga huquqiy masalalar bo'yicha onlayn maslahat va tushuntirishlar berish yo'li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko'rsatadi;
ikkinchidan, ko'ngillilarni, ya`ni volontyorlarni jalb etgan holda fuqarolarning huquqiy bilimlarini mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy sohadagi o'zgarishlar bilan uyg'un ravishda kengaytiradi;
uchinchidan, fuqarolarning hu­quqiy maslahat berishga oid so'rovlarini tahlil qiladi. Tahlil natijasi bo'yicha huquqni qo'llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
to'rtinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovasion usullar, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini amaliyotga tatbiq etadi
beshinchidan, «Advice.uz» (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalini muntazam ravishda yuritadi va yangilab boradi.

Ma`lumot uchun: joriy yilning 25 aprel kuni Adliya vazirligining Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikdagi loyihasi – «Advice.uz» (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali ishga tushgan edi. Mazkur portal O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmaganlarga ham onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat olish imkoniyatini yaratdi.
Bugungi kunda «Advice.uz» (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalidan 40 ming nafardan oshiq fuqaro foydalangan. Ularning 1400 nafardan oshig'i chet el fuqarolari.
Sirasini aytganda, «Madad» muassasasi fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ularning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, asosiysi, aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatishda o'z nomiga mos ravishda ko'makchi, tayanch manba bo'lib xizmat qiladi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik
bilan aloqalar bo'limi

Boshqa xabarlar