Mehnat bozorida nima o'zgardi?

27

«Toyloq betonkasi» nomini olgan katta yo'l yoqasidagi bu go'sha barcha fasllarda odamlar bilan gavjum. Urgut, Toyloq, Samarqand, Nurobod tumanlari, hatto qo'shni Qashqadaryo viloyatidan kelgan yollanma ishchilar asosan ana shu yerda to'planishadi. 300-400 nafar kishi orasida hunarmand­lar ham, to'g'ri kelgan yumushni bajarishga bel bog'laganlar ham ko'p.

– Mardikor bozorini tartibga solish maqsadida bandlikka ko'mak­lashish markazi huzurida «Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta`minlash byurosi» tashkil etilgan, – deydi Toyloq tumani Bandlikka ko'maklashish markazi direktori Mansur Gadoev. – Muddao bir martalik ish talabgorlariga shart-sharoit yaratish, ularning manfaatlarini himoyalash, ishga yollanishda imkon qadar ko'maklashishdan iborat.
Byuro faoliyati bilan tanishar ekanmiz, yollanma mehnatga chiqqanlar uchun soyabonli maxsus o'rindiqlar, yuvinish xonasi tashkil etilganini ko'rdik. Kelgusi yildan oshxona, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalarini ham qurib ishga tushirish rejalashtirilayotganini aytishdi. Har kuni ertalab soat oltidan to'qqizgacha bir martalik ishga yollanuvchi fuqarolar ro'yxati shakllantirilib, faoliyat yo'nalishi qayd etib ­borilyapti.
– Viloyat xotin-qizlar qo'mitasi, bandlik va mehnat munosabatlari bosh­qarmasi hamkorligida tashkil etilgan bo'sh ish o'rinlari yarmarkasiga bir martalik ish ilinjida yurgan fuqarolarni jalb etdik, – deydi Mansur Gadoev. – Toyloq va unga yondosh tumanlardagi 65 ta korxona, tashkilot va muassasalarda 400 dan ortiq bo'sh (vakant) hamda kvota ish o'rinlari mavjud ekan. Biroq, ishga talabgorlardan atigi 52 nafarigina tegishli yo'llanma olishdi. Ularning 37 nafari xotin-qizlar, 12 nafari yoshlardir.
Ammo… Taklif etilgan ish o'rinlari mardikor bozoridagilarga uncha manzur bo'lmadi. Nega? Axir, risoladagidek ish bo'lsa-yu undan yuz o'girish to'g'rimi? Bu yerda ishga yollanishni kutib turganlarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
– Ish beruvchi bilan mana shu yerning o'zida mehnat ko'lamiga qarab to'lanadigan haq miqdorini va soatini kelishib olamiz, – dey­di o'zini urgutlik Gulhayo Abilova deya tanishtirgan juvon. – Bir kunda 80-100 ming so'mgacha haq olamiz. Bir oyda sakkiz yuz, bir million so'm oylik maosh menga to'g'ri kelmaydi.
– Har kuni ishda bo'lishni oilaviy sharoitimiz ko'tarmaydi, – ­deydi Toyloq tumani «Elipok» mahallasida yashovchi D.Sultonova. – Bir-ikki kun ishlab, topilgan pulni ro'zg'or kami-­ko'stiga yaratyapmiz. Bizga shu usulda ishlash ma`qulroq.
Toyloqda tashkil etilgan vaqtinchalik, bir martalik ish bilan ta`minlash byurosi nafaqat toyloqlik­lar, balki ish masalasida murojaat qilgan har bir fuqaroga xizmat ko'rsatadi. Murojaatchining masalasi onlayn tarzda hal etiladi. Bu yerda o'zini-o'zi band qilgan fuqarolarga bir martalik ish bilan shug'ullanish huquqini beruvchi guvohnoma olishiga ko'maklashadi. Ayni chog'da yuz nafardan ortiq fuqarolardan mehnatning mazkur turi bilan shug'ullanish huquqini beruvchi hujjatga ega bo'lish to'g'risidagi arizalar qabul qilingan.
– O'tgan fursat oralig'ida 120 nafarga yaqin yollanma mehnat qiluvchilarga huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi, – ­deydi byuro mutasaddisi Elyor Rustamov. – Bog'dorchilik yumushlarida ishlab, mehnat haqini ololmagan to'rt nafar yollanma ishchilarga haqini undirib berdik. Asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, byuro va mehnat bozori vakillari o'rtasidagi munosabat ijobiy tomonga o'zgarib bormoqda.
Ishonch hosil qildikki, yollanma mehnat vakillarining mehnat huquqlarini tartibga solish borasida ijobiy sa`y-harakatlar bosh­langan. Eng muhimi, endilikda mardikor va uning mehnat huquqi borasida qayg'uruvchi bor. Ezgu niyatlar bilan boshlangan ishning samarasi ham shunga yarasha bo'lishiga shubha yo'q.

Nurilla Shamsiev,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar