«Menga non emas, pul kerak»

37

yoxud bugungi «tilanchi» aslida kim?

Xalqimizda, ayniqsa, bechorahol insonga nisbatan rahm-shafqat tuyg'usi kuchli. Qiynalganni suyashga, imkon qadar yordam berib, himmat ko'rsatib, olqish va duolar olishga shoshilamiz. Yo'l-yo'lakay qarshimizda mung'ayib o'tirgan tilanchiga ham hamyonimizda «atab qo'yganimiz» topiladi. Zero, sadaqa berilgandan keyin ko'ngil ham taskin topadi. Biroq har qadamda uchraydigan tilanchilar rahmingizni emas, qahringizni keltirib tursa-chi?!

Anglagandirsiz, gap butun dunyoda «qora biznes» deb ataluvchi tobora quloch yozib borayotgan tilanchilik haqida ketyapti. Bugungi kunda odamlar gavjum bo'lgan jamoat joylarida, bozorlar, do'konlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, to'yxonalarlar, oshxona, shifoxona, qo'yingki, eng sokin joy sanalgan qabristonlarda ham turli yoshdagi tilanchilarni uchratish mumkin. Ba`zilari risoladagidek kiyingan, gap-so'zlari bilan yo'lovchini o'ylantirib qo'yadi. Lekin o'lgudek surbet, duch kelgan odamning oldiga borib, pul so'raydi. Uni qorni och tilanchi deb o'ylasangiz, adashasiz. U firibgar yoki tovlamachining o'zginasidir.
Mahallamizda yashaydigan bolaning bozorda tilanchilik qilayotganini ko'rib qoldim. Oqshom mahali uning uyiga borib, onasini chaqirtirdim. Ko'rganimni aytdim-u, baloga qoldim. Ayol meni tuhmatchilikda aybladi. «Bolam non sotuvchiga yordamlashish uchun bozorga chiqqan. Ro'zg'orning kam-ko'stiga yordami tegadi deb ruxsat berganman. Otasi bo'lganda shu ishlarni qilmasdi», – deya yig'lab-siqtab qoldi. Ming xijolatda uyidan chiqdim.
Farg'ona shahridagi avtoshohbekat hududida nogironlik aravachasida yoshi yetmish­lardan oshgan kampirning qo'liga «Xayr-sadaqa qilinglar» deb yozilgan lavhani tutqazib qo'yishibdi. O'zbek ayoliga yarashmagan bu «biznes»ni uyushtirayotgan qaysi nobakor bo'ldi?» deb o'ylanib qolasiz… Balki ayolning farzandi yo'qdir, deysiz? Hech bo'lmasa, ukalari, yaqin qarindosh-urug'lari bordir? U yashab turgan mahallaning «ko'zi» qaerda? Uyat, or-nomusni yig'ishtirib qo'yib, ayolni shaharning eng gavjum hududiga keltirib qo'ygan kimsa ham tilanchilik bilan topilgan pulga ko'z tikib turmaganmikin?
«Menga non emas, pul kerak» deya oq qog'ozga yozib olib, uni qo'lida tutib turibdi bir ayol. Sekin yoniga borib so'radim:
– Ikkita issiq nonim bor, olasizmi?
U qovog'ini uyib, menga bepisand qarab qo'ydi-da, ko'rmayapsanmi deganday, yozuvga ishora qildi.
Uning yonida ulgurji savdo bilan shug'ullanayotgan sotuvchidan so'radim:
– Kar-soqovmi, deyman, gapirmayapti?
– Qayoqda? panaroq joy topib, kimlar bilandir telefonda gaplashadi. Ish paytida o'zini shunaqa tutadi, – dedi istehzo bilan.
– Hey bola sen-chi, senga non kerakmi? – dedim viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam markazi yonida to'xtayotgan avtoulovlar tomon chopib borib, pul talab qilayotgan tilanchi bolaning qo'lidan tutib.
– Qo'yvoring qo'limni, menga non kerak emas, pul kerak, – dedi u muttahamlik yo'liga o'tib.
Demak, bolaning qorni to'q, usti but, pulni esa boshqa ehtiyojlar uchun sarflaydi. Bu esa so'zsiz bolani ma`naviy jinoyatlarga etaklaydi. Bola endi bu hayotda birovlarning haqiga xiyonat qilish evaziga kun kechirishga odatlanadi.
…Farg'ona shahar buyum bozorining darvozasi yonida ko'zi ojiz ayol ashula aytyapti. Yonida olti yoshlar chamasidagi bola ayolga sadaqa qilinayotgan pullarni tartibga keltirib, chakmonga joylayapti…
Shu soniyalarda bolaning ertangi kuni haqida o'ylanib qolasiz. Bola shu turishida sadaqa uchun qo'shiq kuylashni, ya`ni tilanchilikni orzu qilayotgan bo'lsa-chi? Qani edi, ayol qo'shig'idagi so'zlar bola qalbini ezgulik suviga qondirayotgan bo'lsa… O'shanda «menga non emas, pul kerak», deydiganlar safi bittaga kamayardi…
Shu o'rinda yana bir savol tug'iladi: Xo'sh, mamlakatimizda tilanchilar «faoliyati» qonuniy jihatdan tartibga solinganmi?
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 9 yanvar kuni imzolangan «O'zbekiston ­Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta`minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi Qonunga muvofiq tilanchilik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi.
Jinoyat va Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarda tilanchilik qilishga jalb etishga jazo choralari belgilandi. Bu esa, fuqarolar sha`ni, g'ururini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, tilanchiga pul berish o'rniga mazkur qonunlarning mazmun-mohiyatini targ'ib etish ma`qul emasmi? Bu haqda boshqalarning fikri qanday?

Ma`mura Abdurahimova,
jurnalist

Boshqa xabarlar