Muhim masalalarga alohida e`tibor

100

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi katta majlislar zalida kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, Qoraqalpog'is­ton, viloyatlar va Toshkent shahar kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raislari, Federasiya Kengashi hamda tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi. Yig'ilishni Federasiya Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov olib bordi.

Dastlab 4 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoev raisligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ta`kidlangan masalalar, xususan, 2020 yilda Tokioda bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ishlari qoniqarli emasligi, qator sport federasiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta`minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga yetarlicha e`tibor bermayotgani tanqid qilingani qayd etildi. Ushbu musobaqada kasaba uyushmalari tasarrufidagi sport muassasalarida tayyorgarlik ko'rayotgan sportchilar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shuningdek, musobaqalarga puxta hozirlik ko'rish masalalari muhokama etildi.
Kun tartibiga ko'ra, yaqin kunlarda boshlanadigan paxta yig'im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik, bu borada tizimli ishlarni amalga oshirish zarurligiga e`tibor qaratildi.
Uzoq yillar davomida shakllanib qolgan, paxta yig'im-terim mavsumida yanada yaqqol ko'zga tashlanib, xalqimizning sha`ni va davlatimizning nufuziga salbiy ta`sir ko'rsatuvchi majburiy mehnat amaliyotidan butunlay voz kechish, har kim ish va o'qish joyi­­da o'ziga yuklatilgan vazifalarni halol va sidqidildan bajarishi uchun sharoit yaratish bugungi kun talabiga aylanmoqda.
Shu maqsadda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi paxta yig'im-terim mavsumida mehnatkashlarning haq-huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish maqsadida terimchilar uchun qulay mehnat sharoit­lari yaratilishi, mehnat muhofazasi va gigiena qoidalariga rioya etilishi, ularga sifatli issiq ovqat berilishi bo'yicha jamoatchilik nazoratini o'rnatish, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan qayta aloqa mexanizmi mavsum davomida uzluksiz ishlab turishini ta`minlash, bunda 1092 raqamli «Ishonch telefonlari», internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog'i imkoniyatlaridan keng foydalanishni, qolaversa, mavsum davomida Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo'mitasi va boshqa NNTlar bilan hamkorlikda paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnat bo'lmasligi borasida respublikaning barcha hududlarida milliy monitoring o'tkazishni yo'lga qo'ymoqda.
– Joriy yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida milliy monitoring o'tkazishda AQSh hamda Yevropa davlatlari kasaba uyushmalari vakillaridan ekspertlarni taklif etganmiz, – dedi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev. – Shu bilan birga, xalqaro monitoring guruhi ham mavsum paytidagi jarayonni kuzatib boradi.
Kasaba uyushmalari negizida tashkil etilgan yuridik klinika, qayta aloqa mexanizmining tun-u kun ishlab turishi, hududlarda tayinlangan vakillar boshqa jamoatchilik ishlaridan ozod qilinishi hamda murojaatlar bo'yicha o'rganish o'tkazishi uchun transport bilan ta`minlanishi ko'zda tutilgan.
E`tiborli jihati, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to'liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Bu jarayonda kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta`minlash, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishiga yo'l qo'ymaslik va bunda barcha zaruriy choralarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi
Yig'ilishda joriy yildagi yozgi sog'lomlashtirish mavsumi yakuni, bolalar oromgohlarining mavsum davomidagi natijalari tahlil qilindi. Jumladan, 2019 yilda oromgohlar faoliyati o'tgan yillardagiga qaraganda ancha samaraliroq bo'lgani, ko'proq bolalar oromgohlarga jalb etilib, ayrim oromgohlar 5-6 smena ishlagani, mavsum paytida bolalar bilan bog'liq birorta ko'ngilsiz hodisa yuz bermagani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, yig'ilishda O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan mamlakatimizdagi umumiy o'rta ta`lim maktablarida bosh­lang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida faoliyat ko'rsatayotgan o'qituvchilar o'rtasida «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» respublika tanlovi o'tkazilishi bo'yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Ushbu tanlov 3 bosqichda o'tkaziladi. Unda ishtirok etish istagida bo'lgan nomzodlar umumta`lim maktablarida kamida 20 yillik pedagogik, boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida esa kamida 10 yillik ish stajiga ega bo'lishi lozim.
Qayd etildiki, tanlov g'oliblari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan 1 oktyabr – O'qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Chunonchi, 1-o'ringa munosib deb topilgan soha xodimiga «Spark» avtomobili topshiriladi.
Yig'ilish kun tartibiga ko'ra, 2020 yilda Kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimida o'tkaziladigan hisobot-saylovlarga tayyorgarlik ko'rish, kadrlarni o'qitish va qayta tayyorlashning yangi va samarali mexanizmlarini amaliyotga tatbiq qilish, tashkiliy ishlarni tartibga solish, qolaversa, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining yangi ko'rinishdagi logotipini ishlab chiqish bo'yi­­cha tanlov e`lon qilish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, yig'ilishda kasaba uyushmalarining bosh­qaruv tizimini qayta ko'rib chiqish, MDH va boshqa chet el kasaba uyushmalarining tuzilishi, tajribalarini o'rganish hamda takliflar berish bo'yicha topshiriqlar berildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar