O'zgarishlar og'ushidagi orolbo'yi

26

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishib, aholi bilan muloqot o'tkazish maqsadida shu yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasida bo'lgan edi.
Prezidentimizning har bir tashrifidan keyin voha taraqqiyotida, Qoraqalpog'iston hayotida muhim o'zgarishlar ro'y bermoqda.

MO'YNOQDAGI MO'`JIZALAR

Bu haqda so'z borar ekan, birgina Mo'ynoq tumanida yangiliklarning sanog'i yo'qligini ta`kidlash joiz. Xususan, mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida bu yerda katta korxona ish boshladi. Unda 350 nafar mo'ynoqlik xotin-qizlar ish bilan ta`minlandi.
Salkam 10 milliard so'mlik mab­lag' evaziga bunyod etilgan «Mo'ynoq tekstil» korxonasiga Turkiyadan zamonaviy dastgohlar olib kelindi. Namangan shahrida faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi. Kelgusida korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinadi.
– Bundan uch yil avval qay tarafga bosh urishini bilmay qolgan mo'ynoqlik yoshlarning shodligini so'z bilan ifodalab bera olmayman, – deydi korxona ishchisi Dinara Yerg'alieva. – Mo'ynoqliklarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Zamonaviy tikuv dasgohlarida kiyim tikish sirlarini o'rganib, kegusida kichik tikuv sexini tashkil etish niyatim bor.
Shu o'rinda aytib o'tish joizki, Mo'ynoq tumanini 2019-2021 yillarda kompleks rivojlantirish das­turiga 1 trillion 485 milliard so'm mablag' ajratish rejalashtirilgan. Hozir tumandagi 41 ta ob`ekt­­da 156 milliard 991 million so'mlik qurilish-ta`mirlash ishlari davom etmoqda.
Misol uchun aytsak, «Mo'ynoq akva sanoat» davlat unitar korxonasida baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlashga mo'ljallangan dastgohlar o'rnatilmoqda. Joriy yil yakunida ishga tushishi rejalashtirilayotgan ushbu korxonada har yili 3650 tonna mahsulot qayta ishlanib, 9 millionta baliq konservasi, 780 tonna baliq farshi, 400 tonna baliq filesi va 200 tonna dudlangan baliq mahsulotlari ishlab chiqariladi.
– Korxonamizga 60 ming 270 gektarlik to'qqizta ko'l biriktirib berilgan, – deydi korxona direktori Ruslan Mambetqadirov. – Zavod qoshida yiliga 30-40 million dona chavaq yetkazib berish imkoniyatiga ega inkubasiya sexi mavjud. Bundan tashqari, ming tonna mahsulotni saqlash uchun muzlatgichli omborxona bunyod etilgan. Umumiy qiymati 20 milliard 200 million so'mlik zavod ishga tushgach, 58 nafar mo'ynoqlik ish bilan ta`minlanadi.
Har oyda bir korxonani ishga tushirish niyati bilan mehnat qilayotgan tuman aholisining shashti baland.
– Bir zamonlar, hattoki, Nukus shahrida bo'lmagan bolalar suzish havzasi eng cheka tumanimizda barpo etildi, – deydi mo'ynoqlik Quanishboy Abdimuratov. – Madaniyat uyi, muzey, yoshlar markazi, ochiq osmon ostidagi teatr, stadion, maktabgacha ta`lim muassasalari va ko'p qavatli turar joylar, ma`muriy binolarning qisqa muddatda qad rostlayotgani chinakam mo'`jizadir.

QONLIKO'LNING YaNGI QIYoFASI

Mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog'istonga tashrifi chog'ida Qonliko'l tumanida 2019-2020 yillarga mo'ljallangan qiymati 354 milliard 388 million so'mlik 20 ta loyihani amalga oshirish hamda 552 ta yangi ish o'rni yaratish rejalashtirilgan edi. O'tgan davr mobaynida tumanda sanoat, xizmat ko'rsatish, servis hamda qishloq xo'jaligi sohalarida keng ko'lamli ishlar bajarilib, ko'plab investisiyaviy loyihalar amalga oshirildi.
Qisqa muddat ichida yirik ip-kalava ishlab chiqarish korxonasining ishga tushirilishi nafaqat Qonliko'l, balki voha hayotida ham quvonchli voqealardan biri bo'ldi. O'n gektarlik maydonda bunyod etilgan korxonaning umumiy qiymati 312 milliard 20 million so'mga teng. Bugun korxonada 350 nafar yoshlar mehnat qilmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilgan ip-kalava mahsulotlari chet davlatlarga eksport qilinayotir.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida tumandagi «Bereketli nurlы jer» fermer xo'jaligida ham bo'lgan edi.
– Prezidentimiz ish faoliyatimiz bilan tanishib, o'zining qimmatli maslahatlarini bergan edi, – deydi Muratboy Jamg'irbaev. – Xo'jaligimiz o'tgan yili tashkil etilgan bo'lsa ham mehnatimizga yarasha yutuqlarimiz bor. Yerga e`tiborli bo'lib, agrotexnik qoidalarga qat`iy amal qilinsa, ko'zlangan natijaga erishish mumkin. Yil yakunida olinajak daromaddan umidimiz katta. Lizingga traktor olmoqchimiz. Davlatimiz rahbari bergan maslahatlardan kuch olib, faoliyatimizni ko'p tarmoqli xo'jalik asosida yuritish niyatimiz bor.

YIRIK VA MANFAATLI LOYIHA

O'tgan asrning 60 yillarida ishga tushirilgan «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasida turli muammolar yuzaga kelgan edi. Ayni chog'da bu yerda koreyalik hamkorlar bilan yirik inshoot barpo etilmoqda. Quvvati 230-280 megavatt bo'lgan ikkita bug'-gaz qurilmasini qurish ishlari avjida.
– Joriy yil oxirida bug'-gaz qurilmasining birinchi navbati foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan, – deydi korxonaning loyihalarni amalga oshirish bo'limi boshlig'i Bahrom Ibrohimov. – Kelgusi yil boshida qurilmaning ikkinchi navbati ishga tushirilgach, stansiya quvvati 273 megavattga oshadi. Shunda bu yerda katta miqdordagi gaz va suv tejash barobarida yuzlab yangi ish o'rni yaratiladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatini uzluksiz sifatli elektr quvvati bilan ta`minlab turish maqsadida barpo etilayotgan yirik inshootning umumiy qiymati 678,2 million AQSh dollariga teng bo'lib, kelgusida u mamlakatimizdagi eng muhim ob`ektlardan biriga aylanadi.

VAZIFALAR ANIQ

Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoev raisligida Nukus shahrida bo'lib o'tgan yig'ilishda Qoraqalpog'istonni rivojlantirishning istiqbollari muhokama etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Orolbo'yida ham ijobiy va samarali o'zgarishlarga erishilgani ta`kidlab o'tildi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida Qoraqalpog'istonda yalpi hududiy mahsulot 7,2 foiz, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 5,4 foiz, xizmatlar ko'rsatish ko'lami 18 foiz qurilish ishlari haj­mi esa 45 foizga o'sgan.
Shu bilan birga, hududda hali o'z yechimini kutayotgan muammolar ham ko'p. Sanoatni rivojlantirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etishga berilayotgan e`tibor yetarli emas.
Yig'ilishda hududni yanada taraqqiy ettirish yuzasidan beshta ustuvor yo'nalish belgilab berildi. Xususan, har bir shahar va tumanlarning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisoslashtirish bo'yicha tavsiyalar berildi. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashining 2020 yil yakuniga qadar Mo'ynoq tumanida 100 o'ringa mo'ljallangan zamonaviy davolanish-reabilitasiya markazini qurib, foydalanishga topshirish to'g'risidagi taklifi ham ma`qullandi. Bu esa kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotganidan dalolatdir.

Ortiqboy MAMUTOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar