USTYuRTDAN XAZINA IZLAB…

41

Yoxud neftchilar erishayotgan muvaffaqiyatlar omili nimada?

Bugun Ustyurtning bepoyon kengliklarida Vatan ravnaqi yo'lida fidoyilik bilan faoliyat yuritayotgan bir jamoa bor. Bu Ustyurt qidiruv burg'ulash boshqarmasi – «Ustyurt QBB» mas`uliyati cheklangan jamiyati xodimlari. Ahil jamoaning asosiy ish jarayoni yer qa`ridan neft va gaz konlarini qidirib topish hisoblanadi.

Ularning muvaffaqiyatli mehnati mahsuli sifatida yaqin davr ichida yangidan «Oraliq-1» va «Qushqair-1» konlari ochildi. Jamoa joriy yilning o'tgan olti oyida neft va kondensat zaxirasini burg'ulab topish rejasini 109,1 foiz, tabiiy gaz zaxirasini izlab topish rejasini 171,1 foizga bajardi.
Ayni paytda korxonada 1281 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy manfaatlarini himoya qilish ma`muriyat va kasaba uyushmalari zimmasidagi mas`uliyatli vazifalardan hisoblanadi. Jamoamizda ishlayotgan har bir a`zo, avvallo, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi o'rtasida imzolangan jamoa shartnomasidan manfaatdordir. Chunki yuridik kuchga ega ushbu hujjatning har bir bandi ishchi-xodimlarni himoya qilish bilan bog'liq huquqiy normalarni o'zida mujassam etgan.
Ishchilarimizda kasalliklar aniqlansa, darrov davolatish va profilaktik choralarini ko'rishga hozirlanamiz. 2019 yilning may-­iyul oylarida 1250 nafar xodim davriy tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.
Ishlab chiqarish ob`ektlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyim-bosh bilan ta`minlab boriladi. Joriy yilning o'tgan olti oyi davomida ushbu maqsadlar uchun korxona mablag'laridan 500 million so'mdan ziyod mablag' ajratilgan bo'lsa, oziq-ovqat bilan ta`minlashga 1 milliard 325 million so'mdan ortiq sarmoya sarflandi.
Korxonada qidiruv va burg'ulash jarayoni o'n besh kunlik (vaxtalik) asosda bajariladi. Xodimlarimiz ishdan bo'sh vaqtlarini unumli o'tkazishi uchun har xil madaniy-ma`rifiy va sport tadbirlarini tashkil etamiz.
Korxonamizda ko'p yillar samarali mehnat qilgan faxriylarimiz hurmat-e`tiborda. Bu yil 10 nafar xodimga dam olishga chiqishi munosabati bilan korxona va kasaba uyushmasi hisobidan 57,5 million so'm moddiy yordam ko'rsatildi. Yonma-yon mehnat qilib, 50, 55, 60 yoshlarini qarshi olgan 32 nafar xodim moddiy rag'batlantirilib, qimmatbaho sovg'alar berildi.
Shu maskanda mehnat qilib, pensiyaga chiqqan faxriylar ham hamisha e`zozda. Ular holidan doimo xabar olib turiladi. Xususan, ko'rish qobiliyatida nuqsoni bo'lgan Japaq Hakimboevga davolanishi uchun ko'mak berilgan bo'lsa, uzoq yillar korxonamizda faoliyat ko'rsatib, pensiyaga chiqqan Vasiliy Krikovga ish beruvchi va kasaba uyushma qo'mitasi 1 million 400 ming so'm moddiy yordam ko'rsatdi. Ikki nafar faxriy «Qo'ng'irot» sanatoriysida imtiyozli sog'lomlashtirildi.
Korxona kasaba uyushma tashkilotiga murojaat etib, ijtimoiy yordam so'ragan har bir ishchi e`tibordan chetda qolmaydi. O'tgan davr ichida 48 nafar xodimga korxona hisobidan 3,6 million va kasaba uyushma qo'mitasi hisobidan 19, 5 million so'm miqdorida ko'mak berildi. Oliy o'quv yurtida tahsil olayotgan bir nafar talabaga o'quv shartnoma pullarining bir qismi to'lab berildi, tug'uruq ta`tilidagi bir nafar xodimga moddiy yordam ko'rsatildi.
Ustyurt qidiruv burg'ulash boshqarmasida mehnat qilayotgan yoshlar ko'p. Ular o'rtasida madaniy-ma`rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish barobarida yaqindan suhbat qurib, fikrlashib turamiz. Muloqotlar davomida 21 nafar yosh oilaning turar-joyga muhtojligi aniqlandi. Ma`muriyat bilan hamfikrlikda namunaviy loyi­­ha asosida bunyod etilgan uylardan 21 tasi uchun ipoteka kreditlari korxona hisobidan to'lab berildi. Ushbu maqsadlarga 365,5 million so'm foizsiz ssudalar ajratildi. Yangi uylarga ko'chgan yosh oilalarda hovli to'ylari bayramga ulanib ketdi.
Kasaba uyushma a`zolarining istak va talab­lari doimo e`tiborga olinadi. 85 nafar xodimning xohishlari inobatga olinib, mamlakatimizdagi tarixiy shaharlar bilan ziyoratgohlarga olib bordik.
Jamoamizning ahilligiga ko'rganlarning havasi keladi. Yaxshi-yomon kunlarda, quvonch-u tashvishlarda birgamiz. Yaqinda «Amu irg'oqlari» ansambli tayyorlab kelgan konsert dasturiga jamoamiz a`zolari bilan borib, ko'ngilli dam oldik. Zamonaviy talqindagi, tarbiyaviy ahamiyatga ega filmlarni qiziqib ko'ramiz.
Yil davomida o'z kasblariga vijdonan yondashib, fidoyilik namunalarini ko'rsatgan xodimlarimiz va ularning oila a`zolari uchun har doim sanatoriylarga imtiyozli yo'llanmalar tayyor. Shu kungacha kasaba uyushma imtiyozlaridan 22 nafar xodim foydalangan bo'lsa, yana 33 nafar xodim «Geolog» sanatoriysida korxona hisobidan bepul sog'lomlashtirildi.
Yoz mavsumida ishchilarining farzandlarini namunali sog'lomlashtirish maqsadida ma`muriyat bilan reja tuzdik. Unga asosan 160 nafar bola Shahrisabz shahridagi «Beruniy» bolalar dam olish oromgohida va 20 nafar bola Ellikqal`a tumanidagi «Orol bolalari» markazida hordiq chiqardi.
Bugun jamoamiz erishayotgan yutuqlarning asosiy omili – birdamlikda, hamfikrlikda. Birlashgan murodga yetar deganlari aslida shu!

Maxset QURBANIYaZOV,
Ustyurt qidiruv burg'ulash boshqarmasi
kasaba uyushma qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar