Dunyo hunarmandlari anjumani

29

Qo'qon shahrida I Xalqaro Hunarmandchilik festivali boshlanmoqda

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi «Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirga dunyoning 80 taga yaqin mamlakatidan qariyb 300 nafardan ortiq mohir hunarmand tashrif buyurgan.
Qo'qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o'tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko'rildi. Shahar ko'chalari bayramona bezatilgan. Qisqa qilib aytganda, Xo'qandi latif bugun butun dunyo ahlini lol qoldiradigan yangi afsona tayyorlagan.
Festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko'zda tutilgan 12 ta tarixiy obidani ta`mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Bundan tashqari, 20 dan ortiq Qo'qon milliy hunarmandchiligi namoyandalarining uy ustaxonalari, 4 ta madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari va mehmonlar tashrifi uchun tayyorlangan. Festivalning asosiy tadbirlari bo'lib o'tadigan «Xudoyorxon o'rdasi» mahalliy va xorijlik hunarmandlarni o'z bag'riga olgan.
Markaziy maydonning yon atrofida hunarmandchilik san`atiga doir turli ko'rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san`at asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularning sotuvi tashkil etiladi.
Festival doirasida milliy liboslar ko'rgazmali chiqishlari, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etiladi.

Jamshid ERGAShEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar