Kasbimga mehrim yanada ortmoqda

46

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlab yaqinda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida kun tartibiga qo'yilgan dolzarb vazifalar biz – o'qituvchilarga chindan-da juda katta mas`uliyat yukladi.

Tadbirda men ham viloyat hokimligi studiyasidan qatnashdim. Prezidentimizning nutqini, fikr-mulohazalarini diqqat bilan tingladim. Shu soha vakili sifatida tizimga qaratilayotgan e`tibor va g'amxo'rlikdan, ta`limni rivojlantirishga qaratilgan katta rejalardan behad quvondim. Shuning barobarida to'planib qolgan jiddiy kamchiliklarda hamkasblarim qatori mening ham aybim bor degan o'y ko'ngildan o'tdi.
E`tibor bering, so'nggi ikki yilda mamlakat bo'yicha 12 ming 871 nafar erkak o'qituvchilar xalq ta`limi tizimiga qaytibdi. Bu, shubhasiz, ta`lim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak o'qituvchilarning alohida o'rni va ta`siri borligini hisobga olib, ko'rilgan aniq chora-tadbirlar, sa`y-harakatlar mevasi.
Yoki deylik, rag'bat masalasi. Qayd etilganidek, oxirgi uch yilda o'qituvchilarning ish haqi o'rtacha 2,5 barobar oshirildi. Davlat miqyosidagi bunday g'amxo'rlik barcha hamkasblarim qatori, mening faoliyatimga ham sezilarli darajada ta`sir ko'rsatdi. Iqtisodiy imkoniyatlarim ortib, ro'zg'orimga baraka kirmoqda. Ishga nisbatan yanayam mehrim oshdi. Axir kundalik maishiy tashvishlardan qutulgach, o'qituvchining kasbiga bo'lgan mehri ham ortadi-da.
Qalb amri bilan aytganda, shu kunga qadar davlat tomonidan soha vakillariga yaxshigina imkoniyat va imtiyozlar berildi. Bu jarayon davom etmoqda. Nainki moddiy rag'bat masalasida, balki o'qituvchilarni nokerak hamda vazifasiga kirmaydigan yumushlarga jalb etmaslik, mahalliy hokimliklarning ularning ishiga aralashmasliklari borasida ham. Xullas, muammolarni bartaraf etish uchun davlat tomonidan jiddiy qadamlar tashlandi. Endi qadam tashlash navbati – o'qituvchilarga!
Ha, asosiy muammolar aynan o'qituvchilarda qoldi. Chunki rag'bat, e`tibor va g'amxo'rlik yuqoridan bo'layotgan ekan, obro', hurmat-ehtirom, izzat-ikrom quyidan topiladi. Boisi, bilimli, o'z ustida izlanib ishlaydigan, yoshlarga mehr bilan saboq beradigan, ularning ko'ngliga yo'l topa oladigan o'qituvchigina ana shunday rutbaga, jamiyatda qadr-qimmatga sazovor bo'ladi.
Gap kelganda aytay. Yaqinda yangi o'quv yili oldidan sarhisob va rejalarga bag'ishlangan an`anaviy avgust kengashi chog'ida Asaka tumani xalq ta`limi bo'limi mudiri O'tkirbek Sulaymonov bilan dildan muloqot qildik. Ayon bo'ldiki, o'qituvchilarning bilimdonligi borasida yaxshigina muammolarimiz bor ekan. Qarang, oliy malaka toifasi himoyasi uchun test jarayonida tumanimizdan qatnashgan 13 nafar pedagogning 3 nafarigina sinovdan o'tdi. Birinchi toifali 66 kishidan 41 nafari yetarli ball yig'a olmasdan bir pog'ona pastga, ya`ni ikkinchi toifaga tushgan bo'lsa, birinchi malaka toifasiga da`vogar hisoblanmish 309 nafar o'qituvchining 147 nafarigina yetarli ball yig'a olgan, xolos. Bu raqamlar har bir muallimni o'ylantirishi, jiddiy izlanishga, malakani oshirishga, ishtiyoq bilan ishlashga undashi zarur. Chunki ta`lim tizimida o'qitishning yangi yondashuvlariga, xalqaro tajribalarni qo'llashga o'tayotgan ekanmiz, birinchi navbatda o'quvchining emas, o'qituvchining savodxonligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ladi. Savodxon, bilimdon va jonkuyar o'qituvchi esa har qanday o'quvchining ko'ngliga yo'l topa biladi, uni ortidan ergashtira oladi.
Mamlakat miqyosidagi yig'ilish bahonasida men ham do'ppini bir chetga qo'yib, jiddiy o'ylandim, o'zim uchun rejalar belgilab oldim. Tizimda o'ttiz yilga yaqin ishlabman. Salohiyatim yetganicha ko'plab shogirdlar tarbiyaladim. Ammo bu o'qish-o'rganish jarayoni to'xtab qoladi, degani emas. Prezidentimiz e`tibori boshqalar qatori meni ham ijodiy izlanishga, fidoyilik bilan mehnat qilishga ruhlantirmoqda. Shu bilan birga, qurbim yetganicha yosh hamkasblarimga ham hayotiy tajribalarni, bor bilimimni o'rgatishga intilaveraman.
Mana yangi o'quv yili ham boshlandi. Biz ham qadamlarni kattaroq olishimiz kerak.

Abdurashid ERGAShEV,
Asaka tumanidagi 26-umumta`lim
maktabi o'qituvchisi

Boshqa xabarlar