Otabek shuurining oniy surati

26

yoxud Qodiriyona timsol-ramzning
beqiyos tantanasi

yoxud Qodiriyona timsol-ramzning
beqiyos tantanasi

Taxmin qilinsa, «O'tkan kunlar»ning avvalida keladigan «Yozuvchidan» so'zini Abdulla Qodiriy asarga so'nggi nuqta qo'ygach yozgan. Roman yaratish g'oya­­si tug'ilgan va shakllangan kezlarda adib «yangi asar» havasi bilan yashagan bo'lishi mumkin, lekin u romanning ipidan-ignasigacha aynan mana shunday tugal shakl-shamoyilga kelishini avvaldan tasavvur qilishi mumkin emasdi. Muallif syujet qurilishida, jumladan, serhaya­jon lavhalar yaratishda oddiy xalq ruhiga singib ketgan ertakchilik, dostonchilik uslubidan unumli foydalangan, shu bilan birga voqealar, ziddiyat-u to'qnashuvlar zanjiri tizginini mutlaqo o'z holiga qo'ygan, buning natijasida roman yaratilgan davr kishilarini qo'yib turaylik, hozir va kelgusida uni o'qishga jazm etajak barcha toifadagi kitobxonlarning ham hammasi birdek ilg'ayvermaydigan adabiy tajribalardan mohirona foydalangan.
Adibning o'zi «kichkina bir tajriba» deb atagan bunday uslubiy yondashuvlar qahramonlarning, ayniqsa, murakkab ruhiy holatlari tasvirida ko'proq uchraydi.

Otabekning xayol odami ekani o'quvchiga asarning ilk faslidayoq ayon qilinadi. U xayol ichida o'tirishi, xayollanishi va, umuman, tabiatan xayolchan va go'shanishin odam ekani romanning ko'p o'rinlarida ta`kidlanadi. «Mehrobdan chayon» qahramoni Mirzo Anvar qaysidir jihatlari bilan Otabekka o'xshab ketadi: ingichka tabiatlik-nozikta`b, vazmin, mulohazakor, kezi kelganda, jasorat ko'rsatishga-da qodir. Fe`l-atvori, sajiyasiga ko'ra, u ham o'y odami, lekin uning bu xususiyatiga asarda, Otabekdan farqli o'laroq, alohida urg'u berilmagan, ta`kidlanmagan. Dastlabki ikki yirik asariga mutlaqo o'xshamagan havas, tajriba va majburiyat ehtiyojidan kelib chiqib yaratilgan «Obid ketmon» qissasining qahramoni bo'lmish Mulla Obid ham tabiatan yolg'izlikka moyil odam, shunga qaramay, u qariyb «o'ylamaydi», birinchi bor asar ikkinchi bo'limining dastlabki sahifalariga boribgina daf`atan o'yga toladi (kolxoz to'g'risida), xolos.

Badiiy asar bosh qahramoniga doir kuzatishlarimizni ayni shu nuqtai nazarda bayon etishdan ko'zda tutilgan maqsadimizni asoslashga harakat qilamiz.
Abdulla Qodiriy «O'tkan kunlar»ni yozishda xalq o'rtasida keng ommalashgan an`anaviy ertaknavislik, rivoyatnavislikdan meros shartlilik uslubidan ustalik bilan foydalandi, bu hol asarning ommabopligini ta`minlashda katta ahamiyat kasb etdi, biroq adibning boshqa bir katta maqsadi, «yozmoqqa niyatlangani» «yangi zamon romanchiligi bilan tanishish yo'lida kichkina bir tajriba»ga qo'l urish edi. Muallifning ushbu niyati qahramonlarning favqulodda holatlarda chuqur ruhiy iztiroblarga tushish manzaralari tasvirida butkul o'zgacha bir ko'rinishda namoyon bo'lgan. Lo'nda aytadigan bo'lsak, nisbatan olganda, u ushbu maqsadiga Otabek obrazini yaratishda ko'proq erishgan.
«O'tkan kunlar»dagi ramz-timsollar poetikasi alohida bir olam, bu olam shu qadar rang-barang, shu qadar serqatlam, shu qadar serjilvaki, ularni o'rganish, tahlilga tortish adib mahoratining ildizlarini roman o'zida mujassam qilgan ijtimoiy-siyosiy maqsad-muddaolardan ko'ra, ko'proq, ortiqroq, teranroq kashf etish imkonini beradi.
Abdulla Qodiriy romanchilik maktabini yaratgani allaqachon xalqaro miqyoslarda e`tirof etilgan, biroq ushbu «maktab»da qahramon ruhiy holatining eng og'ir, qaltis va tahlikali lahzalarini tasvirlash mahorati alohida mavqega egaligi, alohida maktab ichidagi maktab ekani yetarlicha umumlashma bahosini olmagan, nazarimizda.
Roman voqealari dinamikasi ohista, sokin rivojlana boradi. Muhimi, bosh qahramon o'ylari, kechinmalari umumiy oqimdan uzilib qolmaydi, balki syujet yo'nalishidagi har bir to'lqin epkini, shabadasi uning qalbi-shuuriga tegib o'tadi. Misol uchun, «Anovi yarasining ustiga (ishq yarasi − X.D.) Toshkent fojiasi kelib qo'shilgach, Otabek tag'in ham xayolchanlangan, tag'in ham xomushligi ortgan edi».
Bu – boshlanishi.
Alhol, Otabek ota-ona orzusidagi to'yga rizolik beradi, endi shu orzu haqidagi xabarni Marg'ilonga yetkazish majburiyati uni yo'lga tushmaklikka qistaydi. U ortiqcha bir og'irlik bilan, ikkilanishlar bilan yo'lga qo'zg'alar ekan, otning boshini o'z ixtiyoriga qo'yadi. E`tibor beraylik, ruhiy iztirob kuchaygan damlarda Otabek ot tizginini o'z ixtiyoriga qo'ygani kabi, adib ayni shunday damlarda tasvirga mutlaq «ega»lik huquqidan voz kechadi, ya`ni u ham tasvir tizginini o'z holiga qo'yadi. Chunki qahramon «yuz xil sovuq, yaramas xayollar qo'lida ezilib, o'zining dunyoda bormi-yo'qligiga ham tushunmay» qolgan bir paytda muallifning ham ruhiy ahvoli unikidan kam emasdi.
Toshkentdan Marg'ilonga kelgan to'y xabarini qayin ota, qayin ona va kuyov birgalikda o'ltirib muhokama qilishmoqda. Bu paytdagi Otabekning ahvolini tasavvur qilish mahol. Ruhiy azob-iztirob iskanjasida qovrilayotgan Otabek ko'zda yosh bilan ming bir xijolatda tashqariga chiqib ketadi. O'zini chalg'itish maqsadida beixtiyor Fuzuliy devonini varaqlashga tutinadi. Biroq ko'ngil g'ashligi yozilmaydi. «Nima uchundir hozir unda biror fojiaga tushkuvchining holati bor edi». Navbatdagi tasvir yanada chuqurlashganiga e`tibor qarataylik: «Kishi iztirobga tushgan kezlarda tilab emas, ixtiyorsiz ba`zi bir yo'sinsiz ishlarga urinadilar».

Mazkur jumla o'rni kelganda shunchaki yozilgan tasvirgina emas, nazarimizda u − romannavis-adibimiz badiiy mahorati sirlarini anglash sari yo'l ochuvchi favqulodda jiddiy konseptual qarash, nuqtai nazar, o'ziga xos badiiy tafakkur tarzini o'rganishda, xususan, Qodiriyning psixologik ­tasvir mahorati sirlarini kashf etishda juda-juda qo'l keladigan KALITdir. Ixtiyorsiz, yo'sinsiz holatga tushgan qahramon ruhiy olamini, xatti-harakatlarini maromiga yetkazib tasvirlashda Qodiriy tomonidan topilgan badiiy kashfiyotdir.

Demak, Abdulla Qodiriy bir og'iz jumlada kitobxonlarni (ularga qo'shib ijodkor ahlini) ogohlantirmoqda. Fikrimizni yanada lo'ndalashtirsak, o'quvchini romanda uchraydigan murakkab holatlar tasvirini idrok etishda uquvliroq, ziyrakroq bo'lishga undamoqda. Endi buyog'iga kitobxon hushyor bo'lmog'i, qahramon boshidan o'tkazayotgan iztirobli kechinmalarni bor murakkabligi bilan ilg'ay bilmog'i zarur. Zero, voqealar davomi shuni taqozo etadi.
«Quvlanish» fasliga kelamiz. Shom namoziga otlangan qutidor eshikda Otabekka ro'para keladi va uni uyatsiz deya quvib soladi. «Bunday muomala oldida Otabekning qanday holda qolishi izohga uncha muhtoj bo'lmasa kerak» deya tasvirlaydi adib. Lekin izoh-tasvirga nuqta qo'ymaydi, balki uni tubandagicha davom ettiradi: Otabek qoziqdek qoqilib qoladi, na yura oladi, na so'zlashga tili keladi. U «esini boshiga yig'ib mixlangan yeridan qo'zg'alganda, shom namozi o'qilib bitgan» (u shu ahvolda qancha fursat turib qolganini chamalab ko'raylik!), shundan keyingi uning harakatlari moshinavori, ya`ni hushi o'zida emaslik holatida kechadi.
Vaziyat, unga qo'shilib asablar ipi yanada taranglashadi, chigallashadi. «Jonsiz bir xabar va qo'rqinch bir kech» faslida kulminasiya avj pardasiga ko'tariladi.
Otabek biror bir yangilik eshitish maqsadida qutidorning uyidan chiqqan ikki begona kishining izidan tushadi va ittifoqo Kumushbibining erga berilayotganidan, hatto to'y kunlari belgilanganidan xabar topadi. Bu sovuq xabar Otabekning badanidan jonini sug'urib oladi go'yo, uning hushi boshidan uchadi, esankiraydi, moshinavori qadam tashlaydi, o'zini qayoqqa urishni bilmay Marg'ilon ko'chalarida tentaklarcha yugura boshlaydi. Uning bu holiga qarash yuraklarni yoradi va haqiqatda ham tasvirga qalam kuchi ojiz qoladi. Qalam kuchi ojiz qolgan daqiqalarda adibimiz… qalamni o'z holiga qo'yadi − qorong'u kuzning qorong'u bir tunida Otabek «Xo'ja Ma`oz» qabristoniga kiradi. Tasvir to'lasicha qodiriyona timsol-ramz izmiga o'tadi.
Qorong'ulikka manba bo'lgan mozoriston changalzorini Marg'ilon ko'chalarida telbalarcha yugurayotgan Otabekning dardi dunyosi deb tasavvur qilaylik. Shu damda Otabekning shuurida kuchli bir yel turdi, «sochlari o'sib soqoliga qo'shilib ketgan bir devona» timsolidagi yovuz kuchlar Otabek shuurini xuddi gulxan yanglig' kavlab to'zitib yubordi; «bitta-yarimta to'kilmay qolgan yaproqlar» − Otabekning so'ng­­gi umidlari uzila boshladi; «el kuchaygandan kuchayib borar» − g'arazgo'ylar tahdidi avjiga mindi; Otabekning metin bardoshi ustma-ust bosib kelgan yel bo'kirigiga dosh berolmaslik xavfi tug'ildi − «shox-shabbalar qars-qurs sinar»di; nahotki, Otabekning mustahkam irodasi ham − «keksa yog'ochlar g'iyq-g'iyq etib yolborish tovushi chiqargandek» zaiflashayozdi; yo'q, Otabekning irodasi uncha-munchaga egilmaydi, bukilmaydi, basharti, manfur kuchlar «chinor» − Otabekni yiqitgudek bo'lsa-da, u «devonaning gulxanini to'nka-po'nkasi bilan ko'tarib chakalakning ichiga otgan»dek, yovuz kuchlarni parchalab tashlaydi!

Zamon qarg'a-zog'lari tinchlansa − «ko'kni o'rab olgan» qora bulutlar ham to's-to'sga bo'linadi», ana shunda «Oy (ya`ni Kumush) ham qora parda ichidan yarim yuzini ochadi», hozircha «oy parchalangan qora bulutlar bilan bekinmachoq o'ynagan kabi» − Kumushning taqdiri chirkin niyatli kishilar qo'lida o'yinchoq qilinyapti; hali Homid, Sodiq toifasidagi manfurlar «chinor shoxlariga tasbeh kabi tizilgan» boyqushlardek ko'p (yirtqich boyqushlarning ezgu maqsadlarda foydalaniladigan tasbehga qiyoslanishi qanchalik joiz, buni alohida o'ylab ko'rishga to'g'ri keladi. − X.D.). Ular «oy bulutlar ostiga kirsa» rohatdan chig'-chig'lab sayraydilar; Kumushning bu holga tushishi Otabekni tasvirga til ojiz bir ko'yga soladi − «boyqushlar sayrog'i ichidan ingranish kabi bir tovush ham eshitilgandek bo'ladir»…

Otabek psixologiyasining, qolaversa, romanning kulminasiyasi – «Xo'ja Ma`oz» mozori tasviri! Roman voqealarining o'ziga xos ajib tuguni vujudga keldi ushbu tasvirda, shundan keyingi voqealar jarayonida mazkur tugun asta-sekin yechila boradi.
Qodiriy mazkur usulni «Mehrobdan chayon»da qariyb aynan takror qo'llagan. Abdurauf tunqator Mirzo Anvarga Solih maxdumning qizini so'rab borishganini aytadi, aytib qo'ya qolmay, «Biz, qiblagoh uchun kecharsiz, deb o'yladik» deya chayondek nish sanchadi ham. Anvar «bu zaharli so'z bilan ilon kabi to'lg'anib olsa ham, butun kuchini sarf qilib, sir bermaslikka tirishadi». Biroq bu bilan tasvir tugamaydi, balki u quyidagicha davom etadi: «Havo tekis qoramtil bulut bilan o'ralgan. Qo'qonning mashhur shamoli qanot yoygan edi. Qoramtil bulutlardan quyiroqda olaqarg'alar qanot qimirlatmay sayohat qilar va onda-sonda yomg'ir qatralari tomchilar edi.»
Ko'rinadiki, Mirzo Anvar ham Otabekda bo'lgani kabi ixtiyorsiz, yo'sinsiz ishga urinadi – u og'ir mushkulot ostida qolgan, uning ham dard-u ­dunyosi zimiston, zimiston ruhiyat manzarasini o'quvchi ko'z o'ngiga keltirishda adib «O'tkan kunlar»da tungi mozoriston, «Mehrobdan chayon»da esa qoramtil bulutli tun tasviridan foydalangan.
Mantiqan haqli savol tug'iladi: XX asrning ikkinchi yarmiga kelibgina jahon adabiyotida keng ommalashgan «yangi roman»chilikka xos badiiy tasvir unsurlaridan Abdulla Qodiriy xabardor bo'lishi mumkin edimi? Afsuski, bu savolga asosli javobimiz yo'q, ­ammo-lekin badiiy ijod, badiiy tafakkur qonuniyatlaridan kelib chiqilsa, savolni javobsiz qoldirmaslik epini topish mumkin. Avvalambor, Qodiriy yoshligidan favqulodda donishmand inson bo'lib voyaga yetgan, inson va dunyo mazmun-mohiyatini g'oyatda chuqur va teran idrok etgan, eng muhimi, ana shunday yondashuvlari tabiiy ravishda uzukka ko'z qo'ygandek munosib – novatorona badiiy uslub unsurlarining yaratilishiga olib kelgan. Taassuflar bo'lsinkim, muhtaram adibimizga bular singari adabiy-badiiy kashfiyotlarni yanayam baland pardalarda davom ettirish nasib qilmadi, battol zamon kasofati o'laroq, ular keyingi avlod adiblari tomonidan davomli an`anaga aylantirilmadi ham.

Armonli farazdan tasalli istaydi ko'ngil: ayovsiz taqdir va ayanchli qismat shafqat qilganida edi, milliy romanchiligimiz otabegi bo'lmish Abdulla Qodiriy o'zi tamal toshini qo'ygan ayni shu yo'sindagi ijodiy uslub an`analarini yanada rivojlantirgan, yana ­ko'plab noyob va nodir asarlar yaratishi muqarrar edi…

Xurshid DO'STMUHAMMAD

Boshqa xabarlar