Eh, siz erkak-«erkaklar»

63

yoxud unutilayotgan qadriyatlar haqida o'ylar

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda dabdabali to'ylar, kim­o'zarga qilingan pulsocharlik musobaqalari, o'z to'yida axloqning har qanday qoidasini unutayotgan kelin-kuyovlarga ko'zimiz tushmoqda.

Kimdir otarchilar boshidan sochayotgan pullarini ko'z-ko'zlasa, kimdir to'yga qadar o'z jufti bilan nimalar qilib ulgurganini namoyish etuvchi «love story»larga millionlarini tikmoqda. Qanchalar achchiq bo'lmasin, tan olib aytishimiz kerakki, «men sendan kammi» qabilidagi ­hoyu-havaslarga o'chligimiz yurtimizda to'y biznesining rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Birni ko'rib fikr qil, deydi dono xalqimiz. Vodiyning ayrim hududlarida to'y bazmi avvalida kelinsalom bajo keltiriladi. Kelinning ilk salomiga kuyovning uzoq-yaqin qarindoshlari pul berib, minnatdorlik izhor etadi. Bu holatni chaqaloqni ilk bora ko'rganda berilajak suyunchi – ko'rmanaga qiyoslashadi. Ayollarning odati bo'lgani uchunmi, ko'z o'rganib qolgan ekan bu holatga. Ammo ijtimoiy tarmoqda kelinning yaqinlariga egilib-bukilib salom qilayotgan kuyovni ko'rib, hayratdan yoqa ushladim. Esiz, yigit degan nom, esiz, erkaklik sharafi. Arzimagan pul-u latta-putta uchun kelinning xesh-u aqrabolariga ayollardek tavoze` bilan salom qilsa-ya?!

Hammasini kelin taraf qilishi kerak!

Ushbu qoidani ayollar o'ylab topganiga shubha yo'q. Ammo kuyov bo'lmish xotini qilib kelgan sarponi kiyadi, uning idish-tovog'ida ovqat yeb, u keltirgan divanda bahuzur oyoq uzatadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan – to'ydan oldin unashtiruvini bekor qilgan kuyovning gaplari yodingizdami: «O'rtoqlarimga tureskiy sarpo qilishgan. Menga qaerdagi G'ijduvonning narsalarini olib kelishibdi. Meni bunday sharmanda qiladigan xotinning keragi yo'q!»
Tanishlarimdan biri hikoya qiladi: «qizimni poytaxtga uzatdik. Kuyovning ota-­onasi o'zimiz bilan bir joydan. Ammo ayol qudamizning kibr-havosi anchagina baland ekan. Boshida hamma odat o'zimizning farg'onacha bo'ladi, dedi. Biz ham ishonibmiz. Hayitda ota-­onang nazari past odamlar ekan, qo'shnilar oldida obro'im bir pul bo'ldi, loaqal 20 ta tog'ora qilmadi, deya qizimni haydab yubordi. Kuyovni chaqirtirib, siz uyning erkagi, masalani nega bunday hal qilyapsiz, desam, biznikida oyimning aytgani bo'ladi, shu tog'orasini qilib jo'natmasangiz, qizingiz ham kerakmas, deydi».

Damida osh pishadi

Andijonning «mazar yedi»si haqida eshitmagan odam bo'lmasa kerak. Qirq kun uch mahal tashiladigan taomnoma uncha-muncha ingichkani uzib, yo'g'onni cho'ziltiradi. Qisqagina safarim davomida tanishganim, oppoq soqolli Nuriddin bobo hikoya qiladi:
«Kelin olayotganimda, ayolim bilan quda tarafga bordim. To'rt quda birgalashib, masalahatlashdik. Men shart qo'ydim: har qanday oldi-berdi erkaklar orqali bo'ladi. Agar yuzimizni bosib o'tmoqchi bo'lsangiz, bemalol isrofgarchilik qilavering. Uyimga kelin tarafdan igna ham kirmaydi. Qizingizga yuztalab sarpo-suruq qilib o'tirmang. Xotin olishga aqli yetgan o'g'lim, boqishning ham uddasidan chiqadi, dedim. Ixchamgina to'y ham o'tdi, ammo quda tarafdan ertasigayoq nonushtalik kelibdi. Ilk dasturxon deya indamadim. Ammo tushlik oldidan kelinga «Qizim, uyingizdagilarga ayting, ovqat jo'natishmasin» deb tayinladim. Biroq tushlikda yana ovqat keldi, ovqatni mashinamga soldim, kelinimni ham chiqardim. To'g'ri qudanikiga yo'l oldik. «Agar yana ovqat jo'natsangiz, qizingizni ham qaytarib tashlab ketamiz», dedim. Shundan beri qulog'im tinch, oilamizda latta-putta mashmashasi yo'q. Erkak, aslida, ham shunday bo'lishi kerak deb o'ylayman. Bekorga bobolarimizning damida osh pishgan, deya ta`riflanmagan. Erkak ayolini o'zi ta`minlashi, o'zi kiyintirishi, o'zi barcha ehtiyojlarini qoplay olishi kerak. Kelinning ota-­onasi hamma kamchiligingizni qilib berarkan, nima qilasiz uylanib, degim keladi, hozirgi yigitlarga».
Bu purma`no o'gitlarga, afsuski, kamsonli qatlamgina rioya qilayotir.

Har bir bayram men uchun aza

«Onam oqqon bilan kasallangan. Akamning ham, dadamning ham topgani davolanishga ketadi. Qaynonam esa, buni «juda yaxshi tushungani» holda, har bayramda yo'qlov kutaveradilar. «Onangizga ayting…» deb bosh­lanuvchi talabnomalaridan bezib ketganman. Bayram yaqinlashgani sayin jonimni hovuchlayman», deydi yoshgina chehrasida allaqachon ajinlar iz yoygan Sitora.
«Qaynotangiz indamaydilarmi yoki turmush o'rtog'ingiz tushuntirsalar-chi?» deyman qiziqsinib.
«Opajon-ey, erimning o'zi nimani qaerdan olish shartligini uqtirib o'tiradilar-ku! Eng yomoni, bilasizmi, nima? O'g'limda ham xuddi dadasi kabi odamlarning qo'liga qaraydigan xarakter paydo bo'lmoqda… Qush uyasida ko'rganini qiladi, deganlari rost ekan-da?»

Nafsim mening balodur

Bir muddat avval «Kelin tarafga mebel yo'q» tarzidagi reklama bannerlari poytaxt ko'chalarida ko'zga tashlanayotgan edi. Ayrim vijdoni uyg'oq yigitlar «mebelsiz kelin» heshtegini ijtimoiy tarmoqlarda yoyishdi. Biroq bu targ'ibot yetarli emasdek. Olovni ignaning uchicha suv bilan o'chirmoqqa chog'lanayotgandekmiz.
Aks holda, «kuyov salom»lar bunchalik tez yoyilmagan bo'lardi. Egilib-bukilib salom berayotganlar nahotki o'zbegimning mard, tanti o'g'lonlari bo'lsa, deya ajablanasan kishi. Zero, o'zbek yigitlari qadim-qadimdan or, g'urur, mardlik timsoli bo'lgan. Seriallarga mukkasidan ketgan onalar tarbiyalagan o'g'lonlar bugun kelin tomonning nima olib kelishi, qaysi firmaniki bo'lishi lozimligi, hatto, qanday narxda bo'lishini ham belgilab berishmoqda.
Aytmoqchi bo'lganimiz shuki, erkak erkakligini his qilgan joyda, ayollarda hayo, hurmat, nomus tushunchalari ustuvor bo'ladi.

Dildora RAHMONOVA,

jurnalist

Boshqa xabarlar