Me`dasiz yashash mumkin(mi?)

46

Saraton xastaligi. Bu so'z kishini bir ses­kantiradi. Davosi yo'q, degan tushuncha ongimizga kirib qolgan. Aslida-chi? Xastalikka uchramaslik uchun nima qilish lozim? Kasallikning shifosi bormi?
Eng ko'p uchraydigani me`da saratoni haqida fikr yuritish asnosida ushbu savollarga javob izlaymiz.

Saraton oldi…

Me`dada saraton rivojlanishidan oldin saraton oldi kasalliklar uchraydi. Ular sirasiga surunkali atrofik gastrit, pernisioz anemiya, me`da surunkali yara kasalligi, giperplas­tik polip, adenomalar, Menetrie kasalligi, me`da kasalliklari sababli o'tkazilgan jarrohlik amaliyoti va boshqalarni keltirish mumkin. Shuningdek, spirtli ichimliklar iste`mol qiluvchilar, tamaki va nos chekuvchilarning kasallanishi xavfi, zararli odatlari bo'lmaganlarga nisbatan 10 marotaba yuqoriligi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Kasallik geografiyasi

Hozirgi kunda me`da saratoni bilan kasallanish ko'rsatkichi Sharqiy Osiyo va MDH davlatlarida juda yuqori. Yurtimizda ham bosh­­qa xavfli o'smalar ichida me`da saratoni ko'p uchraydi, erkaklar orasida 1-o'rinda, ayollar orasida ko'krak bezi o'smasidan keyin 2-o'rinda turadi. Shuningdek, bu kasallik bilan asosan 50 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan insonlar kasallanishi ham kishini o'yga toldiradi.

Oldini olish

Keyingi yillarda tibbiyotning rivojlanishi va zamonaviy diagnostik usullarning keng tatbiq etilishi bu masalaga sezilarli ijobiy ta`sir ko'rsatmoqda. Lekin kasallikning kechikkan darajalarida murojaat qilish hamon yuqori foizlarni tashkil qiladi. Buning asosiy sababi, aholining asosiy qismi kasallik va uning oqibati haqida yetarlicha tushunchaga ega emas.
Masalan, Yaponiya, Koreya va Yevropa mamlakatlarida me`da saratoni 70 – 85 foiz holatda bosh­lang'ich bosqichlarida aniqlansa, MDH mamlakatlarida bu ko'rsatkich 15-20 foizni tashkil etadi. Bu ko'rsatkichlar zamonaviy diagnostik uskunalardan ham ko'proq, aholining tibbiy madaniyati va bu kasallik haqida qay darajada tushunchaga ega ekani bilan bog'liq. Vaholanki, o'z vaqtida shifokorlarga murojaat etish va profilaktik tekshiruvlardan o'tish kasallikni erta davrda aniqlashga imkon yaratadi.

Erta bosqich belgilari

Me`da saratonining erta bosqichlarida bemorlarni hech narsa bezovta qilmasa-da, lekin quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
– sababsiz umumiy holsizlikning paydo bo'lishi, ish faoliyatining susayishi.
– sababsiz ishtahaning pasayishi yoki yo'qolishi, ilgari iste`mol qilib yurgan ovqatlarga nisbatan yoqtirmaslik hissi paydo bo'lishi, ayniqsa, go'shtli mahsulotlarning yoqmasligi.
– kamqonlik.
– ba`zan sababsiz tez ozish va boshqalar.
Bu belgilar me`da saratoni erta davridan tashqari kasallikning kechki bosqichlarida ham aniqlanishi mumkin.
O'sma jarayoni o'sib-rivojlanishi davom etib, me`da normal faoliyatiga ta`sir ko'rsatadigan darajaga yetganda, boshqa turli belgilar ham kuzatiladi. Masalan:
– quyuq ovqatlar iste`mol qilganda to'sh ortida turib qolish hissi;
– «qadalib» o'tishi;
– ovqat hazm bo'lmasdan turib qolish hissi;
– og'izdan noxush hid kelishi;
– kekirish, ko'ngil aynishi, qusish, qorindagi og'riqlar va boshqa belgilar ham kuzatilishi mumkin.

Muhim omili

Hozirgi kunda me`da saratonini erta aniqlashda – endoskopik tekshiruvning ahamiyati juda katta bo'lib, u saraton turini aniqlashga ham yordam beradi. Afsuski, ba`zilar uning qanchalik zarurligini, ahamiyatini va to'liq ma`lumot berishini tushunmay, ushbu tekshirish usulidan bosh tortadilar, bu esa kasallikni o'z vaqtida aniqlashga imkon bermaydi.
Hozirgi kunda me`da saratonini aniqlashda boshqa zamonaviy diagnostik usullardan ham foydalaniladi. Bular qatoriga kompyuter tomografik, rentgenologik, genetik, immunologik va boshqa laborator tekshiruvlarni kiritish mumkin.

Tuzalishga imkon bor

Ko'pchilik insonlar saraton kasalligini davosi yo'q dard deb hisoblaydi. Lekin hozirgi kunda butun dunyo bo'ylab bu kasalliklarni davolash bo'yicha turli jarrohlik usullari va dori-darmonlar ishlab chiqilmoqda.
Mamlakatimizda me`da saratonini davolash yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lib, juda yaxshi natijalar qo'lga kiritilmoqda. Buni davolanish uchun kelayotgan boshqa mamlakatlar fuqarolari misolida ham bilish mumkin. Xususan, Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida izlanishlar keng ko'lamda olib borilmoqda.
Me`da saratoning davolashda boshqa xavfli o'sma kasalliklari kabi jarrohlik, kimyo terapiyasi va ba`zan nur terapiyasi usulidan foydalaniladi. Me`da saratonini asosiy davolash usuli jarrohlik amaliyoti hisoblanib, o'z vaqtida malakali mutaxasis – onkolog tomonidan o'tkazilgan operasiya saraton xastaligidan to'liq tuzalishga imkon yaratadi.

Sun`iy me`da haqida eshitganmisiz?

Me`dasiz odam yashashi mumkinmi? Bu savolga qo'rqmasdan «Ha» deb javob berish mumkin. Ammo bu insonlar boshqalardan farqli ravishda hayot tarzini tubdan o'zgartirishlari lozim bo'ladi. Ya`ni bunday insonlarda nonushta, tushlik va kechki ovqat tushunchalari bo'lmasdan, oz-ozdan tez-tez ovqat iste`mol qilishlariga va parhez tutishlariga to'g'ri keladi. Lekin hozirgi kunda Markaz xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan va keng miqyosda qo'llanilayotgan jarrohlik amaliyotidan biri me`da olib tashlangandan so'ng bir vaqtning o'zida «sun`iy me`da» qo'yish amaliyotidir. Bunda amaliyot o'tkaziladigan bemorda o'zining ingichka ichagidan olingan bo'lak, me`da o'rnini bosuvchi rezervuar yasaladi va bemorning kasallangan me`dasi o'rniga qo'yiladi. Bunday jarrohlik amaliyotini o'tkazgan bemorlar odatdagi hayot tarziga qaytishi, mehnat faoliyatining tiklanishi mumkin bo'lib, boshqa insonlardan deyarli farq qilmaydi. Hattoki, bu odamlarda tana vazni oshishi va ma`lum bir vaqtdan so'ng parhez tutmasdan odatdagidek ovqatlanish tarziga o'tish imkonini beradi. Ilk bor 2003 yilda surxondaryolik 16 yoshli o'spirinda mazkur amaliyot bajarilgan. Odatda bu yoshda me`da saratoni kam uchraydi. Shuning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etib o'zining ingichka ichagidan «yangi me`da» yasab qo'yganmiz. Bugungi kunda u savlatli erkakka aylanib, borcha sog'lom insonlar qatori yashamoqda, oilali, farzandlari bor, uzoq masofaga yuk tashuvchi shofyor bo'lib ishlaydi.
Markazda bir yilda 400 dan ortiq jarrohlik amaliyoti bajariladi, ulardan 40-50 tasi «sun`iy me`da» qo'yish amaliyotidir. «Sun`iy me`da» me`daning 50-60 foizi funksiyasini bajarib beradi. Kasallikning ko'pgina belgilari yo'qolib, kamqonlik belgilari kuzatilmaydi.
Bu yangilik haqida dunyo bo'ylab tibbiyot ­bo'yicha o'tkaziladigan bir qator konferensiyalarda ma`lumotlar berilib, natijalar tahlil qilingandan so'ng boshqa mamlakatlardan ham davolanish istagini bildirib murojaat etayotganlar soni muttasil oshib bormoqda.
Muxtasar aytganda, bu kasallikni erta – o'z vaqtida aniqlash va malakali mutaxassislar – onkolog­lar tomonidan davolanish, darddan to'liq forig' bo'lishga imkon beradi.

Dilshod Egamberdiev,

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar