“Qishda nima qilamiz, ona?!”

37

Bugungi kunda 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib kelayotgan “Ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘ini Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani markazi – Gagarin shahriga eng yaqin aholi punktlaridan biri. Xalq orasida “19a” nomi bilan ham ataluvchi mazkur QFY aholisi yillar davomida ichimlik suvi, tabiiy gaz va kanalizatsiya tarmog‘i muammolaridan aziyat chekib keladi. Bu yil ularning “yelkasiga oftob tegadigan” bo‘ldi. Yaʼni, hudud joriy yilda “Obod qishloq” Davlat dasturiga kiritildi va ishlar ham boshlab yuborildi. Hozir bu yerda mavjud 17 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi yopilgan. Shuningdek, pardoz ishlari ham olib borilmoqda. Odamlar ham bu o‘zgarishlardan mamnun. Аmmo ular tuman hokimining, “ichimlik suvi quvuri qishloqqa kiraverishgacha olib kelinadi. Chunki qolganiga moddiy mablag‘ yetkazolmayapmiz. Bu yog‘iga o‘zlaring quvur tortasizlar,” – degan gapidan norozi bo‘lishmoqda.

– Shuncha yillardan buyon suvsiz yashayotganimiz kammidi. Endi odamday yashar ekanimizda, deb quvonayotgan edik. Quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmaydi, shekilli, – deydi aholi vakillaridan biri Nasiba Аbjalova. 
Bundan tashqari, 17 ta ikki qavatli uyga ikkitagina xojatxona qurishmoqchi. Bunga ham pul yetmasmish, o‘zimiz pul yig‘ishimiz kerak ekan. Obod qishloq shunday bo‘ladimi, – deydi Аnorgul Ibragimova. – Olti oydan buyon chang va chiqindi uyumlari orasida yashab kelyapmiz. Hamma joy buzib tashlangan.

Xonalar ichidagi elektr simlari va uskunalari ham ochiq holicha qolib ketgan

“Tabiiy gaz yo‘q. Suyultirilgan gazni ham vaqtida berishmayapti. Shuning uchun yaqinda gaz tarqatishda katta janjal bo‘ldi. Kanalizatsiya tarmog‘ini ham ishlatib berishsa, yaxshi bo‘lardi,” – deyishmoqda aholi vakillari.

Ularning haqli eʼtirozlarini eshitgach, telefon orqali tuman hokimi Komil Xolmurodov bilan bog‘lanib, aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarning yechimi haqida so‘radik. Hokim tez fursatda mas’ul o‘rinbosar va mutaxassislarni izoh berish uchun murojaatchilar yoniga yuborishni va’da berdi. Darhaqiqat, ko‘p o‘tmay hokim o‘rinbosari Furqat Rahmatov boshchiligidagi mas’ullar yetib kelishdi. 

Rahmatovga ko‘ra, dasturda belgilangan ishlarning barchasi shu yilning oktyabr oyida nihoyasiga yetkaziladi. Mablag‘ masalasi hal bo‘lgach, hojatxonalar soni 6 taga yetkaziladi. Shuningdek, suv va kanalizatsiya tarmog‘i uchun mablag‘ topish chorasi ko‘rilayotgani aytildi. Аholining obod qishloqda tabiy gaz bo‘ladimi, degan savoli ochiq qoldi. Shu o‘rinda bir mulohaza – uylari chiroyli bo‘layotganidan xursand aholi oldinlari uylariga pechkalar o‘rnatib qishni o‘tkazishardi. Endilikda esa taʼmirdan chiqarilgan uylarda pechka o‘rnatishga ruxsat berilmayapti. Isitish tarmog‘i bo‘lmagan uylarni aholi nima bilan, qanday isitsin? 

Murojaatchilar bilan muloqotimiz so‘nggida mavzu faqat qish mavsumi haqida bo‘lgani uchun bir bolakay onasining ko‘ylagidan tortqilab, “qishda nima qilamiz, ona” degan so‘zi quyidagi satrlarning quyilib kelishiga sabab bo‘ldi.  Bu esa qishloq ahlining yuragidan chiqayotgan so‘zlariga hamohang edi.


Yoz ham o‘tdi ishlar bitmadi,
Kuz ham keldi “mablag‘ yetmadi”. 
Na o‘tin bor, na tandirxona —
Qishda nima qilamiz, ona?!

Obod bo‘ldi uylarimiz ham,
Obod bo‘ldi o‘ylarimiz ham.
Qiynab turgan meni yagona —
Qishda nima qilamiz, ona!

Pech yoqmasak, “qotib” qolamiz,
Kasal bo‘lib yotib qolamiz,
Kim eshitar bizning nolamiz —
Qishda nima qilamiz? Ona…


Ishonamizki, hali Mirzacho‘ldagi bu maskan yurtimizning eng obod maskanlardan biriga aylanadi. Odamlar esa qiyinchilik bilan o‘tgan yillari tarixda qolganiga ancha vaqtlar ishonmay yurishadi.

Аʼzam XO‘JАQULOV

Manba:Xabardor.uz

Бошқа хабарлар