«Savolingiz mavzuga oid emas…»

148

yoxud faqat «xo'jako'rsin»ga o'tkazilayotgan matbuot anjumanlari haqida

Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida «Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Prezident farmoni ijrosi va mohiyatiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Nazarimda, matbuot anjumanida qoniqarsiz javob berilgan, «ochiq qolgan» savollar yetarli bo'ldi. Jurnalist Abror Zohidovning «Dunyo tajribasida iqtisodiy ko'rsatkichlar AQSh dollarida ko'rsatiladi. Bizda oxirgi ikki oyda dollarning qiymati 10 foizga o'sdi. Bu o'sishning iqtisodiyotimizga ta`siri qanday? Agar milliy valyutamiz so'mda ko'rsatilgan iqtisodiy ko'rsatkichlar dollar bilan hisoblansa, qanday ko'rinish hosil bo'ladi? Xufyona iqtisodiyotni bartaraf etish borasida qanday natijalarga erishildi?» kabi savollarga «to'liq, batafsil» javob berildi. Ayrim savollar «qarshisida» esa ­mas`ullar mulzam bo'lishdi. Na izoh bor, na javob!
Jumladan, men ham «tovar va xizmat ko'rsatishdagi narxlarning oshib borishi, oshirilishi, inflyasiyaga qanchalik ta`sir qiladi-yu, inflyasiyani qanchaga oshiradi? «Prognoz» belgilanganda bu jihatlar ham e`tiborga olinadimi?» degan mazmundagi birinchi hamda talabalarning kontrakt to'lovi haqidagi ikkinchi savolimga ham «javobsiz» javob oldim.
Ma`lumki, matbuot anjumanlaridan birida Iqtisodiyot va sanoat vaziri O'zbekistondagi inflyasiyani Venesula bilan solishtirgan, bu esa keng jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo'lgan, ijtimoiy tarmoq «portlagan edi». Ammo vazir shu paytgacha jamoatchilik noroziligiga hech qanday fikr-munosabat bildirmadi. «Bu jamoatchilik fikrini pisand qilmaslik emasmi?», degan mazmunda berilgan uchinchi savolimdan so'ng men ham «ogohlantirildim» .
O'quvchilarga yaxshi ma`lumki, keyingi vaqtda «Ishonch» gazetasida Moliya hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirliklariga taalluqli bo'lgan muammoli, tahliliy maqolalar tez-tez e`lon qilib borilmoqda. Masalan, huquqshunos Abdurahmon Hamidovning bir ­nechta maqolasi shov-shuv bo'ldi. Biz mana shu maqolalar yuzasidan gazetxonlardan pochta va ijtimoiy tarmoq orqali kelgan savollarni ham bermoqchi edik. Afsuski, «chegaradan chiqish» imkoni bo'lmadi.
Davlat idoralari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqda berilayotgan va bildirilayotgan fikr-mulohazalarga, savollarga javob berishdan, munosabat bildirishdan qachongacha qochishadi?
Davlatimiz rahbarining o'zi ijtimoiy tarmoqlarda ko'tarilayotgan muammolardan xabardor bo'lib, ular haqida fikr-munosabat bildirayotgan bir paytda davlat idoralari mas`ullarining «mavzudan chetga chiqmasligi»ni qanday tushunish kerak? Matubot anjumanlarida «savol mavzuga oid emas», «bu yerda savolga javob beradigan mutaxassis yo'q», «savolingizni yozib oldik, sizga alohida javob beramiz» qabilidagi «aylantirish»lar qachongacha davom etadi?
Agar matbuot anjumanida hamma savollarga javob berilmaydigan, tadbir faqat mavzuga oid savollar bilan chegaralanadigan bo'lsa, unda mavzu bo'yicha qisqacha ma`lumotni tashkilot o'z saytida e`lon qilib qo'ya qolmaydimi.
Shu joyda maqolaga nuqta qo'ysak bo'lar edi. Ammo…
17 sentyabr kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligi yana matbuot anjumani o'tkazishi haqida xabar keldi. Unda iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimi hamda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir Prezident qaror va farmonlari ijrosi yuzasidan ma`lumotlar berilishi, savol-javoblar bo'lishi kerak edi. Ammo tadbirga tashkilochilar kelmadi. Sabab – ular yig'ilishda ekan.
Bir kun oldin e`lon qilingan tadbirga tashkilotchilardan loaqal biron kishi kelib, «ha» deb turmadi. Kutishdan charchagan jurnalistlar bunday hurmatsizlikka ketish bilan javob berishdi. Va to'g'ri qilishdi ham…
Bu hali hammasi emas.
19 sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o'tkazilgan matbuot anjumani nihoyatda «qiziqarli va sermazmun» o'tdi. Investisiya­lar va tashqi savdo vazirligi tashkil etgan ushbu tadbirda ham savollarga berilgan javoblar «aniq ma`lumotlar yo'qligi, ular saytda mavjudligi»dan iborat bo'ldi.
«Investisiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati bilan tanishtirishga bag'ishlangan matbuot anjumaniga «puxta tayyorgarlik ko'rilgan ekan». Tarqatilgan «press-reliz»ni umuman press-reliz deb bo'lmaydi. Mavzu ham ko'rsatilmagan bir varaq bu «qog'oz»da «ega-kesim» yo'q. Tadbirda vazirlikdan ikki kishi – bosh yuristkonsult Feruzbek Qurbonov va yetakchi mutaxassis Azizxon Musaxoniy ishtirok etdi, xolos. (Vakolatli mas`ul shaxslar band bo'lsa kerak, hoynahoy…) Tadbir so'nggida ular juda «zo'r» gap aytishdi: «Biz mavzu bo'yicha ya`ni, faqat farmon haqida suhbatlashgani kelgan edik»…
Yana o'sha gap: «mavzu bo'yi­­cha»… Shu o'rinda savollar tug'iladi: Axborot va ommaviy kommunikasiya­lar agentligi barcha davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga o'z faoliyatlarini jonlantirish hamda targ'ib etish uchun keng ikoniyatlar yaratib bermoqda. Ammo bundan hamma ham to'g'ri foydalanmayapti, shekilli… Yo'qsa, joriy yilning 28 yanvarida qabul qilingan Prezident farmonini oradan sakkiz oy o'tib tanishtirish qanchalik mantiqqa mos? Agar farmon ijrosi bo'yicha shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar, chora-tadbirlar haqida aniq va to'liq ma`lumotlar berilmas ekan, matbuot anjumanini o'tkazishdan ne naf? Qiziq, judayam qiziq…

Alijon
ABDURAHMONOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar