BOLANGIZNING AJNABIY «DO'STI»

66

yoxud qo'g'irchoqlar faqat ovunchoq emas…

Samarqandga ziyoratga borganimda Registon maydonidan qizlarimga atab hunarmandlarning milliy urfda tayyorlagan qo'g'irchoqlarini olib keldim. Oradan bir necha kun o'tib, qizaloqlarim ko'chadan yig'lab keldi. Men olib kelgan qo'g'irchoqlarni ko'rgan qo'shni bolalar masxaralashibdi. Qizlarim «zavodskoy» qo'g'irchoq olib berasiz», deya xarxasha qilishdi. Noiloj, ularga bolalar do'konidan boshqa qo'g'irchoq olib berdim. Ziyoratdan olib kelgan qo'g'irchoqlar esa shu-shu tokchada turibdi…

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, maktab yoshigacha bo'lgan bolalarning kamol topishida o'yinchoqlar beqiyos ahamiyat kasb etadi. Jumladan, dunyoqarashni kengaytiradi, so'z boyligini shakllantiradi, muloqot qilishga o'rgatadi. Chunki o'yinchoqlar obrazi bola tasavvurida bir umr saqlanib qoladi. O'z-o'zidan ayonki, milliy ruh bilan sug'orilgan o'yinchoqlar farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalashga yordam beradi. Lekin xorijda ishlab chiqarilgan va turli yo'llar bilan yurtimizga olib kelingan, bugungi kunda bozor rastalarida sotilayotgan ajnabiy o'yinchoqlarning aksariyati haqida bunday deya olmaymiz.
– Mashina, fotoapparat, durbin, tikuvchilik dastgohi, uchish vositalari kabi o'yinchoqlar o'g'il-qizlarning texnika tuzilishi va ko'rinishiga oid tasavvurlarini boyitsa, qurilish, kons­truktorlikka doir o'yinchoqlar bolalarning ayni shu sohalarga doir bilimlarini oshiradi, – dey­di Mirzacho'l tumanidagi «Binafsha» maktabgacha ta`lim muassasasi rahbari Xursanoy Normatova. – Rangi va tuzilishiga ko'ra yig'iladigan o'yinchoqlar xotirani mustahkamlasa, sportga doir ­o'yinchoqlar ulg'ayib kelayotgan avlod vakillarining salomatligini yaxshilash va jismoniy tarbiyaga bo'lgan qiziqishlarini kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Qizaloqlarni san`at olamiga yetak­laydigan qo'g'irchoqlar insonda g'amxo'rlik tuyg'usini ­shakllantiradi. Ko'z oldingizga keltiring, qizingiz qo'g'irchog'ini ovqatlantiryapti, kiyimini almashtiryapti. Kasal bo'lib qolsa, davolash yo'llarini qidiryapti. Qisqa qilib aytganda, u mehrini namoyon etmoqda, qo'g'irchog'ini farzand o'rnida ko'ryapti.
Ammo o'tgan asrda ushbu o'yinchoqning yangi turi – «Barbi»lar paydo bo'ldi. Psixologlar ­fikriga ko'ra, mazkur qo'g'irchoqlar ham bolada g'amxo'rlik hissini uyg'otadi. Ammo ushbu tuyg'u qizaloqlarda g'amxo'rlikning boshqa ko'rinishini shakllantirar ekan. Xususan, «Barbi»da ayollarga xos tashqi belgilar bo'rttirib namoyon etilgan. Ushbu o'yinchoqlar jamlanmasida «Barbi»ning uyi, kiyimlari, dugonalari, turmush o'rtog'i… xushtorlari bor. Tabiiyki, bunday yetuklik yoshidagi «qizni» belanchakka solib bo'lmaydi. Aksincha, uni kiyintirish, bo'yantirish, «yigitlari» bilan uchrashuvga olib chiqish kerak. «Barbi» busiz ham shosh­qin zamonda bolalarimizni erta ulg'aytirib qo'yayotgandek, nazarimizda. Xullas, u bilan «Ona-bola» o'yinini o'ynab bo'lmaydi.
To'g'ri tanlangan o'yinchoq bolaning do'sti, suyanchig'i yoki ermagiga aylanishi mumkin. Oiladagi muhit, yosh orasidagi farq, tortinchoqlik kabi sabablar bois ko'pchilik bolalar yoshi kattalar bilan muloqotga kirisha olmaydi. Ularning kichiklarga doim nimanidir o'rgatishi, tushuntirishi, qoida va me`yorlarga bo'ysunishni talab etishi muomalani qiyinlashtirishi mumkin. O'yinchoqlar orasida bola o'zini kattalardek tutadi, erkinroq his qiladi. Ular bilan suhbatlashadi, topshiriqlar beradi, jazolaydi, yana ham aniqrog'i va asosiysi, o'yin qoidasini belgilaydi. Bu ham bola uchun yetishmayotgan muhitni yuzaga keltirish, undagi ijobiy xususiyatlarni yuzaga chiqarish uchun xizmat qiladi.
Mazkur mavzuni qalamga olishdan avval o'yinchoq do'konida bo'lib, ota-onalarning farzandlari uchun qanday o'yinchoqlar olishi bilan qiziqdik. Qizlar uchun asosan qo'g'irchoqlar, o'g'il bolalar uchun esa mashinalar xarid qilinar ekan. Kichik yoshli bolalari uchun ota-onalar asosan konstruktorlik o'yinchoqlar olishadi. Bu quvonarli hol, albatta.
Ammo qo'g'irchoqlar orasida chayqalib turadigan odam skeleti, bir ko'zli maxluq, juda ochiq kiyingan qo'g'irchoq kabi ma`naviyatimizga zid ­«o'yinchoq»lar ham bor. Yarim yalang'och kiyimli qo'g'irchoqlar orqali bolalar kiyinish madaniyatidan saboq olishadimi yoki ularga inson tanasi to'g'risida batafsil ma`lumot berish ko'zda tutilganmi? Dahshatli qo'g'irchoqlar kichkintoylarni qo'rqitish maqsadida tayyorlangan bo'lsa ajab emas. Bundan maqsad, bolada har qanday noodatiy vaziyatga, qo'rqinchli holatlarga moslashish ko'nikmalarini shakllantirishmi?
Xullas, savollar ko'p. Ammo insonning dunyoqarashi uning kichikligida shakllanishini hisobga olsak, masalaga jiddiy qarash zarurligini ang­laymiz. Balki vahima ko'tarishga na hojat, buyog'i taraqqiyot, zamon o'zgaryapti dersiz. Ammo gap farzand­larimiz, ularning ertasi haqida boryapti. Tasavvur qiling, yillar o'tib oilangizda na qarashlari, na qadriyatlari sizga mos inson paydo bo'ldi. Unga suyanish uyoqda tursin, kelishib yashay olasizmi? Xalqimizning komil insonni tarbiyalashga xizmat qiladigan ajoyib qadriyatlari bor, ularni yo'qotish milliyligimizni, o'zligimizni yo'qotishdir.
Shu ma`noda, yoshi kichik bolamizning o'yinchoqlar olamini tark etib, ermagi televizor, telefon, kompyuter bo'lib qolganiga quvonmaylik. Ayni shu matohlar ularni bizdan uzoqlashtirib, odamlar bilan muloqotini chegaralab qo'ymayaptimi? Internetda, ba`zi xorij telekanallarida namoyish etilayotgan lavhalar, animasion va badiiy filmlar oldida dahshatli o'yinchoqlar, sharmanda qo'g'irchoqlar hech narsa emas, deguvchilar topilar balki.
Ammo… bolaligidanoq farzandlarimizni ­ongga qilinayotgan xurujlardan, «g'oya»lardan himoyalaylik. Gap bolalarimiz, ertangi kunimiz haqida borar ekan, ulardan e`tiborimizni ayamaylik. Ular uchun o'yinchoq xarid qilayotganda sifati, sog'lik uchun bezarar ekaniga ahamiyat beraylik.

Muqimboy ISMOILOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar