OBUNA MAJBURIY EMAS, AMMO…

164

Obuna mavsumi axborot maydonida o'z o'rnini saqlab qolishga intilayotgan bosma nashrlar kelajagi uchun muhim davr hisoblanadi. O'tgan davr mobaynida esa odamlar obuna va majburiy obuna tushunchalarini shunchalik chalkashtirib yuborishdiki, oqibatda matbuot qiyin vaziyatga tushib qoldi. “Oila davrasida” gazetasining 2019 yil 26 sentyabr sonida chop etilgan maqolada ayni shu xususda so'z boradi.

Bir yil avval ijtimoiy tarmoqlarda majburiy obuna muammosi uzoq muhokama qilindi. Oqibatda ko'plab bosma nashrlar adadi keskin ravishda tushib ketdi. Ularning orasida ma`naviyat va ma`rifatni  yuksaltirishga munosib ulush qo'shib kelayotganlari ham yo'q emas.

Aslida majburiy obuna masalasiga qarshi kurash bir yil oldin boshlangan emas. Xorazm viloyat arxivida 1927 yilda Xorazm okrug kompartiya kotibining hududlarga yuborgan xati saqlanadi. Unda: «Obuna majburiy emas, ammo gazetalar haqida xalq ommasi o'rtasida tushuntirish, targ'ibot va tavsiya ishlari kuchaytirilishi shart», degan jumlalar bor.

Bugun ayrimlar tanganing bir tomoniga e`tibor qaratib, obuna majburiy emas, demak, hech bir nashrga obuna bo'lmaslik kerak, qabilida ish tutmoqda. Bu esa ma`naviy fojiaga zamin hozirlashi shubhasiz. Rahbarlar ham yurak oldirib qo'ygan shekilli, ular xalqqa biror vaqtli nashr obunasini tavsiya qilishga jur`at qilishmaydi. Axir darrov ijtimoiy tarmoqlarda jar soladiganlar ham yo'q emas. Lekin o'sha og'zining tanobi yo'q kimsalar eng muhim jihatni unutgan ko'rinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda «Gulxan», «G'uncha», «Tong yulduzi», «Yoshlik» kabi qator yoshlar nashrlari chop qilinadi. Ularni o'qish, albatta, yosh avlod uchun koni foyda. Ushbu nashrlar obunasiga ko'maklashish — farzandlarimiz ma`naviy tarbiyasiga munosib hissa qo'shish demakdir.

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston yoshlar ittifoqi ta`sis yig'ilishidagi nutqida yoshlarga oid nashrlar xususida alohida to'xtalib shunday degan edi: «Hozirgi vaqtda yoshlarga mo'ljallangan «Turkiston» (hozirgi «Yoshlar ovozi») gazetasi 9500 nusxada, «Molodyoj Uzbekistana» gazetasi 2800, «Yosh kuch» jurnali 3000 nusxada chop etilayotganini qoniqarli baholash mumkinmi? Mamlakatimizda 10 milliondan ortiq yoshlar mavjud bo'lgani holda bu raqamlar biz uchun uyat emasmi?..»

Mamlakat rahbarining ushbu xitobidan so'ng yoshlarga oid nashrlar obunasini uyushqoqlik bilan tashkillashtirish yuzasidan respublika, viloyat va tumanlar miqyosida qarorlar qabul qilindi. Ahvol qaerdadir o'nglandi, qaerdadir eski hammom, eski tosligicha qolaverdi. Qo'l ostida mehnat qilayotgan, o'qiyotgan yoshlarning ma`naviy-ma`rifiy qiyofasi va saviyasi shakllanishida matbuot mutolaasi katta ahamiyatga ega ekanini inobatga olmayotgan ayrim rahbarlar bu masalaga hamon panja orasidan qarab kelmoqda.

Natijalarga nazar qilsak, yoshlar nashrlariga obuna sharmandali holatda ekani ma`lum bo'ladi. Yurtimiz aholisining katta qismini tashkil qiladigan yoshlar nimadan ma`naviy oziq oladi, nimalarni o'qib, uqib ongi-shuuri shakllanmoqda? Bu haqda bosh qotirishning payti kelmadimikan?

Ayrim tumanlarda ahvolni o'rganganimizda o'quv-tarbiya muassasalarida aynan yoshlar o'qishi zarur bo'lgan matbuot nashrlarining bir donasi ham yo'qligiga guvoh bo'ldik. Aksariyat maktab va kollej kutubxonalari respublikamiz va viloyatda chop qilinayotgan asosiy nashrlar bilan ta`minlanmaganini qanday tushunish mumkin? Axir yoshlarning matbuot bilan tanishib borishi – ularning ma`naviy tarbiyasi bilan bog'liq-ku! Yoshlarga oid gazeta-jurnallarni o'qish — Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, kitobxonlik madaniyatini shakl­lantirish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi-ku!

Umumta`lim maktablarining rahbarlari maktab kutubxonalari uchun davriy nashrlar juda zarurligini tan olishadi. Biroq mahalliy hokimlik muassisligidagi gazetalarga obuna bo'linmasa, qiyin bo'lishidan nolishadi. Bir maktab o'qituvchilaridan «ixtiyoriy-majburiy» tarzda faqatgina hukumat va hokimlik muassisligidagi gazetalarga o'nlab obuna tashkil qilish talab etilsa, kimga arz-dod qilish mumkin?

Oldimizda ma`naviy-milliy yuksalish masalasi turgan ekan, kimlargadir, qaysidir korxona va tashkilotlar uchun matbuot nashrlariga obuna qildirish faqatgina foyda keltiradi, xolos. Kattagina zavod-fabrikalar, idora va muassasalar rahbarlariyu xodimlarini o'z holiga tashlab ko'ring-chi, ular birorta  nashrga obuna bo'lisharmikan? Albatta, yo'q!

Bugungi kunda ko'pchilikda obuna majburiy emas, degan ijtimoiy fikr shakllangan. Biron-bir rahbarga obunaning nima uchun bunchalik achinarli ahvolda ekani borasida savol qotsangiz, «Obuna majburiy emas-ku!» deya javob berishadi. To'g'ri, obuna har kimning o'zi tanlovi, uni majburiy tarzda amalga oshirib bo'lmaydi. Biroq davriy nashr­lar obunasini kimdir nazorat qilmasa,  ma`naviy dangasalik avj olishi turgan gap. Axir, bolalarga kitob o'qib turinglar, degan bilan ular shu kunning o'zidayoq kutubxona yoki do'konga qarab chopqillamaydi. Ularga bir quchoq kitob olib kelib, oldiga qo'ysangiz ham sahifasini titkilab ham ko'rmasligi mumkin. Agarda shu kitoblardan o'zingizga yoqqanini tanlab olinglar va o'qib bo'lgach, o'z taassurotingizni menga gapirib beringlar, degan talabni qo'ysangiz, ularda ma`rifiy mas`uliyat shakllanadi, kitobga mehr uyg'onadi. Albatta, kattalar ham shunday, ba`zan ularni nimagadir undash zarur bo'ladi. Aks holda ma`naviy-ma`rifiy dangasalik avj olib, o'z xohish-istagiga ko'ra ko'pchilik kishilar qo'liga na kitob, na gazeta-jurnal olishni istashmaydi.

Erpo'lat BAXT

“Oila davrasida” gazetasi

(2019 yil 26 sentyabr, 40-son)

Boshqa xabarlar