Ish beruvchining fuqarolik javobgarligi unga qanday yondashilmoqda?

37

Ishlab chiqarish bilan bog'liq baxtsiz hodisalarni chetlab o'tish mumkinmi? Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan 1232 ta korxonada o'tkazilgan monitoringda ana shu masalaga oydinlik kiritildi. Ta`kidlash o'rinliki, aksar ish beruvchilar mehnatga munosib sharoit yaratilishi tarafdori.

– Mehnat sohasidagi o'rnatilgan tartibdan amaliyotda samarali foydalanish shart, – deydi «TEZKOR EKO» MChJ rahbari Zohid Yangiboev. – Qonunlar doirasida ish yuritmaslik, xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslikning oqibati ko'ngilsizlikdan bosh­­qa narsaga olib bormaydi.
Baxtsiz hodisalar barcha sohalarda uchrab turadi. Masalan, viloyatda o'tgan yilning sakkiz oyida ishlab chiqarish bilan bog'liq 8 ta holat qayd etilgan. Ulardan biri esa o'lim bilan tugagan. Raqamlar tilida juda jo'n ko'ringan mazkur ko'ngilsizliklarning ortida qancha oilaning iztirobi yotibdi.
Bu holat mehnat muhofazasiga daxldor tashkilotlarni oyoqqa turg'azgani ham bor gap. Tashkilot va korxonalarda mehnat muhofazasi chuqur o'rganildi. Xavfsizlik qoidasi bo'yicha o'quvlar sifatiga e`tibor qaratildi. Davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, hamkorlikdagi faoliyat samaradorligini oshirishga katta e`tibor qaratildi. Xo'sh, bu ishlar natija berdimi?
– Bajarilgan ishlar natijasida joriy yilning o'tgan to'qqiz oyida mehnat bilan bog'liq baxtsiz tasodif o'tgan yilning shu davriga nisbatan 4 taga kamaydi, – deydi Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Mehnatni muhofaza qilish bo'limi mudiri Usmon Karimov. – Kasaba uyushmalari va davlat mehnat inspeksiyasi mehnat sharoitlarini o'rganish yuzasidan doimiy kuzatuv va monitoringlar o'tkazishmoqda.
Kuzatilmoqda… O'rganilmoqda… Bartaraf etilmoqda. Bu biz ko'nikkan odatiy holat. Ammo, baxtsiz hodisa tufayli nogironga aylangan, salomatligini tiklay olmagan yoxud tovon pulini ololmagan fuqarolar ham bor. Ulardan o'nlab murojaatlar tushgani ham haqiqat.
– Mamlakatimizda «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun qabul qilingan. Afsuslanarlisi, ba`zi korxona va tashkilot rahbarlari ana shu qonun mazmun-mohiyatini anglab yetmayotir, – deydi Usmon Karimov. – Agar har bir tashkilotda majburiy sug'urta o'z muddatida amalga oshirilsa, bu tashkilotga, aynan ish beruvchiga katta foyda beradi. Har bir xodim bir yilda bir marotaba o'z korxonasi tomonidan sug'urta qilinadi. Mabodo, xodim bilan ish vaqtida biror bir tasodifiy holat yoki jarohatlanish yuz bersa, tashkilot sira ham moliyaviy zarar ko'rmaydi. Barcha sarf-xarajatlarni sug'urta kompaniyalari to'liq qoplab beradi. Xodim manfaatini o'ylamaslik mumkin emas. Shuning uchun qonun bilan mustahkamlab qo'yilgan imtiyozdan nega ish beruvchi foydalanmasligi kerak? O'zini bilgan har bir rahbar buni to'g'ri anglashi shart, deb o'ylayman.
Ma`lumotlarga ko'ra, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan aksariyat korxonalarda ana shunday holat kuzatilgan. O'rganilgan 24 ta korxonaning birortasida ham majburiy sug'urta qilish qoidasiga amal qilinmagan. Mutaxassislar tavsiyasi va tushuntirishi asosida ularda sug'urtalash ishlari amalga oshirilgan. Bandlik boshqarmasi va kasaba uyushmalari hamkorligida hududdagi 1373 ta ishlab chiqarish jamoalariga tavsiyaviy xatlar jo'natilgan. 18 nafar mansabdor shaxs jiddiy ogohlantirilgan.
– Korxonamiz tizimida 4 ming nafardan ortiq kishi mehnat qiladi. Ozgina e`tiborsizlik, ehtiyotsizlik ko'ngilsizlik bilan tugashi mumkin, – deydi Samarqand viloyati elektr tarmoqlari korxonasi kasaba uyushma qo'mitasi raisi Nabi Nazarov. – To'g'risini aytganda, onda-sonda bo'lsa-da, ishlab chiqarish bilan bog'liq ko'ngilsiz holatlar sodir bo'lgan. Baxtsiz hodisaga uchragan xodim va uning oilasiga belgilangan moddiy va ma`naviy zarar summasi ham anchayin yirik. Shuning uchun yil boshidan birinchi qiladigan ishimiz xodimlar hayotini sug'urtalash bo'ladi. Bu mablag' bir kishiga to'lanadigan zararning oldida arzimas, ammo foydasi juda katta.
Falokat oyoq ostida, deyishadi. «G'URQAT DIL ROZIS» MChJ rahbarlari ishlab chiqarish bilan bog'liq hodisaga tayyor emas edi. Korxonaga ish joyida xavfsizlik talablariga rioya etilmagani, ishlovchilarga yetarlicha sharoit tashkil etilmagani, sog'lom va xavfsiz mehnat muhiti yaratilmagani qimmatga tushdi. Balandlikda ish bajarayotgan xodim Zafar Haitov yiqilib tushdi. Eng achinarlisi, korxonada xodimlar hayoti ham sug'urta qilinmagan ekan. MChJ rahbarlari mas`uliyatdan o'zlarini ming olib qochishmasin, qonun barchaga barobar. Ular xodimga yoki uning oilasi a`zolariga ko'rilgan zarar va tovon puli to'lashga majbur. Bu esa korxona rahbarlariga ko'pam yoqmaydi. Chunki zarar ishlab chiqarish jarayoniga ham ta`sir etmasdan qolmaydi, albatta.
Ko'rinib turibdiki, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish albatta zarur.

Nurilla ShAMSIEV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar